×

Yaponiya: Magistratura va doktorantura bosqichida oʻqish uchun MEXT toʻliq grantiga hujjatlar qabul qilinmoqda!


Grant

MUHLAT

26.05.2023

QOLGAN VAQT

Muhlat tugagan

HUDUD

Yaponiya

O'QILGAN

128193 marta

Yaponiyaning Ta’lim, madaniyat, sport, fan va texnologiyalar vazirligi (MEXT) tomonidan xorijiy talabalarga magistratura va doktorantura bosqichida 2024-yildan boshlab oʻqish uchun ajratiladigan grant – “Tadqiqotchi talaba (Research Student)” dasturiga arizalar qabul qilinmoqda. Magistratura/doktoranturani ingliz yoki yapon tilida oʻqish mumkin. Oʻqiladigan tilni nomzodning oʻzi tanlaydi.

Oʻqish uchun tanlash mumkin boʻlgan sohalar cheklanmagan – grant Yaponiyada istalgan sohada oʻqish uchun beriladi. Biroq nomzodlar oʻzlari bakalavriatda (magistratura uchun) yoki magistraturada (doktorantura uchun) oʻqigan yoʻnalishi mos / aloqador sohani tanlashi kerak.

Dasturga qabul qilingan nomzodlar 2024-yilning aprel oyida (bahorgi semestr) yoki oktabr oyida (kuzgi semestr) oʻqishni boshlashi mumkin. Qaysi semestrdan boshlab oʻqishni nomzodning oʻzi tanlaydi.

Maʼlumot uchun: MEXT granti dunyoning eng nufuzli grantlaridan biri hisoblanadi hamda talabaning barcha xarajatlarini toʻliq qoplab beradi.

Grant kimlar uchun?

Magistratura yoki doktorantura bosqichida o'qishni xohlovchilar uchun

Batafsil ma'lumot uchun link

Grantning manfaatli jihatlari:

Mazkur grantni qoʻlga kiritganlar quyidagi imtiyozlar bilan taʼminlanadi:

  1. Yaponiyaga borishi va vatanga qaytish uchun aviachipta xarajatlari qoplanadi.
  2. Imtihon topshirish, universitetdan roʻyxatdan oʻtish va kontrakt toʻlovi (tution fee) toʻliq toʻlab beriladi.
  3. Oylik stipendiya beriladi: tayyorlov kursi yoki doimiy boʻlmagan talabalarga har oy 143000 yen (taxminan 1070 AQSH dollari), magistraturaga qabul qilingan tadqiqotchi talaba har oy 144000 yen (taxminan 1080 AQSh dollari) miqdorida, doktoranturaga kirgan talaba esa har oyda 145000 yen (1085 AQSh dollari) miqdorida stipendiya bilan ta’minlanadi. Olib borilayotgan tadqiqot sohasi va joyiga qarab oylik stipendiyaga yana 2000-3000 yen qo’shib berilishi mumkin.

Talablar:

Nomzod quyidagi talablarga mos boʻlishi kerak:

  • Yaponiya bilan diplomatik aloqalarga ega davlat fuqarosi boʻlishi lozim (Oʻzbekiston Yaponiya bilan diplomatik aloqaga ega).
  • Yaponiya fuqarosi boʻlmasligi lozim.
  • 1989-yil 2-aprel va undan keyin tugʻilgan boʻlishi kerak.
  • Magistratura uchun nomzod bakalavrlik diplomiga ega boʻlishi yoki bakalavriatning oxirgi kursida oʻqiyotgan boʻlishi kerak. Doktorantura uchun magistrlik darajasiga ega yoki magistraturaning oxirgi kursida oʻqiyotgan boʻlishi kerak.
  • Nomzod yapon tilini kamida boshlangʻich darajada (kamida hiragana va katakana alifbosini) bilishi va bu tilni oʻrganishga tayyor boʻlishi lozim. Shunindek, Yaponiyaga qiziqishi hamda Yaponiyaga borgach, Yaponiya haqidagi bilimlarini chuqurlashtirishi lozim.

MUHIM: yuqoridagi talablar umumiy shaklda berilgan. Barcha talablar bilan INGLIZ TILIDA yoki YAPON TILIDA batafsil tanishib chiqing.

Dasturga qabul jarayoni:

Dastur uch bosqichda amalga oshiriladi:

  1. Hujjatlarni topshirish.
  2. Yozma imtihon topshirish. Yaponiyada ingliz tilida oʻqimoqchi boʻlganlar ham, yapon tilida oʻqimoqchi boʻlganlar ham har ikkala tildan imtihon topshiradi. Ingliz tilida oʻqimoqchi boʻlganlar yapon tilini kamida boshlangʻich darajada bilishi, yaʼni kamida hiragana va katanaka alifbolarini bilishi kerak. Avvalgi yillardagi imtihonda tushgan savollar va ularning javoblari bilan SHU YERDA tanishishingiz mumkin.
  3. Yuzma-yuz suhbat. Suhbat nomzod Yaponiyada oʻqimoqchi boʻlgan tilda (ingliz yoki yapon tilida) olib boriladi.

Qoidaga ko’ra, avvalgi bosqichdan o’tmagan nomzod keyingi bosqichdagi tanlovda ishtirok eta olmaydi.

Topshiriladigan hujjatlar ro’yxati:

  1. So‘rovnoma-ariza (Application form) – 1 asl nusxa, 2 ta koʻchirma nusxa.
  2. OTMlarni tanlash shakli (Placement Preference Form) – 1 asl nusxa, 2 ta koʻchirma nusxa.
  3. O‘rganish sohasi va tadqiqot rejasi – 1 asl nusxa, 2 ta koʻchirma nusxa.
  4. Baholari ko‘rsatilgan diplom ilova (oxirgi o‘qish joyi bo‘yicha) – 1 tasdiqlangan nusxa, 2 ta tasdiqlangan variantidan koʻchirma nusxa. Bitirmagan talabalar uchun har bir akademik yil uchun sinov qaydnomadan baholar ko’rsatilgan ko’chirma taqdim etadi. Fanlar va baholarning inglizchaga/yaponchaga tarjimasi yo OTMning oʻzi tomonidan (muhr va imzo bilan) tasdiqlangan boʻlishi kerak.
  5. Oliy oʻquv yurtini bitiriganlik haqida diplom (oxirgi o‘qish joyi bo‘yicha) – 1 tasdiqlangan nusxa, 2 ta tasdiqlangan variantidan koʻchirma nusxa. Hali diplom olmagan nomzodlar oliy oʻquv yurtidan uning belgilangan muddatda diplomni olishini tasdiqlovchi ma’lumotnoma taqdim etishi zarur.
  6. Nomzod bitirgan oliy oʻquv yurtidan tavsiyanoma (rektor, dekan yoki ilmiy rahbaridan) – 1 asl nusxa, 2 ta koʻchirma nusxa. Tavsiyanoma shakli ixtiyoriy. Biroq tavsiyanoma uchun namuna shakl ham bor (quyida havola beriladi).
  7. Tibbiy guvohnoma – 1 asl nusxa, 2 ta koʻchirma nusxa. 2024-yil uchun belgilangan namunadagi blank, ingliz tilida to‘ldirilib, doktor imzosi va shifoxonaning (poliklinika) muhri bo’lishi shart. Har qanday shifoxona (poliklinika) yoki xususiy tibbiyot markaziga murojaat qilishingiz mumkin. Maʼlumotnoma blankiga quyida havola beriladi.
  8. Ilmiy ish konspekti – ingliz yoki yapon tilidagi tezislar, ya’ni ilmiy (diplom, kurs) ishning qisqacha mazmuni.
  9. Hozirgi ish joyidan tavsiyanoma (Faqat ishlovchilar uchun) – 1 asl nusxa, 2 ta koʻchirma nusxa.
  10. Til bilish darajasini isbotlovchi hujjat(lar)ning (IELTS, TOEFL, JLPT va boshqalar) 2 ta nusxasi. Bu hujjatning originali topshirilmaydi. Shuningdek, ushbu hujjat majburiy emas. Bunday hujjatga ega boʻlmaganlar, shunchaki, bu hujjatni topshirmaydi.
  11. San’at asarlarining fotosusurati yoki CD da ovoz-video yozuvi – 1 asl nusxa, 2 ta koʻchirma nusxa. Bu materiallarni faqat musiqa va san’at sohasidagi mutaxassislar uchun.

Topshirilishi lozim boʻlgan hujjatlarni SHU YERDAN yuklab olishingiz mumkin.

Hujjatlar qayerga topshiriladi: Tayyor holga keltirilgan hujjatlar 3 ta toʻplamda (1 ta toʻplamda hujjatlarning asl / tasdiqlangan nusxalari, qolgan 2 ta toʻplamga koʻchirma nusxalar) Yaponiyaning O’zbekiston elchixonasiga 2023-yil 26-may 17:00 ga qadar topshirilishi lozim.

Stipendiyani yutgan talaba qaysi universitetda o’qiydi: Yaponiyaning qaysi universitetida o’qishni talabaning o’zi tanlaydi. Talaba, qoidaga ko’ra, o’zi o’qishni xohlaydigan 3 ta Yaponiya universiteti ro’yxatini dastur tashkilotchilariga taqdim qiladi. Biroq, talaba universitet bilan mustaqil ravishda bog’lanib, universitetga kirish harakatlarini o’zi amalga oshiradi.

Non-regular program nima: Ariza topshirayotganlar non-regular program (doimiy boʻlmagan dastur)ga topshirishi ham mumkin. Bu dastur tadqiqotchi talabaga ilmi daraja bermaydi. Dastur talabani magistratura/doktorantura imtihoga tayyorlash vazifasini oʻtaydi. Bu dasturga qabul qilinganlar har 6 oyda oʻzi tanlagan universitetning magistratura/doktorantura bosqichiga kirish uchun imtihon topshiradi. Magistratura/doktoranturaga kirgach, oʻqishi magistratura/doktoranturada davom ettirishi mumkin boʻladi. Shuningdek, talaba bunday kirish imtihonini koʻpi bilan 4 marta topshira oladi (dastlabki 6 oydan keyin imtihondan oʻta olmaganlar yana 6 oy oʻqib, qayta imtihon topshiradi va bu maksimal 4 marta takrorlanishi mumkin). Bu esa non-regular programʼda maksimal 24 oy oʻqish mumkinligini anglatadi. Shu 24 oy davomida talaba stipendiyaning barcha imtiyozlaridan foydalanadi. Jumladan, har oy 143000 yen sitpendiya olishda davom etadi. 4-imtihondan keyin ham universitetga kira olmasa, talaba vataniga qaytadi.

Yaponiyaning barcha universitetida magistraturaga kirishda imtihon topshiriladimi: Yoʻq, barchasida ham topshirilmaydi, ayrim universitetlar faqat topshirilgan hujjatlar asosida talabani qabul qiladi. Lekin imtihonsiz masgitraturaga qabul qiladigan dasturlar odatda ingliz tilida oʻqitiladigan dasturlar boʻladi. Albatta, ingliz tilida oʻqitiladigan, lekin imtihon orqali qabul qiladigan dasturlar ham koʻp. Yapon tilida oʻqiladigan dasturlarning aksariyati esa talabani imtihon orqali magistraturaga qabul qiladi. Kirish imtihoni bor yoki yoʻqligini oʻzingiz tanlagan universitet saytidan koʻrib olishingiz mumkin.

Dasturni yutgan talaba vizani qanday oladi: Dasturda muvaffaqiyatli o’tgan talabaga universitet tomonidan qabul qilinganlik va Yaponiyada o’qish uchun taklif qilinganlik haqidagi taklifnoma yuboriladi. Vizani olish jarayonida Yaponiya elchixonasi bevosita ko’maklashadi. Agarda talaba olilali bo’lsa, eri/xotini va farzandlarini ham o’zi bilan birga olib ketishi mumkin. Oila a’zolari uchun viza olish jarayonida ham bevosita Yaponiya elchixonasi ko’maklashadi.

Yaponiyada o’qish davomida ishlash mumkinmi: Ha, mumkin. Shuningdek, stipendiyani yutib olgan talaba Yaponiyada ta’lim olishi davrida yapon tilini ham o’rganishi lozim bo’ladi. Yapon tilini o’rgatish darslari bepul.

Dastur, u taqdim etadigan imkoniyatlar, hujjat topshirish jarayoni, hujjatlarga qoʻyilgan toʻliq talablar va boshqa maʼlumotlar bilan oʻzingizga qulay tildagi yoʻriqnomada batafsil tanishing (eng toʻliq maʼlumotlar ingliz va yapon tillarida berilgan):

Ingliz tilida tanishish
Yapon tilida tanishish
Rus tilida tanishish
Oʻzbek tilida tanishish

MEXT grantini yutib, Yaponiyada tahsil olayotgan talaba bilan suhbatni SHU YERDA oʻqing.

MEXT grantini yutgan talabaning hujjatlari namunalari bilan SHU YERDA tanishishingiz mumkin.

O‘quv dasturlari, so‘rovnomalarni to‘ldirish va dastur bilan bog‘liq savollar tug‘ilganda Elchixonaga qat’iy soat 09:00 dan 13:00 gacha hamda 14:30 dan 18:00 gacha Madaniyat va axborot bo‘limiga +998 78 120 80 76/60/61/62 telefon raqamlari orqali murojaat qilishingiz mumkin.

Eslatma: Elchixonaga murojaat qilishdan oldin yuqorida keltirilgan yoʻriqnomani yuklab olib, diqqat bilib oʻqib chiqing.

Yaponiyaning Oʻzbekistondagi elchixonasi manzili: 100047, Oʻzbekiston, Toshkent shahar, Sodiq Azimov koʻchasi, 1-proyezd, 28-uy.

error: Ma‘lumotni nusxalash ta‘qiqlangan!