×

Oʻqishning qanday usullari bor?


Blog

BO'LIM

Muvaffaqiyatga yo'l

O'QILGAN

5744 marta

CHOP ETILGAN

06.11.2019

Baʼzida biror matnni oʻqiysiz-u, lekin maʼnosini tushunmay qolasiz. Sababini hech o’ylab koʻrganmisiz? Bu mantiqsiz koʻrinsada, Prinston Universiteti tadqiqotchilarining fikriga koʻra, oʻqish qiyin boʻlgan shriftlarda yozilgan soʻzlarni oʻqish, matnni yaxshiroq tushunishga yordam berarkan. Chunki, biz oʻqilishi qiyin boʻlgan shriftda yozilgan matnni oʻqiyotganimizda, har bir soʻzga koʻproq vaqt sarflab, ularga alohida-alohida yondashamiz.

Tasavvur qiling, “Haettenschweiler” shriftida yozilgan matnni oʻqish osonmi yoki “Times New Roman” shriftinimi? Oson oʻqiladigan shriftlarda biz asosan matnning asosiy jumlalari yoki ega va kesimiga e’tibor qaratamiz. Shu sababli, har bir soʻz uchun kam vaqt ajratamiz, buning oqibatida matnning mazmuni yodimizdan tez ko’tarilishini mumkin. Yana bir munozarali tarafi – oson oʻqiladigan shriftdagi matnni refleks tufayli tez o’qib yuborishimiz tayin.

Xo’sh, matnni tez oʻqish foydalimi? Agar siz “Belgilangan vaqt ichida eng koʻp soʻz oʻqish” tanlovi ishtirokchisi boʻlsangiz, unda tez oʻqish sizga ayni muddao. Har bir inson biror erkin soʻzlashadigan tilida, bir daqiqada 200 tadan oshiq soʻzni oʻqiy oladi. Ingliz tili bo’yicha dunyodagi eng tez oʻquvchi qiz – Buyuk Britaniyalik Anna Jons, bir daqiqada 4 200 ta soʻz oʻqiy oladi. U mashhur “Garri Potter” asarining umumiy 784 betini 47 daqiqada o’qib chiqqan. Koʻpincha, tezkor oʻquvchilar meta-qoʻllanma deb ataladigan texnikadan foydalanadilar: oʻqish paytida barmoqlarini soʻz ostiga parallel tezlikda yurgizib oʻqiydilar. Bu texnika oʻqish tezligini 25% ga oshirishi mumkin.

Ammo tadqiqotlar shuni koʻrsatadiki, matn tez oʻqilganda, uning ma’nosi kam yodda qolar ekan. Tez oʻqish  xotirani qisqa muddatda yuqori tezlikda ishga solib, buning oqibatida esa xotirada kam ma’lumot saqlanib qoladi.

Yana bir oʻqishning yaxshi usuli bu matn aks etgan materialni (kitob yoki oʻqilishi mumkin boʻlgan moddiy narsani) real qoʻlda ushlab oʻqish ekan. Lekin bu usulning afzalligi yuzasidan tadqiqotchilar hali aniq bir fikrga kelishganicha yoʻq. Ijtimoiy soʻrovlar natijasiga koʻra, 80% oʻquvchilar elekron mutolaadan koʻra kitobni qoʻliga ushlab mutolaa qilish osonroq va tushunarliroq ekanligini ta’kidlashgan. Sababi, elektron kitobni oʻqiyotganimizda biz oddiy kitobdan farqli oʻlaroq, koʻzlarimizni ikki baravar koʻproq yumib – ochamiz. Shuning uchun koʻz quruqlashib, “quloqsiz” boʻlib har tarafga chalgʻiyverar ekan. Lekin, elektron “dunyo” – zamon talabi boʻlganligi sabab, olimlar buning ham yechimini topishgan. Elektron matnlar oʻqish jarayonida koʻzlarni dam oldirish uchun shifokorlar “20-6-20” qoidasini tavsiya qiladilar, unga koʻra mutolaaning har 20-daqiqasida 6 metr masofadagi biror narsani 20 soniya davomida tomosha qilishingiz kerak ekan. Endi aytingchi, ushbu ekranga qancha vaqtdan beri tikilib turibsiz? Balki, koʻzni dam oldirish vaqti kelgandir.

Madina Abdijalilova tayyorladi

error: Ma‘lumotni nusxalash ta‘qiqlangan!