×

Koreyadan o‘zbekistonlik 99 talaba diplom bilan qaytmoqda


Blog

BO'LIM

Yangiliklar

O'QILGAN

1652 marta

CHOP ETILGAN

29.12.2017

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining xabar berishicha, 27 dekabr kuni Janubiy Koreyaning Inha universiteti vitse-prezidenti Inkyo Chong boshchiligidagi delegatsiya vazirlikka tashrif buyurdi.

Uchrashuvda Inkyo Chong Toshkent shahridagi Inha universiteti bitiruvchi kurs talabalarining “3+1” loyihasi doirasida Koreya Respublikasidagi Inha universitetidagi o‘quv kursini muvaffaqiyat bilan yakunlaganliklari mamnuniyat bilan qayd etgan.

Toshkent shahridagi Inha universitetining “Kompyuter va dasturiy ta’minot injiniring” fakultetining 99 nafar talabasi joriy yilning iyunidan boshlab ta’limni Koreya Respublikasining Inchxon shahrida joylashgan Inha universitetida davom ettirib kelishayotgan edi. “3+1” loyihasi o‘zbekistonlik talabalarning 3 yil O‘zbekistonda va 1 yil Koreyada tahsil olishlarini ko‘zlaydi. Xorijdagi o‘quv kurslarida yoshlarimiz 2 semestr davomida yetakchi ekspert va professorlardan ta’lim olishdi. 27 dekabrda Inchxon shahrida Toshkent shahridagi Inha universitetining ilk qaldirg‘och-talabalarining tantanali bitiruv marosimi bo‘lib o‘tdi.

Barcha talabalar 2017 yilning 22 dekabr kuni O‘zbekistonga qaytib kelishdi va endilikda o‘qishlarini hamda amaliyot dasturini Toshkentda davom ettiradilar.

Mazkur voqea haqida gapirar ekan, Toshkent shahridagi Inha universiteti rektori Sarvar Boboxodjayev shunday dedi: “Biz Janubiy Koreyadagi hamkorlarimiz bilan dasturni muvaffaqiyatli amalga oshirdik va talabalarimiz munosib natijalarga erishishdi. Biz O‘zbekiston yoshlarining natijalaridan mamnunmiz. Endi talabalar Toshkentdagi bitiruvga tayyorlanadilar”.

Universitetning asosiy maqsadi IT-sanoatining kelajakdagi yetakchilarini tayyorlashdir. Eslatib o‘tamiz, 2018 yilning yozida Toshkent shahridagi Inha universiteti talabalarining birinchi bitiruvi bo‘lib o‘tadi.

Uchrashuv davomida samarali amalga oshirilayotgan ikkitomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish, jumladan bakalavriat yo‘nalishida yangi yo‘nalishlarni joriy qilish, shuningdek magistratura bo‘limini tashkil qilish masalalari yuzasidan kelishuvlarga erishildi.

Manba: Terabayt.uz

error: Ma‘lumotni nusxalash ta‘qiqlangan!