×

Bill Geytsning jahon yoshlariga yo‘llagan maktubi


Blog

BO'LIM

Tavsiyalar

O'QILGAN

3167 marta

CHOP ETILGAN

29.12.2017

Sayyoramizning eng badavlat kishisi, Microsoft asoschisi, dasturchi, xayrli ishlar va eng ko‘p kitob mutolaa qilishda dong‘i ketgan Bill Geyts 15 may kuni kollej bitiruvchilariga maktub yo‘llab, hayotiy tajribalari hosili bo‘lgan tafakkurining durdonalari bilan yosh avlodga murojaat qildi. Quyida ushbu maktubni e’tiboringizga havola qilamiz.

Aziz, 2017 yilning bitiruvchilari!

Siz men hech qachon uddalashga muvaffaq bo‘lmagan ish — kollejni tamomlashga erishdingiz. Barchangizni tabriklayman!

Sizga ayni paytda kelajak hayot masalasida ko‘pchilik pand-nasihat, o‘git va takliflar berishi tayin. Jumladan, men ham ular qatorida o‘z qarashlarimni o‘rtoqlashishga jazm qildim.

Kollej bitiruvchilari mendan kasb tanlash masalasida doimo maslahat so‘rashadi. 20 yoshimda, ya’ni raqamli texnologiya inqilobining ilk uchqunlari endigina ko‘rinayotgan bir davrda, taqdir mening hayotimni o‘zgartirib yuborgan. Men bu inqilob mensiz sodir bo‘lishidan qo‘rqqanim uchun ham, kollejni tashlab ketishga, o‘zimni batamom axborot texnologiyalari rivojiga bag‘ishlashga qaror qilgan edim.

Agar menga qaytib bitiruvchi bo‘lish va sizning qatoringizda turib, dunyoga o‘zgarish olib kirishi mumkin bo‘lgan kasbni tanlashga yana imkon berilganida, men quyidagi 3 ta sohadan birini tanlagan bo‘lar edim.

Birinchisi — sun’iy aql texnologiyasi. Biz bu texnologiya insonga turmush tarzini yaxshilash va samarali yashashiga hissa qo‘shishi mumkinligiga guvoh bo‘lyapmiz. Bu — yangi soha va uning istiqboli sizning qo‘lingizda.

Ikkinchisi — energiya sohasi. Boisi, toza va qayta tiklanuvchi energiya tabiatni asrab qoladi, qashshoqlikka qarshi kurashadi.

Uchinchisi — biologiya fanlari sohasi. Bu fanlar odamlarga uzoq va sog‘lom yashashlari uchun yordam beradi.

To‘g‘ri, hayotda buni tanlash kerak, buni tanlash — xato, degan tushuncha ahamiyatsiz. Men mana shu uch sohani yaqindan o‘rgangim keladi. Buni, ayniqsa kollejni tark etgach tushunganman. Faqat bir narsa — kasbda aqlli bo‘lish men o‘ylaganchalik ahamiyatli emas ekan. Gap shundaki, vaqt o‘tishi bilan inson idroki turli shakl va ko‘rinishda namoyon bo‘lar ekan.

Microsoft kompaniyasi faoliyatining ilk kunlarida men “agar favqulodda buyuk kod yoki dastur yozishni uddalay olgan odam odamlarni ham yaxshi boshqara oladi, jamoani muvaffaqiyat sari olib boradi, boshqa barcha vazifalarni uddalay oladi”, deb o‘ylar edim. Men yanglishgan ekanman. Menga odamlarning o‘ziga xos jihatlarini qadrlash va ularni o‘rganish uchun vaqt kerak bo‘ldi. Vaqti kelib, siz ham shu xislatga ega bo‘lsangiz — hayotingiz mohiyat kasb eta boshlaydi, go‘zallashadi.

Men hayotda yana bir narsani imkon qadar ertaroq anglab yetishni istagan bo‘lar edim, bu — adolatsizlik. 30 yoshimga qadar, Melinda (turmush o‘rtog‘i) ikkalamizning Afrika bo‘ylab sayohatimizga dovur, afsuski nohaqlik nimaligini chindan his qilmagan ekanman. Inson atalmish buyuk mavjudotning qanchalar qashshoqlikda hayot kechirayotganini ko‘rib, dahshatdan so‘zlolmay qolgan edik o‘shanda. Ortga qaytishimiz bilan birinchi ishimiz ko‘rganlarimiz haqida yaqindan o‘rganish bo‘lgan. Kasallik sabab millionlab afrikalik bolalarning o‘limi qarshisida barcha — eng qudratli davlatlar ham befarq va sovuqqonlik bilan qarab turishlari — adolatsizlik edi. Biz buni jahondagi eng jirkanch nohaqlik ekanini his qildik, qo‘l qovushtirib tura olmay, shu zahotiyoq ishga kirishdik.

Men sizning yoshingizda siz hozir bilganchalik ko‘p narsaga aqlim yetmagan. Texnologiya sizga men va mening do‘stlarim hech qachon ega bo‘lmagan imkonni beradi — adolatsizliklarni ertaroq ko‘rish, erta yoshdanoq ularga qarshi kurashga sizni ilhomlantiradi. Bu nohaqlik sizning yon-atrofingizda yoki jahonning boshqa bir nuqtasida bo‘ladimi — unga loqayd bo‘lmang.

Men atrofingizga sizni olg‘a boshlaydigan, sizga saboq beradigan, “men”ingizdagi salohiyatni mutloq ishga solishga majbur qiladigan odamlarni to‘plashga chaqiraman. Melinda mening atrofimdagi mana shunday insonlardan biri va men shuning uchun ham omadliman. Men o‘z baxtimni do‘stlarimning menga nisbatan mehri-muhabbati va mening ularning baxtiyorligidagi o‘rnim bilan o‘lchaganman.

Stiven Pinkerning “Fe’limizdagi eng yaxshi jihatlarimiz” kitobini o‘qib chiqishni tavsiya qilaman. Muallifning fikricha, biz insoniyat tarixining eng osoyishta davrida yashayapmiz. Ayniqsa, bugungi vaziyatda bu tinchlikni saqlab qolish — eng og‘ir ish.

Bugun odamlarga “dunyo yaxshilanmoqda, hayot go‘zallashmoqda” mazmunidagi fikrni aytsang, ular nazdida sen yo go‘l, yoki telba bo‘lib tuyilasan. Aslida esa, bu fikr seni atrofimizdagi shuncha muammoga ko‘z yumayotganingni emas, ularning barham topishiga ishonishingini ko‘rsatadi. Modomiki, har bir kishi ana shu fikrga kelsa, dunyo barchaga rostdan ham yaxshilanayotgan va go‘zal bo‘lib ko‘rinar edi.

Bular — mendagi dunyoqarashning mag‘zi. Mana shu falsafa meni eng og‘ir damlarda ham qutqaradi, odamlarga nisbatan yanada xayr-saxovatli bo‘lishga ilhomlantiradi. Men kun kelib siz ham xuddi shu fikrga kelishingiz va shunday ishlarni amalga oshirishingizga ishonaman.

Barchangizga omad yor bo‘lsin. Unutmang, sizning yoshingiz — inson tirikligining oltin davri. Umid qilamanki, siz bundan unumli foydalanasiz”.

Ingliz tilidan Shuhrat Sattorov tarjimasi.

error: Ma‘lumotni nusxalash ta‘qiqlangan!