×

Turkiye Burslari: barcha bosqichlar va sohalar uchun to’liq grantlar, yotoqxona, stipendiya va boshqalar!


Grant

MUHLAT

25.02.2024

QOLGAN VAQT

Muhlat tugagan

HUDUD

Turkiya

O'QILGAN

91001 marta

Turkiya hukumati Turkiya oliy taʼlim muassasalarida toʻliq grant asosida tahsil olish imkonini beruvchi Turkiye Burslari grant dasturini taklif etadi. Ushbu stipendiya dasturi Turkiya OTMlarida barcha sohalar boʻyicha bakalavr, magistratura, PhD dasturlariga hujjat topshmoqchi boʻlgan chet ellik talabalar uchun moʻljallangan.

Dasturga ingliz tilida oʻqimoqchi boʻlganlar ham, turk tilida oʻqimoqchi boʻlganlar ham ariza topshirishi mumkin. Biroq qaysi tilda tahsil olishdan qatʼiy nazar, grantni qoʻlga kiritganlar dastlab 1 yillik turk tili kursini oʻqishi kerak boʻladi (turk tilidan C1 sertifikatiga ega nomzodlar bundan mustasno). Shundan keyin ingliz yoki turk tilida oʻqishni davom ettirish mumkin.

Dastur doirasida mavjud kurslar roʻyxati bilan shu yerda tanishishingiz mumkin.

Dastur doirasida har yili butun dunyodan taxminan 5000 nafar nomzod ushbu grant bilan taqdirlanadi.

Grant dasturidan maqsad kelajakda mamlakatlar oʻrtasidagi hamkorlikni va jamiyatlar oʻrtasidagi oʻzaro tushunishni mustahkamlaydigan yetakchi yoshlarni qoʻllab-quvvatlashdir.

Grant yutib, Turkiyada oʻqish davomiyligi quyidagicha boʻladi:

  • Bakalavriat: 1 yil turk tili kursida, 4 yoki 6 yil (tibbiyot sohasi 6 yillik) bakalavriat bosqichida oʻqiladi.
  • Magistratura: 1 yil turk tili kursida, 2 yil magistratura bosqichida oʻqiladi.
  • PhD: 1 yil turk tili kursida, 4 yil PhD bosqichida oʻqiladi.

Grant kimlar uchun?

Bakalavr, magistratura, PhD bosqichida oʻqishni xohlovchilar uchun

Batafsil ma'lumot uchun link

Grantning manfaatli jihatlari:

Ushbu grant dasturi gʻoliblarga quyidagi imkoniyatlarni yaratib beradi (bakalavriat, magistratura va PhD bosqichi uchun):

  1. Talaba oʻzi tanlagan universitet va dasturga joylashtiriladi. Bunda universitetga alohida ariza berilmaydi.
  2. 1 yillik til kursi toʻlovi toʻliq qoplab beriladi.
  3. Oylik stipendiya beriladi: bakalavriat uchun 3500 lira (taxminan 117 dollar), magistratura uchun 5000 lira (taxminan 167 dollar), doktorantura uchun 6500 lira (taxminan 217 dollar).
  4. Kontrakt toʻlovi va oʻqish xarajatlari qoplanadi.
  5. Turkiyaga borish va qaytish uchun aviachipta olib beriladi.
  6. Tibbiy sugʻurta qilinadi.
  7. Turar joy (yotoqxona) bilan ta’minlanadi.

Grantning manfaatli jihatlari bilan bu yerda batafsil tanishing.

Talablar:

Nomzod quyidagi talablarga mos boʻlishi kerak:

  1. Nomzod Turkiya fuqarosi boʻlmasligi kerak.
  2. Bakalavr bosqichi uchun nomzod 21 yoshdan kichik (2003-yil 1-yanvar yoki undan keyin tugʻilgan) va oʻrta maktab ma’lumotiga ega boʻlishi kerak. hozirda maktab, litsey yoki kollejning oxirgi sinfi/bosqichi oʻquvchilari ham ariza topshira oladi.
  3. Magistratura bosqichi uchun nomzod 30 yoshdan kichik (1994-yil 1-yanvar yoki undan keyin tugʻilgan) va bakalavr darajasiga ega boʻlishi kerak. Hozirda bakalavriatning oxirgi bosqichida oʻqiyotgan talabalar ham ariza topshira oladi.
  4. PhD bosqichi uchun nomzod 35 yoshdan kichik (1989-yil 1-yanvar yoki undan keyin tugʻilgan) va magistrlik darajasiga ega boʻlishi kerak.Hozirda magistraturaning oxirgi bosqichida oʻqiyotgan talabalar ham ariza topshira oladi.
  5. Nomzod baholarining oʻrtachasi bakalavriat uchun kamida 70%, magistratura va PhD uchun kamida 75%, sogʻliqni saqlash sohalari (tibbiyot, stomatologiya va farmasevtika) uchun kamida 90% va boʻlishi kerak.
  6. Nomzod oʻzi tanlagan tilda tilni yetarli darajada bilish kerak. Ingliz tilida oʻqimoqchi boʻlganlardan IELTS, TOEFL yoki shu kabi boshqa xalqaro ingliz tili sertifikati talab etiladi (odatda IELTS 5.5 kerak, ayrim dasturlar uchun farq qilishi mumkin). Turk tilida oʻqimoqchi boʻlganlardan ariza topshirish til sertifikati talab etilmaydi. Til talablari bilan ariza topshirish portalida yoʻnalishni tanlab, tanishib chiqish mumkin.
  7. Nomzodlar qabul qilinsa, 1 yillik Turk tili qatnashishi va oʻquv yili oxirigacha C1 darajasi sertifikatiga ega boʻlishi kerak. Bu til kursida ingliz tilida oʻqish uchun topshirganlar ham, turk qilida oʻqish uchun topshirganlar ham qatnashishi lozim. Faqat turk tilidan C1 darajaga ega nomzodlar bu kursda qatnashmaydi.
  8. Biror Turkiya universitetida oʻzlari ariza topshirayotgan bosqichda (bakalavriat, magistratura va h.k.) oʻqiyotgan / taqiqot olib borayotgan nomzodlar ushbu grantga ariza topshira olmaydi.

Dasturga qabul jarayoni:

Ushbu grantga hujjat topshirgan nomzodlar universitetlarga alohida ariza topsirishlari shart emas. Grant gʻoliblari bir vaqtning oʻzida ham moddiy yordam olish, ham oliygohda oʻqish imkoniyatiga ega boʻladi.

Arizalar qabuli 2024-yilning 10-yanvaridan 24-fevraligacha davom etadi. Ushbu dasturlar uchun hujjat topshirish bosqichidan muvaffaqiyatli oʻgan nomzodlar bilan 2024-yil iyun-iyul oylarida suhbat boʻlib oʻtadi.

Qabul qilinganlar uchun oʻqish 2024-yil kuzidan boshlanadi.

Qabul sanalari haqidagi batafsil maʻlumot uchun grant taqvimi bilan tanishing. Dasturga faqat onlayn arizalar qabul qilinadi. Pochta, kuryer orqali yoki shaxsan yetkazilgan arizalar koʻrib chiqilmaydi.

Grantga ariza berish uchun nomzod shu yerda roʻyxatdan oʻtib, onlayn arizani toʻldirishi kerak. Ariza toʻldirish jarayonida quyidagi hujjatlarni kerakli oʻrinlarga yuklash talab etiladi:

  1. Passport yoki boshqa ID hujjati nusxasi.
  2. Nomzodning yaqinda olingan fotosurati.
  3. Maktab attestati/eng oxirgi bosqich diplomi va olingan baholar. Oxirgi sinf oʻquvchilari yoki oxirgi bosqich talabalari faqat hozirga qadar olgan baholarini topshiradi.
  4. Turk tili/IELTS/TOEFL sertifikatlari (agar tanlangan dasturga qabul uchun talab etilsa).
  5. GRE, GMAT, DELF (agar tanlangan dasturga qabul uchun talab etilsa).
  6. Tadqiqot rejasi va yozma ish/maqola namunasi (faqat PhD uchun).

Ariza topshirish jarayoni va uning bosqichlari bilan BU YERDA tanishing.

Nomzodlar arizalarini baholash va saralash jarayoni bilan BU YERDA tanishing.

Grant haqidagi batafsil maʼlumotni granting rasmiy saytidan olishingiz mumkin.

error: Ma‘lumotni nusxalash ta‘qiqlangan!