Grantlar.uz jamoasiga Toshkent shahridagi Singapur menejmentni rivojlantirish instituti (keyingi oʻrinlarda MDIST) bitiruvchilari va talabalaridan bir qanchasi Germaniyada tahsil olish, Germaniyaning DAAD grantini qoʻlga kiritishga urinishgani, lekin aksariyat hollarda Germaniya universitetlari ularning hujjatlarini qabul qilishni rad etgani haqida maʼlumotlar kelib tushgan. Grantlar.uz jamoasi ushbu masalani imkon doirasida oʻrganib chiqdi va maʼlum boʻlgan faktlar bilan quyida boʻlishamiz.
Birinchi masala: Germaniyadagi davlat universitetlari va xususiy universitetlar
Germaniyada oliygohlar 2 ga boʻlinadi: davlat universitetlari va xususiy universitetlar. Biz toʻplagan maʼlumotlarga koʻra, MDIST bitiruvchilari Germaniyadagi xususiy universitet magistraturasiga ortiqcha qiyinchiliksiz kirishi mumkin (agar talablariga mos boʻlsa). Biroq Germaniya davlat universitetlari magistraturasida oʻqishni xohlovchi MDIST bitiruvchilari koʻp hollarda qabul qilinmaydi (bu haqida quyiroqda batafsil toʻxtalamiz).
Shu yerda bir muhim jihatga eʼtibor qaratsak: aksariyat hollarda Germaniyadagi davlat universitetlarida magistraturani oʻqish bepul (kontrakt toʻlanmaydi) boʻlgan bir paytda, xususiy universitetlarda magistratura uchun kontrakt toʻlovi – yiliga 8 ming yevrodan 40 ming yevrogacha. Shu sababli, xorijlik talabalar, jumladan, oʻzbekistonlik talabalar Germaniyaning davlat universitetlarida tahsil olishni istaydi.
MDIST bitiruvchilarini Germaniya davlat universitetlari qabul qilmaydimi?
Aksariyat davlat universitetlari qabul qilmaydi, ayrimlari qabul qiladi. Nega bunday ekanligini quyida batafsil keltirib oʻtamiz.
Germaniyadagi aksariyat davlat universitetlari hujjatlarni qabul qilishda uni-assist portali bilan hamkorlik qiladi. Yaʼni ular hujjatlarni faqat uni-assist orqali qabul qiladi hamda siz hujjatlarni toʻgʻridan-toʻgʻri universitetning oʻziga topshira olmaysiz. Faqatgina uni-assist orqali topshirishingiz mumkin. Uni-assist esa hujjatlaringizni tekshirib, ular talablarga javob bersa, universitetga yuboradi.
Uni-assist talabgorning mavjud talablarga mosligini tekshirishda u tahsil olgan oliygohning Germaniya anabin tizimida oliy taʼlim muassasasi sifatida tan olingan yoki tan olinmaganligini, tegishli akkreditatsiyaga ega yoki ega emasligini tekshiradi. Agar anabin tizimida siz oʻqigan oliygoh oliy taʼlim muassasasi sifatida tan olinmagan/akkreditatsiyalanmagan boʻlsa, oʻz-oʻzidan uni-assist hujjatlaringizni universitetga yubormaydi va buni izohlab sizga xabar joʻnatadi.
Aslida, uni-assist tizimi hujjatlarni/talabani qabul qilish-qilmaslik universitetga bogʻliq ekanligini aytadi. Shu sababli, abituriyent uni-assistdan oʻz hujjatlarini universitetga joʻnatilishini talab qilishi mumkin va bu talab asosida uni-assist hujjatlarni universitetga yuborishi mumkin. Lekin Germaniya davlat universitetlariga xorijiy talabalarning talabi juda yuqori boʻlganligi sababli, eng kichik nuqson ham (jumladan, anabin tizimida universitetning OTM sifatida tan olinmagani) qabul qilinishingizga salbiy taʼsir koʻrsatadi. Bu esa amalda uni-assist bilan hamkorlik qiluvchi davlat universitetlariga qabul qilinish ehtimolini deyarli yoʻqqa chiqaradi.
Endi yana MDIST masalasiga qaytsak. MDIST ni anabin tizimidan tekshirib koʻramiz:
Koʻrib turganingizdek, ushbu universitetning holati (status) H- (salbiy) bilan belgilangan (H+ OTM statusi ijobiy degan maʼnoni anglatadi). Endi H- nimani anglatishini koʻrib chiqsak.
Anabin tizimida H- statusiga ega boʻlgan taʼlim muassasi quyidagicha taʼriflangan:
“Ushbu turdagi taʼlim muassasalari vaqtinchalik yoki doimiy hisoblanib, ular universitet sifatida qabul qilinmasligi kerak.
Bu taʼlim muassasalari bir turdagi guruhdan iborat emas. Ular tashkil etilishiga koʻra ikki turdagi katta guruhga mansub:
– Bu taʼlim muassasalari tashkil etilgan mamlakatida (ayni paytda) oliy oʻquv yurti deb atalish huquqiga ega, ammo ular universitet sifatida (akkreditatsiyadan oʻtganligi, attestatsiyadan oʻtganligi, va hokazolar) ahamiyatli yoki tushunarli emas, shu sababli ularga Germaniyada (ayni paytda) universitet sifatida qaralmasligi kerak.
– Bu turdagi taʼlim muassasalari, daʼvo qilinishi va tashkil etilgan mamlakatidagi huquqiy maqomiga koʻra, universitet emasdir, masalan, ularga texnik maktab (texnikum) sifatida qarash mumkin”.
Koʻrib turganingizdek, MDIST Germaniyaning anabin tizimiga koʻra, universitet (oliy taʼlim muassasasi) hisoblanmaydi yoki tegishli akkreditatsiyaga ega emas deb qaraladi. Oʻz navbatida, MDISTda bakalavriatni bitirib, Germaniyadagi uni-assist bilan hamkorlik qiluvchi universitet magistraturasiga hujjat topshirsa, ular odatda qabul qilmaydi.
Biroq yaxshi yangilik ham bor: Germaniyada uni-assist bilan hamkorlik qilmaydigan universitetlar MDIST bitiruvchilarini magistraturaga qabul qilishi mumkin. Bunda nomzod hujjatlarini toʻgʻridan-toʻgʻri universitetning oʻziga topshiradi va universitet hujjatlarni koʻrib chiqib, nomzodning talablarga mos ekanligi va raqobatga qarab ijobiy yoki salbiy javob qaytaradi.
Amaliyotda MDISTda bakalavriatni bitirib, Germaniyadagi uni-assist bilan hamkorlik qilmaydigan davlat universitetlari (xususan, Ruhr University Bochum, University of Flensburg), shuningdek, xususiy universitetlar magistraturasiga qabul qilingan oʻzbekistonlik talabalar bor. Biz ular bilan ham bogʻlanib, shaxsan buni tasdiqladik.
Lekin amaliyotda uni-assist bilan hamkorlik qiluvchi Germaniyaning davlat universitetlari magistraturasiga qabul qilingan MDIST bitiruvchisini topa olmadik. Biz muloqotga kirishgan uni-assist orqali Germaniya davlat universitetlariga hujjat topshirgan barcha MDIST bitiruvchilari salbiy javob olishgan – qabul qilinmagan.
MDISTning anabin tizimidagi salbiy statusi asl sababi nima?
Germaniya (Avstrya, Polsha, Chexiya, Shveytsariya, va boshqa Gʻarbiy va Markaziy Yevropa davlatlari) davlat universitetlari magistratura bosqichiga qabul qilishda xalqaro (Yevropa Ittifoqi va Yevropa Iqtisodiy Zonasiga kirmaydigan davlatlardan kelgan) nomzodlardan ularning bakalavr ilmiy darajasi haqiqiyligini talab qiladi.
Ushbu talabga koʻra, bakalavr darajasi, yaʼni olingan taʼlim haqiqiyligi isbotlanishi kerak (gap diplomning haqiqiyligi va uning apostil bilan tasdiqlanishi haqida emas, aynan bakalavr darajasi haqiqiyligi haqida ketyapti).
Ilmiy daraja, jumladan, bakalavr darajasi, ya’ni olingan ta’limning haqiqiyligi – OTMning oʻzi va ana shu yoʻnalishga berilgan akkreditatsiya bilan isbotlanadi. Germaniya davlat universitetlari aynan shu akkreditatsiya asosida olingan taʼlim haqiqiyligi tan oladi.
Germaniyada davlat universitetlariga qabulni qulaylashtirish maqsadida, butun dunyodagi OTMlarning akkreditatsiya holati boʻyicha elektron baza – anabin tizimi yaratilgan boʻlib, ushbu tizimdan boshqa Yevropa davlatlari ham foydalanadi.
Endi akkreditatsiya masalasida Oʻzbekistonga qaytadigan boʻlsak, amaldagi tartibga koʻra, OTMlarni akkreditatsiyalash Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi (TSNQDI)) tomonidan amalga oshiriladi.
Yaqin-yaqingacha TSNQDI tomonidan birorta xorijiy OTM akkreditatsiyalanmagan edi. Tabiiyki, MDISTda ham tegishli akkreditatsiya mavjud boʻlmagan va shu sababli, Germaniyadagi uni-assist bilan hamkorlik qiluvchi OTMlar MDIST bitiruvchilarining olgan taʼlimini haqiqiy emas deb hisoblab, ularni magistraturaga qabul qilmay kelgan.
Lekin TSNQDI hozirda xorijiy OTMlarni akkreditatsiyalash ishlarini boshlab yuborgan va Oʻzbekistonda DTIdan akkreditatsiyani qoʻlga kiritgan dastlabki xorijiy OTM aynan MDIST boʻldi. MDIST akkreditatsiyani 2018-yilning 20-mayida qoʻlga kiritgan, USHBU HAVOLA orqali koʻrishingiz mumkin.
Akkreditatsiya berilibdi-ku, nega anabin tizimida MDIST holati hali ham H- boʻlib turibdi?
Garchi MDIST akkreditatsiyalangan boʻlsa-da, hali ham anabin tizimiga masʼul vazirlik – Kultusminister der Länder in der Bundesrepublik Deutschland ogohlantirilmagan koʻrinadi. Shu sababli, hozirgacha anabin tizimida MDIST holati H- (salbiy) sifatida qolmoqda. Va oʻz-oʻzidan MDIST bitiruvchilari hali ham uni-assist bilan hamkorlik qiluvchi oʻqish bepul boʻlgan Germaniya davlat universitetlari magistraturasiga kira olmayapti.
Taʼkidlash joiz-ki, anabin tizimida H- statusiga ega boʻlgan Oʻzbekistondagi boshqa OTMlarning (masalan, Toshkent sharidagi Inha universiteti va h.k.) bitiruvchilari ham Germaniyada tahsil olish borasida MDIST bitiruvchilari bilan bir xil muammoga duch keladi. Shuningdek, anabin tizimida H- statusiga ega boʻlgan OTMlarning bitiruvchilari dunyoning eng nufuzli grantlaridan biri hisoblanuvchi DAAD grantiga ham hujjat topshira olmaydi (DAAD ularning hujjatini qabul qilmaydi).
Bundan ham qizigʻi bor…
Agar siz anabin tizimida H- statusiga ega OTMda bakalavrni bitirsangiz, Germaniyadagi uni-assist bilan hamkorlikda ishlovchi davlat universitetlari sizni nafaqat magistraturaga, balki bakalavriatga ham qabul qilmaydi. Chunki Germaniyada bakalavriatga qabul qilinish uchun nomzod 13 yil davomida akkreditatsiyalangan taʼlim olgan boʻlishi kerak. Sizning 9 yil maktabda va 3 yil kollej/litseyda oʻqiganingiz jaʼmi 12 yillik akkreditatsiyalangan taʼlimni kafolatlaydi. H- statusiga ega OTMdagi 4 yillik taʼlimingiz tan olinmaydi.
Bu vaziyatda siz Germaniyada hatto bakalavriat bosqichiga qabul qilinishingiz uchun ham yana bir yil akkreditatsiyalangan taʼlim olishingiz kerak. Buni birorta H+ statusiga ega boʻlgan universitet bakalavriatida bir yil oʻqish yoki Germaniyaning oʻzida bakalavriatga tayyorlov kursida (Studienkolleg) bir yil oʻqish orqali amalga oshirish kerak boʻladi.
Muammoni qanday hal qilish mumkin?
Muammoning yagona chorasi – Kultusminister der Länder in der Bundesrepublik Deutschland vazirligini MDIST tegishli tartibda akkreditatsiyalanganligidan xabardor qilish hisoblanadi. Ushbu masalani hal qilishda MDIST maʼmuriyati, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi va Oliy taʼlim vazirligidan tashabbus kutib qolamiz.
Lekin…
Taʼkidlash joiz-ki, masalaning boshqa bir tomoni ham bor: MDIST Germaniyada OTM sifatida tan olinmasligining sababi faqatgina akkreditatsiya boʻlmasligi mumkin. Agar akkreditatsiyadan boshqa sabablar ham mavjud boʻlsa, MDIST bitiruvchilari, ushbu sabablar bartaraf etilmaguncha, uni-assist bilan hamkorlik qiluvchi Germaniya davlat universitetlari magistraturasiga kirishda muammoga duch kelaveradi.
Qoʻshimcha sifatida
Anabin tizimida H- statusiga ega boʻlgan OTM bitiruvchilari, yuqorida aytganimizdek, Germaniydagi uni-assist bilan hamkorlik qilmaydigan davlat universitetlari (ularda oʻqish bepul) va xususiy universitetlarga hujjat topshirib, magistrant boʻlishlari mumkin. Lekin uni-assist bilan hamkorlik qilmaydigan davlat universitetlari juda kam. Germaniya davlat universitetlarining uni-assist bilan hamkorlik qilish-qilmasligini universitetning oʻz saytida Application (Apply) boʻlimida aniqlab olsa boʻladi.
Maqolani tayyorlashda oʻz tajribasini Grantlar.uz jamoasi bilan boʻlishish orqali hamkorlik qilgan talabalar va yoshlarga oʻz minnatdorchiligimizni bildiramiz.