×

Ko‘pchilik so‘rayotgan savolga javob: minimum ball bormi?


Blog

BO'LIM

Muvaffaqiyatga yo'l

O'QILGAN

11993 marta

CHOP ETILGAN

17.08.2019

Har yili test sinovlarida minimum ball chegarasi qo‘yiladi. Ya’ni abituriyentlar bilimi orqali nafaqat o‘zgalar bilan, eng avvalo o‘zi bilan ham kurashishi kerak. Agar abituriyent minimum ballni to‘play olmasa, unda hattoki kvotada joy bo‘lsa ham, u talabalikka qabul qilinmaydi.

Eshitishimga qaraganda, bu minimum ball test sinovlari joriy etilgan dastlabki yillarda maksimal ballning 50%i bo‘lgan ekan. Ya’ni maksimal ball 226,8 bo‘lgan bo‘lsa, 113,4 balldan kam to‘plaganlar joy bo‘lsa ham qabul qilinmagan. Ammo bu talab tufayli juda ko‘p kvotalar to‘lmasdan, bo‘sh qolib ketgani uchun, noiloj minimum talabni 30% ga tushirishgan ekan.

Joriy yilda ham minimum talab xuddi avvalgi yillardagidek.

To‘lov-kontrakt uchun – 56,7 ball;

Davlat granti uchun – 68 ball.

Bu nima degani?

Aniq misol bilan tushuntiraman.

Pastdagi 1-rasmga qarang. Toshkent temir yo‘l transporti muhandislari institutining «Elektr texnikasi, elektr mexanikasi va elektr texnologiyalari (tarmoqlar bo‘yicha)» yo‘nalishining rus guruhiga jami 24 ta kvota ajratilgan. Shundan 4 ta grant, 20 ta kontrakt.

Lekin natijalarga qarasak, 22, 23 va 24-o‘rindagi abituriyentlar 56,7 balldan kam to‘plaganini ko‘rish mumkin. Demak, ular garchi kvota ichida turgan bo‘lsa ham talabalikka qabul qilinmaydi.

2-rasmga qarang. Samarqand veterinariya meditsinasi instituti «Biotexnologiya» yo‘nalishida Andijon viloyati uchun davlat grantiga 1 ta maqsadli qabul kvotasi ajratilgan. O‘sha 1 ta o‘rin uchun 10 kishi hujjat topshirgan. Lekin 10 nafar abituriyentning barchasi 68 balldan kam to‘plagan. Demak, o‘sha davlat granti uchun ajratilgan 1 ta o‘ringa hech kim kira olmaydi. Bo‘sh qoladi.

Ana shunaqa gaplar. To‘g‘risini aytsam, hamma savolga tavakkal faqat 1 ta variantni belgilab chiqqanlar 40-45 ball oladigan bir zamonda yoshlarimizning atigi 56,7 ball to‘play olmasligi bizni xavotirga solishi kerak, albatta. Ammo nailoj, qozonda bori cho‘michga chiqadi.

Savol tug‘ilishi mumkin, 56,7 balldan kam to‘plaganlar endi o‘qishga kira olmaydimi?

Kirishi mumkin. Moliyaviy imkoniyati borlar super-muper kontrakt orqali kamida 20 baravardan 50 baravargacha bo‘lgan kontraktni to‘lab (yo‘nalishiga qarab), talaba bo‘lishlari mumkin (hali narxi noma’lum).

Shu o‘rinda yana bir gap: hatto 56,7 ball ham to‘play olmaganlar ko‘pincha «Moliyaviy imkoni yo‘qlar nima qilsin, hamma narsa boylar uchun ekanda, ular o‘qiydiyu, biz o‘qiy olmaymizmi, aybimiz kambag‘alligimizmi?» deb yozishadi.

Ularga javobim: aybingiz kambag‘allikda emas, bilimsizligingizda. Ozgina ixlos va xohish bilan qo‘lingizga kitob olganingizda edi, bemalol byudjetlarga ham kirardingiz, nolib, diydiyo ham qilib yurmasdingiz.

Hammasi o‘z qo‘lingizda, ishoning. Aybni o‘zgalardan emas, eng avvalo o‘zingizdan izlang.

Salomat bo‘ling. Barcha bilimlilarga, bilim olishga ishtiyoqi borlarga omad tilayman!

Manba: @xushnudbek

error: Ma‘lumotni nusxalash ta‘qiqlangan!