Kelgusi o‘quv yilidan abituriyentlar 5 ta fandan test sinovi topshiradilar, 3 tasi majburiy
2020/2021-o‘quv yili qabulidan boshlab test sinovi topshiriladigan fanlar majmuasi ikki bo‘limga ajratiladi.
Birinchi bo‘limga barcha test topshiruvchilar uchun majburiy bo‘lgan quyidagi uchta fan kiritiladi:
- ona tili (o‘zbek, rus yoki qoraqalpoq tili);
- matematika;
- O‘zbekiston tarixi.
Ikkinchi bo‘limga abituriyent tanlagan bakalavriat ta’lim yo‘nalishiga mos ikkita fan kiritiladi.
IELTS, TOEFL, TestDAF kabi sertifikatlarga ega abituriyentlar chet tili testlaridan ozod qilinadi
IELTS, TOEFL (ingliz tili), DELF (fransuz tili), Goethe-Zertifikat (nemis tili) va bir qator boshqa xorijiy tillarning xalqaro sertifikatiga ega abituriyentlarga shu fandan belgilangan maksimal ball berilib, testdan ozod etiladi.
Masalan, agar ingliz tili birinchi fan sifatida kiritilgan bakalavriat yo‘nalishlariga hujjat topshirgan bo‘lsa:
- International English Learning Testing System (IELTS 5,5) va undan yuqori,
- Test of English as a Foreign Language (TOEFL IBT 72) va undan yuqori,
- Cambridge Assessment English FCE va undan yuqori ko‘rsatkichlarga ega bo‘lishlari kerak.
Ingliz tili birinchi fan bo‘lmagan boshqa bakalavriat yo‘nalishlarida:
- International English Learning Testing System (IELTS 4,5),
- Test of English as a Foreign Language (TOEFL IBT 42) va undan yuqori,
- Cambridge Assessment English PET, B1 va undan yuqori ko‘rsatkichlarga ega bo‘lishlari kerak.
Magistratura yo‘nalishlarida ham shunday tartib joriy etiladi.
Bu nafaqat ingliz tiliga, balki nemis, fransuz, ispan, arab, fors, dari, hind, urdu, xitoy, koreys, uyg‘ur, italyan, yapon tillariga ham taalluqli.
Hujjatlar universitet qabul komissiyasiga topshirilmaydi
Abituriyentlardan hujjatlar faqat Davlat xizmatlari markazlari yoki O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali qabul qilinadi.
Qayta test topshirayotganlar pul to‘laydi
Test sinovlari tashkil etilayotgan o‘quv yilidan avvalgi yillarda ta’lim muassasalarini tugatgan abituriyentlardan test sinovlarida ishtirok etishi uchun EKIHning yarim baravari (101 ming 365 so‘m) miqdorida to‘lov undiriladi.
Nogiron yoki to‘liq davlat ta’minotidagi shaxslar bundan mustasno.
Manba: minbar.uz