×

KOICA: Koreyada magistratura kursini oʻqish uchun toʻliq grant; yashash va sugʻurta xarajatlari ham qoplanadi!


Grant

MUHLAT

19.02.2024

QOLGAN VAQT

Muhlat tugagan

HUDUD

Janubiy Koreya

O'QILGAN

28994 marta

Koreya Xalqaro Hamkorlik Agentligi (KOICA) Koreya Respublikasining davlat universitetlari bilan birgalikda Oʻzbekiston Davlat xizmatchilari yoki jamoat sektori ishchilari uchun tashkil etiladigan uzoq muddatli magistrlik kurslarida ishtirok etish uchun navbatdagi dasturga hujjatlar qabul qilinmoqda.

Dastur doirasida talabalar muayyan sohalar boʻyicha Koreyada toʻliq grant asosida oʻqish imkoniyatini qoʻlga kiritishi mumkin. Aynan qaysi sohalar boʻyicha oʻqish mumkinligini dastur qoʻllanmasidan koʻrib olishingiz mumkin (2024 KOICA SP Application Guideline fayli, Universities and programs boʻlimi).

Grant kimlar uchun?

Davlat xizmatchilari, davlat tashkilotlari va korxonalari xodimlari, davlat banklari, tadqiqot institutlari xodimlari, davlat maktablari o'qituvchilari uchun

Batafsil ma'lumot uchun link

Grantning manfaatli jihatlari:

Grant yutib olgan nomzodlar quyidagi imtiyozlar bilan taʼminlanadi:

  • Oʻqish uchun Koreyaga borish va kelish uchun aviachipta xarajati qoplanadi.
  • Universitetdagi oʻqish pulidan (tuition fee) toʻliq ozod qilinadi.
  • Taʼlim yuzasidan tashriflar, seminarlar, koreys tili kurslari kabi qoʻshimcha mashgʻulotlar xarajatlari qoplanadi (bunday xarajatlarning bir qismini talabaning oʻzi qoplashiga toʻgʻri kelishi mumkin).
  • Oyiga 999 000 von (taxminan 750 AQSH dollari) miqdorida stipendiya toʻlanadi.
  • Turar joy xarajati qoplanadi (kommunal xizmatlar, yuvish, tozalash xizmatlari uchun toʻlovlar qoplanmaydi).
  • Koreyaga joylashib olish uchun 600 000 von (taxminan 450 AQSH dollari) miqdorida yordam puli beriladi.
  • Dasturni tugatganda 300 000 von (taxinan 226 AQSH dollari) miqdorida tugatganlik mukofoti beriladi.
  • Sugʻurta xarajatlari qoplanadi.

Talablar:

Nomzodlarga qoʻyilgan umumiy talablar quyidagicha:

  • O’zbekiston Respublikasi hukumati tomonidan KOICA dasturida qatnashish uchun tavsiya etilgan O’zbekiston fuqarolari (bunda siz ayni vaqtda ishlab turgan davlat tashkiloti nomzodingizni ko’rsatgan holda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligiga rasmiy xat yuborilishi talab etiladi).
  • Kamida 2 yillik ish tajribasiga ega davlat xizmatchilari, davlat tashkilotlari va korxonalari xodimlari, banklar, tadqiqot institutlari xodimlari, davlat maktablari o’qituvchilari ariza topshira oladi.
  • O’zbekiston Respublikasida rasmiy tasdiqlangan bakalavr diplomiga ega bo’lish kerak.
  • Ilgari Koreya Respublikasi hukumati tomonidan tashkil etilgan magistrlik dasturlarida qatnashmagan boʻlish kerak.
  • Barcha saralash va o’quv jarayoni ingliz tilida olib boriladi, nomzod ingliz tilida akedemik ta’lim olish va ilmiy tadqiqot olib bora olish darajasida yaxshi bilishi kerak (IELTS sertifikati talabi bor yo’qligini universitet talab qiladigan hujjatlar ro’yxatidan topishingiz mumkin).
  • 2024-yil yanvar oyi holatiga koʻra, 40 yoshdan kichik boʻlganlarga ustunlik beriladi.

Talablar bilan batafsil dastur qoʻllanmasida tanishishingiz mumkin (2024 KOICA SP Application Guideline fayli, Eligibilty boʻlimi).

Dasturga qabul jarayoni:

Ishtirokchilarni saralash quyidagi tartibda amalga oshiriladi;

  • Dastlab, arizalar yuboriladi: Davlat tashkiloti → Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar sanoat va tashqi savdo vazirligi → KOICAʼning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi.
  • 1-bosqich – KOICAʼning Oʻzbekistondagi vakolatxonasida suhbat.
  • 2-bosqich — KOICA bosh ofisi va universitetlar tomonidan hujjatlarni ko’rib chiqish.
  • 3 bosqich – Universitetlar tomonidan suhbat va yozma imtihonning o’tkazilishi.

Hujjatlarni tayyorlash va topshirish

Dastlab KOICA anketasini yuklab olinadi (yuklab olish uchun BU YERGA bosing ([KOICA SP] 2024 KOICA SP Application form Part1~4.doc fayli). Anketani toʻldirishdan oldin dastur qoʻllanmasi va KOICA anketasidagi maʼlumotlarni yaxshilab oʻqib chiqing. So’ng anketa to’ldirilib, ish joyidan nomzodlik ko’rsatilgan rasmiy xat hamda pasport nusxasi bilan bilan O’zbekiston Respublikasi Investitsiyalar sanoat va tashqi savdo vazirligiga elektron pochtasiga (mf343@miit.uz) yuboriladi. Shuningdek, ushbu hujjatlar KOICAning O’zbekistondagi vakolatxonasi elektron pochtasiga (koica.sp@gmail.com) pdf shaklida yetkazlishi kerak.

Yuborishilishi kerak boʻlgan hujjatlar:

  • KOICA arizasi (anketasi)
  • Rasmiy tavsiyanoma (muhr bilan tasdiqlanishi kerak)
  • Pasport nusxasi

Hamma hujjatlar ingliz tilida boʻlishi kerak.

Shuningdek, universitet uchun alohida ariza topshirish lozim.

Har bir universitet uchun kerakli hujjatlar ro’yxati bir-biridan farq qiladi. Shuni inobatga olgan holda, avvalo, Dastur ma’lumotnomasi (Program information) va tanlangan dastur bo’yicha talab qilingan hujjatlar ro’yxati bilan tanishib chiqing.

Intervyularni rejalashtirish uchun BU YERDAGI shaklni toʻldiring.

Arizalar 2024-yil 19-fevralgacha qabul qilinadi.

Intervyular 2024-yil 22-23-fevral kunlari boʻlib oʻtadi.

Magistratura dasturlari to’g’risida qo’shimcha ma’lumot olish uchun KOICA ning O’zbekistondagi vakolatxonasiga murojaat qiling:
Elektron pochta manzili: koica.sp@gmail.com
Tel: +998 90 045 4228

error: Ma‘lumotni nusxalash ta‘qiqlangan!