×

Yangi oʻquv yili uchun “super-kontrakt” tartibi haqida nimalar maʼlum?


Blog

BO'LIM

Yangiliklar

O'QILGAN

9927 marta

CHOP ETILGAN

17.09.2019

Ayni kunlarda oliy taʼlim muassasasiga oʻqishga kira olmaganlardan oshirilgan kontrakt (super-kontrakt) asosida oʻqishga qabul qilinish uchun OTM rektorlari nomiga arizalar qabul qilinmoqda.

Belgilangan tartibga koʻra, abituriyentlar oshirilgan kontrakt asosida qoʻshimcha qabulga kirish uchun test natijalari eʼlon qilingan sanadan boshlab 1 oy ichida ariza berishlari kerak. Shu bois, oʻqishga kirish istagida boʻlganlarda oshirilgan kontrakt tartibi boʻyicha koʻplab savollar tugʻilmoqda. Oshirilgan kontrakt asosida OTMlarga qoʻshimcha qabulning joriy oʻquv yili uchun tartibi, toʻlov summalari hali rasman maʼlum qilinganicha yoʻq.

Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi axborot xizmati maʼlumotlariga koʻra, qoʻshimcha qabulning 2019 ─ 2020 oʻquv yili uchun tartibi 15-oktabr sanasiga qadar maʼlum qilinadi. (“Oliy taʼlim muassasalari bakalavriatiga oʻqishga qabul qilish tartibi toʻgʻrisida”gi Nizomga asosan qoʻshimcha qabulni amalga oshirish takliflari OTMlar tomonidan vazirlik va idoralar bilan kelishilgan holda 15-oktyabrga qadar Davlat komissiyasiga kiritilishi kerak. Qoʻshimcha qabul boʻyicha qaror 20-oktyabr sanasiga qadar qabul qilinadi).

Hozircha oshirilgan kontrakt borasida quyidagilar maʼlum:

Oshirilgan kontrakt toʻlovini ikkiga boʻlib amalga oshirish mumkin.

Ilgari super-kontrakt uchun belgilangan summaning hammasini bir martada toʻlash talab etilar edi. Joriy oʻquv yilidan boshlab oshirilgan kontrakt summasini ikkiga boʻlib toʻlash imkoni beriladi.

Super-kontrakt uchun ham taʼlim krediti ajratiladi.

Talabalarga kontrakt toʻlovini toʻlashda qulaylik yaratish uchun beriladigan taʼlim krediti oshirilgan kontrakt asosida oʻqiydiganlar uchun ham tatbiq etilishi kutilmoqda. Bu haqida Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri oʻrinbosari Sarvar Buzrukxonov toʻlov-shartnoma asosida oʻqishning yangi tartibiga bagʻishlangan matbuot anjumanida maʼlum qilgan edi.

Stipendiyasiz toʻlov oshirilgan kontrakt uchun ham amal qiladi.

2019-yil sentyabr oyidan boshlab kuchga kirgan stipendiyasiz toʻlov (bunda kontraktning umumiy summasidan oylik 400 ming soʻmlik stipendiyaning bir yillik summasi chegirib qolinadi) shakli oshirilgan kontrakt asosida oʻqishga qabul qilinganlar uchun ham amal qiladi. Oshirilgan kontrakt uchun stipendiyasiz kontrakt miqdori ─ 6 million 200 ming soʻm asos qilib olinadi.

Oshirilgan toʻlov-kontrakt miqdori amalda oʻrnatilgan toʻlov-kontrakt miqdoriga nisbatan quyidagi miqdorlarda belgilanadi:

  • toʻplagan ballari tasdiqlangan toʻlov-kontrakt boʻyicha qabul kvotalari chegarasiga bir ballgacha yetmagan abituriyentlar uchun — 1,5 barobar;
  • 1,1 balldan 2 ballgacha yetmaganlar uchun — 2 barobar;
  • 2,1 balldan 3 ballgacha yetmaganlar uchun — 2,5 barobar;
  • 3,1 balldan 4 ballgacha yetmaganlar uchun — 3 barobar.

Kirish imtihonlarida Davlat komissiyasi tomonidan belgilangan minimal balldan (56,7) kam boʻlmagan ball toʻplagan, lekin kirish chizigʻiga 4 balldan koʻproq yetmay qolgan abituriyentlar kontrakt summasining 10 baravaridan 25 baravarigacha toʻlovni amalga oshirishadi.

Imtihonda Davlat komissiyasi belgilagan minimal balldan (56,7) kam ball yigʻgan abituriyentlar amaldagi oshirilgan toʻlov-kontraktning taʼlim yoʻnalishi boʻyicha belgilangan eng yuqori miqdorining 2 baravariga teng boʻlgan summani toʻlash orqali oʻqishga qabul qilinishlari mumkin.

Oshirilgan kontrakt asosida oʻqish uchun faqat birinchi yoʻnalishni tanlash mumkin.

Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi axborot xizmati rahbari Farhod Babashevning maʼlumot berishicha, oʻqishga kira olmagan abituriyent oʻzi imtihon topshirgan, lekin kira olmagan uchta yoʻnalishning faqatina birinchisiga oshirilgan kontrakt asosida qabul qilinish uchun ariza topshirishi mumkin. Ikkinchi va uchinchi yoʻnalishlar uchun oshirilgan kontrakt asosida qabul qilinmaydi.

Shuningdek, oshirilgan kontraktlar uchun bir qator qulayliklar va yengilliklar joriy qilinishi kutilayotgani haqida maʼlum qilingan edi.

Manba: Kun.uz

error: Ma‘lumotni nusxalash ta‘qiqlangan!