×

Green Card: uni faqat samarqandliklar yutadimi yoki Samarqand siri va firibgarliklar


Blog

BO'LIM

Tavsiyalar

O'QILGAN

16386 marta

CHOP ETILGAN

08.10.2022

“Hammasini baribir Samarqand yutadi”, “samarqandliklar yutish yo’llarini o’ylab topgan”, “Samarqandga borib o’ynab kelganlarga chiqayotgan ekan…”

Oʻzbekistonda «Green Card» lotereyasida ishtirok etgan yoki u haqida eshitgan kishi borki, shunaqa gap-so’zlarga duch kelgan. Tan olish kerak, bu gaplar asossiz emas. Rostdan ham Amerikadagi o’zbekistonliklar orasida samarqadliklar juda ko’pchilikni tashkil qiladi.

Qanday qilib?

Yoʻq, gʻoliblik formulasini o’ylab topishmagan. Ularning yo’li juda oddiy mantiq va baʼzi hiylalarga asoslangan. Mantiq shunday: Arizalar soni qancha koʻp boʻlsa, yutuq chiqish ehtimoli shuncha yuqori. Samarqandliklar «Green Card»ni hammadan koʻproq oʻynagani uchun hammadan koʻproq yutadi. Toshkentda, aytaylik, 100 kishi ishtirok etib, 1 foiziga yutuq chiqsa – 1 nafar gʻolib, ayni vaqtda Samarqanddan 1000 kishi oʻynab, 1 foiziga yutuq chiqsa, 10 ta «grin karta» sohibi. Bunisi tushunarli.

Endi, anketalar sonini qanday qilib bu darajada koʻpaytirib tashlashadi?

Bunda «firmachalar» jonbozlik koʻrsatadi. Arizalar toʻldirish uchun odamlarning shaxsiy maʼlumotlari kerak, xolos. «Firmachalar» esa shaxsiy maʼlumot yigʻishning turfa yoʻllarini oʻylab topadi. Masalan, iyul-avgust oylaridan boshlaboq, «Green Card» deb yozilgan butkachalarni odamlar gavjum joylar – bozorlar, istirohat bogʻlariga oʻrnatib olib, «hozir o’ynasangiz imkoniyatingiz oshadi», «Aksiya boʻlaypti shu kunlarda», kabi yolgʻonlar bilan odamlarning passport maʼlumotlari, rasmlari toʻplab olinadi.

Yana bir yoʻli – ular shahardagi koʻplab oliygohlarga borib, u yerdan arzimagan pul evaziga talabalarning barcha shaxsiy maʼlumotlarini sotib olishadi. Oʻqishga topshirilganda tushirilgan fotosuratlarning formatini «Green Card» talablariga moslab, ariza toʻldirish muddati kelganda toʻldirib tashlashadi. Mana sh-u-u-u-ncha ariza!

Har ikki holatda ham ishtirokchilarga tasdiq raqami – «confirmation number» taqdim qilinmaydi, tabiiyki. Chunki rasmiy sayt hali arizalarni qabul qilmayapti. Koʻpchilik esa oʻzi ishtirok etganini ham bilmay qoladi. Natijada nima boʻladi? Ishtirokchi gʻolib boʻlgan taqdirda ham, buni oʻzi bilolmaydi. Natijani tekshirish uchun tasdiq raqami boʻlishi shart. Keyin uddaburon firmalar gʻoliblarga istalgan narxda bu maʼlumotni pullaydi: «Allo, Shaxboz, tabriklaymiz! Sizga Grin Karta chiqdi. Uch ming dollar evaziga biz sizga barcha maʼlumotlarni taqdim qilishimiz mumkin. Omon boʻling».

Lekin bu hammasi emas.

Bir dunyo odamning shaxsiy maʼlumotlari yigʻib olingach, har bir inson nomidan bir emas, bir nechta ariza toʻldiriladi. Gap shundaki, uzoq vaqt mobaynida ariza toʻldirilganda ism yoki familiyani kiritishda yoʻl qoʻyilgan bir imloviy xato koʻp holatda «kechirilgan» (hozirda bu usul oʻtmaydi). Masalan, ismingiz – Shaxboz Ismoilov. Siz uni Shoxboz/Shakhboz/Shahboz kabi koʻrinishda kiritib qoʻysangiz, konsul viza bergan holatlar uchragan. Oʻzim ism yoki familiyasida bir xato bilan kelganlarni bilaman. Bundan oʻz vaqtida, ayniqsa, Samarqanddagi firmalar maksimal foydalanishgan. Bir insonning ism-sharifidan oʻnlab variantlar yasalgan va shuncha ariza topshirilgan.

Unutmang:

1. Grin karta uchun siz yashayotgan joyingiz ham, qayerdan toʻldirayotganingiz ham hech qanday rol o’ynamaydi.

2. Lotereya odatda 4-oktyabr–4-noyabr sanalari orasida o’tkaziladi (joriy 2022-yilda arizalar 2022-yil 2-oktabrdan 8-noyabrgacha etib belgilandi). Undan avval hech kimga shaxsiy maʼlumotlaringizni taqdim qilmang.

3. Ism va familiyadagi xatoliklar bilan bogʻliq «fokuslar» allaqachon oʻtmaydigan boʻlgan. Bu faqat ziyoningizga ishlaydi. Ikkinchi arizangiz topilsa, xatosiz toʻldirilgan, haqiqiy yutuqli arizangiz ham bekor qilinadi.

4. Ma’lumotlaringizni olib, sizga «confirmation number» – tasdiq raqami bermagan va natijani oʻzingiz tekshirishingizga imkon qoldirmagan kimsa – firibgar.

5. «Green Card» lotereyasini oʻynash ham, natijalarni tekshirish ham, gʻoliblik ham mutlaqo bepul. Arizalar https://dvprogram.state.gov/ sayti orqali toʻldiriladi.

Manba: Floridiston kanali.

error: Ma‘lumotni nusxalash ta‘qiqlangan!