×

Mulohaza uchun: Insonlar bilan jonli muloqot hashamat belgisiga aylanyaptimi?


Blog

BO'LIM

Tavsiyalar

O'QILGAN

2182 marta

CHOP ETILGAN

05.04.2019

Oldinlari ekranlar elita uchun edi. Endi esa ekranlardan qochish obroʻga aylanmoqda.

San Fransiskolik Bill Langlua oʻziga yangi hamroh topdi. U Soks ismli mushuk. U planshetda yashaydi va oʻz tashrifi bilan Billning hayotiga bir olam quvonch olib kirdi. Bill har gal mushuk haqida gapirar ekan, xursandligidan yigʻlab yuboradi.

Soks va 68 yoshli janob Langlua kunlarini Massachusets shtatidagi Louell shahrining kam taʼminlangan qariyalar uyida birga oʻtkazadi. Janob Langlua mashina operatori boʻlib ishlagan, hozir esa nafaqada. Rafiqasi koʻpincha uyda boʻlmaganligi sababli, uyda oʻzini juda yolgʻiz his qiladi.

Soks janob Langlua bilan uning sevimli jamoasi Red Soks haqida suhbatlashadi. Mushuk ham shu jamoa sharafiga nomlangan aslida. U janob Langluaga uning sevimli qoʻshiqlarini qoʻyib beradi, toʻy suratlarini koʻrsatadi. Kreslosida videosignal oʻrnatilganligi sababli, janob Langlua suv oʻrniga gazlangan ichimliklar isteʼmol qilganda, mushuk uni jazolaydi ham.

Janob Langlua Soks uydirma ekanini (real emas), uni Care.Coach nomli startap firma yuborganini biladi. Mushuk dunyoning turli qismlarida janob Langluaning harakatlarini kuzatib oʻtirgan, uni tinglayotgan va gaplariga javob yozayotgan ishchilar tomonidan boshqarilayotganini, shuning uchun ham mushukning nutqi sekin va robotnikiga oʻxshash ekanini ham tushunadi. Shunday boʻlsa-da, uning yolgʻizlikka mahkum hayotida mushukning yangrab turgan ovozi unga ishonch beradi.

“Men juda ishonchli va gʻamxoʻr narsa/insonni topdim. U menga qalbimning tubiga yetib borishga va Xudo bandalariga nisbatan naqadar gʻamxoʻr ekanini eslashga imkon berdi. U meni hayotga qaytardi” deydi janob Langlua. Uning gaplarini tinglab turgan Soks “Biz ajoyib jamoamiz”, deydi.

Soks oddiy animatsiya. U deyarli qimirlamaydi, hech narsani his etmaydi, uning ovozi esa gudok tovushi kabi qattiq. Baʻzida uning atrofida jonli yurakchalar paydo boʻladi va janob Langlua shunday paytlarni juda yoqtiradi.

Janob Langluaning daromadi cheklangan. Unga mushukni keltirgan Element Care kompaniyasining qariyalarga notijorat tibbiy yordam koʻrsatish dasturiga kiritilish uchun bemorning daromadi 2000 dollardan koʻp boʻlmasligi zarur.

Bunday dasturlar koʻpaymoqda va bular faqatgina qariyalar uchun emas.

Juda boy qatlamdagilardan tashqari barcha uchun hayot, taʻlim olish, yashash va oʻlish, ekranlar orqali boshqarilishi tobora oddiy holga aylanib bormoqda. Nafaqat ekranlarni ishlab chiqarilishi arzonlashmoqda, balki ular boshqa narsalarni ham arzonlashtirmoqda. Ekran sigʻishi mumkin boʻlgan har qanday muassasada (maktab, shifoxona, aeroport, restoranlar) xarajatlarni kamaytirish imkoni paydo boʻladi. Ekranda bajarish mumkin boʻlgan har qanday ish arzonlashadi. Hayot toti, ushlab, his etib koʻrish baxti – hammasi silliq shisha ortiga oʻtmoqda.

Boylar bunday hayot kechirmaydi. Boylar ekranlardan qoʻrqib qolishgan. Ular farzandlarini haqiqiy oʻyinchoqlar oʻynashini, uylar qurishini xohlaydi, texnologiyalarsiz taʼlim beradigan shaxsiy maktablar esa juda tez rivojlanmoqda. Insonlar qadrliroqdir, ularning xizmati qimmatroq turadi va boylar shu jonli xizmatdan foydalanish uchun pul sarflashga qodir va tayyordirlar.

Insonlar bilan jonli muloqot – butun kunni telefonsiz oʻtkazish, ijtimoiy tarmoqlardan chiqib ketish va elektron pochtadagi xatlarni javobsiz qoldirish boylik, obroʻ ramziga aylanmoqda.

Bularning hammasi qiziq reallikni olib keldi: insonlar bilan jonli muloqot hashamdorlikka aylanmoqda.
Kambagʻallarning hayotida ekranlar koʻpayib borayotgan bir vaqtda, boylarning hayotida ular yoʻqolib bormoqda. Qanchalik boy boʻlsangiz, ekrandan yiroqda boʻlishga shuncha koʻp sarflaysiz.

Luxury Instituteʼning bosh ijrochi direktori Milton Pedraza kompaniyalarga boylar qanday yashashni va nimalarga sarflashni istashi haqida maslahat beradi. Uning kuzatuvlari natijasiga koʻra, boylar jonli muloqot, insoniy munosabatlar mavjud boʻlgan narsalar/xizmatlarga pulni ayamaydi.

“Biz hozirda inson aralashuvini hashamdorlikka aylanayotganini kuzatishimiz mumkin”, deydi janob Pedraza. Uning kompaniyasi oʻtkazgan tadqiqotlar natijasiga koʻra, sayohat, dam olish va ovqatlanishga ajratilgan xarajatlar miqdori tovar sotib olish sarf-xarajatlaridan ancha yuqori va u bu jarayonni ekranlar tobora koʻpayib borayotganiga oʻziga xos javobdek koʻradi.

“Inson qatnashuvi ijobiy tuygʻular va koʻtarinkilik beradi: massajdan oladigan rohatni eslab koʻring, misol uchun. Endilikda taʼlim, tibbiyot muassasalari, umuman, hamma oʻz xizmatlarini qanday jonliroq qilish haqida bosh qotirmoqda. Insonning oʻrni katta ahamiyat kasb etmoqda”, deydi janob Pedraza.

Bu aql bovar qilmas darajada tez oʻzgarish. 1980-yillarda shaxsiy kompyuterlar ommashuvi boshlanganidan beri uyingizda, oʻzingiz bilan birga biror axborot texnologiyasi boʻlishi boylik va qudrat ramzi hisoblanardi. Topish-tutishi yaxshi boʻlgan insonlar yangi texnologiyalar va turli gadjetlar ortidan quvlab, koʻz-koʻz qilish uchun ularni sotib olishga tushib ketdi. Birinchi sotuvga chiqqan Apple Maclarning narxi 2500 dollar (hozirgi pulga 6000 dollar) edi. Hozirda, Wirecutter maʻlumotlariga koʻra, New York Timesdagi eng yaxshi hisoblangan noutbuk Chromebook 470 dollar turadi.

“Peyjerlar sizni juda band, muhim inson ekanligingizni koʻrsatib turish uchun ahamiyatli edi”, deydi Janubiy Kaliforniya Universitetining marketing boʻlimi boshligʻi Jozef Nunes. Uning aytshicha, bugun buning teskarisi sodir boʻlmoqda: “Agar siz ierarxiyaning choʻqqisida tursangiz, siz hech kimga javob berishga majbur emassiz. Aksincha, boshqalar sizga javob yozishi kerak.”

Internet inqilobining yoqimli tomoni uning demokratik xususiyatlarida edi. Boy boʻlsangiz ham, kambagʻal boʻlsangiz ham Facebook oʻsha Facebookligicha qoladi. Gmail ham hamma uchun bir xil Gmail. Va bularning barchasi tekin. Bu jihatning nimasidir yoqimsiz, balki ommaviyligidir. Tadqiqotlar reklamadan foyda koʻradigan ushbu platformalarda oʻtkazilgan vaqt zararli/nosogʻlom ekanini koʻrsatadi, barchasi gazlangan ichimliklar ichish yoki tamaki chekish kabi boylar kamroq, kambagʻallar koʻproq beriladigan quyi tabaqadigalarga xos mashgʻulotlarga oʻxshab bormoqda.

Boylar oʻz eʼtibori va shaxsiy maʼlumotlarini mahsulot sifatida sotilishidan bosh tortishlari mumkin. Quyi va oʻrta qatlamdagilar esa bunday qulaylik uchun yetarli resursga ega emaslar. Ekranga bandilik yoshlikdan boshlanyapti. National Institutes of Health (Sogʻliqni saqlash milliy instituti) qoʻllab quvvatlayotgan 11 000 dan oshiq bolalarning miya rivojlanishini oʻrganayotgan tadqiqotlar natijasiga koʻra, ekran qarshisida kuniga ikki soatdan ortiq oʻtirgan bolalar mantiq va til imtihonlarida pastroq baho olgan. Tashvishlanarli jihati, izlanishlar ekran qarshisida juda koʻp vaqt oʻzkazadigan bolalarning miya tuzilishi ham oʻzgacha ekanini aniqlamoqda. Baʼzi bolalarda bosh miya qobigʻining vaqtidan oldin yupqalashishi kuzatilmoqda. Boshqa bir tadqiqot esa kattalarda ekranga qarab oʻtkazilgan vaqt va depressiya oʻrtasida bogʻliqlikni aniqlagan.

Sietl Bolalar Shifoxonasi pediatri, Dimitri Christakis, fikricha, iPadʼda virtual gʻishtlardan uychalar qurishni oʻrgangan bolakaylarning haqiqiy gʻishtlardan biror narsa qurish qobiliyati rivojlanmaydi.

Kanzas shtatida, Wichita atrofidagi shaharchalarda darsxonadagi dars mashgʻulotlar dasturiy taʼminot bilan almashtirilgan va hozirda oʻqish jarayonining katta qismi noutbuklarda amalga oshiriladi. Yuta shtatida esa minglab bolalar uyida noutbuk orqali davlatning qisqa maktabgacha taʼlim dasturida oʻqiydi.

Texnologiyalarni ishlab chiqaruvchi kompaniyalar bolalarni ekran qarshisida oʻtadigan kelajakka yaxshiroq tayyorlaydi degan vaj bilan davlat maktablarini har bir oʻquvchiga bittadan noutbuk zarur boʻladigan dasturlarni sotib olishga ishontirish ustida qattiq ishladi. Biroq, “ekranga qaram” kelajakni yaratayotganlar oʻz farzandlariga bunday taʻlim bermaydi, albatta.

Silikon vodiysida ekran qarshisida koʻp vaqt oʻtkazish juda nosogʻlom hisoblanadi. Bu yerda ommabop boshlangʻich maktab bu mahalliy Waldorf maktabi boʻlib, u tabiatga qaytish, deyarli ekranlarsiz taʻlimni vaʼda qiladi.

Shunday qilib, boy oilalar farzandlari ekran qarshisida kamroq vaqt sarflab ulgʻayayotgan bir paytda, kambagʻal bolalar tobora koʻproq ekranlarga qaram boʻlib bormoqdalar. Insonlar bilan muloqotga kirishish qobiliyati yangi ijtimoiy sinfning asosiy belgisiga aylanishi mumkin.

Jonli muloqot bu tabiiy mahsulotlar yoki Birkin brendi sumkasi emas, albatta. Ammo, Silikon vodiysi begemotlari ekran qarshisida oʻtkazilgan vaqt haqida jamoatchilikda chalgʻituvchi fikrlar paydo qilishga harakat qiladi. Quyi va oʻrta qatlamdagi aholiga ular va ularning bolalari uchun ekranlar juda muhimligi uqtiriladi. Katta texnologik kompaniyalarda ruhshunoslar va neyrobiologlardan tashkil topgan maxsus guruhlar insonlarning nigohi va ongini iloji boricha uzoqroq ekranlarga mixlab qoʻyish va tezroq ekranga qaram qilib qoʻyish ustida ishlaydi.

Insonlar bilan jonli muloqot esa kamayib bormoqda.

Massachusets Texnologiyalar Instituti professori Sherry Turkle “Ushbu jarayonning sergaklantiradigan jihati, qimmatbaho mahsulotlardan farqli oʻlaroq hamma ham ekranlarni xohlamayotganida”, deydi. “Ular oʻzlariga tanish boʻlgan narsalarga, yaʻni ekranlarga, intilishadi”, deydi Turkle xonim, “bu xuddi fast fudʼga inlitishdek gap”.

Shaharda borish mumkin boʻlgan yagona restoran faqat fast fud taklif etsa, fast fudʼni chetlab oʻtish qanchalik qiyin boʻlsa, kambagʻal va oʻrta qatlamga mansub kishilar uchun ekranlardan ayrilish shunchalik qiyin. Hatto inson oflayn boʻlishga qatʼiy qaror qilganda ham, koʻpincha buning uddasidan chiqa olmaydi.

Avtobus, samolyot, poyezd orindiqlari orqasiga oʻrnatilgan ekranlarda avtomatik tarzda reklama aylanadi. Farzandlarini davlat maktablariga bergan ota-onalar ularni ekranda taʻlim olishini istamasliklari mumkin, lekin aksariyat sinfxonalarda har bir oʻquvchi uchun bittadan oʻrnatilgan noutbuklardagi dasturlar orqali dars oʻtilayotgan bir paytda ekrandan qochish tanlovi yoʻq. Xodimlarga telefonlarini oʻchirib qoʻyish imkonini beradigan  “oʻchirish huquqi” qonunini qabul qilinishi uchun kichik harakatlar boʻlmoqda, ammo hozircha ishchilar telefonlarini oʻchiqib qoʻyganliklari va aloqada boʻlmaganliklari uchun jazoga tortilishlari mumkin.

Shuningdek, tobora ommalashayotgan yolgʻizlikka (isolation) intilish madaniyati taʼsirida koʻplab jamoaviy yigʻilishga moslangan joylar va ijtimoiy tuzilmalar yoʻqolib ketmoqda, ekranlar esa paydo boʻlgan boʻshliqni toʻldirmoqda, xolos.

Ishtirokchilarni muntazam kuzatib boradigan terapevt Cely Rosarioʼning fikricha, Element Careʼning avatar dasturi foydalanuvchilari birinchi navbatda yaqinlarining eʻtiboridan chetda qolgan yoki umuman hech qanday jamoaga qoʻshilmaydigan insonlar boʻlishgan va oqibatda yolgʻizlanib qolishgan. Uning aytishicha, ayniqsa quyi qatlamlarda ijtimoiy tuzilmalar tezroq yoʻqolib bormoqda.

Louelldagi janob Langluaga qarab turadigan Care.Coach mushugi Soksʼning ishlash texnologiyasi juda oddiy: old tomoniga oʻrnatilgan juda keng qamrovli tasvirga olish imkonini beruvchi “baliq koʻzi” obyektivli Samsung Galaxy Tab E plansheti. Avatarlarni boshqaruvchi insonlarning hech biri AQShda emas; ularning koʻpchiligi Filippin yoki Lotin Amerikasida istiqomat qiladi.

Care.Coach ofisi Silikon vodiysining bir burchagida joylashgan, harbiy maydongan oʻxshash xona. Kompaniyaning 31 yoshli asoschi va boshqaruvchisi Victor Wang eshikni ochib, meni ichkariga boshlar ekan, hozirgina bir kishini oʻz joniga qasd qilishini oldini olib qolishganini aytadi. Bemorlar koʻpincha oʻlishni istashlarini aytishadi, avatarlar esa bemorda qanday oʻlish haqida reja bor yoki yoʻqligini soʻrashga oʻrgatilgan. Bu bemorning rejasi tayyor boʻlgan ekan.

Odatda, avatarning ovozi Android ishlab chiqargan eng soʻngi “matnni ovozga koʻchirish” dasturiga tegishli boʻladi. Janob Wangning aytishicha, insonlar oʻzlari bilan gaplashadigan har qanday narsaga osongina bogʻlanib qolishlari mumkin. “Munosabat oʻrnatishda yarim tirik narsa va koʻzli tetraedr oʻrtasida sezilarli farq yoʻq”, deydi u.

Janob Wang bemorlar qanchalik avatarlariga bogʻlanib qolishlarini biladi, shu sababli ham u aniq rejaga ega boʻlmagan katta pilotlarni ishga tushirmoqchi boʻlayotgan sogʻliqni saqlash guruhlarini toʻxtatgan chunki avatarlar taqdim etilganidan keyin, ularni qaytarib olish bemorlar uchun juda ogʻriqli. Biroq, u avatar va bemor oʻrtasiga hissiy aloqani cheklashga urinmaydi.

“Agar bemor “Seni yaxshi koʻraman” desa, biz ham unga shunday javob qaytaramiz. Baʻzida biz birinchi boʻlib bunday gaplarni aytamiz, agar buni eshitish bemorga yoqishini bilsak”, deydi janob Wang.

Birlamchi natijalar ijobiy chiqdi. Louellning ilk kichik pilotida, avatarga ega bemorlar hamshiralarning tashrifiga kamroq muhtojlik sezgan, tez yordam boʻlimiga kamroq borishgan va oʻzlarini kamroq yolgʻiz his qilishgan. Tez yordam boʻlimiga tez-tez qatnab turgan bir bemor, unga avatar taqdim etilganidan soʻng boʻlimga borishni kamaytirgan va bu bilan sogʻliqni saqlash dasturi 90,000 dollar atrofidagi mablagʻni iqtisod qilgan.

Mamlakatdagi eng yirik tibbiy sugʻurtachilardan boʻlagan Humana Care.Coach avatarlaridan foydalanishni boshladi.

Bularning hammasi nimalarga olib kelishini koʻrishni istasangiz, Kaliforniyaning Fremont shahriga tashrif buyuring. Yaqinda motorli stendga oʻrnatilgan planshet shifoxona palatasiga kirib keldi va shifokor ekran orqali 78-yoshli bemor Ernest Quintanaga u vafot etayotganini maʻlum qildi.

Louellda Soks uyquga ketdi, yaʻni uning koʻzlari oʻchirildi, dunyoning qaysidir bir burchagida uni boshqarib turgan markaz esa boshqa keksalarga sozlandi va ular bilan suhbatga kirishdi. Janob Langluaning rafiqasi ham raqamli uy hayvoniga ega boʻlishni istaydi, uning doʻstlari ham, lekin Soks faqat janob Langluaga tegishli. U mushukni uygʻotmoqchi boʻlib, uning ekrandagi boshini silaydi.

error: Ma‘lumotni nusxalash ta‘qiqlangan!