×

Chet elda o‘qigan yoshlar nega O‘zbekistonga qaytmayapti?


Blog

BO'LIM

Yangiliklar

O'QILGAN

4686 marta

CHOP ETILGAN

26.10.2016

Shimoliy Afrika davlatlaridan birida vazir lavozimida ishlagan domlamiz haqida boshqa mavzuda bir eslagan edim. U rivojlanmagan va rivojlanish yo‘lida bo‘lgan davlatlardagi yoshlar siyosatining bir qirrasi haqida o‘z fiklarini bildirgan edi. Uning xulosalari taxminan shunday edi:

– Biz, ya’ni rivojlanmagan davlatlar yoshlar va kadrlar borasida kelajakni ko‘zlab siyosat olib borishni bilmaymiz. Bizlar dunyoning rivojlangan davlatlarining orqalaridan tezroq quvib yetishni xohlaymiz va farzandlarimizning o‘sha davlatlarda ta’lim olib kelishlarini orzu qilamiz. Buning uchun davlat byudjetidan pullar ajratib, yoshlarni chet ellarga o‘qishlarga yuboradigan davlat dasturlari tashkil qilamiz. Oradan bir necha yillar o‘tib, yoshlarimiz qaytib kelib, vatanga xizmat qiladigan payt yetib kelganda qarabsizki, biz xarajatlarini to‘lab chet ellarga yuborgan yoshlarning yarmi yurtga qaytib kelmasdan o‘sha davlatlarda qolib ketadilar. Bundan jahl qilamizda biz darrov davlat dasturlarini yopib tashlaymiz va qaytib kelmagan «g‘irrom» yoshlarning orqalaridan quvlashning va ushlab olib kelib, javob berdirishning payiga tushib ketamiz. Qaytib kelsalar, jazo og‘ir bo‘lishini bilgan yoshlar esa yurtga qaytib kelishdan qo‘rqib, o‘sha davlatlarda butunlay qolib ketadilar.

Men albatta yoshlarning davlat pullarini yeb qochib ketishlarini oqlamayman, lekin ayrim yoshlarning o‘sha davlatlarda qolib ketishga harakat qilishlari tabiiy. Chunki tan olish kerak, u davlatlar bizlardan ko‘p sohalarda oldinga o‘tib ketganlar va bunday hayot va ish sharoitlari yoshlarning havaslarini keltiradi. Lekin biz qolib ketgan yoshlarni yo‘qotdik deb o‘ylasak katta xato qilgan bo‘lamiz. Aksincha, chet ellarda qolib ketgan yoshlar birinchidan bizlarning o‘sha davlatlardagi norasmiy elchilarimizga aylanadilar. Ular qayerda va qaysi korxonalarda ishlasalar, o‘sha korxonalarga o‘z yurtlari haqida ma’lumotlar beradilar (aksariyat hollarda ijobiy tavsiyalar) va kelajakda o‘sha korxonalarning o‘z vatanlariga investitsiyalar olib kelishlariga sababchi bo‘lishlari mumkin. Ikkinchidan «qochib ketgan» yoshlarning oilalari vatanda yashashda davom etayotgan bo‘ladi. Shu sababdan ular qaysi davlatlarda yashasalar ham o‘z oililariga chet el valyutasida pul yuborib turadilar va shu orqali davlatning byudjetiga foyda keltiradilar. Uchinchidan, yoshlarning o‘y-xayollari har doim o‘z yurtlarida va yurtidagi insonlarning muammolarida bo‘ladi. Ular yaqinlarining hayotlarini yaxshilash uchun chet ellardagi yangilik va ilg‘or texnologiyalarni hech kim so‘ramasa ham o‘z tashabbuslari bilan o‘z yurtlariga yuborib turadilar. Agar rivojlanmagan davlatlar rivojlangan davlatlardagi mavjud bilim va texnologiyalarni qo‘lga kiritmoqchi bo‘lsalar, bu ularga millionlagan dollarga tushadi. Lekin chet ellardagi yoshlar tufayli Amerika yoki Evropada yangi chiqqan telefon yoki kompьyuter bir zumda ularning yurtlariga etib boradi. Shuning uchun bu yoshlardan bir umr xafa bo‘lib yurib, ular bilan «mushuk sichqon» o‘ynab yurgandan ko‘ra, ular bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish kerak.

Endi qochib ketmasdan yurtga qaytib kelgan yoshlarni bizlar qanday kutib olamiz ? Yoshlar Oksford, Kembrij, Sorbonna kabi universitetlarni bitirib kelsalar biz ularni faqat kserokopiya qilish bilan shug‘ullanadigan past lavozimlarga ishga olamiz va arzimas oylik maoshlari to‘laymiz. Ularning tepalaridagi konservator rahbarlari ularning zamonaviy fikrlarini yoqtirmaydi va bir zumda ularga «joylarini ko‘rsatib» qo‘yadilar (Shaxsan menga bitta mahalliy rahbar chet elda o‘qib kelib, ishni pora bilan emas, qonun yo‘li bilan qilmoqchi bo‘lganida, uni «Bu yer senga Amerika emas, bu yer O‘zbekiston» deb uni haydab yuborganligini faxr bilan aytib bergan edi). Bu ularni haqorat qilish bilan barobar gap. Shundan keyin, chet eldan «vatanga xizmat qilaman» deb katta-katta g‘oyalar bilan qaytib kelgan yoshlar ham bir ilojini qilib, qaytadan chet ellarga ketib qoladilar.

Rivojlanmagan davlatlar orasida yoshlar siyosatini to‘g‘ri yo‘lga qo‘ygan davlatlardan biri bu Xitoy bo‘ladi. Birinchidan, Xitoy chet ellarda ta’lim olmoqchi bo‘lgan yoshlarni ushlab o‘tirmasdan, qo‘yib yuboradi. Ularda shundog‘am aholi soni juda ko‘p. Dunyoning istalgan nufuzli oliygohlariga borib ko‘ring, u yerda albatta bir nechta xitoylik talabalarni uchratasiz. Ikkinchidan, xitoyliklar o‘zlariga qaysi sohalarda kadrlar kerakligini oldindan yaxshi biladilar va o‘sha sohalarda ta’lim olmoqchi bo‘lgan yoshlarni o‘zlari qo‘llab-quvvatlab, rag‘batlantiradilar. Uchinchidan, xitoyliklar chet ellarda o‘qib, tajribalar orttirib kelgan yoshlarning diplomlarini Xitoyda tan olib, kelishlari bilan qo‘rqmasdan ularni davlatning ahamiyatga molik loyihalarga ishlarga joylab, ularga katta miqdorda maoshlar to‘laydilar. Maoshlarning miqdori rivojlangan davlatlardagidan kamroq bo‘lishi mumkin, lekin Xitoydagi maoshlar bilan solishtirganda chet elda ta’lim olib kelgan yoshlarni qadrlaydigan miqdorda bo‘ladi. Shu sababdan, chet ellarda qolmoqchi bo‘lgan yoshlar xohlasalar, u yerlarda qolib ketaveradilar. Xitoy davlati ularni quvlab yurmaydi. Lekin o‘z yurtlariga qaytib kelib ishlayman degan yoshlarning bilim va iqtidorlariga qarab, davlat ularni munosib kutib olishni tashkillashtiradi. Shuning uchun yurtga qaytish niyatida bo‘lgan yoshlar Xitoyga zarur bo‘lgan va ish topiladigan sohalarda o‘qishga harakat qiladilar. Xitoyning mazkur siyosati biz kabi rivojlanmagan davlatlar uchun o‘rnak bo‘lishi kerak…

…Yanglishmasam 2008-yil edi. Men Parij Siyosiy fanlar institutida o‘qir edim. Kimdir menga «Parijning falon joyida Fransiyadagi o‘zbek talabalari yig‘ilishgan emishlar» deb qoldi. Parij shahrida deyarli yolg‘iz bo‘lganligim va vatandoshlarni sog‘inganligim uchun taklif qilinmagan bo‘lsam ham aytilgan joyga yetib bordim. U yerda «Hamma o‘zbek talabalari» bo‘lmasa ham Fransiyaning viloyatlarida o‘qiydigan 10 tacha talaba bor ekan. Bir-birimiz bilan xursand bo‘lib ko‘rishdik. Tanishish asnosida kim qayerda o‘qishini so‘raldi. Men Parij siyosiy fanlar institutida, yana bittasi Tuluza siyosiy fanlar institutida, yana boshqasi Lion siyosiy fanlar institutida. Qarasak, hammamiz Siyosiy fanlar instituti, Xalqaro munosabatlar sohalaridamiz.

Menda g‘alati tasavvur paydo bo‘ldi. Bizlarning birontamiz irrigatsiya, qishloq xo‘jaligi, energiya, fizika, ximiya va hokazo sohalarni tanlamagan ekanmiz. Ularga «Nima balo, hammamiz faqat siyosiy fanlar bo‘yicha kelganmizmi? O‘zbekistonga shuncha siyosatchi kerakmikan?» degan edim, ular menga o‘zga sayyoralikni ko‘rib qolganday hayrat bilan qarashdi. Ularning javoblaridan mening gapim ularga yoqmaganligi ko‘rinib turar edi. Men buni to‘g‘ri tushunaman. Chunki birinchidan o‘zim ham shu sohada bo‘la turib, ularga bunday «aqlli» gaplarni gapirishim mantiqan to‘g‘ri emas edi. Bundan tashqari mening gapim ne-ne orzular bilan shu sohani tanlab, ming mashaqqatlar bilan Frantsiyaga kelib o‘qiyotgan insonlarga va ularning mehnatlariga malomatdek teggan bo‘lishi mumkin edi.

Aslida mening fikrim ularga emas, ko‘proq O‘zbekistonning o‘sha davrdagi yoshlar va kadrlar siyosatiga qaratilgan edi. Chunki agar menimcha o‘sha paytlarda O‘zbekistonda «Bizga falon-falon sohalarda chet ellarda ta’lim olgan yosh kadrlar kerak» deganga o‘xshagan ma’lumotlar bor bo‘lganida balki bizlar shunga qarab, o‘zimizga ta’lim sohasi tanlagan bo‘lar edik. Shaxsan men keyinchalik siyosat sohasida ishlamaslikka qaror qilib, Sorbonna universitetida turizm sohasini o‘qib bitirdim.

Bu ishlarni amalga oshirish uchun hozir ham kech emas deb o‘ylayman. Masalan, bizda (umuman, O‘rta Osiyoda) suv muammosi dolzarb muammo hisoblanadi. Elektr energiyasi, gaz-neft, qishloq xo‘jaligi, telekommunikatsiya, internet texnologiyalari, turizm, zamonaviy tibbiyot, kundalik xizmatlar va hokazo sohalar ham taraqqiyotimiz uchun muhim sohalar hisoblanadi. Agar hukumatimiz hozirdanoq o‘z oldiga 20, 30 yoki 50 yillik strategiyalarini belgilab olib, shu sohalarda ta’lim olgan yoshlarning chet ellarda olgan diplomlarini O‘zbekistonda tan olib, ularni loyihalarga jalb etadigan bo‘lsa, yoshlarimiz chet ellarda yurmasdan bajonidil O‘zbekistonga qaytib kelgan va yurtimizning taraqqiyotiga hissa qo‘shgan bo‘lar edilar.

Hozirgi kunlarda chet ellarda ta’lim olish ishtiyoqida yurgan yoshlarimiz ham kelajakda O‘zbekistondagi qarashlariga ko‘ra (faqat Diplomatiya va Yuridik institutlarda o‘qisam katta odam bo‘laman degan fikrda) chet ellarning Siyosat, Xalqaro munosabatlar, Huquq oliygohlariga emas, balki yurtimizga foydali bo‘lgan sohalardagi oliygohlarga o‘qishlarga kirishga harakat qilgan bo‘lar edilar. Har holda yoshlarimizning o‘zlariga ham davlatimizga ham keragi yo‘q kadrlar bo‘lib yetishganlaridan ko‘ra, ularning har tomonlama yetuk va foydali insonlar bo‘lib yetishganlari ma’qul deb o‘ylayman.

Doniyor Ro‘zmetov

error: Ma‘lumotni nusxalash ta‘qiqlangan!