Qayerda? Germaniya
Kim uchun? Oʻzbekistonlik yosh olimlar uchun
Hujjat topshirish muhlati: 2019-yil 31-avgustgacha
Rasmiy havola: shu yerda.
Asosiy ma’lumot: Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi Taʼlim va tadqiqotlar boʻyicha Germaniya federativ vazirligi bilan hamkorlikda puxta tadqiqot rejasiga ega 15 tagacha oʻzbekistonlik yosh olimlarning ilmiy ishlanmalarini qoʻllab-quvvatlash maqsadida Germaniya tadqiqot institutlarida ikki hafta davomida malaka oshirishlari uchun grant dasturini eʼlon qiladi.
Amaliyot dasturi ikki hafta davom etadi:
Birinchi hafta davomida yosh olimlar Germaniya innovatsion landshaftini oʻrganish maqsadida mamlakatning turli ilmiy va innovatsion markazlariga tashrif buyuradilar;
Ikkinchi haftada olimlar faoliyati tadqiqot mavzulariga mos boʻlgan Germaniya ilmiy tashkilotlarida malaka oshirish imkoniyatiga ega boʻladilar. Germaniya ilmiy tashkilotlari bilan hamkorlik Germaniya ilmiy konkurslari va ilmiy grant dasturlarida hamkorlik asosida ishtirok etish uchun ham sharoit yaratadi.
Amaliyot dasturining tadqiqot yoʻnalishlari:
Ilmiy sohalarning barcha yoʻnalishlaridan tadqiqot rejalari qabul qilinadi. Lekin quyidagi sohalar boʻyicha joʻnatilgan tadqiqot rejalari ustunlikka ega boʻladi:
- Aqlli shahar (Smart cities);
- Atrof-muhitni oʻrganish (Environmental science);
- Barqaror rivojlanish (Sustainable development);
- Qishloq xoʻjaligi (Agricultural science);
- Madaniy meroslarni asrashga qaratilgan innovatsion texnologiyalar (Technological innovation in cultural heritage conservation).
- Innovatsion faoliyatga yoʻnaltirilgan va natijalarini amaliyotga joriy qilishga qaratilgan loyihalar tanlovda ustunlikka ega boʻladi.
Grantning manfaatli jihatlari
Nomzodlarning quyidagi xarajatlari tashkilotchilar tomonidan toʻliq qoplab beriladi:
- ikki tomonlama ekonom klass aviachiptalari;
- Germaniyada turar joy va oziq-ovqat xarajatlari;
- Germaniya hududida ichki yoʻl xarajatlari va loyiha bilan bogʻliq boshqa xarajatlar.
Amaliyot dasturida ishtirok etib qaytgan nomzodlar 2019-yil oktyabr oyida Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan oʻtkaziladigan “INNOWEEK” – innovatsion gʻoyalar haftaligi davomida tadqiqot natijalariga bagʻishlangan taqdimotlari yoki oʻz loyihalari bilan qatnashishlari lozim. Shuningdek gʻoliblar oʻzlari birga ishlagan germaniyalik tashkilotlar bilan hamkorlikda Germaniya hukumati tomonidan oʻtkaziladigan ilmiy tanlovlar va grant dasturlarida ishtirok etish imkoniyatini qoʻlga kiritadilar.
Nomzod quyidagi talablarga mos boʻlishi kerak:
- ilmiy tadqiqot rejasining yuqori darajada boʻlishi;
- kamida bakalavr darajasiga ega boʻlishi;
- ilmiy tadqiqot bilan shugʻullanayotgan boʻlishi;
- ilmiy konferensiya va jurnallarda maqolalar nashr qilgan boʻlishi (maqolalar ingliz va/yoki nemis tilida topshiriladi);
- innovatsion faoliyatga boʻlgan qiziqish;
- ingliz va/yoki nemis tilini bilish;
- nomzodlarga oʻzlari amaliyot oʻtashni xohlayotgan tashkilot bilan aloqaga ega boʻlishlari tavsiya etiladi.
Hujjat topshirish jarayoni
Nomzodlarni tanlab olish jarayoni:
Birinchi bosqich.
Nomzodlar 2019-yilning 31-avgustiga qadar shu yerdan roʻyxatdan oʻtishlari va exchange@mininnovation.uz manziliga quyidagi hujjatlarning elektron nusxalarini taqdim etishlari lozim:
- “What makes you the best candidate for this project?” mavzusida motivatsion xat (inlgiz tilida, kamida 500 ta soʻz).
- Ilmiy tadqiqot mavzusiga aloqador boʻlgan ilmiy ishlari. Bularga nashr etilgan tezislari, maqolalari va boshqa turdagi hujjatlar kiradi: konferensiya va ilmiy jurnallardagi maqolalarni topshirish mumkin, faqat ingliz yoki nemis tilida boʻlishi kerak.
- Rezyume (ingliz tilida).
- Ilmiy darajasini tasdiqlovchi diplomlarning elektron nusxalari (bakalavriyatdan boshlab). Notarial tasdiq va tarjima shart emas, ya’ni qaysi tilda boʻlsa, shundayligicha nusxa koʻchirib topshiriladi.
Quyidagi hujjatlarni taqdim etgan nomzodlarga tanlovda ustunlik beriladi:
- Til bilish sertifikatlari (IELTS, TOEFL, CEFR, TestDaF, Goethe Zertifikat va boshqalar) muddati o’tgan sertifikatlar ham qabul qilinadi;
- Boshqa nashr etilgan ilmiy maqolalarining elektron nusxalari (ingliz yoki nemis tilida);
- Boshqa erishgan yutuqlarini tasdiqlovchi hujjatlar. Masalan, malaka hujjatlari, tanlovlardagi mukofotlar, kabi.
Qoʻyilgan talablarga mos kelmaydigan hujjatlarni taqdim kilgan arizalar koʻrib chiqilmaydi!
Ikkinchi bosqich.
Vazirning yuqori martabali maslahatchisi Karsten Xayns boshchiligida Innovatsion rivojlanish vazirlgi va hamkor tashkilotlar tomonidan saralash jarayoni amalga oshiriladi. Saralash jarayonida nomzodlarning til bilish darajasi tekshiriladi va ilmiy tadqiqot rejasi boʻyicha suhbat oʻtkaziladi.
Grant sohiblari uchun joʻnab ketishlaridan oldin Innovatsion rivojlanish vazirligi binosida bir kunlik tayyorlov seminari tashkil qilinadi.
Murojaat uchun: 998712033223 (130 ichki raqam)