×

Budjetda oʻqiganlar 3 yil ishlab bermasa diplomini ololmaydimi yoxud budjetda oʻqiganlar xorijda keyingi bosqichda oʻqish uchun diplomini qanday oladi?


Blog

BO'LIM

Tavsiyalar

O'QILGAN

24253 marta

CHOP ETILGAN

12.02.2019

Oʻzbekiston Respublikasi universitetlarida davlat granti asosida taʼlim olgan talabalar oʻqishni tamomlagandan soʻng uch yil ishlab berishlari majburiy. Tabiiyki, belgilangan muddat tugamagunicha diplomni olib boʻlmaydi. Diplom oʻrniga oliygoh tomonidan tasdiqlangan diplom koʻchirmasi taqdim etiladi va bitiruvchi shu koʻchirma asosida ishga kirishi mumkin. Ammo ayrim sabablarga koʻra diplom koʻrsatilgan muddatdan oldin zarur boʻlib qolsa-chi? Bugungi maqolamizda bu masalaga oydinlik kiritishga harakat qilamiz.

Huquqiy asos

Davlat granti asosida tahsil olgan bakalavr va magistratura talabalarining 3 yil davomida ishlab berish majburiyati Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2005-yil 2-iyundagi PQ-92-son “2005/2006-oʻquv yilida Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim muassasalariga qabul toʻgʻrisida”gi qarorining 6-bandiga asosan joriy etilgan. Mazkur hujjatga koʻra Iqtisodiyot, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim, Xalq taʼlimi, Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirliklarining 2005-yil 7-iyuldagi qarori bilan tasdiqlangan “Kadrlarni davlat grantlari asosida maqsadli tayyorlash tartibi toʻgʻrisida” Nizom ishlab chiqilgan. Ushbu Nizom oliy taʼlim muassasalarida davlat grantlari asosida maqsadli tayyorlangan kadrlarni kamida uch yil ishlab berish sharti bilan, taʼlim muassasalari, korxona va tashkilotlarga ishga taqsimlash qoidalari va tartibini belgilaydi.

Davlat granti asosida tahsil olgan bitiruvchi davlat tasarrufidagi idoralarda necha yil ishlab berishi kerak?

Bu masala yuqorida keltirilgan Nizomda quyidagicha koʻrsatilgan:

  1. Barcha taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha davlat grantlari asosida tahsil olgan oliy taʼlim muassasalari bakalavr va magistrlari 2005/2006-oʻquv yilidan boshlab majburiy tartibda kamida uch yil ishlab berish sharti bilan taʼlim muassasalariga, korxona va tashkilotlarga ishga taqsimlanadi.
  2. Oliy taʼlim muassasalarini davlat grantlari asosida bakalavriatni tamomlagan bitiruvchilar magistraturaga toʻlov-kontrakt asosida oʻqishga qabul qilingan taqdirda, kamida uch yil ishlab berish majburiyati magistraturani yakunlagandan soʻng ushbu Nizom talablari asosida amalga oshiriladi.
  3. Agar bitiruvchi oliy taʼlim muassasalarining bakalavriati va magistraturasida davlat grantlari asosida oʻqigan taqdirda, uning ishlab berish majburiyati kamida uch yil deb hisoblanadi.
  4. Oliy taʼlim muassasalarini toʻlov-kontrakt asosida bakalavriatni tamomlagan bitiruvchilar magistraturaga davlat grantlari asosida oʻqishga qabul qilingan taqdirda kamida uch yil ishlab berish majburiyati magistraturani yakunlagandan soʻng ushbu Nizom talablari asosida amalga oshiriladi.

Manba: SHU YERDA.

Qaysi hollarda diplomning asl nusxasi oʻsha zahoti talabaga qaytariladi?

Agar taqsimot komissiyasi bitiruvchini ish bilan taʼminlay olmasa, unga oʻqishni tugatgan kundan soʻng uch kundan kechiktirmay mustaqil ishga joylashish imkoniyati berilganligi toʻgʻrisida maʼlumotnoma va oliy maʼlumot toʻgʻrisidagi diplomning asl nusxasi beriladi.

Ammo, Xushnudbek Xudayberdiyevning taʼbiri bilan aytganda “Lekin men shu paytgacha bunaqa usul bilan diplomning asl nusxasini olgan talaba haqida eshitmaganman, balki boʻlgandir, kim bilsin…”

Manba: SHU YERDA.

Agar bitiruvchi keyingi bosqichda oʻqimoqchi boʻlsa-chi?

Agar davlat granti asosida tahsil olgan talaba Oʻzbekiston oliygohlarida keyingi bosqichda (magistratura, PhD, doktorantura) oʻqimoqchi boʻlsa, oldingi bosqich diplomi oʻrniga kerakli boshqa hujjatlar bilan birgalikda diplomning rasmiy koʻchirmasi (oliy maʼlumotga egalik toʻgʻrisida maʼlumotnoma) ni taqdim etadi. Oliygohlar shu koʻchirma asosida talabani magistratura yoki tayanch doktoranturaga qabul qilishadi. Bundan muammo yoʻq.

Lekin amaliyotda magistraturani davlat granti asosida tugatgan diplom oʻrniga koʻchirma olgan bitiruvchilar tayanch doktoranturaga topshirmoqchi boʻlganda, undan diplomning asl nusxasini yoki notariusdan tasdiqlangan nusxasi soʻragan hollar uchragan. Bunda bitiruvchi diplomini norasmiy shaklda kadrdan olib (albatta, garov qoldirgan holda), uning nusxasini notariusdan tasdiqlatib, topshirgan.

Xorij universitetida magistratura yoki doktoranturani oʻqimoqchi boʻlgan talaba diplomini qanday olishi mumkin?

Bugungi kunning sohaga oid eng dolzarb savoli bu. Chunki, unga aniq javob yoʻq. Nizomda bitiruvchilarning xorijda oʻqishi masalasi chetlab oʻtilgan. Shuningdek, koʻpgina xorij universitetlari asl diploming notarial tasdiqlangan, baʼzida apostil qilingan variantini ham soʻraydi va bu hujjatni taqdim qilmagan nomzod hujjatlari koʻrib chiqilmaydi. Muammoga qanday javob topish mumkin?

Yechim: Yuqorida aytganimizdek, Nizomda diplomdan nusxa koʻchirish mumkin emas, degan taʼqiq yoʻq. Bu oʻrinda bir qancha variantlar bor. Yagona yechim yoʻqligining sababi, turli oliygohlarda ichki meʼyoriy hujjatlarning turlicha ekanligi. Shuningdek, bu masala baʼzida norasmiy usullar bilan hal etiladi. Quyida ushbu masalaning rasmiy va norasmiy usullarini keltirib oʻtamiz:

  1. Koʻpchilik oliygohlar muammoni universitet/institut rektoriga ariza bilan murojaat qilish orqali hal etadilar. Arizada bitiruvchining qaysi xorij universitetining qanday yoʻnalishiga hujjat topshirayotgani va talab etilgan hujjatlar tarkibi toʻliq koʻrsatiladi. Shuningdek, diplom va uning ilovasini vaqtincha (muddat aniq koʻrsatilishi kerak) olish va notarius tasdigʻidan oʻtkazish uchun ruxsat soʻraladi.
  2. Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligiga yozma murojaatnoma bilan chiqish orqali ham masalani yechish mumkin. Ammo bunga qancha vaqt ketishi nomaʼlum (bizning fikrimizcha, oliygoh rahbariyati bilan masalani hal etish qulayroq).
  3. Ayrim universitetlar rahbariyati bitiruvchidan toʻrt (bakalavr)-ikki (magistratura) yillik kontrakt toʻlovini qabul qilgandan keyingina diplomni berishyapti.
  4. Vaziyatni tushungan (talabaga rahmi kelgan) rahbarlar esa vaqtinchalik garovga hujjat (qimmatbaho buyum) qoldirib, diplomni olish va nusxa koʻchirish, notarial tasdiqlatib, qaytarib topshirishga ijozat bermoqdalar.
  5. Eng toʻgʻri yechim – hujjat topshirilayotgan chet el universiteti bilan bogʻlanib, vaziyatni tushuntirish va maslahat soʻrash. Balki, ular qandaydir osonroq yoʻlni koʻrsatishar.

Ayrim mutaxassislar savolimizga: “Davlatning puliga oʻqigandan keyin, ishlab bermasdan chet elga ketolmaydi. Xorijda oʻqishni istasa, “kontrakt”da oʻqish kerak edi!” – deb javob berishdi. Kamina ham “byudjet”da oʻqiganman. Shu paytgacha bu bilim va salohiyatim uchun berilgan mukofot, eʼtirof deb hisoblardim. Bu iddaodan keyin shunday ekanligiga shubhalanib qoldim…

Rossiyada bu masala qanday hal etiladi?

Rossiya qonunchiligida talaba diplomining originalini olish imkoni boʻlmagan yoki hali oʻqishni tamomlamagan vaziyatlarda qanday yoʻl tutish haqidagi masala quyidagicha yoritilgan:

Talaba oʻqiyotgan universitetdan olingan oliy maʼlumotga egalik haqidagi xat (universitetdan “vipiska” yoki “arxiv maʼlumotnomasi”) diplom oʻrnini bosadi. Talabaning iltimosiga koʻra universitetlar bu xatni ingliz tilida tayyorlab berishlari mumkin. Xatga talabaning oʻqigan dasturlari va ularning soatlari hajmi, shuningdek, talaba toʻplagan ball (baho)lar ham kiritiladi. Agar bu hujjat rus tilida tayyorlangan boʻlsa, uning ingliz yoki boshqa tilga tarjima qilib, notarial tasdiqlatish mumkin.

Manba: SHU YERDA va SHU YERDA.

Taʼkidlash joizki, hali oʻqishni tugatmagan talabaning fanlari, soatlari va baholarini oliygoh tomonidan berilish amaliyoti Oʻzbekistonda ham mavjud. Masalan, Yaponiya hukumatining magistratura boʻyicha MEXT grant dasturiga bakalavriatning 4-bosqichida tahsil olayotgan talabalar ham hujjat topshira olishadi. Hali diplom olmagan talabalar universitetdan fanlar, baholar va oʻrtacha oʻzlashtirish darajasi haqidagi rasmiy tasdiqlangan maʼlumotnomani topshirishadi. Bu maʼlumotnoma uchun aniq belgilangan shakl mavjud emas. Odatda bu shaklni talabaning oʻzi ingliz tilida tayyor qilib, oliygoh maʼmuriyatiga taqdim etadi. Masʼul shaxslar esa uni imzo va muhr bilan tadiqlab beradi. Xuddi shu usul bilan MEXT grantiga hujjat topshirgan va uni qoʻlga kiritib, Yaponiyada tahsil olayaotgan talabalar anchagina.

Xulosa

Xulosa oʻrnida bu masalani tartibga soluvchi bosh hujjat boʻlgan Nizomni qayta koʻrib chiqish va yuqoridagi muammolarga oid oʻzgartirish hamda qoʻshimchalar kiritish zarurligini aytish lozim. Bilimi va salohiyati chet el universitetlarida oʻqishga yetadigan yoshlarni majburan ushlab turib Vatanni rivojlantirish masalasini hal qilib boʻlmasa kerak. Balki, meʼyoriy hujjatlarga oʻqishdan keyin Oʻzbekistonga qaytish haqida biror boʻlim qoʻshish, yoki vatanparvarlik ruhida tarbiyalashning boshqa yoʻlini topish kerakdir.

*Maʼlumotlar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2005-yil 2-iyundagi PQ-92-son “2005/2006-oʻquv yilida Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim muassasalariga qabul toʻgʻrisida”gi qarorining 6-bandi, Iqtisodiyot, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim, Xalq taʼlimi, Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirliklarining 2005-yil 7-iyuldagi qarori bilan tasdiqlangan “Kadrlarni davlat grantlari asosida maqsadli tayyorlash tartibi toʻgʻrisida” nizom ga asosan tayyorlandi.

**Barcha keltirilgan misollar real insonlarning shaxsiy tajribalaridan, yaʼni, haqiqiy vaziyatlardan olingan. Maqolani yozishda taʼlimning aynan shu sohasida faoliyat yurituvchi koʻp sonli masʼul shaxslar va huquqshunoslar bilan fikrlashildi. Ularning shaxsini maxfiy saqlagan holda, ushbu maʼlumotlar taqdim etilmoqda.

error: Ma‘lumotni nusxalash ta‘qiqlangan!