×

O‘zbekiston test sinovlaridan voz kechib, ijodiy imtihonlarga qaytmoqda


Blog

BO'LIM

Yangiliklar

O'QILGAN

1098 marta

CHOP ETILGAN

17.11.2017

Abituriyentdan alohida iqtidor talab etiladigan madaniyat, san’at, dizayn, tasviriy va amaliy san’at, san’atshunoslik, musiqiy ta’lim, sport va jismoniy tarbiya sohasidagi ta’lim yo‘nalishlariga qabul qilish test sinovlarisiz, ijodiy imtihonlar orqali amalga oshiriladi.

Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Respublika oliy ta’lim muassasalari bakalavriatiga kirish test sinovlarini o‘tkazish tartibini takomillashtirish to‘g‘risida»gi qarori e’lon qilindi.

Ta’kidlanishicha, abituriyentlar sonining keskin o‘sishi mos ravishda auditoriya nazoratchilari sonining va test materiallari hajmining ortib borishiga hamda test sinovlarini o‘tkazishga salbiy ta’sir ko‘rsatib, qator muammolarni yuzaga keltirgan.

Jumladan, auditoriya nazoratchilarining test sinovlarini o‘tkazish bo‘yicha yetarli amaly ko‘nikmalarga ega emasligi hamda ularning javobgarlik darajalari aniq belgilanmagani, test sinovlari uchun tanlangan bino va auditoriyalarning jihozlanishi mavjud talablarga javob bermasligi, binolarning oliy ta’lim muassasalari bosh shtabidan uzoq masofada va tarqoq joylashgani, binolarning shaxsni aniqlovchi foto va video qurilmalari, test sinovlarida foydalanishi man etilgan vositalarni aniqlovchi zamonaviy texnik jihozlar bilan ta’minlanmaganligi, auditoriyalarda videokuzatuv kameralarining mavjud emasligi test sinovlarini o‘tkazish jarayonining shaffofligini ta’minlash va uni nazorat qilish sifatining tushib ketishiga olib kelgan.

Bundan tashqari, test sinovlarini o‘tkazishning amalda bo‘lgan tartibi test natijalarini qisqa muddatda hisoblab chiqarish imkonini bermagan.

Yuqorida qayd etilgan muammo va kamchiliklar oliy o‘quv yurtlariga qabul qilish bo‘yicha o‘tkazilgan test sinovlarining adolatli, xolis va shaffof o‘tkazilishini yetarli darajada ta’minlash imkonini bermagan va oqibatda abituriyentlar hamda ularning ota-onalari e’tirozlariga sabab bo‘lgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yangi qarori qabul qilinishi yuqorida qayd etib o‘tilgan muammolarning o‘z yechimini topishi uchun huquqiy asos bo‘lib xizmat qiladi.

Ushbu qarorga ko‘ra, 2018/2019 o‘quv yilidan boshlab oliy ta’lim muassasalari bakalavriatiga qabul qilish bo‘yicha test sinovlari 1 avgustdan 15 avgustgacha bo‘lgan davrda o‘tkazilishi va test sinovlari natijalari test o‘tkazilgan kunning ertasiga Davlat test markazining rasmiy veb-saytida e’lon qilinishi belgilandi.

Qarorning yana bir muhim jihati shundaki, 2017/2018 o‘quv yilidan boshlab oliy ta’lim muassasalari bakalavriatiga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha kirish test sinovlari Toshkent shahrida «O‘zekspomarkaz» Milliy ko‘rgazmalar majmuasi pavilonlarida hamda uning hududida qo‘shimcha yig‘ma pavilonlar o‘rnatilib, ulardan samarali foydalangan holda, shuningdek, katta sig‘imdagi boshqa binolarda, viloyat markazlarida esa Olimpiya zaxiralari kollejlari yoki joylardagi boshqa muassasalarning katta sig‘imdagi binolarida, test jarayonining oshkora va shaffofligini ta’minlagan holda, videokuzatuvlar orqali onlayn tizimda jamoatchilikka, shu jumladan, abituriyentlarning ota-onalariga ko‘rsatib o‘tkazilishi belgilab qo‘yildi.

Manba: Sof.uz

error: Ma‘lumotni nusxalash ta‘qiqlangan!