×

Qaysi sohada o’qiganlar ko’p pul topadi?


Blog

BO'LIM

Tavsiyalar

O'QILGAN

6375 marta

CHOP ETILGAN

03.03.2017

Maktabni bitirayotgan va universitetga o’qishga kirayotgan o’smirlar oldida turadigan muhim savollardan biri bu qaysi sohani tanlash haqida bo’lishi shubhasiz. Chunki kelajakda yaxshi karyera qilib, mo’may daromad topish va sifatli hayot kechirish – hammasi shunga bog’liq. Shu masalada AQSh misolida o’rganib chiqsak. Bugun Amerikada qaysi soha vakillari ko’p pul topyapti? Qaysi kollej, universitet yoki sohada o’qiyotgan talabalarining ish topishi osonroq? Universitet bitiruvchilarining ish topish darajasi va ularning yillik daromadini kuzatib, yig’ib boradigan va bu haqda ommaga ma’lumot tarqatadigan maxsus tashkilotlar bor. Avvalo, AQShda federal hukumat har yili shtatlardan shunday ma’lumotlarni to’plab boradi va yillik hsobotlarida bu haqda ma’lumot beradi. Bu ma’lumotlarga nazar solish AQSh ta’lim va mehnat bozoridagi bugungi ahvol haqida aniqroq tasavvur olishimizga yordam beradi. Bu borada mustaqil kuzatuv olib boradigan va norasmiy ma’lumot beradigan saytlar ham ko’p. Masalan, “Kollej o’lchovlari” (CollegeMeasures.Org) deb nomlangan tashkilot Arkanzas, Tennessi, Virjiniya, Kolorado va Texas shtatlarida kollej va universitetni bitirayotgan talabalarning yillik daromadlarini hisoblab boradi. Tashkilot rahbari Mark Shneyderning aytishicha, hozir ikki yillik texnikum darajasiga ega bitiruvchilarning ish va daromad topishi osonroq bo’lyapti. Masalan, Texas shtatida ikki yillik texnik kurs bitiruvchisi yiliga o’rtacha 50 ming dollar daromad qiladi. Bu bakalavr darajasiga ega bo’lgan odamning o’rtacha yillik maoshidan 11 ming dollarga ko’p. Kolorado shtatida ham aniq fanlar bo’yicha bakalavr bo’lmagan maxsus mutaxassislik darajasiga ega shaxslar shu sohalar bo’yicha bakalavr diplomiga ega bo’lganlardan 7 ming dollar ko’p daromad toparkan. Ijtimoiy yo’nalishlar bo’yicha o’qiganlarning ish topishi ham, yaxshiroq daromad qilishi ham qiyinroq ekani aniqlangan. Tez va mo’may pul topish ilinjida bo’lgan talabalar soha tanlashda ana shu faktorlarga e’tibor berishi kerak, deydi ta’lim bo’yicha maslahatchilar.

PayScale.com bitiruvchilarning qancha daromad qilayotgani haqida ma’lumot topish mumkin bo’lgan yana bir foydali sayt. Bu yerda siz AQShning 1058 kollej va universitetida 130 yo’nalish bo’yicha o’qiyotganlarning bitirgandan so’ng qancha daromad qilayotgani haqida ma’lumot olishingiz mumkin. Masalan, saytdagi raqamlarga ko’ra, hamshiralar dastlabki yillarda biznes sohadida o’qiganlardan ko’ra ko’proq daromad qiladi ($54100 (hamshiralar) va $44100 (biznes sohasi vakillari). Lekin bir necha yil o’tib biznes sohasi vakillarining daromadi tibbiy soha xodimlarinikidan oshib ketadi. Saytda, shuningdek, o’qish uchun kiritilgan investitsiya o’zini qanchalik oqlashi va bu sarmoyaning yillar o’tib keltiradigan foydasi miqdori haqida ham ma’lumotlar bor. Universitetlar kiritilgan investitsiyaning eng ko’p daromad keltirishi va eng past daromad keltirishi bo’yicha ikki xil toifaga bo’lingan. CollegeRealityCheck.com saytida kollej bitiruvchilari topayotgan o’rtacha daromad, ta’im kreditlari uchun oylik to’lov miqdori, talabalarning bitirish darajasi va o’qish narxlari bo’yicha turli kollejlarni bir-biri bilan qiyoslashingiz mumkin.

Raqamlar nimadan dalolat beradi?

O’qish uchun qaysi sohani tanlash bo’yicha bosh qotirayotgan odam yuqoridagi statistik ma’lumotlarni ko’zdan kechirganda, universitetning umumiy ko’rsatkichlariga emas, balki xos bir sohadagi raqamlarga e’tibor berishi lozim. Chunki bir kollej yoki universitetning umumiy reytingi hisoblanganda, barcha sohalardagi turli ko’rsatchilar inobatga olinib, umumiy o’rta darajasi aniqlanadi. Siz o’zingiz o’qimoqchi bo’lgan sohaning o’zigagina tegishli bo’lgan ma’lumotlarni ko’zdan kechirsangiz, siz ishlamoqchi bo’lgan soha bo’yicha aniq raqamlarni qo’lga kiritasiz. Ayni paytda raqamlar o’rtacha darajani ifodalashini esdan chiqarmang. Ya’ni, masalan, daromad haqida gap ketganda, bu yerda keltirilgan miqdordan kam topayotganlar ham, ko’p topayotganlar ham bor. Qanday ish topish va unda qanchalar muvaffaqiyat qozonish faqat nomi ulug’ bir universitetni bitirish bilangina amalga oshmaydi, balki har bir odamning mustaqil harakati va izlanishlari natijasida yuzaga chiqadi. Karyera rejasini tuzayotgan o’quvchilarimizga shuni esdan chiqarmasliklarini maslahat beramiz.

error: Ma‘lumotni nusxalash ta‘qiqlangan!