×

GKS dasturi: Koreyada bakalavrdan keyingi bosqichlar uchun to’liq grant va oylik stipendiya; hujjatlar qabul qilinmoqda!


Grant

MUHLAT

Doimiy

QOLGAN VAQT

Doimiy

HUDUD

Janubiy Koreya

O'QILGAN

33746 marta

Janubiy Koreya hukumatining stipendiya dasturi (GKS) Koreyaning Xalqaro ta’lim bo’yicha milliy instituti tomonidan xorijiy talabalarning Koreyada bakalavrdan keying bosqichda grant asosida o’qishini ta’minlash va shu orqali ta’lim hamda ijtimoiy sohada Koreyaning boshqa davlatlar bilan hamkorligi va ikki tomonlama aloqalarini yaxshilash maqsadida tashkil etilgan.

Deadline: Har yili fevral oyi o’rtalarida boshlanib, mart oyi o’rtalarida tugaydi. Hozirda ushbu dastur (2024-yil sentyabrda o’qishni boshlovchilar uchun) uchun hujjatlar qabul qilinmoqda. Grantlar 2 usulda belgilanadi: Embassy track va University Track.

University Track bo’yicha hujjatlar tanlangan uuniversitetga to’g’ridan-to’g’ri topshiriladi. Hujjat topshirish sanalari ham har bir universitetga qarab farq qiladi. Shu sababli, University Track orqali topshirmoqchi boʻlganlar tanlagan universiteti saytidan hujjat topshirish muhlati haqida maʼlumot olishi lozim. 2023-yil 13-fevral holatiga koʻra, University Track boʻyicha qabul boshlangan.

Embassy Track orqali hujjatlar esa O’zbekistondagi Koreya taʼlim markaziga topshiriladi. Koreya taʼlim markazi orqali hujjat topshirmoqchi boʻlganlar hujjatlarini markazga taqdim qilishi lozim. Biroq. 2023-yil 13-fevral holatiga koʻra, Embassy Track boʻyicha qabul hali boshlanmagan.

Qanday bosqichlar mavjud?

Grant ajratiladigan bakalavriatdan keyingi bosqichlar quyidagilar:

  • Magistratura: 1 yil koreys tili kursi + 2 yillik magistrlik dasturida oʻqiladi.
  • Doktorantura: 1 yil koreys tili kursi + 3 yil doktorantura bosqichida oʻqiladi.
  • Tadqiqot dasturi: 6 oy yoki 1 yil davom etadi.

Agar dasturga ariza topshirayotgan nomzod TOPIK 5 yoki TOPIK 6 darajasiga ega boʻlsa, 1 yillik til kursida oʻqishdan ozod etiladi.

Bakalavriat uchun GKS granti haqidagi maʼlumotni BU YERDAN topasiz.

Qabul soni: 2022-yilda bakalavriatdan keyingi bosqichda oʻqish / tadqiqot olib borish uchun dunyoning turli davlatlaridan jami 1300 nafar nomzod ushbu dasturga qabul qilinadi. 2022-yil uchun Oʻzbekistondan magistratura va doktoranturaga jami 43 nafar talaba qabul qilinadi: Embassy Track bo’yicha 12 nafar, University Track bo’yicha 28 nafar, kelib chiqishi koreys boʻlgan oʻzbekistonliklar uchun yana 3 ta oʻrin bor. Tadqiqot dasturi uchun grant oʻrinlari alohida davlatlarga ajratilmagan, balki umumiydir. Tadqiqot dasturiga butun dunyodan jami 75 nafar (R&D: 60; Research: 10) tadqiqotchi qabul qilinadi.

Taʼlim/Tadqiqot tili

Nomzodlar magistratura, doktoranturadagi oʻqishni yoki tadqiqot dasturidagi tadqiqotni ingliz yoki koreys tilida amalga oshirishi mumkin. Biroq barcha nomzodlar 1 yillik koreys tili kursini oʻqishi va yakunda TOPIK 5 yoki 6 darajani qoʻlga kiritishi kerak.

Grant kimlar uchun?

Bakalavrdan keyingi bosqichlarda o'qimoqchi bo'lganlar uchun

Batafsil ma'lumot uchun link

Grantning manfaatli jihatlari:

Dasturga qabul qilinganlar quyidagi imtiyozlarga ega boʻladi:

  • Dastur boshlanganida va tugaganida Koreyaga borish hamda Koreyadan qaytish xarajatlari qoplanadi.
  • Koreyaga yetib borganda joylashib olish uchun bir martalik to’lov beriladi. Miqdori – 200 000 Koreya voni (taxminan 157 AQSh dollari).
  • Til kursi va universitetning kontrak toʻlovi toʻliq toʻlab beriladi (faqat magistr va doktorantlarga).
  • Nomzod Degree Program (magistratura yoki doktorantura)ga qabul qilingan boʻlsa, 1 000 000 Koreya voni (taxminan 784 AQSh dollari); tadqiqot dasturiga qabul qilingan boʻlsa, 1 500 000 von (taxminan 1175 dollar) miqdoridagi oylik stipendiya bilan ta’minlanadi.
  • Tibbiy sug’urta xarajatlari qoplanadi.
  • Magistr va doktorantlarga koreys tilini bilish darajasi granti ajratiladi. Miqdori – 100 000 Koreya voni (taxminan 78 AQSh dollari). Ushbu grant TOPIK da 5 yoki 6 darajaga ega bo’lgan talabalarga beriladi.
  • Dasturni tugatganlik uchun beriladigan bir martalik to’lov (magistr va doktoantlarga). Miqdori – 100 000 Koreya voni (taxminan 78 AQSh dollari). Ushbu to’lov dastur tugaganidan so’ng o’z vataniga qaytayotgan talabalarga beriladi. Koreyada qoluvchilarga berilmaydi.
  • Ilmiy ish/dissertatsiyani chop etish xarajatlari qoplanadi (magistr va doktorantlarga).
  • Liberal Arts, Social Science, Natural Science va Engineering sohalarida oʻqiydigan/tadqiqot olib boradiganlar uchun tadqiqot mablagʻi ham ajratiladi (magistr va doktorantlarga).

Talablar:

Nomzodlarga qoʻyilgan talablar quyidagicha:

  1. Fuqarolik. Nomzod va uning ota-onasi Koreya fuqarosi bo’lmasligi lozim. Shuningdek, ikki fuqarolikka ega va ularning biri Koreya fuqaroligi bo’lgan talabgorlar ushbu dasturda qatnasha olmaydi.
  2. Yosh. Nomzod 40 yoshdan oshmagan (1983-yil 1-sentabrdan keyin tugʻilgan) boʻlishi kerak. Biroq, ariza topshirayotgan paytida professor boʻlib ishlayotgan belgilangan davlatlarning fuqarolari (belgilangan davlatlar ro’yxatida O’zbekiston ham bor) uchun ariza topshirish yoshi 45 yosh hisoblanadi (1978-yil 1-sentabrdan keyin tugʻilgan boʻlishi kerak).
  3. Ilmiy daraja. Nomzod 2023-yilning 28-fevralgacha bakalavriat diplomiga (magistraturaga topshirish uchun); yoki magistrlik diplomiga (doktoranturaga topshirish uchun); yoxud tadqiqot dasturi doktorlik darajasiga va oʻqituvchilar almashinuvi dasturi uchun magistrlik darajasiga ega boʻlish kerak.
  4. Baholar. Nomzodning umumiy oʻrtacha o’zlashtirish darajasi (GPA) 4 lik tizimda 2.64 dan; 4.3 lik tizimda 2.80 dan; 4.5 lik tizimda 2.91 dan; 5 lik tizimda 3.23 dan yuqori boʻlishi; 100 ballik tizimda 80 foizdan kam boʻlmasligi yoki oʻzi oʻqigan kursdagi eng yaxshi 20 foiz talaba safiga kirishi kerak..
  5. Sog’lik. Nomzod ruhiy va jismoniy jihatda sog’lom bo’lishi kerak.
  6. Taqiqlar:
    – Bakalavriat, magistratura yoki doktorantura diplomini Koreyadagi universitetda oʻqib qoʻlga kiritganlar, shuningdek, oʻrta taʼlimni Koreyada oʻqiganlar ushbu dasturga topshira olmaydi. Koreyadagi universitetda talaba lamashinuvi dasturi orqali maʼlum muddat oʻqiganlar dasturga hujjat topshira oladi.
    – Avvalgi yillarda suhbu dasturga qabul qilingan, biroq dasturda o’qishni rad etgan nomzodlar hujjat topshira olmaydi.
  7. Oʻqituvchilar almashinuvi dasturida qatnashish uchun kamida TOPIK 4 sertifikatiga ega boʻlish talab etiladi. Magistratura, doktorantura yoki tadqiqot dasturi uchun TOPIK yoki ingliz tili (IELTS, TOEFL va hk) sertifikatige ega boʻlish majburiy emas.
  8. Tadqiqot dasturiga topshirmoqchi boʻlganlar tegishli universitetlardan biridan taklif xati ham olishi kerak.

Eslatma: Embassy Track orqali magistratura yoki doktoranturaga topshirmoqchi bo’lganlardan ham ingliz tilini, ham koreys tilini bilish talab qilinishi mumkin. Buni Koreya taʼlim markazidan aniqlashtiring.

Shuningdek, University Track orqali ariza topshirmoqchi boʻlgan magistratura va doktorantura nomzodlari oʻzi tanlagan universitetdagi talablarni ham koʻrib chiqishi lozim. Universitetlar roʻyxatini BU YERDAN topasiz (4-bet, Available universities by type).

Dasturga qabul jarayoni:

Topshirilishi lozim bo’lgan hujjatlar roʻyxati:

Hujjatlarning toʻliq roʻyxati bilan quyidagi qoʻllanmada tanishishingiz mumkin:

Barcha hujjatlar koreys yoki ingliz tilida bo’lishi lozim. Hujjatlar nomzod davlatidagi Koreya elchixonasiga yoki ushbu dastur boʻyicha talaba qabul qilish huquqi berilgan universitetga topshiriladi.

Barcha hujjatlarning asl nusxasi yoki notarial tasdiqlangan va apostil qilingan nusxasi topshirilishi lozim. Topshirilgan hujjatlar qaytarilmaydi.

Embassy Track orqali hujjat topshiruvchilar oʻz davlatidagi elchixonaga (Oʻzbekistonda Koreya taʼlim markaziga) barcha hujjatlarning bittadan original yoki notarius orqali tasdiqlanib, 1 ta original yoki apostil qilingan nusxasini va 3 tadan shu hujjatlarning koʻchirma nusxasini topshiradi.

University Track orqali hujjat topshiruvchilar oʻzi tanlagan universitetga barcha hujjatlarning bittadan original yoki notarius orqali tasdiqlanib, apostil qilingan nusxasini topshiradi.

Tadqiqot dasturiga hujjat topshiruvchilar oʻzi tanlagan universitetga barcha hujjatlarning bittadan original yoki notarius orqali tasdiqlanib, apostil qilingan nusxasini topshiradi.

Hujjat topshirish muddatlari: Hujjat topshirish muddatlari turli davlatlardagi Koreya elchixonalari va Koreya universitetlari tomonidan belgilanadi. Shu sababli, nomzod qaysi davlat fuqarosi yoki qaysi Koreya universitetiga topshirayotganligiga qarab, hujjat topshirish muddatlarini elchixona/universitet bilan bog’lanib, o’zi aniqlab olishi lozim.

Ta’lim olish uchun tanlanishi mumkin bo’lgan sohalar: Nomzod ushbu dastur bo’yicha talaba qabul qilish huquqiga ega bo’lgan Koreya universitetlarida mavjud bo’lgan sohalardan birini tanlashi mumkin. Shuningdek, agar nomzod hujjatlarini Koreya elchixonasiga topshirayotgan bo’lsa, o’zi uchun 3 tagacha universitet tanlashi mumkin. Keyinchalik aynan qaysi universitetda o’qishi aniqlashtiriladi. Biroq to’g’ridan-to’g’ri universitetga hujjat topshirilganda, faqat bitta universitet tanlanadi. Bu haqida grantning rasmiy qoʻllanmasida to’liq keltirilgan.

Tadqiqot va almashinuv

Tadqiqot dasturiga arizalar universitetlarning oʻziga (University Track) topshiriladi. Oʻqituvchilar almashinuvi dasturiga esa Embassy Track (Oʻzbekistondagi Koreya taʼlim markazi) orqali ariza topshiriladi.

Dastur bo’yicha tanlov bosqichlari:

Tanlov 3 bosqichda amalga oshiriladi:

Birinchi bosqichda nomzodlar hujjatlarini Koreya elchixonasi yoki vakolatli Koreya universitetiga topshiradi. Barcha talablarga javob beradigan kandidatlarning hujjatlari Koreya elchixonasi va vakolatli Koreya universitetlari tomonidan Koreyaning Xalqaro ta’lim bo’yicha milliy institutga yuboriladi. Birinchi bosqichdan muvaffaqiyatli o’tgan nomzodlar, odatda, aprel oyining boshida e’lon qilinadi.

Ikkinchi bosqichga o’tgan barcha nomzodlar belgilangan tartibda tibbiy ko’rikdan o’tadi va tibbiy ko’rik natijalarini Koreyaning Xalqaro ta’lim bo’yicha milliy institutiga natijalarini yuboradi. Qanday tibbiy tekshirishlardan o’tish kerakligi haqidagi ma’lumot va to’ldirilishi kerak bo’lgan tibbiy ma’lumotnoma nusxasi 2-bosqichga o’tgan kandidatlarning barchasiga yuboriladi. Tibbiy jihatdan nosog’lom bo’lgan kandidatlar dasturning keying bosqichiga o’ta olmaydi.

Uchinchi bosqichda elchixona orqali hujjat topshirgan nomzodlarning hujjatlari ular tanlagan universitetlar tomonidan ko’rib chiqiladi va nomzod tanlagan 3 ta universitetdan biri nomzodni qabul qiladi. To’g’ridan-to’gri universitetga hujjat topshirgan nomzodlar ushbu bosqichda qatnashmaydi (ular tibbiy tekshiruvdan o’tgan zahoti universitetga qabul qilingan hisoblanadi).

MUHIM: Ushbu maqoladagi maʼlumotlar umumiy tarzda keltirilgan. Dastur talablari, hujjatlar roʻyxati, ariza topshirish jarayoni va boshqalar bilan batafsil tanishish uchun grant qoʻllanmasini toʻliq oʻqib chiqing:

Magistratura va doktoronturaga Embassy Track orqali ariza topshirmoqchi boʻlganlar, shuningdek, oʻqituvchilar almashinuvi dasturga ariza topshirmoqchi boʻlganlar savollar yuzasidan Oʻzbekistondagi Koreya taʼlim markaziga murojaat qilishi mumkin.

Magistratura va doktoranturaga University Track orqali ariza topshirmoqchi boʻlganlar, shuningdek, tadiqoqt dasturiga ariza topshirmoqchi boʻlganlar savollar yuzasidan oʻzlari tanlagan universitetga murojaat qilishi kerak.

Ushbu dastur g’olibasi – Dilfuza Guzarova bilan olib borilgan suhbat va g’olibaning tavsiyalari bilan SHU YERDA tanishing.

error: Ma‘lumotni nusxalash ta‘qiqlangan!