×

AQShda o’qish uchun grant topish yo’llari: Kaliforniya universiteti misolida


Blog

BO'LIM

Tavsiyalar

O'QILGAN

8413 marta

CHOP ETILGAN

26.05.2015

Avvalgi maqolalarimizda ham Amerikada o’qish uchun grant topish yo’l-yo’riqlari haqida qisqacha ma’lumot bergan edik. AQShda magistratura dasturlariga to’liq grant topishning, asosan, ikkita yo’li bor. Ulardan biri – AQSh hukumati tomonidan maxsus tashkil etilgan grant dasturlari. Ikkinchisi – universitetlarning o’zlari ajratadigan moliyaviy yordam. Bu maqolada shu har ikki usul haqida ma’lumot beramiz. Unutmang, bu maqola AQShda bakalavrlikdan keyingi, magistratura yoki undan yuqori bo’lgan darajada o’qish istagida bo’gan talabalar uchun mo’ljallangan.

Aloqador maqolalar:

AQShda o’qishni xohlovchilar diqqatiga: Harakatni nimadan boshlash kerak?

Ta’lim sari ilk qadamlar: Qayerda va nima o’qimoqchisiz?

Demak, grant topishning har ikki yo’li haqida quyida alohida-alohida ma’lumot beramiz. Avvalo, AQSh hukumati grantlari ro’yxatini taqdim etamiz.

AQSh hukumati grantlari

O’zbekistonliklar uchun AQSh hukumati tomonidan tashkil etilgan ta’lim grantlari quyidagilar:

J. Villiyam Fulbrayt Ta’lim Granti Dasturi

Bu dastur 50 yildan beri kollej va universitetlarda tahsil olish uchun grantlar ajratib keladi. Bundan tashqari, ushbu dastur doirasida mustaqil tadqiqotchilar AQShda ma’ruza va tadqiqotlar qilishlari uchun o’rtacha to’rt va 10 oylik grantlar ham mavjud. Yana, amerikalik olimlar uchun ham chet mamlakatlarda dars berish imkoni yaratilgan.

Fulbrayt Xorijiy Talaba Dasturi

“Fulbrayt” Xorijiy Talaba Dasturi chet el oliy o‘quv yurtlari bitiruvchilari, yosh mutaxassislar hamda san’at arboblarining AQShda bir yil yoki undan ko‘proq muddat davomida tahsil olishlari va izlanishlar olib borishlariga ko‘mak berish maqsadida tashkil etilgan.

J. Villiyam Fulbrayt Chet Tili O’qituvchilari Uchun Dastur (FLTA)

“FLTA” dasturi ingliz tili o’qituvchilariga o’z kasb mahoratlarini oshirishga, tilni mukammal o’rganishga va o’zlarining AQSh haqidagi bilimlarini oshirishga imkon yaratadi. Dastur doirasida qatnashchilar 9 oylik bakalavr yoki magistrlik darajasi berilmaydigan kurslarda ishtirok etishi mumkin.

Xubert X. Xampri Almashinuv Dasturi

Bu dasturga 1978-yilda asos solingan va u bir yillik o’quv kursini o’z ichiga oladi. Bu grant o’rta yoshdagi mutaxassislarga mo’ljallangan. Ushbu dasturda ishtirok etishni istaganlarga quyidagi talablar qo’yiladi: liderlik qobiliyatiga ega ekanliklarini namoyish etish; mustaqil ravishda tahsil olish uchun AQShning nufuzli universitetlarida yaratilgan barcha imkoniyatlardan to’laqonli foydalanish qobiliyati borligini isbotlash. Qatnashchilarga guvohnoma taqdim qilinadi; dastur doirasida magistrlik yoki doktorlik darajasi berilmaydi.

Yosh O’qituvchilar Malakasini Oshirish Dasturi (JFDP)

“JFDP” 1994-yildan beri faoliyat olib boradi. Ushbu dastur oliy o’quv yurtlarida dars beruvchi o’qituvchilarga malaka oshirish va amerikalik hamkasblar bilan tajriba almashish uchun to’liq bir semestr mobaynida AQSh universitetlari darslarida ishtirok etish va kafedra a’zosi sifatida faoliyat yuritish imkonini beradi. Dasturda qatnashishga xohish bildirganlar gumanitar va ijtimoiy fanlar bo’yicha bir semestrlik dasturda qatnashishlari mumkin.

O’rta maktab ingliz tili o’qituvchilari uchun TEA dasturi

“TEA” dasturi 10 yildan ortiqroq bo’lgan davr mobaynida o’rta maktab ingliz tili o’qituvchilari uchun o’z malakalarini oshirish, o’qituvchilik mahoratlarini chuqurlashtirish va AQSh to’g’risidagi bilimlarini boyitish uchun imkoniyat yaratib kelmoqda.

Edmund Maski magistratura dasturi

“Maski” dasturi sobiq Sovet Ittifoqi fuqarolariga AQShda magistraturada tahsil olish imkoniyatini yaratadi. Har yili 250 dan ziyod “Maski” chilar turli sohalar bo’yicha AQShning nufuzli oliygohlarida o’qib kelmoqda. Moliyaviy cheklovlar bois ayni paytda ushbu grant dasturi vaqtincha to’xtatilgan.

Oliy o’quv yurtlarining boshlang’ich kurslarida tahsil olayotgan talabalar uchun Yevroosiyo Almashinuv Dasturi (UGRAD)

“UGRAD” 1992-yilda tashkil etilgan bo’lib, u sobiq Sovet Ittifoqida yashovchi 1, 2, va 3-kurs talabalarini ta’lim grantlari bilan ta’minlanadi. UGRAD ishtirokchilari AQShning oliy o’quv yurtlarida va kollejlarida bakalavr yoki magistrlik darajasini bermaydigan bir yillik kurslarda tahsil olishadi.

Youth Exchange Opportunity Program (Yoshlar Almashinuvi Dasturi)

Yoshlar Almashinuv Dasturi o’zbekistonlik (15 dan 17 yoshgacha bo’lgan) o’quvchilar uchun AQSh maktablarida bir yil mobaynida tahsil olish imkoniyatini yaratadi. O’quvchilar mezbon oilalarda yashaydi.

Yuqorida tilga olingan grantlar haqida to’liq ma’lumot olish uchun, nomi ustiga bossangiz, elchixona saytiga o’tib, u yerdan batafsil ma’lumot olishingiz mumkin.

Ushbu grantlarining boshqa shu kabi dasturlardan asosiy farqi shundaki, ularda O’zbekistonliklar uchun maxsus o’rinlar ajratilgan va bunga faqat o’zbekistonliklar topshiradi. Demak, raqobat maydoni xalqaro emas, balki bir mamlakat ichidadir. Ammo bu grantni qo’lga kiritish oson bo’ladi, degani emas. Chunki O’zbekistonda AQShga kelib o’qishni istovchi iqtidorli yoshlar juda ko’p va ushbu raqobatda siz ular bilan bellashishingizga to’g’ri keladi.

Bular to’liq grantlar hisoblanadi. Ya’ni, safar qilish haqi, AQShda yashash va o’qish uchun ketadigan xarajatlar to’la qoplanadi. Hatto boshqa viloyatdan imtihon yoki suhbat uchun Toshkentga kelsangiz, ushbu imtihon yoki suhbatdan o’tish-o’tmasligingizdan qat’i nazar, Toshkentga kelib-ketish va shu vaqt mobaynida Toshkentda yashash xarajatlaringiz uchun ham dastur sizga haq to’laydi. Yana bir foydali tomoni, ushbu dasturlar uchun TOEFL va GRE yoki GMAT imtihonlari ham elchixona tomonidan tashkillashtiriladi va imtihon uchun ham haqni ular to’laydi.

Ammo ushbu grant dasturlari qisqartiriladi, hatto butunlay bekor qilinadi, degan gaplar bor. Hozir AQSh hukumati xarajatlarni kamaytirish uchun turli dasturlarni qisqartirish, hatto butunlay to’xtatish yo’lidan bormoqda. Ushbu grant dasturlari ham o’zgarishlarga uchrashi ehtimoli mavjud.

Universitetlardan grant topish

Avvalgi maqolalarimizdan birida AQShda o’zingiz xohlagan sohada o’qish uchun o’quv yurtlarini va ta’lim dasturlarini qanday topish haqida to’liq ma’lumot bergan edik. Shu maqolani yana bir bor yaxshilab o’qishingizni tavsiya qilaman. Grant qidirish jarayoni universitet qidirish bilan barobar olib boriladi. Ya’ni, o’qish uchun joy qidirganingizda, ularda moliyaviy yordam yoki grant beriladimi, yo’qmi, shu ma’lumotga qaraysiz. Universitet yoki siz qiziqqan sohaning o’z vebsayt sahifalarida “Financial aid” degan bo’lim bo’ladi. Shu bo’limga kirsangiz, talabalar uchun qanday moliyaviy yordamlar beriladi, ularga topshirish yo’l-yo’riqlari qanday, shu haqda to’liq ma’lumot olasiz. Odatda, magistratura darajasidagi barcha dasturlarda deyarli barcha talabalarga cheklangan miqdorda moliyaviy yordam beriladi. Ayrimlarga to’liq o’qish puli berilsa, ba’zilarga bunga qo’shimcha sifatida yashash uchun stipendiya ham beriladi. Siz ma’lumot qidirganingizda, qabul qilingan talabalarning nechtasiga ana shunday yordamlar beriladi, shunga qarang va shu asosda o’z imkoniyatlaringizni hisoblab chiqing. Doktorantura (PhD) o’qimoqchi bo’lganlarda grant topish imkoniyatlari yanada yaxshi. Chunki 4-5 yillik jiddiy ilmiy ish qilish talab etiladigan dasturlarda to’liq moliyaviy yordam bo’lmasa, talabalarning o’qishni muvaffaqiyatli bitirishi deyarli imkonsiz.

Ayrim sohalarda magistratura va doktorantura (master+PhD) darajalari qo’shilgan bo’ladi. Ya’ni, magistraturaga qabul qilinsangiz, ikki yildan so’ng shu darajani qo’lga kiritasiz va to’g’ridan to’g’ri doktoranturaga qabul qilinib, o’qishni davom ettirib ketasiz. Bunday dasturlarda ham moliyaviy yordam olish imkoniyatlari yaxshi bo’ladi.

Universitetlardan grant topish, odatda, universitet yoki dasturning boyligi, homiylarining ko’pligi yoki u yerda tashkil etilgan turli grant dasturlarining mavjudligiga bog’liq bo’ladi. Moddiy jihatdan boyligi bilan tanilgan universitetlarda, albatta, grant topish imkoniyatlaringiz yuqori bo’ladi.

Saytlardan kerakli ma’lumotni topish

Universitetlardan grant topish jarayoni haqida umuman tushunchaga ega bo’lmaganlar uchun yanada tushunarli bo’lishi uchun bitta universitetni tanlab olamiz va u yerdan biror ixtisoslik bo’yicha magistratura uchun qanday grantlar borligini tekshirib ko’ramiz.

Deylik, men AQShda Siyosatshunoslik bo’yicha magistratura darajasida o’qimoqchiman. Berklidagi Kaliforniya Universiteti (University of California at Barkley) mashhur ekanini bilaman. Saytini topib kiraman: http://berkeley.edu/

Keyingi qiladigan ishim – Siyosatshunoslik bo’limini topish. Bosh sahifadagi Academics degan bo’limning ustiga bosaman, o’ng tomonda ichki bo’limlar ochiladi. Ular orasidan Graduate Division ni tanlayman: http://www.grad.berkeley.edu/

Men magistratura darajasiga topshirmoqchi bo’lganim uchun Gradute Division bol’imini tanladim. Edni bu sahifadan Academic Programs degan ichki bo’limga kiraman: http://www.grad.berkeley.edu/admissions/list.shtml

Chunki men dasturlar orasidan aynan mening sohamni topishim kerak. Yangi sahifada barcha o’quv dasturlari alifbo tartibida chiqadi. Ular orasidan Political Science (Siyosatshunoslik) ni topaman: http://polisci.berkeley.edu/

Endi sahifaning tagidan Graduate Program degan sahifaga kiraman: http://polisci.berkeley.edu/grad/

Chunki magistratura Graduate bo’limida bo’lishini bilaman. Bu sahifadagi ma’lumotlarni o’qib bilamanki, dastur faqat doktorantura (PhD) uchun hujjat qabul qilar ekan. Agar menda faqat bakalavr darajasi bo’lsa, demak, men bu dasturga topshira olmas ekanman, degan tushuncha paydo bo’lishi mumkin. Chunki doktoranturaga kirish uchun avval magistraturani tamomlash kerak.  Ammo saytni biroz kovlab, bu yerda bakalvrni bitirganlarni ham qabul qilishlarini va yo’l-yo’lakay magistratura darajasi ham berilishini bilib qolaman. Saytning Ko’p So’raladigan Savollar (FAQ) bo’limiga kirsangiz, shu haqda yozilganini ko’rishingiz mumkin: http://polisci.berkeley.edu/grad/applying/faq/

Faqat doktoranturaga qabul qilamiz, degani faqat magistratura o’qiyman, deganlarni emas, balki magistraturadan keyin doktoranturada ham qolib o’qish niyatida bo’lgan talabalarni olamiz, degan ma’noni anglatadi.

Doktoranturada o’qish niyatim bor. Demak, bu dasturga topshirishim mumkin. Endi qanday hujjat topshirishim kerak, o’qishga kirish talablari nimalardan iborat, shu ma’lumotlarni topishim kerak. Bu haqda ham FAQ bol’imida batafsil yozilgan ekan. Xalqaro talabalar uchun alohida shartlar quyidagi manzilda ekan: http://www.grad.berkeley.edu/admissions/admis_require.shtml#4_2

Bu maqolada ushbu universitetning qabul shartlari haqida batafsil to’xtalmoqchi emasman. Yuqoridagi manzillarga kirib, istasangiz, to’liq ma’lumot olishingiz mumkin. Shuni aytishim mumkinki, O’zbekistonda tan olingan universitetdan bakalavr diplomingiz bo’lsa, TOEFL/IELTS va GRE testlarini topshirgan bo’lsangiz yoki hujjat topshirish muddatigacha topshirish imkoniyatiga ega bo’lsangiz, siz bu yerga hujjat topshirishingiz mumkin. Endi mavzuning eng muhim qismiga kelamiz – grant olish masalasiga.

Saytning o’ng tomonida Funding degan sahifa bor. Shu yerga kiramiz: http://polisci.berkeley.edu/graduate-program/funding

Bu yerdan o’qib bilamizki, deyarli barcha talabalar o’qishni tamomlaguncha o’qish va yashash uchun to’liq grant bilan ta’minlanadi. Jumladan, xalqaro talabalar ham. Bu biz uchun ayni muddao. Endi hujjat topshirish haqidagi ma’lumotlarni yaxshlab o’qib chiqib, hujjat topshirish uchun tayyorgarlikni boshlash kerak.

Boshqa universitetlarni qaraganingizda ham xuddi shu jarayondan o’tasiz. Xalqaro talabalar uchun moliyaviy yordam berilmaydi, deb alohida ta’kidlangan saytlarni o’qib o’tirmasangiz ham bo’ladi. Yuqoridagi misolda kelganidek, barchaga birdek moliyaviy yordam beradigan dasturlarni qarang.

Xorijda grant topib o’qish mavzusiga oid seriyali maqolalarimizni kelgusida ham davom ettiramiz. Bizni kuzatib boring.

error: Ma‘lumotni nusxalash ta‘qiqlangan!