×

Germaniya: Oʻqish bepul boʻlgan Zigen oliygohida tahsil olayotgan hamyurtimiz bilan suhbat


Blog

BO'LIM

Muvaffaqiyatga yo'l

O'QILGAN

10537 marta

CHOP ETILGAN

17.12.2019

1. Oʻzingiz haqingizda qisqacha soʻzlab bersangiz?

Men Hoshimov Umidjon Oʻtkir oʻgʻli 1995-yil 16-iyulda Samarqand viloyati, Narpay tumani, Oqtosh shahrida tavallud topdim. 2014-2018 yillar davomida Toshkent Xalqaro Vestminster Universitetinining “Iqtisodiyot va moliya” (BSc in Economics with Finance) yoʻnalishi boʻyicha tahsil oldim. Talabalik davrimda koʻplab ijtimoiy loyihalarda, xorijiy va mahalliy konferensiyalarda, forumlarda, treninglarda faol ishtirok etib koʻplab yutuqlarga erishganman. Xususan:

  • 2015-2018-yillar davomida Toshkent Xalqaro Vestminster Universiteti (TXVU) tomonidan tashkillashtirilgan “Birlashgan Millatlar Tashkiloti Modeli” (Model United Nations) va Qozogʻiston Respublikasi Olmaota shahrida boʻlib oʻtgan New Silk Way Model United Nations xalqaro konferensiyalarida muntazam ravishda qatnashib maxsus sertifikat va “Eng yaxshi delegat” unvonlariga sazovor boʻlganman.
  • 2017-yilning may oyida TXVU hamda Londondagi Vestminster universiteti bilan hamkorlikda tashkillashtirilgan Spring School oʻquv dasturida qatnashish imkonini qoʻlga kiritganman. Dastur davomida biz BMT bosh kotibi Antonio Guterrish janoblari bilan ham uchrashishga muvaffaq boʻldik.
  • 2017-2018-yillar davomida Oʻzbekiston Respublikasi Yoshlar Ittifoqi qoshidagi “Creative Union” aqliy markazi bosh kordinatori sifatida jamoamiz bilan ijtimoiy sohalarni rivojlantirishga qaratilgan “Yoshlar ovozi” nomli ilmiy amaliy konferensiyasi, “Yoshlar sammiti”, “Toshkent-2017” yoshlar festivali, “Yoshlar Parlamenti” va shu kabi boshqa koʻplab loyihalarni amalga oshirishga muvaffaq boʻlganmiz. Oʻqishni muvaffaqiyatli tamomlab, 2018-2019-yillar davomida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi qoshidagi Akkreditatsiya markazi yetakchi mutaxassisi lavozimida faoliyat yuritdim. 2019-yildan boshlab Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi Iqtisodiyotning real sektoriga innovatsiyalarni joriy qilish hamda tadqiq etish boshqarmasining yetakchi mutaxassisi lavozimida faoliyat yuritdim. Shu oʻrinda yana bir bor “El-yurt umidi” Jamgʻarmasiga va Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligiga meni qoʻllab quvvatlaganlari uchun oʻz minnatdorchiligimni bildirib oʻtmoqchiman. Aynan ushbu ikki tashkilotning ko‘magi tufayli hozirda Germaniya Federativ Respublikasining Zigen shahridagi Zigen Universitetida (University of Siegen) Iqtisodiy Siyosat (MSc in Economic Policy) magistratura dasturi boʻyicha tahsil olyapman.
  • 2019 yilgi vazirlik, idora va tashkilotlar uchun e’lon qilingan “El-yurt umidi” Jamgʻarmasi stipendiyasini qoʻlga kiritdim.

2. Zigen universiteti (University of Siegen) magistraturasiga qabul talablari qanday?

Taʼkidlash joizki, universitetda taʻlim ikki tilda yani nemis va ingliz tillarida olib boriladi. Har bir magistratura dasturida boʻlgani kabi ushbu dasturda ham nomzodlar yetarli darjadagi ingliz tili yoki nemis tilidagi bilimlarga va akademik koʻrsatkichlarga ega boʻlishi kerak. Shuningdek, nomzodlarning ijtimoiy faolliklari, turli loyihalarda qatnashganliklari, ish faoliyatida erishgan yutuqlari albatta muhim rol oʻynaydi. Demak, uchta eng muhim omil bu til bilish darajasi, akademik koʻrsatkichlar va ijtimoiy faollik yoki kasbiy muvaffaqiyatlar desak aslo mubolag‘a bo’lmaydi deb oʻylayman.

Universitetdagi xalqaro magistratura dasturlari bo‘yicha batafsil SHU YERDA tanishish mumkin.

3. Ushbu universitet magistraturasiga topshirish uchun qanday hujjatlar talab etiladi?

Albatta topshirilayotgan hujjatlar soni tanlangan magistratura dasturiga bogʻliq, lekin umumiy topshirilishi zarur hujjatlar quyidagicha:

  • Onlayn ariza (application form)
  • Motivatsion xat (motivation letter)
  • Til bilish darajasini isbotlovchi hujjatning elektron nusxasi (IELTS, TOEFL, TestDAF…)
  • Bakalavr diplomi va ilovasining (transcript of records) elektron nusxasi
  • Tarjimai hol (CV/Resume)
  • Nomzod haqida tavsiyanoma (Recommendation letter) topshirilishi mumkin, lekin majburiy emas
  • Nomzodning ilmiy maqolalari yoki ijod namunalari boʻlsa, ular ham inobatga olinishi mumkin
  • Barcha hujjatlar ingliz yoki nemis tilida topshirilishi zarur. Shuning uchun milliy universitetlarimizda tahsil olgan nomzodlar oʻz hujjatlarini vaqtliroq tarjima qildirib qoʻyishlari tavsiya etiladi.

4. Ushbu oliygohning magistraturasida oʻqiydigan xorijlik talabalar yiliga qancha kontrakt toʻlashadi?

Universitetda taʻlim olish bepul, yaʼni kontrakt toʻlovi toʻlanmaydi.

5. Kontrakt toʻlovidan tashqari universitetga toʻlanishi kerak boʻlgan boshqa toʻlovlar ham bormi? Agar boʻlsa, qancha?

Yuqorida taʼkidlaganimdek, universitetda oʻqish bepul, lekin har semestr toʻlanadigan toʻlov bor. Bu taxminan 270 yevro. Aslida bu toʻlov sizga universitet resurslaridan foydalanish hamda Shimoliy Rayn Vestfaliya hududida jamoat transportidan bepul foydalanish imkonini beradi.

6. Universitetning magistratura kurslarida tahsil olish uchun imtiyozlar beruvchi qanday grantlar mavjud va ular qanday imtiyozlarni taqdim etadi?

Universitetda tahsil olish uchun bir qancha grantlar mavjud. Misol uchun koʻpchilikka maʼlum DAAD grant dasturi va Deutchlandstipendium. Bundan tashqari Universitetni oʻzi ham talabalarga moliyaviy qulaylik yaratish maqsadida universitetda magistratura va doktorantura bosqishida tahsil olayotgan iqtidorli talabalarni qoʻllab quvvatlagan holda House of Young Talents Academy bilan hamkorlikda grant dasturlarini muntazam eʻlon qilib boradi.

7. Germaniyada tahsil oluvchi magistrantlarga oʻqishdan boʻsh paytlari ishlash uchun rasman ruxsat berilganmi?

Ha, albatta. Agar talaba oʻqishdan ortib bo’sh vaqt topolsa bemalol ishlasa boʻladi. Lekin shuni taʻkidlab oʻtishim joizki, Germaniya hukumati tomonidan belgilangan, xorijiy talabalar uchun mehnat intizomi, majburiyatlari, ishlash muddati va boshqa qoʻshimcha maʻlum bir talablar bor.

Batafsil SHU YERDA tanishing.

8. Germaniyada oʻqish uchun qabul qilinganlar qanday qilib viza olishi mumkin? Tartibi va kerakli hujjatlarni sanab bersangiz.

Ta’lim olish maqsadida Germaniyaga borish uchun Germaniya milliy vizasini olish kerak bo‘ladi. Odatda bu viza 90 kun amal qiladi, ayrim hollarda bir yilgacha berilishi mumkin. Milliy vizani olish uchun harakatlarni ancha ertaroq boshlash maqsadga muvofiq, chunki arizani ko’rib chiqish bir necha oy davom etishi mumkin. Oʻqishga boʻlgan qiziqish yetarlicha asoslab berilsa, oʻqishga qabul qilinganlik haqida tasdiqnoma (admission letter) mavjud boʻlsa, oʻqishni moliyalashtirish kafolatlangan boʻlsa, sizda muammo boʻlmasligi kerak va vizangizni oʻz vaqtida qoʻlga kiritasiz.

Elchixonaga topshirish uchun zarur bolgan hujjatlarni USHBU HAVOLA orqali olishingiz mumkin.

9. Germaniyada oʻqish va yashash davomida qanday qiyinchiliklarga duch kelyapsiz?

Toʻgʻrisi, bakalavr davrida ham iqtisodiyot yoʻnalishida tahsil olganligim uchun oʻqish unchalik ham murakkablik tugʻdirmayapti. Hozircha hammasi yaxshi. Kundalik hayotga keladigan boʻlsak, nemis tilini yaxshiroq oʻrganishim lozim. Zigenda garchi oʻqish ingliz tilida olib borilsada, kundalik hayotda koʻpchilik nemis tilida soʻzlashadi hamda infrastruktura va boshqa maishiy xizmatlardan foydalanishda ham nemis tilini bilish foydadan xoli emas. Umuman olganda bu holat menimcha butun Germaniyaga tegishli, yaʼni siz nemis tilini yaxshi bilsangiz yangi shaharga, yangi odamlarga va yangi hayotga moslashishingiz oson kechadi. Hozirda nemis tili kurslariga qatnayapman va hattoki universitetni oʻzida ham bepul til kurslari bor, shuning uchun tez orada nemis tilini yaxshi oʻrganib olaman degan umiddaman. Germaniyaga kelganimda meni yana bir quvontirgan holat shu bo‘ldiki, Zigenda ko‘plab vatandoshlarimizni, oʻzbek do‘stlarimizni uchratdim. Ular ko‘pgina masalarda yordam berishadi, bu esa menga yangi shaharga moslashishimda judayam qo‘l keldi.

10. Germaniya oliygohlari magistraturasida tahsil olmoqchi boʻlganlar nimalarga eʼtibor qaratishi va qay tarzda tayyorgarlik koʻrishi lozim?

Avvalambor, tahsil olmoqchi boʻlgan sohangizni aniqlab oling. Shundan soʻng Germaniyadagi universitetlar taklif qilayotgan magistratura dasturlarini yaxshilab oʻrganib chiqing. Sizning maqsadlaringizga toʻgʻri keladigan va sizni qiziqtirgan magistratura dasturlar roʻyxatini tuzib chiqing (bunda universitetni reytingi, ilmiy salohiyati, professorlarning malakasi, kontrakt to‘lovi, moliyalashtirish manbalari, universitetdagi imkoniyatlar va shunga oʻxshash koʻplab faktorlar inobatga olinishi kerak). Hujjatlarni topshirish muddatini yaqinlashtirmasdan roʻyhatingizdagi barcha universitetlarga kerakli hujjatlarni topshirishni boshlash zarur. Albatta har bir universitetga individiual yondashish zarur, sababi har birining qabul talablari har xil bo’lishi mumkin. Lekin yuqorida taʻkidlaganimdek, eng muhim uchta faktorni (til bilish darajasi, akademik koʻrsatkichlar, ijtimoiy yoki kasbiy faoliyat davomida erishilgan yutuqlar ) esdan chiqarmaslik kerak.

Qisqa fursatda bajarilgan ishning sifati ham past boʻlishi tabiiy. Shuning uchun, motivatsion xatni yozishni vaqtliroq boshlashni tavsiya qilgan boʻlar edim. Magistratura bosqichida oʻqishdan maqsadingiz? Nega aynan Germaniya va oʻsha universitet? Nega universitet aynan sizni qabul qilishi kerak? Sizni qolgan nomzodlardan ajratib turuvchi qanday qobiliyatlaringiz yoki yutuqlaringiz bor? Qabul qilingan taqdiringizda, universitet va undagi jamiyat uchun nima qilib bera olasiz? Oʻqishingiz tugagandan soʻng nima qilmoqchisiz? Vataningizga qaytganingizda yaqin 3- 5 yillardagi aniq rejalaringiz? Qabul komissiyasi sizdan aynan mana shu savollarga aniq javoblarni kutadi. Ular kutgan narsani bera olsangizgina yaxshi natijaga erishishingiz mumkin.

11. Germaniyaga oʻqishga boruvchilarga yoʻlga chiqishdan oldin nimalarga eʼtibor berishni tavsiya qilasiz?

Albatta qaysi davlatga oʻqishga ketayotgan boʻlsangiz oʻsha davlat haqida: uning madaniyati, ozgina boʻlsa ham tarixi, odamlari haqida oʻrganib chiqing. Eng asosiysi, borishdan oldin oʻsha davlat tilini oʻrganishni boshlash zarur. Germaniya holatida esa, oʻqishingiz boshlanishidan oldin nemis tilini oʻrganishni boshlang. Shubhasiz, bu foydadan holi boʻlmaydi. Shaxsan oʻzim ingliz tilidan 7,5 IELTS sertifikatiga ega boʻlsamda, kundalik hayotda nemis tilini bilish zarur degan fikrga keldim. Ishonavering, bu sizning ancha vaqtingizni hamda pulingizni tejaydi.

error: Ma‘lumotni nusxalash ta‘qiqlangan!