Tezkor aloqa:
E-mail: axborot@grantlar.uz

“Premium” xizmati xorijiy tillarda yozilgan grant dasturlari haqidagi ma’lumotlarni va ularga topshirish shartlarini mustaqil o’qib tushuna oladigan, xorijiy tilni grantda talab qilingan darajada yaxshi biladigan, ammo grantlarga hujjat topshirish, anketalarni to’ldirish, xorijiy tilda grantlar uchun insho va boshqa ijodiy ishlarni yozish bo’yicha tajribaga ega bo’lmagan va shuning uchun bu hujjatlarni tayyorlashda qo’shimcha yordamga ehtiyoj sezadigan talaba va mutaxassislar uchun.

Izoh: Ba’zan, chet tilini bilish talab qilinmaydigan, o’qishning dastlabki bosqichida chet tilini o’zlari o’rgatadigan grant dasturlari ham bo’ladi. Lekin bunday dasturlar soni juda kam. Ularga topshirish uchun xorjiy tilni bilish shart emas. Shuning uchun xorijiy tilni bilmaydigan talabalar ham bizga bog’lanishlari mumkin.

Masalan, magistratura darajasi uchun grant qidirayotgan bo’lsangiz, “Premium” xizmatidan foydalana olishingiz uchun quyidagi shartlarga javob berishingiz kerak:

  • Bakalavrlik darajasini tugatgansiz, tugatish arafasidasiz yoki bakalavrlikda o’qib yurgan paytingizda magistraturani xorijda o’qish uchun oldindan tayyorlanib borish niyatidasiz;
  • Chet tilini xorijiy davlatda magistratura bosqichini o’qish darajasida yaxshi bilasiz, ya’ni TOEFL yoki IELTS test imtihonidan o’quv yurtida talab qilinadigan minimum ballni qo’lga kiritgansiz yoki imtihon topshirsangiz, shu ballni qo’lga kiritishga ko’zingiz yetadi;
  • Grantlarga topshirish va so’ralgan hujjatlarni tayyorlash, insho yozish va boshqa talab qilingan yozma ishlarni mustaqil va professional darajada yozish bo’yicha tajribangiz yo’q;
  • Tayyorlagan hujjatlaringiz va yozgan ishlaringizni professional mutaxassis ko’rigi va tahriridan o’tkazib, uning maslahatini olishga ehtiyojingiz bor;
  • Xorijda o’z sohangizda magistratura darajasida oq’ish uchun har tomonlama tayyorsiz, ammo moddiy yordam beradigan grant dasturlarini qanday topishni bilmaysiz va bu borada tajribasiz bo’lganingiz bois, hujjat topshirish jarayoni haqida batafsil ma’lumot olishni va hujjatlarni tayyorlashda yordam berilishini istaysiz.

Shunday holatlarda, bizga murojaat qilsangiz, sizga o’zingiz istagan davlatdan siz o’qimoqchi bo’lgan soha bo’yicha grantlarni topishda yordam beramiz.

Yuqoridagi holatni faqat magistraturada o’qish niyatida bo’lganlar uchun misol qilib keltirdik. Magistratura, doktorantura yoki hatto bakalavrga topshirish uchun ham talab qilingan minimum o’qish darajasini bitirib keyin harakat qilishingiz shart emas. Biz o’qish uchun qancha erta harakat boshlasangiz shuncha yaxshi, deb hisoblaymiz. Chunki universitet darajasi uchun beriladigan grantlar, odatda, har yili e’lon qilinadi va o’qishni bitirib bu grantlarga topshirish uchun bir necha yil kutishingizga to’g’ri kelsa ham, hozirdan ularga tayyorlanib borishingiz grant yutish imkoniyatlaringizni oshiradi.

Ushbu xizmat doirasida biz qisqa o’quv kurslari, konferensiyalar, yozgi o’quv dasturlari, bir yillik professional kurslar, bakalavr, magistatura, doktorantura va postdok darajalari va boshqa turli o’quv va tajriba almashish dasturlari uchun grant topib berishimiz mumkin.


Xizmatdan foydalanish qoidalari

Avvalo, bizga murojaat qilishdan oldin, saytimizni ko’zdan kechirib chiqing. O’qish yoki ish bo’yicha sizga mos grant dasturi allaqachon saytimizga qo’yilgan bo’lishi mumkin. Saytga qo’yilgan grantlar bo’yicha qo’shimcha yordam olishni istasangiz, bizga “Exclusive” (SHU YERDA) xizmati orqali murojaat qiling.

Agar saytimizdan sizbop grant dasturi topilmasa, quyidagi “Aloqa” formasi orqali bizga bog’lanishingiz mumkin.

Sizga mos grant topilsa, «Premium» xizmatida u haqdagi original matn joylashgan manzilga qo’shimcha ravishda ma’lumotlarning asosiy mazmuni o’zbek tilida ham taqdim etiladi. Grant talablari haqida yoki hujjat topshirish jarayonida sizda qo’shimcha savollar paydo bo’lsa, ularning barchasiga  javob topib beramiz yoki dastur tashkilotchilariga bog’lanib bilib beramiz.

Shuningdek, ushbu xizmat doirasida hujjatlarni qanday to’ldirish, grantda talab qilingan insho yoki shunga o’xshash boshqa yozma va ijodiy ishlarni grant talablari darajasida qanday sifatli yozish va tayyorlash bo’yicha ham yordam beramiz.

Insho kabi yozma ishlarni qanday yozish bo’yicha umumiy maslahat berganimizdan keyin, uni o’zingiz yozishingiz kerak. Yozgan ishlaringizni ko’rib, tuzatish va qayta ishlash lozim bo’lgan joylarini qanday yaxshilash bo’yicha sizga qo’shimcha maslahat beramiz va eng yaxshi ko’rinishga kelguncha ular ustida siz bilan birga ishlaysiz. So’nggi nusxani tahrir qilishda ko’mak berishimiz mumkin.

Xorijiy tilda yozilishi talab qilinadigan matnlarni grantning minimum talablariga javob beradigan darajada yoza olmaydiganlarga ushbu xizmat taqdim etilmaydi. Ushbu xizmatga murojaat etganlar, qanday turdagi grantga topshirayotganiga qarab, qabul qilinishidan oldin tekshiruv va ko’rikdan o’tkaziladi.

Bizga murojaat qilgan har bir talabgor uchun o’zi xohlagandek grant dasturi topilishiga, grant yoki o’quv dasturi haqidagi ma’lumotlarning to’g’ri bo’lishiga kafolat bermaymiz. Bu ma’lumotlarning to’g’riligiga grantni e’lon qilgan uchinchi tomon, ya’ni grant beradigan o’quv yurti yoki dastur tashkilotchilari javob beradi. Biz grant dasturining firibgarlik va soxta ma’lumotlardan xoli manbalardan olinishiga kafolat beramiz, xolos.

Grant miqdori to’liq (o’qish va yashash xarajatlarini qoplovchi) yoki qisman (masalan, o’qish xarajatlari to’liq qoplanadi, ammo safar xarajatlari sizdan) bo’lishi mumkin.

Hujjatlaringiz topshirilgach, sizga grant berilishiga kafolat bermaymiz. Grant yutuqlarini kimga berish masalasini grantni e’lon qilgan tashkilot yoki o’quv muassasasi hal qiladi va bu jarayonga «Grantlar.uz» sayti aralasha olmaydi. Biz faqat hujjatlaringizning grant talablariga to’liq javob beradigan darajada bo’lishiga kafolat beramiz.

Xizmatdan foydalanish istagi bilan bizga murojaat qilgan shaxslardan, grant talablariga mos kelishini aniqlash uchun, avvalo, o’qish va grant bo’yicha xohish-talablari, hozirgacha erishgan ta’lim ko’rsatkichlari va ish tajribalari haqida to’liq ma’lumot olinadi. Bu ma’lumotlardan faqat talabgorga mos grant topish va uning grant shartlariga to’g’ri kelishini tekshirish maqsadidagina foydalaniladi va bu ma’lumotlar boshqa uchinchi bir tomonga berilmaydi. Biz so’ragan ma’lumotlar to’liq berilmasa yoki ular talab qilgan yoki xohlagan o’qish yoki grantga ularning ta’lim va/yoki ish ko’rsatkichlari mos kelmasa, ya’ni bunday grantlar uchun qo’yiladigan minimum talablarga javob bermasa, xizmat ko’rsatilmaydi. Bunday holatda ularga grant yutish uchun imkoniyatlarini yaxshilash ustida ishlashni yoki boshqa xizmatlarimizdan foydalanishni taklif qilishimiz mumkin.

Xizmat haqi talabgorga mos grant topilgandan keyin olinadi. Xizmat haqi miqdori haqida ma’lumot olish uchun bizga bog’laning.


Sizda paydo bo’lishi mumkin bo’lgan savollarga javoblar

Savol: Men hozir bakalavrlikning 2-kursida o’qiyapman. Magistratura uchun hozirdan grant topib qo’yish mumkinmi?

Javob: Mumkin. Universitet darajasi uchun beriladigan grantlar, odatda, har yili e’lon qilinadi va o’qishni bitirib bu grantlarga topshirish uchun bir necha yil kutishingizga to’g’ri kelsa ham, hozirdan ularga tayyorlanib borishingiz grant yutish imkoniyatlaringizni oshiradi.

Savol: Men makabda ingliz tili o’qituvchisi bo’lib ishlayman. AQShda bir-ikki oylik malaka oshirish yoki qisqa kurslar bo’lsa, borib o’qib kelishni xohlayman. Men shu xizmatdan foydalansam bo’ladimi?

Javob: Bo’ladi. Biz qisqa kurs yoki treninglar uchun ham grant dasturlarini topib berishimiz mumkin.

Savol: Faqat ingliz tili bo’yicha grant topib berasizlarmi? Boshqa tillar bo’yicha-chi? Qaysi davlatlarga grant topib berasizlar?

Javob: Grant topish bo’yicha xizmatlarimiz faqat ingliz tilidagi dasturlar bilan chegaralanmagan. Siz biladigan istalgan chet tilida grant topib berishimiz mumkin. Davlatlar ham cheklanmagan. Amerika, Yevropa, Osiyo, Avstraliya va boshqa hududlardan sizga mos grantlar topib berish imkoniyatiga egamiz. Ammo so’ralgan har bir soha, til yoki davlat bo’yicha siz istagan grant dasturi topilishiga kafolat bermaymiz.

Savol: Xizmat haqi grant topilgandan keyin olinadi, deb yozibsiz. Bizga mos grant topilganini qayerdan bilamiz va pulni qanday to’laymiz?

Javob: Sizga mos grant topildi, deb hisoblagan taqdirimizda, ushbu grantning aniq nomi va manzilini aytmagan holda, uning shartlari va grantga topshirish tartibi haqida umumiy ma’lumotlarni sizga yuboramiz. Siz bu ma’lumotlar bilan tanishib, uni o’zingizga mos va ma’qul deb hisoblasangiz, bizga bu haqda ma’lum qilasiz va xizmat haqini Toshkent shahridagi vakilimizga olib kelib berasiz. To’lovni sizga qulay bo’lgan boshqa shakllarda ham amalga oshirishimiz mumkin. Shundan so’ng grant haqidagi batafsil ma’lumotni va bu ma’lumot joylashgan manzilni sizga yuboramiz.

Savol: Grant haqidagi ma’lumotlarni olgach, bu ma’lumotlar bo’yicha qo’shimcha savol tug’ilsa, so’rashimiz mumkinmi?

Javob: Albatta. «Premium» xizmati «Basic»da taqdim etiladigan barcha xizmatlarni, ya’ni hujjat topshirguningizgacha bo’lgan davrda tug’iladigan barcha savollaringizga javob olish imkonini ham taqdim etadi.

Savol: Men ingliz tilini yaxshi bilmayman, lekin chet elda o’qishni xohlayman. Men ham shu xizmatdan foydalansam bo’ladimi?

Javob: Ba’zan, chet tilini bilish talab qilinmaydigan, o’qishning dastlabki bosqichida chet tilini o’zlari o’rgatadigan grant dasturlari ham bo’ladi. Ularga topshirish uchun xorjiy tilni bilish shart emas. Ammo bunday grantlar juda cheklangan va sanoqli davlatlardagina mavjud bo’lib, aksariyat grant dasturlari xorijiy tilni yaxshi bilishingizni talab qiladi. Bunday dasturlarga topshira olishingiz uchun chet tilini yaxshi bilishingiz kerak.

Ammo yuqorida ta’kidlaganimizdek, xorijiy tilni bilmaydigan talabalar uchun ham ayrim grant dasturlari mavjud va shuning uchun chet tilini bilmasangiz ham, bizga bog’lanishingiz mumkin.

Agar ingliz tilini o’rganish, kelajak rejalaringizni tuzish hamda grantlarni qanday topish va ularga qanday tayyorlanish bo’yicha maslahat olishni istasangiz, “Mentoring” (SHU YERDA) xizmatimizdan foydalanishingizni tavsiya etamiz.

Savol: Men ingliz tilini yaxshi bilaman, ammo hech grantlarga topshirib ko’rmaganman. Menga qaysi xizmatdan foydalanishni tavsiya qilasiz?

Javob: Agar ingliz tilini grant talablari darajasida bilsangiz-u, ammo bunday dasturlarga ilgari hech hujjat topshirmagan bo’lsangiz, hujjat topshirish jarayonida sizda savollar tug’ilishi ehtimoli yuqori. Shuning uchun “Basic” yoki «Premium» xizmatidan foydalanishingizni tavsiya qilamiz.

Savol: Ushbu xizmatdan foydalananishni so’rab murojaat qilsak, grant topib berishingizga qancha vaqt ketadi?

Javob: Bu haqda aniq ayta olmaymiz. Bir necha kundan bir necha oygacha vaqt olishi mumkin. Grant topilishi bilan sizga xabar beramiz.

Savol: Saytda berilayotgan grantlar bilan siz bu xizmat orqali topib beradigan grantlar o’rtasida qanday farq bor?

Javob: Farq yo’q. Biz topib beradigan ma’lumotlar ham saytdagidek batafsil va o’zbek tilida bo’ladi. Agar saytimizda sizga mos grant dasturi bo’lsa, undan foydalanishingizni so’raymiz. Saytga qo’yilgan grantlar bo’yicha “Exclusive” (SHU YERDA) xizmati orqali qo’shimcha yordam olishingiz mumkin. Saytimizda sizga mos grant topilmagan taqdirda ushbu xizmat orqali bizga murojaat qiling.

Savol: Saytingizda grant dasturlari haqidagi hamma ma’lumotlarni bepul qo’yib boryapsiz. Nega endi biz yangi ma’lumot so’rasak, bunga pul talab qilyapsiz?

Javob: Agar saytimizda sizga mos grant dasturi bo’lsa, bundan bag’oyatda xursandmiz va avvalo, undan foydalanishingizni tavsiya etamiz.

Saytimiz orqali turli sohalarda o’quvchi talabalardan individual tartibda grant topib berish haqida ko’plab iltimos va talablar tushadi. Ularning har biriga mos keluvchi grantlar topish va bu haqda batafsil ma’lumot tayyorlash uchun katta vaqt sarflash va jiddiy izlanish olib borish kerak bo’ladi. Shuning uchun talabgorlarga individual tartibda xizmat ko’rsatishni pulli qilib qo’ydik.  Saytimizga qo’yilgan grantlar bo’yicha “Exclusive” (SHU YERDA) xizmati orqali qo’shimcha yordam olishingiz mumkin.

Savol: Xizmat haqi qancha?

Javob: Grant turi, muddati, miqdori va ularni topish, ular haqida ma’lumot yig’ish va tayyorlash jarayonining qancha vaqt va izlanish talab qilishiga qarab, biz so’raydigan xizmat haqi turli miqdorda bo’lishi mumkin. Bu haqda aniq ma’lumot olish uchun, quyidagi forma orqali bizga bog’laning.

“Premium” xizmatidan foydalanish uchun bizga bog’lanish yo’llari:

E-mail: axborot@grantlar.uz

Ismingiz (shart)

E-mail manzilingiz (shart)

Telefon raqamingiz (ixtiyoriy)

Mavzu

Savol yoki maktubingiz

Сохранить