×

Ilmiy daraja va ilmiy unvon oʻrtasida qanday farq bor?


Blog

BO'LIM

Tavsiyalar

O'QILGAN

37730 marta

CHOP ETILGAN

08.01.2019

Koʻpchilik ilmiy daraja va ilmiy unvonni farqlashga qiynaladi. Ayrim hollarda hatto taʼlim sohasida faoliyat yurituvchilar ham bu masalada qoʻpol xatolarga yoʻl qoʻyadilar. Bugungi maqolamizda shu mavzuga oydinlik kiritishga harakat qilamiz.

Huquqiy asos

Ilmiy daraja va ilmiy unvon berish jarayoni qonuniy jihatdan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 16-fevraldagi “Oliy oʻquv yurtidan keyingi taʼlim tizimini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi PF-4958-son Farmoni va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 22-maydagi “Oliy oʻquv yurtidan keyingi taʼlim tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 304-son Qarori hamda “Oliy oʻquv yurtidan keyingi taʼlim toʻgʻrisida Nizom”, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy Attestatsiya Komissiyasi Rayosatining 2016-yil 3-iyundagi “Ilmiy unvonlar berish tartibi toʻgʻrisidagi Nizomni tasdiqlash haqida”gi 2793-son Qaroriga asosan tartibga solinadi.

Asosiy farqlar

Ilmiy daraja:

  • fan nomzodi, PhD (Doctor of Philosophy);
  • fan doktori, DSc (Doctor of Science).

Ilmiy unvon:

  • dotsent;
  • professor;
  • katta ilmiy xodim;
  • akademik.

*Katta ilmiy xodim ilmiy unvoni mohiyatiga koʻra dotsent ilmiy unvoniga tenglashtiriladi.

Ilmiy daraja diplom, ilmiy unvon esa attestat orqali tasdiqlanadi.

Ilmiy daraja va ilmiy unvon olish jarayoni

Ilmiy daraja:

PhD

  • Tegishli fan tarmogʻi boʻyicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini berishni nazarda tutuvchi tayanch doktoranturada oʻqiydi.

Falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish uchun tayanch doktoranturaga kiruvchi yoki mustaqil izlanuvchi sifatida rasmiylashtiriluvchi shaxslar quyidagi talablarga javob berishi lozim:

  • magistr darajasi yoki klinik ordinatura (tibbiyot fanlari uchun),yoki oliy maʼlumot (mutaxassislik dasturlari boʻyicha) toʻgʻrisidagi diplomga ega boʻlish;
  • falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish uchun dissertatsiya tadqiqoti asosini tashkil qilishi mumkin boʻlgan muayyan ilmiy natijalarga, shu jumladan, ilmiy jurnallar va nashrlarda chop etilgan kamida bitta ilmiy maqolaga hamda ilmiy-amaliy konferensiyalar, seminarlarda, tegishli ilmiy yoʻnalishlar boʻyicha ilmiy ishlar toʻplamlarida kamida ikkita tezisga ega boʻlish;
  • falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish uchun mustaqil izlanuvchilikka ikki yildan kam boʻlmagan ilmiy-pedagogik stajga yoki aniq ilmiy yutuqqa (ixtiroga patent yoki mualliflik guvohnomasi) ega boʻlgan shaxslar rasmiylashtiriladi;
  • tayanch doktoranturaga nomzod kirish imtihonlarini topshiradi;
  • oʻrnatilgan tartibda mustaqil tadqiqotchi sifatida rasmiylashtirilgan, magistr darajasiga yoki oliy maʼlumotga (mutaxassislik dasturlari boʻyicha) ega boʻlgan, yoxud klinik ordinaturani tugatgan (tibbiyot fanlari uchun) shaxslarga ham falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish uchun doktorlik dissertatsiyasini himoya qilishga ruxsat beriladi. Mustaqil izlanuvchilik suhbat natijasiga koʻra rasmiylashtiriladi;
  • PhD ilmiy darajasini olish uchun dissertatsiya tayyorlayotgan nomzodga ilmiy rahbar tayinlanadi;
  • falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olishda dissertatsiya himoyasiga qadar izlanuvchilar:
  • ixtisoslik hamda chet tili boʻyicha malakaviy imtihon topshirishi;
  • dissertatsiya natijalarining xalqaro va respublika ilmiy va ilmiy-amaliy konferensiyalarida keng muhokama qilinishini taʼminlashi;
  • OAK tomonidan belgilangan ilmiy jurnallarda chop etilgan dissertatsiyasining asosiy natijalarini aks ettiradigan kamida uchta (shu jumladan bittasi xorijda) ilmiy maqolaga ega boʻlishi shart.
  • Falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish uchun taqdim etilgan dissertatsiya bilimlarning tegishli tarmogʻida muhim ahamiyatga ega masalaning yangi yechimidan iborat yoki dolzarb ilmiy masalaning yechimiga qaratilgan ilmiy asoslangan ilmiy-texnik yoki ijtimoiy-iqtisodiy tavsiyalar ishlab chiqilgan tugallangan shakldagi ilmiy ish boʻlishi lozim.

DSc

  • Tegishli fan tarmogʻi boʻyicha fan doktori (Doctor of Science) ilmiy darajasini berishni nazarda tutuvchi doktoranturada oʻqiydi.

Fan doktori (DSc) ilmiy darajasini olish uchun doktoranturaga kiruvchi yoki mustaqil izlanuvchi sifatida rasmiylashtiriluvchi shaxslar quyidagi talablarga javob berishi kerak:

  • fan nomzodi yoki falsafa doktori (PhD) yoki unga tenglashtirilgan xorijiy mamlakatlarda olingan ilmiy darajalar;
  • fan nomzodi yoki falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olgandan soʻng muhim ilmiy yutuqlarga erishish, shu jumladan, fan doktori (DSc) ilmiy darajasini olish uchun dissertatsiya tadqiqoti asosini tashkil qilishi mumkin boʻlgan ilmiy jurnallarda chop etilgan kamida uchta ilmiy maqolaga hamda ilmiy-amaliy konferensiyalar, seminarlar va tegishli ilmiy yoʻnalishlar boʻyicha ilmiy ishlar toʻplamlarida kamida ikkita tezisga ega boʻlish;
  • doktoranturaga qabul suhbat asosida amalga oshiriladi;
  • oʻrnatilgan tartibda mustaqil tadqiqotchi sifatida rasmiylashtirilgan, falsafa doktori (PhD) yoki fan nomzodi, yoki xorijiy davlatlarda berilgan, unga tenglashtirilgan boshqa ilmiy darajalarga ega boʻlgan shaxslarga ham fan doktori (Doctor of Science) ilmiy darajasini olish uchun doktorlik dissertatsiyasini himoya qilishga ruxsat beriladi. Mustaqil izlanuvchilik suhbat natijasiga koʻra rasmiylashtiriladi.
  • DSc uchun ilmiy konsultant (ilmiy maslahatchi) tayinlanadi;
  • fan doktori (DSc) ilmiy darajasini olish uchun dissertatsiya tadqiqotlarini, izlanuvchining xohishiga koʻra, ilmiy konsultantsiz ham olib borish mumkin.

Fan doktori (DSc) ilmiy darajasi uchun dissertatsiya himoya qilishgacha izlanuvchilar:

  • dissertatsiya natijalarining xalqaro va respublika ilmiy va ilmiy-amaliy konferensiyalarida keng muhokama qilinishini taʼminlashi;
  • OAK tomonidan belgilangan ilmiy jurnallarda chop etilgan dissertatsiyasining asosiy natijalarini aks ettiradigan kamida oʻnta (shu jumladan bittasi xorijda) ilmiy maqolaga ega boʻlishi shart.
  • Ijtimoiy-gumanitar fanlar boʻyicha fan doktori (DSc) ilmiy darajasi uchun izlanuvchilar dissertatsiya natijalari boʻyicha monografiya chop etgan boʻlishi lozim.
  • Fan doktori (Doctor of Science) ilmiy darajasini olish uchun taqdim etilgan dissertatsiya tugallangan ilmiy ish boʻlishi va unda:
  • muhim ijtimoiy-iqtisodiy, ilmiy yoki amaliy muammolar yechimi keltirilgan;
  • yoki tegishli fan sohasining istiqbolli yoʻnalishini rivojlantirish uchun yirik yutuq sifatida baholanadigan yangi nazariy qoidalar kompleksi ishlab chiqilgan;
  • yoki joriy etilishi fan va texnika, ijtimoiy-siyosiy soha yoki iqtisodiyot tarmogʻining rivojlanishiga salmoqli hissa qoʻshadigan nazariy-metodologik va uslubiy asoslar, ilmiy asoslangan texnik, iqtisodiy yoki texnologik yechimlar ishlab chiqilgan (takomillashtirilgan) boʻlishi lozim.

*Ilmiy daraja va uni olishga boʻlgan talablar haqida batafsil: SHU YERDA tanishing.

Ilmiy unvon:

Professor

  • fan doktori ilmiy darajasiga ega boʻlgan;
  • ilmiy unvonga ega boʻlgan;
  • kamida 10 yillik pedagogik va ilmiy, jumladan, OTMda 5 yillik pedagogik ish stajiga ega boʻlgan;
  • kamida bir oʻquv yili davomida OTMning shtatida kafedra mudiri, professor (vazifasini bajaruvchi), oliy harbiy taʼlim muassasalarida kafedra boshligʻi oʻrinbosari yoki kafedra boshligʻi lavozimlarida yoki ushbu lavozimlardan birida bir oʻquv yili davomida kamida 0,25 stavka oʻquv yuklamasini bajargan holda pedagogik faoliyat olib borayotgan muassasa rektori (direktori, boshligʻi), prorektori (direktor oʻrinbosari, boshliq oʻrinbosari), ilmiy kotibi, OTMning oʻquv-tashkiliy tuzilmasi (fakultet, boʻlim) rahbari lavozimlarining birida muvaffaqiyatli ishlab kelayotgan (lavozimida ijobiy oʻzgarish boʻlgan hollarda avvalgi lavozimida ishlash muddati ham eʼtiborga olinadi);
  • dissertatsiya himoyasidan keyin ilmiy ishlar, jumladan ilmiy jurnallarda kamida 5 ta maqola, shundan nufuzli xorijiy ilmiy jurnallarda 2 ta maqola chop ettirgan (tibbiyot sohasidagi talabgorlar uchun dissertatsiya himoyasidan keyin ilmiy ishlar, jumladan ilmiy jurnallarda 10 ta maqola, shundan nufuzli xorijiy ilmiy jurnallarda 2 ta maqola chop ettirgan);
  • pedagogik amaliyotda foydalanilayotgan oʻquv adabiyotlari, jumladan dissertatsiya himoyasidan keyin taʼlim turlarining birida foydalanilayotgan 1 ta darslik (hammualliflikda boʻlgan taqdirda 2 ta) yoki OTM oʻquv dasturlariga mos keladigan 2 ta oʻquv qoʻllanma nashr ettirgan (oʻquv qoʻllanma yetarli boʻlmaganda belgilangan meʼyordan tashqari nashr ettirilgan darslik ham oʻquv qoʻllanma sifatida qabul qilinishi mumkin), shuningdek tibbiyot sohasidagi talabgorlar uchun qoʻshimcha ravishda 1 ta monografiya chop ettirgan.

Dotsent

  • fan doktori yoki falsafa doktori (Doctor of Philosophy) ilmiy darajasiga ega boʻlgan;
  • kamida 5 yillik pedagogik va ilmiy, jumladan, OTMda 3 yillik pedagogik ish stajiga ega boʻlgan;
  • kamida bir oʻquv yili davomida OTMning shtatida kafedra mudiri, professor (vazifasini bajaruvchi), dotsent (vazifasini bajaruvchi) yoki oliy harbiy taʼlim muassasalarida katta oʻqituvchi, kafedra boshligʻi oʻrinbosari yoki kafedra boshligʻi yoxud ushbu lavozimlarning birida bir oʻquv yili davomida kamida 0,25 stavka oʻquv yuklamasini bajargan holda pedagogik faoliyat olib borayotgan muassasa rektori (direktori, boshligʻi), prorektori (direktor oʻrinbosari, boshliq oʻrinbosari), ilmiy kotibi, OTMning oʻquv-tashkiliy tuzilmasi (fakultet, boʻlim) rahbari lavozimlarining birida muvaffaqiyatli ishlab kelayotgan (lavozimida ijobiy oʻzgarish boʻlgan hollarda avvalgi lavozimida ishlash muddati ham eʼtiborga olinadi);
  • dissertatsiya himoyasidan keyin ilmiy ishlar, jumladan ilmiy jurnallarda kamida 3 ta ilmiy maqola chop ettirgan (tibbiyot sohasidagi talabgorlar uchun dissertatsiya himoyasidan keyin ilmiy ishlar, jumladan ilmiy jurnallarda 5 ta ilmiy maqola, shundan nufuzli xorijiy ilmiy jurnallarda 1 ta maqola chop ettirgan);
  • pedagogik amaliyotda foydalanilayotgan oʻquv adabiyotlari, jumladan dissertatsiya himoyasidan keyin OTM oʻquv dasturlariga mos keladigan oʻquv yoki uslubiy qoʻllanma nashr ettirgan, shuningdek tibbiyot sohasidagi talabgorlar uchun qoʻshimcha ravishda 1 ta monografiya nashr ettirgan;
  • pedagogik amaliyotda foydalanilayotgan oʻquv adabiyotlari, jumladan taʼlim turlarining birida foydalanilayotgan 1 ta darslik (hammualliflikda boʻlgan taqdirda 2 ta) (madaniyat, sanʼat, arxitektura, sport va jismoniy tarbiya yoʻnalishlari bundan mustasno) hamda yakka mualliflikda 1 ta oʻquv qoʻllanma nashr ettirgan (oʻquv qoʻllanma boʻlmaganda belgilangan meʼyordan tashqari nashr ettirilgan darslik ham oʻquv qoʻllanma sifatida qabul qilinishi mumkin), shuningdek tibbiyot sohasidagi talabgorlar uchun qoʻshimcha ravishda 1 ta monografiya chop ettirgan;
  • mutaxassislik kafedrasida ishlayotgan talabgor kamida 4 nafar bakalavriatura taʼlim yoʻnalishining bitiruvchi talabasiga ilmiy rahbarlik qilgan yoki davlat stipendiyalari tanlovlari yoxud xalqaro yoki respublika olimpiadalari yoki tanlovlari gʻoliblarini yoki jamoa (jamoalari)ni tayyorlagan.

*Ilmiy unvonlar berishda ayrim istisnolar mavjud. Ular haqida batafsil: SHU YERDA tanishing.

*Maqola Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 16-fevraldagi “Oliy oʻquv yurtidan keyingi taʼlim tizimini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi PF-4958-son Farmoni va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 22-maydagi “Oliy oʻquv yurtidan keyingi taʼlim tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 304-son Qarori hamda “Oliy oʻquv yurtidan keyingi taʼlim toʻgʻrisida Nizom”, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy Attestatsiya Komissiyasi Rayosatining 2016-yil 3-iyundagi “Ilmiy unvonlar berish tartibi toʻgʻrisidagi Nizomni tasdiqlash haqida”gi 2793-son Qaroriga asosan tayyorlandi.

error: Ma‘lumotni nusxalash ta‘qiqlangan!