×

Yaponiyada tahsil olishni istayotganlar diqqatiga


Blog

BO'LIM

Tavsiyalar

O'QILGAN

23316 marta

CHOP ETILGAN

26.11.2017

Vatanimizda xorijiy mamlakatlarda tahsil olish istagini bildirayotgan yoshlar yildan yilga ko’payib bormoqda. Bu albatta yaxshi yangilik, ammo yoshlarimiz chet-elda tahsil olish haqida batafsil ma’lumotlarga egami? xususan, Yaponiya oliy ta’lim dargohlarida o’qish haqida vatandoshlarimiz qanday ma’lumotlarga ega?

I. Yaponiyada qanday universitetlar mavjud?

Yaponiyada hozirda 779-tadan ortiq oliy ta’lim muassasalari mavjud bo’lib, ular asosan 3 guruhga bo’linadi:

  1. Imperial Universitetlar – bu Meiji Tiklanish Davrida Meiji Imperatori va uning hukumati tomonidan 1879 yildan keyin asos solingan bo’lib, nafaqat Yaponiyada balki boshqa rivojlangan mamlakatlarda ham o’z nufuziga ega bo’lgan, 13-ta universitet. Misol tariqasida, Tokyo Universiteti, Nagoya Universiteti, Kyushu Universitetlarini keltirish mumkin;
  2. Prefektural Davlat Universititetlari – Bular Ta’lim, Madaniyat, Sport, Fan va Texnologiya Vazirligi qoshida ochilgan davlat universitetlari bo’lib, Yaponiyaning 47-ta prefekturasi (viloyati) da 2-3 tadan mavjud kelib, ko’pincha Yaponiya fuqarolari orasida Imperial Universitetlar kabi nufuzi baland bo’ladi. Misol tariqasida Aichi Prefectural University, Aichi University of Education, Nagoya City University va boshqa universitetlarnini misol tariqasida keltirishimiz mumkin;
  3. Shaxsiy Universitetlar – Bunday universitetlar Yaponiya universitetlarining qariyb 77.5% ni tashkil etadi. Ulardan ba’zilari 100 yilga yaqin tarihga ega bo’lsa, ba’zilari 1980 yillarda asos solingan bo’lib, mashhur shaxslar, yirik korxonalar, yoki diniy missionerlar tomonidan ochilgan muassasalardandir. Misol tariqasida, Nanzan University, Ritsumeikan Asia Pacific University, Yamanashi Gakuin University-larini keltirishimiz mumkin.

II. Yaponiya universitetlarida ta’lim olish uchun qancha mablag’ kerak bo’ladi?

Yuqorida keltirilgan klassifikatsiyaga asosan Yaponiyadagi universitetlarning yillik o’qish puli belgilanadi. (A) guruhidagi universitetlarda yiliga 5.000-6.000 AQSh dollariga yaqin bo’lgan mablag’ yapon yenasida ikkiga bo’linib to’laniladi. (B) guruhidagi universitetlarda to’lov ba’zan (A) guruhidagi universitet to’lovi bilan bir xil bo’ladi; ba’zi dargohlarda esa 1.000-2.000 AQSh dollariga yaqin qo’shimcha to’lovlar mavjud . (C) kategoriyasidagi universitetlarga esa yiliga 10.000-12.000 AQSh dollariga yaqin to’lov talab qilinadi. Chet-ellik talabalarning sonini oshirish maqsadida, ko’plab shaxsiy universitetlar o’qish pulini 30% dan 50% gacha arzonlashtirib va bu haqida o’z websitelarida ma’lumotlar keltirib o’tishgan.

Yuqorida qayd etib o’tilgan to’lovlar asosan mart oyi o’rtasida yoki aprel oyi boshida birinchi semester uchun, sentyabr oyi o’rtasida yoki oktaybr oyi boshida ikkinchi semester uchun amalga oshiriladi. Iqtisodiy ahvoli og’ir bo’lgan talabalar ikkinchi semestrdan boshlab, kafil sifatida keltirilgan shaxsdan olingan tasdiq xati asosida 45 kungacha bo’lgan to’lovni kechiktirish imkoniyatiga ega bo’ladi.

Yuqorida keltirilgan to’lovlardan tashqari, Yaponiya universitetlarida «Entrance Fee»- kirish puli ham bo’lib, 2.000-2.500 AQSh dollari atrofida belgilangan, va 1-kursga qabul qilingandan so’ng to’lanilishi talab qilinadi.

Ta’kidlab o’tishimiz joizki, yuqoridagi to’lov miqdorlari ijtimoiy sohalarda tahsil oluvchi bakalavr kurslari uchun bo’lib, texnika yonalishidagi to’lovi biroz baland bo’ladi.

Magistratura va doktorantura kurslarida tahsil olishni rejalashtirayotgan yurtdoshlarimiz uchun yaxshi yangilik: magistratura kurs to’lovlari bakalavr kurslarining 50% ga yaqin miqdorini tashkil etadi. Doktoranturada esa to’lovlar bundan ham arzon bo’lishi mumkin. Ko’rib turganingizdek, Yaponiyada tahsil olish AQShdagi kabi qimmat emas, lekin Evropaning ba’zi mamlakatlaridagi kabi arzon ham emas.

III. Yaponiya universitetlarida tahsil olish uchun qaysi tillarni qay darajada bilish lozim?

Yapon universitetlarining aksariyatida ta’lim tizimi Yapon tilida olib boriladi. G30 deb atalgan dasturga ko’ra Yaponiya Ta’lim, Madaniyat, Sport, Fan va Texnologiya Vazirligi tomonidan tanlab olingan 30ga yaqin mashxur universitetlar bor bo’lib, ulardagi chet-ellik talabalar sonini 2020 yilgacha 300.000 taga yetkazishni Yapon hukumati o’z oldiga maqsad qilib qo’ygan. G30 dasturiga kirgan universitetlar hamda xalqaro aloqalar borasida obro’ga ega bo’lgan universitetlarda ta’lim ingliz tilida ham olib boriladi. Vazirlik qo’ygan talabiga asosan ingliz tilidagi darsturlarini tashkil etish uchun bir kafedrada uchta, bitta fakultetda esa beshtadan ortiq professor ingliz tilida dars bera olishi zarur.

Demak, G30 dasturiga kirgan universitetlardagi bakalavr kurslarida ta’lim olish uchun yuqori darajadagi ingliz tili (IELTS 6.5 dan yuqori) qobiliyati talab qilinadi. O’zining xalqaro mavqeyini oshirishga intilayotgan ba’zi shaxsiy universitetlarga esa IELTS 5.0 ball yoki TOEIC 450 ball bilan ham qabul qilinishingiz mumkin. Shuni hisobga olib e’tiboringizni qaratmoqchi bo’lgan narsa shuki, ijtimoiy sohalarda (tilshunoslik, siyosatshunoslik, xalqaro aloqalar, madaniyat va tarix) o’z fakultetlariga ega shaxsiy universitetlar Yaponiyada juda ko’p topiladi.

Yapondagi dastrularga qabul qilinishingiz uchun esa imkoniyatlar ko’proq. Oxirgi 5-10 yil ichida ko’plab universitetlar chet ellik talabalarni JLPT (Japanese Language Proficiency Test) Level 3, yani 日本語能力試験N3 natijalari bilan ham qabul qilmoqda. Lekin bunday talabalardan bir yil mobaynida Yapon tili bilimlarini mukammallashtirish va Yapon tili va madaniyatiga oid 10-20 ta atrofida til kurslari, ma’ruza va amaliyot darslarini o’qishlari talab qilinmoqda.

Aniq fanlar (IT va injenerlik kabi) sohalarida esa, abiturientlardan JLPT Level 2, ya’ni 日本語能力試験N2 darajasi yoki EJU (Examination for Japanese University Admission for International Students) imtihonidan 240-ball olish talab qilinmoqda.

IV. Yaponiya universitetlarida tahsil olish uchun QANDAY hujjatlar QACHON va QAYERGA topshiriladi?

QACHON? Hujjatlarni qabul qilish tizimi va muddati davlat va shaxsiy universitetlari orasida kichik va katta farqlarga ega. Davlat universitetlarida hujjatlar 5-6 oy oldin qabul qilinadi; shaxsiy universitetlarda esa 3-4 oy oldin qabul qilinadi. Yani, aprel oyida o’qishni boshlash uchun noyabr yoki dekabr oylariga qadar; sentyabr yoki oktaybr oyida o’qish boshlash uchun esa aprel oyining o’rtalariga qadar hujjat topshirishingiz lozim bo’ladi.

QAYERGA? Hujjatlarni (a) e-mail orqali pdf formatida qabul qiluvchi, (b) universitet websaiti orqali pdf formatida yuklashni talab qiluvchi, hamda (c) pochta hizmati orqali Yaponiyaga jo’natilishni talab qiluvchi muassassalar mavjud.

QANDAY? Talab etiladigan hujjatlar ro’yhati ham universitetga qarab farq qiladi. Universitetlararo o’xshash bo’lgan talablar quyidagicha:

  1. Barcha universitetlar 12-yillik ta’lim tizimini tugatganingiz yoki tugatish arafasida turganingizni tasdiqlovchi hujjatni so’raydi (Bitiruv Attestati yoki Bitiruv Diplomi) va albatta shu hujjatning Ingliz yoki Yapon tiliga tarjimasi ilova qilinilishi lozim;
  2. Ko’plab universitetlar shu maqolaning 3-bandida tavsif etilgan horijiy tillarni qay darajada bilishingizni ko’rsatuvchi hujjatni talab qiladi (IELTS Certificate yoki JLPT Test Results); ba’zi universtitetlar sizdagi hujjatning nusxasini ham qabul qilishlari mumkin, ba’zilari esa to’g’ridan-to’g’ri test markazidan universitet manziliga jo’natishni talab qilishadi;
  3. Ko’p holatlarda Curriculum Vitae yoki Resume shaklida o’zingiz haqida ma’lumot keltirishingiz ham talab qilinadi; universitetlar tomonidan berilgan maxsus hujjat to’ldiriladi yoki erkin ravishda yozilishi ham mumkin;
  4. Talab qilingan narsalardan yana biri ingliz yoki yapon tillarida yozilgan insholar bo’ladi. Ba’zi universtitetlar ikkita insho, ba’zilari esa bitta insho talab qilishlari mumkin. Insho mavzulari va talablari (nechta so’zdan iborat bo’lishi, qanday shaklda yozilishi) esa universitetga qarab farq qiladi. * Insholarni qanday yozish kerakligi haqida keyingi maqolalarimizda batafsil ma’lumot beramiz!
  5. Tavsiyanomalar ham muassassaga qarab farq qiladi. Bittadan uchtagacha tavsiyanoma talab qilinadi; erkin ravishda yoki belgilangan savollarga javob berishni talab qiluvchi tavsiyanoma turlari mavjud. Bir betlik tavsiyanoma ham, uch betlik tavsiyanomalar ham bor.

Yuqoridagi ma’lumotlar sizlarda ozgina bo’lsa ham Yaponiya universitetlari haqida ta’surot qoldirdi digan umiddamiz.

Maqola Uzbek-ninja.com tahriryati tomonidan tayyorlangan.

Manba: SHU YERDA

error: Ma‘lumotni nusxalash ta‘qiqlangan!