Ingliz tili kursiga bormay IELTSdan yuqori natija olish mumkinmi?

    52
    3 418 marta o'qildi

    Navbatdagi maslahatimni chet tilini mustaqil o’rganish mumkinmi, degan mavzuga qaratmoqchiman.  Undagi fikrlar o’zimning shaxsiy tajribam va kuzatishlarimga asoslangan va hammaga ham to’g’ri kelmasligi mumkin.

    Xullas, savol quyidagicha: ingliz tilini har xil o’quv kurslariga bormasdan turib a’lo darajada o’rganish mumkinmi? Bu savolning qisqa javobi shuki, albatta, mumkin. Batafsil javobni sharhlashdan olidin shuni ham aytib qo’yishim kerak: mustaqil o’rganish usuli hammaga ham emas. Ya’ni, siz mustaqil o’qib-o’rganishdan rohatlanadigan va reja asosida o’z ustingizda ishlay oladigan odamlar toifasidan bo’lsangiz, sizga ustozning keragi yo’q. Lekin shunday odamlar ham borki, ular doim kimningdir yo’l-yo’rig’iga, ko’rsatmasiga ehtiyoj sezadi va undaylar uchun chet tilini o’rganishda o’qituvchi bilan birga ishlash samaraliroq bo’lishi mumkin.

    Men bu yerda ingliz tilidan boshlang’ch ma’lumotga ega, ozmi-ko’pmi oddiy matnlarni o’qib tushunadigan va o’zi haqida bir-ikki og’iz ingliz tilida gapirib bera oladigan darajadagi talabalar haqida gapiryapman.

    Agar ingliz tili siz uchun yangi olam bo’lsa, ya’ni hammasini boshidan boshlamoqchi bo’lsangiz, unda, albatta, bitta oqituvchining etagidan tutib o’rganganingiz ma’qul. Hozir maktablarda, kollej-litsey va oliy o’quv yurtlarida aksariyatimiz allaqachon ingliz yoki boshqa chet tilini boshlang’ich darajada o’rganib bo’lganmiz. Endigi maqsadingiz uni mukammallashtirib, IELTSdan kamida 6 yoki 7 bal olish, shunday emasmi?

    Misolni o’z tajribamdan boshlasam. Men ingliz tilini o’rganishni 9-sinfdan boshlaganman. Ungacha maktabda nemis tili o’qiganmiz. Xullas, nemis tilidan imtihon topshirib litseyga kirganimdan keyin ingliz tilini boshidan boshlab o’rganishga to’g’ri keldi. Chunki bu litseyda faqat ingliz tili o’qitilar ekan. Litseyimizda yangi qabul qilinganlarni ikkita sinfga bo’lishgan: shu paytgacha ingliz tilini maktabda o’rganib kelgan o’quvchilar sinfi va menga o’xshab ingliz tilini o’rganishni endi alifbodan boshlayotgan, ya’ni bu til haqida hech vaqo bilmaydiganlar sinfi.

    Xullas, ingliz tilini 9-sinfda alifboni o’rganishdan boshladim. Qizig’i, oradan bir yil o’tib bizning sinfimiz ingliz tilini o’rganish ko’rsatkichlari bo’yicha litseyga ingliz tilini allaqachon o’rganib kelgan talabalar sinfidan o’zib ketdi.

    Mavzu aslida bu haqda emas. Savol ingliz tilini mustaqil o’rganish haqida. Demak, shu haqda yozaman endi. Litseyni bitirish arafasida men ham abiturientlik deb atalgan ajoyib bir davrni boshdan kechirganman. Jahon tillari universitetiga tayyorlanayotgan edim. Shuning uchun bor kuchimni ingliz tilini yaxshilashga qaratdim.

    Tumanimizda ingliz tili repetitorlari orasida obro’si eng yuqori bo’lgan bir o’qituvchi ayol bo’lardi. Shu odamning kursiga yozilishga qaror qildim. O’sha paytlarda ham yosh bo’lishimga qaramay, o’qishga repetitorsiz tayyorlanib kirish mumkin, degan fikrda bo’lganman. Shuning uchun ona tili va tarix fanlaridan hech qachon repetitorga bormaganman. Lekin ingliz tili chet tili bo’lgani uchun unga repetitor olishga qaror qildim. Buning sabablaridan yana bir shu ediki, o’sha paytlar (2000-2001-yillar haqida gapiryapman) maktab darsliklari va axborotnomadan tashqari ingliz tilida hech qanday o’qitish materiallari yo’q edi. O’qishga kirgunimcha hatto bitta lug’atim ham bo’lmagan. Shuning uchun ingliz tilidan kursga borishga qaror qildim.

    Borib xato qilmagan ekanman. Chunki u o’qituvchi bizga «English Grammar in Use» kabi biz u paytlar hali ko’rmagan, xorijda chop etilgan kitoblar asosida dars o’tardi. Har bir darsdan so’ng beradigan testlari ham axborotnomadan emas, balki chet elda chiqqan test kitoblaridan bo’lardi va ular juda murakkab edi.

    Shu o’qituvchim kurs oxirida sening o’qishga kirishingga garantiya beraman, lekin bu gapni uncha-munchasiga aytmayman, degan edi. Odatda, u kimga bu gapni aytsa, o’sha abiturient o’qishga kirar ekan. Xullas, juda xursand bo’ldim va uning aytganlari to’g’ri chiqdi: 2001-yil ingliz tilidan 32 ta test yechib, Jahon tillari universitetiga byudjetga o’qishga kirdim.

    Albatta, bunda menga dars bergan o’qituvchimning xizmati katta. Chunki u menda mavjud bo’lmagan darsliklar va manbalar orqali dars o’tgan va shu orqali muvaffaqiyat qozonishimni ta’minlagan. Hozir esa shu darslik va qo’llanmalarning hammasini topa olasiz. Hatto internetdan ko’plab kitoblarni va testlarni bepul yuklab olishingiz mumkin. Testlarni javoblari bilan va nega bu javob to’g’ri ekani haqidagi tushuntirishlari bilan topish mumkin. Xullas, bugun eng yaxshi ustozingiz «Google» desam, balki sal mubolag’a bo’lar, lekin xato emas.

    Ingliz tilini yaxshi o’rganishda o’qituvchining roli qancha deb so’rasangiz, men muvaffaqiyat qozonish 90 foiz o’zingizning mehnatingizga bog’liq, deb aytgan bo’lardim. O’qituvchining sizga yo’l-yo’riq ko’rsatishi muvaffaqiyatingizning 10 foizini ta’minlashi mumkin. O’zi mustaqil dars qilib o’zlashtira olmaydigan talaba eng yaxshi repetitorga yillab qatnasa ham, ahvoli o’zgarmaydi. Bunga misollar juda ko’p. Litseydagi sinfdoshlarim orasida har uchala fandan eng qimmat va eng obro’li domlalarga repetitorga borib, bir necha yil davomida o’qishga kira olmagan, kontraktga ham ilinmagan do’stlarim bo’lgan. Ularni qoralash yoki kamsitish niyatim yo’q. Aytmoqchi bo’lganim, 99 foiz mehnat sizdan talab qilinadi. O’qituvchi sizga yo’lni ko’rsatib berishi mumkin, xolos. Bu yo’ldan esa siz o’zingiz yurib o’tishingiz kerak…

    Keyinroq xorijda o’qish ham nasib etdi. Buning uchun Toshkentda TOEFL testini topshirdim. Shunda ham maxsus kursga qatnashni lozim topmadim. Bu paytga kelib, TOEFLga tayyorlovchi kitoblar va testlarni topish ancha osonlashgan edi. Demak, kerakli  hamma resurslar bor, ularni o’qishim kerak, xolos, deb o’ylaganman.

    2009-yil AQShda magistratura darajasida o’qish imkoniyatini beradigan grantga hujjat topshirdim. Hujjatlarim birinchi bosqichdan o’tishi bilan suhbatga chaqirishdi. Suhbatdan ham muvaffaqiyatli o’tdim va kutilmaganda 10-15 kun ichida TOEFL testini topshirishim uchun kunini va vaqtini belgilab qo’yishdi. Shu paytgacha ham TOEL kitobini o’qib tayyorlanib yurgandim, lekin bu grant uchun test topshirishga va tayyorlanishga bir-ikki oy vaqtim bo’lsa kerak, deb o’ylagandim.

    Buning ustiga «Paper-based TOEFL» topshirishimiz kerak ekan. Bu testda hamma testlarning javobini qog’ozga belgilaysiz, inshoni ham qo’lda yozish kerak. Eng qiyini, imtihonning audio qismida audiosuhbatlarni xonadagi magnitafon orqali qo’yib berishadi. Agar magnitafonning kolonkasi sifatli bo’lmasa yoki xonaning uzoq bir burchagida bo’lsangiz va ovozni yaxshi eshitmasangiz, ahvolingiz voy degani. Men, yaxshiyamki, magnitafonning oldida, birinchi qatorda o’tirdim. Shunda ham, men uchun eng qiyini imtihonning «Listening Comprehension» qismi bo’ldi.

    Testga o’zim mustaqil tayyorlandim. Internetdan «Paper-based TOEFL»ga tayyorlanish materiallarini topib, printerdan chiqarib oldim va shular asosida tayyorlandim.

    Imtihonni yaxshi topshirdim: balim 600 chiqdi. Bu IELTS bo’yicha 7 yoki 7,5 ga to’g’ri keladi. Oradan bir necha kun o’tib GRE uchun imtihonni belgilashdi. GRE juda-juda qiyin imtihon. Hali ham eslasam, yuragim uvushadi. Undan necha bal olganimni aytmay qo’ya qolay. 🙂 Chunki yaxshi chiqmagan. Ammo GREdan juda baland bal olishingiz shart emas. AQSh universitetlari xorijliklar uchun GREni topshirish qiyin ekanini yaxshi bilishadi va anketangizning boshqa jihatlari yaxshi bo’lsa, pastroq GRE bali bilan ham o’qishga olishlari mumkin. Meni ham o’qishga olishdi va AQShda to’liq grant asosida magistratura darajasida tahsil olish imkoniyatini qo’lga kiritdim. Bu haqda avvlagi blogpostimda ham yozgandim.

    Mavzudan biroz uzoqlashdik. Aytmoqchi bo’lganim, tilni boshlang’ich darajada bilsangiz, IELTSga ham, boshqa imtihonlarga ham o’zingiz mustaqil tayyorlana olasiz. Ayniqsa, hozir ingliz tilini o’rganish resurslari juda ko’p. Lug’atlar ham, kitoblar ham. Internetda esa hamma narsani topish mumkin. Siz faqat yaxshi reja asosida o’zingizning ustingizda muntazam ishlashingiz kerak, xolos.

    Bu gaplarim bilan til kursida o’qiyotgan yoki repetitorga borishni rejalayotgan talabalarni fikridan qaytarish niyatim yo’q. Mustaqil ingliz tilini yaxshi o’rganayotgan talaba, agar o’qituvchidan qo’shimcha dars olsa, o’rganish tezligi yanada oshishi tabiiy, albatta. Lekin moddiy imkoniyati yo’q yoki domlaga qatnab dars olishga sharoiti bo’lmagan talabalar bo’lsa, aslo o’kinmang va siz ham mustaqil ingliz tilini a’lo darajada o’rgana olasiz, demoqchiman, xolos. Bunga tirik misol o’zim. 🙂

    Yaxshi niyat yarim mol, deganlaridek, avvalo, oldingizga maqsadni to’g’ri qo’yishingiz va shu maqsadga erishish uchun nimalar qilish lozimligi haqida yaxshi reja tuzib olishingiz kerak. Shu rejaga og’ishmay rioya qilsangiz, maqsadingizga, albatta, erishasiz.

    Bilim olish uchun ikkita narsani bilishingiz kerak: nimani o’qishni va o’sha narsani qanday o’qishni. Chunki o’qiyman desangiz, axborot hozir juda ko’p. Ular orasidan o’zingizga mos va eng keraklisini topishingiz lozim va o’qigan narsangizdan foyda olishingiz uchun uni qanday o’qishni ham bilishingiz kerak. Vaqtdan samarali foydalanish va qanday unumli dars qilish haqida ham alohida yozish niyatim bor. Bu haqda endi kelgusida gaplashamiz.

    Agar til o’rganishga oid zarur kitoblarni xorijdan sotib olishni istasangiz, Grantlar.Uz bu borada sizga yordam berishi mumkin. Saytimizda kitoblar va boshqa ta’lim olishga oid mahsulotlar sotiladigan do’kon ochish niyatimiz bor. Buning uchun, avvalo, talab bo’lishi kerak. Agar sizda bunga qiziqish bo’lsa, bizga xabar bering.

    Behzod

    52 Izohlar

    1. ingliz tilini mustaqil urganish uchun qaysi kitoblardan foydalangan maqulro o’sha haqida maslaxatlar bersangiz

    2. Judayam tug’ri Behzodbek, agar xohish bulsa, albatta tayyorlanib yahshi ball olish mumkin. Bunga misol mening urtog’im, u 2 oy davomida har kuni ishdan keyin tayyorlandi va IELTS bo’icha 7 ball oldi. Hozirgi kunda unga Koreya Respublikasi va Evropa universitetlaridan takliflar bor. Aytmoqchi bulganim, harakatga barakat. Hammasi uz qulingizda do’stlarim.

    3. ha,barchasiga qo`shilaman . Repetitorlar faqatgina yo`l-yo`riq ko`rsatishadi, xolos.Man hozir IELTS testiga tayyorlanvoman shunga siz taklif qilgan do`konni ochishingizga talabim katta

    4. Assalomu alaykum. Muvaffaqiyatlaringiz bilan tabriklayman. Chindan ham shu saytni, bloglarni ochib ham tajribangiz bilan o’rtoqlashib yaxshi ish qilyapsiz. Hozir ko’p yoshlar hamma narsa pul va tanish-bilish degan noto’g’ri tushunchani singdirib olishgan. Men ham siz kabi asosan o’z ustida ishlab tilni o’rganganman va fikrlaringizga to’liq qo’shilaman. Agar yaxshi o’qishsa va bilimi bo’lsa, o’zlari istagan obro’li joylarda ishlashadi.
      Chiroyli maqolalaringizni kutib qolamiz, yoshlarga madad bo’layotganingiz uchun ko’p raxmat.

    5. «Lekin moddiy imkoniyati yo’q yoki domlaga qatnab dars olishga sharoiti bo’lmagan talabalar bo’lsa, aslo o’kinmang va siz ham mustaqil ingliz tilini a’lo darajada o’rgana olasiz, demoqchiman, xolos.» va «Agar til o’rganishga oid zarur kitoblarni xorijdan sotib olishni istasangiz, Grantlar.Uz bu borada sizga yordam berishi mumkin. Saytimizda kitoblar va boshqa ta’lim olishga oid mahsulotlar sotiladigan do’kon ochish niyatimiz bor.» Moddiy sharoiti bo’lmagan talaba qanaqasiga xorijdan kitob sotib olishi mumkin? Qaysi kitoblarni qanday tartiblar bilan vs qaysi websitelardan bepul topib olib o’qishni yo’l yo’rig’ini ko’rsatsangiz yaxshi bo’lardi menimcha. To’g’ri tushunasiz degan umiddaman.

    6. yaxshi tavsiya qabul qildim endi qo’llab ko’rsam bo’ldi.manda qiziqish bor xabar qoldirdim

    7. Meni til o’rganishim uchun katta turtki bo’ldingiz desam mubolag’a bo’lmaydi, buning uchun sizga rahmat o’zingiz aytganday saytda ingliz va boshqa tillarga oid kitob va mahsulotlar do’koni ochilishini so’ragan bo’lardim

    8. Inglis tilini mustaqil organish albatta mumkin lekin kim bolsa ham bitta sherik bolsa ingliz tilini organish ancha osonlashadi muloqotda yaxshi ancha tez organiladi deb oylayman.

    9. Amaliy tajribangiz bo’lsa yoki tanishlaringiz bo’lsa ularning mustaqil tayyorlanish grafigini ham qo’ysangiz yaxshi bo’lar edi, namuna sifatida. Fikrlaringiz bilan o’rtoqlashganingiz uchun tashakkur

    10. Qooyil! hamma gapingizga qo’shilaman. Men ham ingliz tilini umuman bilmayman. Lekin Salom, amerika mavzusidagi kundalikni o’qiganimdan keyin har kuni 5ta lug’at va ing-uzb so’zlashgichdan 3tadan so’z yodlashni boshladim. lug’atni google dan yodlayapman. Hozir litseyda 3kursga o’tdim. men bu fandan qanaqa kitob o’qish kerakligini to’g’risi bilmiyman. nima deb o’ylaysiz meni qilayotgan ishim to’g’rimi ya’ni o’zingiz bilsangiz kerak ayniqsa 3kursda o’zimizdi speslarga ko’p vaqt ketadi bu turishda ham o’rgana olarmikinman? menga hozir qanday kitob o’qishni maslahat berar edingiz.

    11. «anketangizning boshqa jihatlari yaxshi bo’lsa, pastroq GRE bali bilan ham o’qishga olishlari mumkin» masalan boshqa qanday yaxshi jihatlaringiz bo’lgan?

    12. Rahmat yaxshi tafsiyalar. Engiliz tilini o’rganish un yana qanday samarali usullarni maslahat birasiz bizlarga? Yana shunday tafsiyalaringizni kutib qolamiz. Do’kon qachon ochiladi? Kutib qolamiz.

    13. Ikrom,
      A’lo baholar, ish tajribasi, oq’ishdan tashqari tadbir va boshqa loyihalarda qatnashganingiz va hokazo jihatlarning hammasi o’qishga qabul qilishda hisobga olinadi.

    14. Jamshidbek,

      Lug’at yodlash usulingizni to’g’ri deya olmayman. Bu haqda alohida maqola yozish niyatim bor. Kuzatib boring saytimizni.

    15. Fikrlaringiz togri. Meni bir narsa qiziqtiryapti, ielts va toefl imtixonlariga alohida alohida tayyorlanish kerakmi, yo ielts ga tayyorlangan kishi toefldan imtixon topshira oladimi

    16. Ingliz tilini maktabda organib, elementary level bolganman, undan keyin ikki yil ichida repetitorga qatnamay, Intermediate level boldim, buni inkoni bor ekan. O’zimizda kuch bolsa erishamiz ekan.

    17. Kim yaxshi ingliz tili o’quv kurslarini biladi biladiganlar bo’lsa manzilini yoki tel raqamini yozib qoldiringlar iltimos menga juda kerak .

    18. Katta rahmat men ana shunday maslaxatlarni anchadan beri kutvotudim. demak tushunushim bo’yicha tofel 3 bosqichda bo’ladi. test insho va audio yozuvni eshitib keyin etberish to’g’ri tushundimi iltes xam shunday bo’ladimi? imtixon topshirish xarajatlari qanday iltimos javob bering.

    19. Aytingchi ielts sertifikati borlar qaysi chet el institut yoki universitetlariga topwirsa bo’ladi. Grantlar nechi xil b6ladi yo hammasi 1-yillikmi? wular haqida ma’lumot bervorsangiz

    20. dolzarb mavzu haqida kerakli maqola bilan men qatori ko’plap yoshlarga yordam berdingiz deb o’ylayman. men bu yil talaba bo’lish baxtiga muyassar bo’ldim o’qish boshlanguncha ingliz tilini bonk kitobi va android turdagi telefonlar uchun mo’ljallangan «Bilimdon – ingliz tili» nomli ajoyib dastur yordamida o’rganiyapman. unda mavzulashtirilgan mashqlar berilgan bo’lib xatolaringiz mashq yechish davomida ko’rsatiladi mavzu bo’yicha lug’at va nazariy malumot ham berilgan

    21. salom. yozgan mavzuyiz u.n tashakkur.
      nmadan bowlaw keragligini hamda qaysi kitoblardan foydalanishni ham aytvoring men ham oz moz bilaman mukammal urganish u.n nmalarni uqishni tavsiya etasiz

    22. EFU english, English for you, degan Video darslik bor ekan, Manga Juda yoqdi, Molly Stone dars otarkan, Beginner! Elementary, Intermediate videolari bor ekan!!

      Men ham Hamma singari til o’rganuvchiman,
      Til o’rganayotgan tengdoshlarimga Omad!!

    23. Toxir,

      IELTS va TOEFL ikki xil imtihon. TOEFL ko’proq amerikacha ingliz tilini tekshirishga asoslangan. IELTS esa britaniyaliklar tomonidan tashkil etilgan. Ingliz tilini yaxshi bilgan odam muammosiz har ikkalasini yaxshi topshira oladi, ammo har bir testning o’ziga xos jihatlari bor. Shuning uchun tayyorlov kitoblarini bir ko’zdan kechirib chiqqan yaxshi.

    24. men IELTS testida ozimni sinab kormoqchiman iltimos menga yol korsating nma qiliw kerak ekanligini aytivoringlar

    25. Аssаlomu аlаykum Меn IЕLTS gа tаyуоrgаrlik kurishni boshlаmоqchi mаn.Qаndау kitоb о’qishim kеrаk

    26. iNGLIZ TILINI DASTLAB O’RGANISH UCHUN SKULTE muRHY1 2 VA BONK KITOBLARINI TEKSTLARINI BIR QANCHA QISMINI ESLAB QOLIB SO’NG LUG’ATLARNI ESLAB QOLIB YUQORIDAGI KITOBLARNI MASHQLARINI YECHISH KERAK LEKIN DASTLAB INGLIZ TILINI BOSHLAGANLAR UCHUN ALBATA TALAFUZIDA XATO ESLAB QOLMASLIK UCHUN BOSHIDA BIR YO’L KO’RSATUVCHI BO’LISHI KERAK SO’NG BEMALOL MUSTAQIL O’RGANSA BO’LADI

    27. salom iltimos maslahatingiz kere Paper-based TOEFL va TOEFL iBT Test farqi nimada man googlda Paper-based TOEFL buyicha ma’lumotlarni qidirsam juda kup narsa bor. Qaysi birini uqishga hayronsan vaqtimni tejash uchun manga aniq bir ma’lumot bering tanlashda juda ham qiyin buvoti har holda siz bu test buyicha tayorlangansiz va imtihondan utgansiz iltimos oldindan rahmat

    28. men xozirda TDPU da magsriraturda taxsil olaman informatika soxasi bo’yicha niyatim chet elda daktaraturani davom etirsh menga qay davlatagi o’qishlarni tavsiya etasiz OLDINDAN RAXMAT :.)))

    29. Assalomu alaykum Hurmatli Admin man o’qish uchun Ameicaning birorta deyaylik siyosatshunoslik fakultetida o’qimoqchiman IELTS dan qancha va bakalavirlik darajasi uchun ham grandlar bormi oldindan rahmat

    30. Salom man Americada o’qimoqchiman IELTS dan qancha bal olsam Sitosatshunoslik unversitetiga hujjat topshira olam? Bakalavr diplomi uchunham grantlar bormi Amerika unversitetlaridan?

    31. Assalomu alaykum man 16 yoshdaman ingliz tilini 6-7 sinfdan o’rganishni boshlaganman kuniga 100 tadan lugát yodlima insho yoza olaman gramatikani deyarli tugatib qoldim endi xudo xoxlasa ielts topshirib o’z bilimimni sinab ko’rmoqchiman aytingchi ielts topshirishim uchun yana nimalarni mukammal o’rganishim kerak

    32. Рахмат сизга мен узим учун жудаям керакли малумотларни укиб чикдим факат бир саволим бор,агар мен Toefl программасига топширмокчи булсам нима килишим керак ва Toefl хакида купрок малумот берсангиз

    33. Маслахатларизга кошиламан. IELTSга таёрланиш у.н репититор шартмас. Хозр IELTS Preparation materials ла жудаям коп.