Bakalavr bosqichida o’qishni xohlovchilar uchun Koreya hukumatining stipendiya dasturi Bakalavr bosqichida o’qishni xohlovchilar uchun Koreya hukumatining stipendiya dasturi
Qayerda: Janubiy Koreya Kim uchun: Ushbu maqola dasturning faqat bakalavr bosqichida o’qishni xohlovchilar uchun mo’ljallangan qismini o’z ichiga olgan Hujjat topshirish muddati: Odatda yilning... Bakalavr bosqichida o’qishni xohlovchilar uchun Koreya hukumatining stipendiya dasturi

Qayerda: Janubiy Koreya

Kim uchun: Ushbu maqola dasturning faqat bakalavr bosqichida o’qishni xohlovchilar uchun mo’ljallangan qismini o’z ichiga olgan

Hujjat topshirish muddati: Odatda yilning sentabr oyi boshlarida boshlanib, oktabr oyi o’rtalarida tugaydi

Umumiy ma’lumot:

Janubiy Koreya hukumatining stipendiya dasturi Koreyaning Xalqaro ta’lim bo’yicha milliy instituti tomonidan xorijiy talabalarning Koreyada grant asosida o’qishini ta’minlash va shu orqali ta’lim hamda ijtimoiy sohada Koreyaning boshqa davlatlar bilan hamkorligi va ikki tomonlama aloqalarini yaxshilash maqsadida tashkil etilgan.

Qabul soni: Har yili dunyoning turli davlatlaridan 150-170 nafar talaba ushbu dasturga qabul qilinadi.

Dastur davomiyligi:

Dastur davomiyligi – 5 yil. Dasturga qabul qilingan talaba 1 yil koreys tilini o’rganish kursida, 4 yil bakalavr darajasini olish uchun o’qiydi.

Iqtisodiy ta’minoti:

Dasturga qabul qilingan talaba quyidagi iqtirodiy ta’minotlar bilan ta’minlanadi:

  • Dastur boshlanganida va tugaganida Koreyaga borish hamda Koreyadan qaytish xarajatlari qoplanadi.
  • Koreyaga yetib borganda joylashib olish uchun bir martalik to’lov beriladi. Miqdori – 200.000 Koreya voni (bugungi kurs bilan 178 AQSh dollari).
  • Universitetning kontrak to’lovi to’lab beriladi.
  • 800.000 Koreya voni (712 AQSh dollari) miqdoridagi oylik stipendiya bilan ta’minlanadi.
  • Tibbiy sug’urta xarajatlari qoplanadi.
  • Koreys tilini bilish darajasi granti. Miqdori – har oy 100.000 Koreya voni (89 AQSh dollari). Ushbu grant TOPIK da 5- yoki 6-darajaga ega bo’lgan talabalarga beriladi.
  • Dasturni tugatganlik uchun beriladigan bir martalik to’lov. Miqdori – 200.000 Koreya voni (177 AQSh dollari). To’lov miqdori har yili o’zgarishi mumkin. Ushbu to’lov dastur tugaganidan so’ng o’z vataniga qaytayotgan talabalarga beriladi. Koreyada qoluvchilarga berilmaydi.

Dasturda qatnashish uchun belgilangan shartlar:

  1. Fuqarolik. Kandidat va uning ota-onasi Koreya fuqarosi bo’lmasligi lozim. Shuningdek, ikki fuqarolikka ega va ularning biri Koreya fuqaroligi bo’lgan talabgorlar ushbu dasturda qatnasha olmaydi.
  2. Yosh. Kandidat 25 yoshdan oshmagan bo’lishi kerak.
  3. Ilmiy daraja. Kandidat boshlang’ich, umum va o’rta maxsus ta’lim bosqichlarini tugatgan bo’lishi lozim.
  4. Baholar. Kandidatning umumiy o’rtacha o’zlashtirish darajasi: 4 lik tizimda 2.64 dan; 4.3 lik tizimda 2.80 dan; 4.5 lik tizimda 2.91 dan; 5 lik tizimda 3.23 dan va 100 foizlik tizimda 80 foizdan kam bo’lmasligi kerak.
  5. Sog’lik. Kandidat ruhiy va jismoniy jihatda sog’lom bo’lishi kerak.
  6. Taqiqlar. Avvalgi yillarda ushbu dasturga qabul qilingan, biroq dasturda o’qishni rad etgan kandidatlar hujjat topshira olmaydi.
  7. Dasturda qatnashish huquqini qo’lga kiritishda yordam beruvchi omillar. 1) koreys (TOPIK) yoki ingliz (TOEFL, TOEIC, IELTS) tilini bilish darajasini belgilovchi sertifikatga ega ekanlik; 2) tabiiy fanlar, texnologiya va injeneriya sohasida o’qishni tanlaganlik kandidatlarni saralayotganda hisobga olinadi (ijobiy ma’noda).

Topshirilishi lozim bo’lgan hujjatlar:

Dasturda qatnashish uchun topshirilishi lozim bo’lgan hujjatlar quyidagilardan iborat:

  1. Dasturda qatnashish uchun ariza.
  2.  Koreyaning Xalqaro ta’lim bo’yicha milliy instituti qoidalariga amal qilish haqidagi hujjat.
  3. Shaxsiy izoh (Personal Statement).
  4. O’quv rejasi.
  5. Ikkita tavsiyanoma. Har biri alohida konvertga solingan bo’lishi kerak.
  6. Tibbiy ma’lumotnoma.
  7. O’rta maxsus bilim yurtini bitirganlik haqidagi diplom. Hali o’rta maxsus bilim yurtini bitirmaganlar dastur boshlangunicha bitirishi haqida ma’lumotnoma topshiradi. Ushbu ma’lumotnoma litsey yoki kollejdan beriladi.
  8. O’rta maxsus bilim yurtida o’tilgan fanlar va ulardan olingan baholar ro’yxati.
  9. Kandidat va uning ota-onasining fuqaroligini tasdiqlovchi hujjatlar.
  10. Koreys yoki ingliz tilini bilish darajasini isbotlovchi sertifikat (IELTS, TOPIK, TOEFL). Ushbu hujjatning topshirilishi shart emas. Bunday hujjatga ega bo’lmaganlar, topshirmaydi.
  11. Kandidatning sog’lig’i haqidagi ma’lumotnoma (bu hujjatni faqat tanlovning ikkinchi bosqichiga o’tganlar topshiradi. Ularga ushbu hujjat dastur mas’ullari tomonidan yuboriladi).
  12. Kandidatning pasport nusxasi.

Barcha hujjatlar koreys yoki ingliz tilida to’ldirilishi lozim. Shuningdek, hujjatlar 4 ta to’plam shaklida topshiriladi: 1-to’plamga hujjatlarning asl nusxalari va qolgan 3 ta to’plam (har biriga alohida) hujjatlarning ko’chirma nusxalari joylanadi va topshiriladi.

Ta’lim olish uchun tanlanishi mumkin bo’lgan sohalar:

Kandidat ushbu dastur bo’yicha talaba qabul qilish huquqiga ega bo’lgan Koreya universitetlarida (bunday universtitetlar soni hozirda 66 ta) mavjud bo’lgan sohalardan birini tanlashi mumkin. Shuningdek, kandidat o’zi uchun 3 tagacha universitet tanlashi mumkin. Keyinchalik aynan qaysi universitetda o’qishi aniqlashtiriladi.

Dastur bo’yicha tanlov bosqichlari:

Tanlov 3 bosqichda amalga oshiriladi:

Birinchi bosqichda kandidatlar hujjatlarini Koreya elchixonasiga topshiradi. Barcha talablarga javob beradigan kandidatlarning hujjatlari Koreya elchixonasi tomonidan Koreyaning Xalqaro ta’lim bo’yicha milliy institutga yuboriladi va institute kandidatlardan qaysilari tanlovning 2-bosqichiga o;tishi mumkinligini e’lon qiladi.

Ikkinchi bosqichga o’tgan barcha kandidatlar belgilangan tartibda tibbiy ko’rikdan o’tadi va tibbiy ko’rik natijalarini Koreyaning Xalqaro ta’lim bo’yicha milliy institutiga natijalarini yuboradi. Qanday tibbiy tekshirishlardan o’tish kerakligi haqidagi ma’lumot va to’ldirilishi kerak bo’lgan tibbiy ma’lumotnoma nusxasi 2-bosqichga o’tgan kandidatlarning barchasiga yuboriladi. Tibbiy jihatdan nosog’lom bo’lgan kandidatlar dasturning keying bosqichiga o’ta olmaydi.

Uchinchi bosqichda kandidatlarning hujjatlari ular tanlagan universitetlar tomonidan ko’rib chiqiladi va kandidat tanlagan 3 ta universitetdan biri kandidatni qabul qiladi.

Dastur bo’yicha yakuniy natijalar odatda dekabr oyida e’lon qilinadi.

Batafsil MANA BU YERDA tanishishingiz mumkin.

Grantlar telegram kanaliga qo’shiling va grantlar hamda ta’limga oid yangiliklardan birinchi bo’lib, xabardor bo’ling!

Fikr yo`q.

Birinchi bo'lib fikr bildiring.