×

AQSH: Ta’lim narxlari, grantlar, ish va ta’lim jarayoni


Blog

BO'LIM

Muvaffaqiyatga yo'l

O'QILGAN

23428 marta

CHOP ETILGAN

12.01.2018

Amerika universitetiga kirish, grant olish, jo‘shqin ta’lim jarayonida omon qolish va o‘qishni ish bilan uyg‘unlashtirish – talabalarning shaxsiy tajribalari bilan tanishamiz.

Ta’lim narxi va grantlar

Sheyla Bxarat, Maunt-Xoliok (Massachusets) kollejining “Psixologiya va sotsiologiya” yo‘nalishi talabasi:

– 12 ta kollejga hujjatlar topshirgandim, ularning yettitasidan ijobiy javob keldi. O‘quv muassasasi talabgirligi va grant summasidan kelib chiqib shu yerni tanladim.

Maunt-Xoliok — kichkina qishloqdagi qizlar kolleji. Bu yerda 2500 nafar talaba tahsil oladi.

Ta’lim, yashash va sug‘urta yiliga 58 ming dollarga aylanadi. Menda bir nechta grant bor, ular ta’limni to‘liq qoplaydi. Shu sababli yaxshi o‘qish va aqlli bo‘lish foyda keltiradi, deya olaman.

Albina Xartner, Florida universitetining interer arxitektor-dizayneri mutaxassisligi bo‘yicha talabasi:

– Florida universiteti – shtatdagi eng yirik OTMlardan biri. Bu yerda genetika, atom energetikasi bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar o‘tkaziladi; bu yerda olimlar reaktiv qiruvchi samolyot simulyatorini boshqara oluvchi sun’iy miya yetishtirdilar. Universitet o‘z bitiruvchisi – genetik kodni sharhlay olgani uchun Nobel mukofotini olgan Robert Grabbs bilan faxrlanadi.

Magistratura yiliga 27 ming dollarga aylanadi, yashash, tibbiy sug‘urta, darsliklar va kompyuter haqi bunga kirmaydi. Men Fulbrayt dasturi bo‘yicha tahsil olaman, u yashash va darsliklarga xarajatni ko‘taradi, ta’limni esa universitetning o‘zi qoplaydi.

Odatda OTMlar stipendiyalarni bakalavriat uchun SAT (Scholastic Aptitude Test) va magistratura uchun GRE (Graduate Record Examinations) imtihonlari o‘rtacha ballidan kelib chiqib ajratadilar, ba’zida oldingi o‘quv yurtlari baholarini ham inobatga oladilar. Sportchilar uchun ham anchayin jiddiy grantlar bor. Bundan tashqari, agar universitetda ishlaydigan bo‘lsangiz, masalan professor yordamchisi bo‘libmi, yoki ma’muriyatdami, o‘qish bepul bo‘ladi; bunga yana ish haqi va tibbiy sug‘urta ham qo‘shiladi. Faqat ta’lim orqali nimaga erishmoqchi ekaningizni aniq tasavvur qilishingiz kerak. Bilimingiz faoliyat sohangiz va mamlakat rivojlanishiga ta’siri qanchalik kengroq bo‘lsa, grant yutib olishingiz shunchalik oson bo‘ladi.

Danila Frolov, Baltimor okrugidagi Merilend universiteti magistraturasida kompyuter injiniringini o‘rganadi:

– Kollejimiz mamlakat kollejlari reytingida 159- o‘rinda va eng innovatsion o‘quv yurtlari orasida yettinchi o‘rinda turadi. Bu yerda 14 ming nafar talaba psixologiya, kimyo, san’at, axborot texnologiyalari, injiniring kabi 40 ta ixtisoslik bo‘yicha tahsil oladi. Asosiy e’tibor texnik ixtisosliklarga qaratilgan.

Yillik ta’lim narxi shtat rezidentlari uchun 14 ming, boshqa shtatlar va mamlakatlardan kelganlar uchun 22–24 ming dollarni tashkil etadi. Ko‘plab moliyaviy dasturlar va grantlar bor, ular o‘qish haqini qisman yoki to‘liq qoplaydilar. Ulardan ba’zilari kampusdan ish berib talabalarning o‘zlariga ta’lim uchun pul ishlab topish imkoniyatini yaratadi. Masalan, Finaid resursida stipendiyalar izlab ko‘rish mumkin.

O‘qishga qanday kiriladi

Sheyla: – Bu uzoq va murakkab jarayon. 517 ta kollej va universitetda bazaviy universitet ta’limiga kirish uchun arizalarning yagona shakli – common application to‘ldiriladi, 500–1500 ta so‘zli insho yoziladi, TOEFL (Test of English as a Foreign Language) va SAT (o‘qish, matematika va yozuv qismi) imtihoni topshiriladi.

Maktabdagi oxirgi to‘rt yilgi baholar va rezyume taqdim etiladi. Maktabdan tashqari nima bilan shug‘ullanganingizni yozishingiz kerak: qanday to‘garaklarga borgansiz, ko‘ngillilar safida bo‘lganmisiz, sport bilan shug‘ullanganmisiz. Qo‘shimcha ravishda o‘qituvchilardan tavsiyanomalar talab etiladi.

Men qizlar kollejida o‘qishim bois, bu yerda kirish uchun raqobat katta bo‘lmadi: statistikaga ko‘ra, 3 foiz qizlar bunday kollejda o‘qishni istar ekanlar. Butun kollej tarixida men O‘zbekistondan kelgan birinchi talaba bo‘ldim, bu ushbu o‘quv yurti uchun qo‘shimcha bonus sanaladi. Endi ular, aytaylik, afishalarda 80 emas, 81 mamlakat vakillari ta’lim olishi haqida yoza oladilar. O‘qiydiganlarning to‘rtdan bir qismi – chet elliklar.

Albina: – Mening o‘qishga kirishim AQSh elchixonasi huzuridagi Fulbrayt dasturiga qatnashishga ariza topshirishdan boshlandi. Muvaffaqiyat qozongan nomzodlar (100–200 nafardan ikkitasi) ikki yilga AQSh universitetlarida o‘qishga grant oladilar.

Birinchi bosqich – ariza topshirish. Uchta esse yoziladi va kirish maqsadlari, qisqa muddatli va uzoq muddatli rejalar – magistr darajasini olgach, nimalarga erishishni istaysiz, shular ko‘rsatiladi. Shuningdek o‘qish va ish joyidan uchta tavsiyanoma so‘raladi. Yuqori balli nomzodlar keyingi bosqichga o‘tadilar – ingliz tilida suhbat. Ikkita asosiy imtihon topshiriladi: TOEFL va GRE (7–11 sinflar dasturi bo‘yicha algebra va geometriya) hamda og‘zaki. Og‘zaki qismi juda murakkab – kam qo‘llaniladigan so‘zlar va arxaizmlarni bilish kerak. Test o‘z ichiga tahliliy esse yozishni ham oladi.

Universitetga meni suhbatsiz qabul qildilar – oldingi yutuqlarim va mehnat tajribam ish berdi.

Danila: – Magistraturaga kirish O‘zbekistondagiga qaraganda unchalik murakkab emas. Tayyorlov va hujjatlarni tarjima qilish jarayoni ko‘p vaqt oldi. Kirish jarayoni asosan kollej saytida anketalarni to‘ldirish bilan o‘tadi.

Kirish uchun xorijiy talaba TOEFL (kamida 550-580), ba’zida IELTS (kamida 5,5) topshirishi kerak. GRE faqat magistraturaga kirishda so‘raladi.

O‘quv jarayoni

Sheyla: – Biz Liberal Arts tizimi bo‘yicha o‘qiymiz – birinchi yil istalgan yo‘nalish bo‘yicha to‘rtta fanni tanlaymiz. Men psixologiya, sotsiologiya, ingliz adabiyoti va geologiyani tanladim. Har bir fan yuzasidan haftada ikki marta 75 daqiqadan uchrashamiz.

Ikkinchi yilda ixtisoslikni aniqlashtiramiz va ta’lim chuqur tus oladi. Har bir fan bo‘yicha dars haftada bir marta o‘tkaziladi va uch soat davom etadi. Oxirgi kursda kuniga bittadan fan bor. Juma kuni o‘qish bo‘lmaydi, uy vazifalari bilan shug‘ullanish mumkin. Bitta fanga tayyorgarlik ko‘rish 80–100 sahifa o‘qishni o‘z ichiga oladi, qo‘shimcha ravishda insho va taqdimotlar tayyorlanadi.

Har bir semestrda talaba yangi fanni tanlaydi. Semestr 4–5 oy davom etadi. Sessiya imtihon yoki insho, loyiha, taqdimotlar yoki spektakl ko‘rinishida o‘tishi mumkin. Talabalar sessiyada asabiylashmasliklari uchun sharoit yaratiladi. Har bir imtihon uchun uch soat beriladi, hech kim kuzatib turmaydi. Imtihonlar uchun xona mavjud, unga o‘zimizga qulay paytda kelamiz.

GPA (Grade Point Average – baholar o‘rtacha bali) tizimi asosida o‘qiymiz, bunda eng yuqori ball – 4. Agar talaba ikki baldan kam to‘plasa, uni sinov muddatiga qoldiradilar, professor bilan uchrashib, sharoitni tushuntirishga imkon beradilar.

Albina: – Amerika OMTlarida qayta topshirishlarga juda qattiq qarashadi. Bu yerda o‘qiydiganlarning har biri nima uchun o‘qiyotganligini juda yaxshi biladi. Agar baholaringiz yomon bo‘lsa, muammoning mohiyatini aniqlash maqsadida Academic Advisor (akademik maslahatchi) bilan uchrashuv tayinlashadi. Agar stressni boshqara olmayotgan bo‘lsangiz, psixolog bilan uchrashuv belgilanadi, akademik noma yozishda qiynalayotgan bo‘lsangiz – qo‘shimcha darslarga yuborishadi.

Dastur ham nazariy, ham amaliy fanlar bilan yaxshi muvozanatlangan. Masalan, birinchi semestrda biz maktablar, shifoxonalar, aeroportlar, qariyalar uylari, restoranlar dizayni va arxitekturasi sohasida akademik tadqiqotlar o‘qidik; o‘qiganlarimiz bo‘yicha sharhlar yozdik. Bu akademik ingliz tilini yaxshi bilishni va to‘g‘ri iqtibos keltira olish malakasini talab qiladi. Iqtibos keltirishdagi har qanday adashish yoki iqtibos yo‘qligi ko‘chirmachilik sanaladi va qattiq jazolanadi, qayta tiklash huquqisiz o‘qishdan haydashlari ham mumkin.

Keyingi semesterda “Tadqiqotlar o‘tkazish uslublari”, “Statistika”, “Arxitektura dizayni studiyalari”, “Interer dizayni uchun hujjatlar va chizmalar”ni o‘rganamiz.

Men “ommaviy intellekt” nazariyasi va uning umumta’lim muassasalari dizayni hamda qurilishida qo‘llash bo‘yicha tezislar yozmoqdaman. Maslahatlar olishim va o‘z loyihamni ko‘rsatishim uchun, ilmiy rahbarim maktablar qurilishi bilan shug‘ullanuvchi kompaniya kontaktlarini undira oldi.

Danila: – Hozirgacha men bir qancha fanlarni o‘qidim: kompyuterli arxitektura, ma’lumotlar vizualizatsiyasi, o‘ta yuqori darajadagi integratsiyali integral sxemalarni yaratish va simsiz sensorli tarmoqlar.

Fanni o‘rganishning aksariyat qismi institutdan tashqarida, uy vazifalari va loyihalar (kurs ishlari)ni bajarish tarzida o‘tadi. O‘zbekiston ta’lim sohasidan farqli o‘laroq, Amerikada ta’lim amaliy ko‘rinishga ega. Kampusda eng yangi jihozlarga, kompyuterlar va ajoyib kutubxonaga ega laboratoriya bor.

Ta’lim dasturlari shunday tuzilganki, talaba ortiqcha ko‘rinadigan fanlarga vaqtini sarflamay, bor e’tiborini aniq ixtisosga jamlay oladi. Ixtisoslikni istagan paytda o‘zgartirish mumkin.

Auditoriyalarda muhit o‘ta jo‘shqin. Bu yerda siz o‘z fikringizni bildirishingizni, nuqtai nazaringizni himoya qilishingizni, bahslarda qatnashishingiz va taqdimotlar tayyorlashingizni yoqtirishadi.

Dastur odatda ikki yil davom etadi, shu bilan birga, part-time, ya’ni yarim stavka o‘qish ham mumkin – ishlab turib o‘qiydigan talabalar shunday yo‘l tutishadi. Akademik ta’til olish ham mumkin, lekin u besh yildan uzoq bo‘lmasligi lozim, aks holda o‘qishdan haydab yuborishadi.

Mentalitet va madaniy almashinuv

Sheyla: – Xitoy, Pokiston, Hindiston, Bangladeshdan kelgan o‘quvchilar ko‘p. Ular bari chet elliklarga ochiq va samimiy munosabatda bo‘ladi. Massachusets – liberal va progressiv shtat, u AQShning shimolida joylashgan. Lekin mamlakatimizni hatto eshitmagan odamlar ham bor. ba’zan profesorlar ham bizni Afg‘oniston bilan adashtirib yuboradilar.

Kollejda Study Abroad almashinuv dasturi mavjud. Men Gollandiyaga borishni tanladim, chunki u yerda psixologiya bo‘yicha juda qiziqarli dastur bor edi, qolaversa, sayohat qilish orzuim ham yo‘q emasdi. O‘zbekiston pasporti bilan Yevropada o‘qish va sayohat qilish osonroq.

Albina: – Komissiya bilan suhbatdagi bir savol yodimda: “Agar grantni yutsangiz, O‘zbekiston madaniyati va o‘ziga xosligini qanday taqdim etasiz?” AQShga kelgach, men universitetda “O‘zbekiston – sharqona ertak” ko‘rgazmasini tashkil etdim, iqtidorlar tanlovida qatnashdim – o‘zbek milliy raqslarini namoyish etdim.

Men yashaydigan shaharcha odamlari juda xushmuomala, men tez moslashdim. Faqat o‘qishning jo‘shqin sur’atiga ko‘nikish qiyin kechdi.

Kursdoshlar ko‘p ham yordam bermaydilar – o‘z bilimlari, ishlari va vaqtlarini qizg‘anadilar. Hatto, loyihani bir guruh talabalar tayyorlasa ham, har biri o‘z ulushiga yarasha baho oladi.

Danila: – Amerikaliklar juda do‘stona va bag‘rikeng xalq. Ko‘pchilik xorijiy talabalar madaniyati bilan qiziqadi. Institutimizda chet ellik talabalar ko‘p, ba’zi sinfxonalarda bir-ikki nafar amerikalik o‘tiradi, o‘qituvchining o‘zi Xitoy yoki Hindistondan kelgan bo‘ladi.

Amerikaliklar juda to‘g‘riso‘z va ochiq inson bo‘ladilar. Boshliqqa ismi bilan murojaat qilish mumkin, lekin o‘qituvchilarni “professor” yoki “doktor” deb chaqirgan ma’qul. Bu yerda potensial amaliy sherik bilan tanishishda, so‘rashishda qo‘l berib ko‘rishish qabul qilingan, lekin har bir hamkasbning qo‘lini siqib chiqish shart emas. O‘zbekistonda odatlanganimiz uzoq mulzamatdan farqli ravishda, amerikaliklar qisqacha “”Hi, how are you?” bilan kifoyalanadilar.

Hatto muzokaralar yoki universitetdagi ma’ruza paytida ham amaliy sherik yoki o‘qituvchi stolga o‘tirishi yoki oyog‘ini chalishtirib yaslanib olishi mumkin. Aksariyat kollejlarda dress-kod yo‘q, ko‘pchilik o‘qishga shippak va shortiklarda keladi. Amerikaliklar kiyim borasida ko‘p ham bosh qotirib o‘tirishmaydi, qulay kiyim kiyadilar, ko‘chaga pijama va shippaklarda chiqaveradilar.

Amerikada ochiq e’lon qilinmagan “haybatlilik madaniyati” mavjud – amerikaliklar katta mashinalarni, bahaybat uylarni yoqtiradilar, restoran va kafelarda ovqatlar katta porsiyada tortiladi. E’tiborimni tortgan yana bir jihat – Amerikada chekuvchilar juda kam, shahar ozoda, ko‘chaga chiqindi tashlashmaydi.

Xarajat, pul topish va kasbiy rejalar

Sheyla: – Vizadagi cheklovlar tufayli xorijiy talabalar faqat kampusda ishlashlari mumkin. Men Fundraising Office menejeri va rus tili repetitori bo‘lib ishlayman.

Kelgusida nodavlat tashkilotlari bilan ishlamoqchiman. Qochoqlar masalasi meni qiziqtiradi. Kollejimizda stajirovkalar uchun grantlar dasturi bor, u orqali men qochoqlar bilan ishlovchi tashkilotda stajirovka o‘tashga 3500 dollar oldim.

Chet ellik talabalarni AQShda ishga olishni istashmaydi. Agar siz muhandis, fizik-kompyuterchi bo‘lmasangiz, lavozimni amerikalikka berishni afzal ko‘radilar. Kremniy vodiysida asosan chet elliklar ishlaydi, degan tasavvur bor gap. Ko‘p hollarda amerikaliklar chetdan kelganlar bilan bilim borasida bellasha olmasliklari ham haqiqat.

Albina: – Shtatda yashash taxminan oyiga 1200–1500 dollar turadi. Turar joy ijarasi – rezidensiyadagi, o‘z vannasi yoki kiyimxonasiga ega bir xona uchun 500–700 dollar. Kommunal xarajatlar – 30–60 dollar. Ovqatlanish mahsulotlarga bog‘liq (tabiiymi–sun’iymi) – bir oyda kamida 100 dollar. Mobil aloqa qimmat, chunki menda SSN – soliq raqami mavjud emas – oyiga 50 dollar.

Stipendiya olayotganim sababli, ishlashga haqim yo‘q. Aslida, shusiz ham ishlashga imkon yo‘q – kuniga 15 soat vaqtim o‘qishga ketadi.

Yozda AQShdagi arxitektura yoki dizayner kompaniyasida amaliyot o‘tash, tajriba orttirish va ularning yondashuvini tushunish va ularni mamlakatimizda qo‘llash niyatidaman. Menga Amerika juda yoqadi, lekin O‘zbekistonda juda katta ijobiy o‘zgarishlar ro‘y bermoqda va men mamlakat rivojlanishi jarayonida qatnashishni istayman.

Danila: – O‘rtacha hisobda shtatimizda yashash oyiga 1500–2000 dollarga aylanadi. Bu summaning qariyb yarmi turar joy ijarasiga ketadi, 10% – kommunal xarajatlar, yana 10% – internet va mobil aloqaga, 30% – ovqatlanish va o‘yin-kulguga sarflanadi.

AQShda o‘qib turib ishlash uchun vaqtni to‘g‘ri boshqara bilish talab qilinadi. “sessiyadan–sessiyagacha” o‘qish uslubi o‘tmaydi. Bu yerda muntazam o‘qish kerak.

Amerika kollejlarini bitirgan xorijiy talabalar kamida bir yillik ishga joylashish rasmiy taklifini oladilar. O‘qishdan bo‘sh vaqtimda Uber haydovchisi bo‘lib pul topaman. O‘qishni bitirgach, ixtisosligim bo‘yicha ish topish niyatidaman, uyog‘ini ko‘ramiz – amerikachaciga omadning dumidan tutishga urinib ko‘raman.

Manba: Kommersant.uz

error: Ma‘lumotni nusxalash ta‘qiqlangan!