Joriy yilda test sinovlari 2 ta fandan boʻladi
Bu haqda Bosh vazir oʻrinbosari Behzod Musayev boshchiligida oʻtgan brifingda maʼlum qilindi.
Unga koʻra, joriy yilda istisno ravishda 3 ta majburiy fanlardan (ona tili, Oʻzbekiston tarixi va matematika) test boʻlmaydi. Faqat 2 ta mutaxassislik fanidan test olinadi.
Shunda ballar quyidagicha belgilanadi:
1-blok — 30 ta savol, har bir toʻgʻri javobga 3.2 ball beriladi, jami 96 ball toʻplash mumkin.
2-blok — 30 ta savol, har bir toʻgʻri javobga 3.1 ball beriladi, jami 93 ball beriladi.
Masalan:
5240100 – Yurisprudensiya taʼlim yoʻnalishida tarix (3,2 ball) va chet tili (3,1 ball) fanlaridan test topshirish belgilangan.
5120300 – Tarix taʼlim yoʻnalishida tarix (3,2 ball) va geografiya (3,1 ball) fanlaridan test topshirish belgilangan.
5510200 – Pediatriya ishi taʼlim yoʻnalishida biologiya (3,2 ball) va kimyo (3,1 ball) fanlaridan test topshirish belgilangan.
Barcha yoʻnalishlar, ushbu yoʻnalishlar uchun qaysi 2 ta fandan test boʻlishi va qaysi fanga necha ball berilishi haqidagi batafsil maʼlumotni SHU YERDAN koʻrib olishingiz mumkin.
Joriy yil test sinovlarida xuddi oʻtgan yilgidek maksimal 189 ball toʻplash mumkin.
Test savollarini ishlash va javoblarni belgilash uchun jami 3 soat vaqt beriladi.
Abituriyentlar 5 tagacha taʼlim yoʻnalishini tanlashi mumkin
Abituriyentlarga test sinovi topshiriladigan fanlar majmuasi hamda fanlar ketma-ketligi bir xil boʻlgan beshtagacha bakalavriat taʼlim yoʻnalishi boʻyicha tanlovda ishtirok etish huquqi berildi. Abituriyentlar 5 tagacha taʼlim yoʻnalishini tanlashi mumkin.
Qabul kvotalari tasdiqlandi
“2020/2021 oʻquv yilida Oʻzbekiston Respublikasining oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari toʻgʻrisida”gi Prezident qarori qabul qilindi.
Prezident qarori bilan 2020/2021 oʻquv yili uchun qabul kvotalari tasdiqlandi:
- bakalavriat:
– kunduzgi taʼlim shakliga – 103 575 nafar;
– sirtqi taʼlim shakliga – 31 350 nafar;
– kechki taʼlim shakliga – 5 025 nafar. - magistratura – 10 425 nafar.
Qoʻshimcha grantlar
Joriy yilda quyidagi toifadagi abituriyentlar uchun alohida davlat granti asosida kvota ajratiladi:
- Nogironligi boʻlgan shaxslar uchun – 2068 oʻrin;
- Harbiy qoʻmondonlik tavsiyanomasi boʻlgan shaxslar – 928 oʻrin;
- Harbiylarning farzandlari uchun – 2068 oʻrin;
- Ichki ishlar organlari xodimlarining farzandlari uchun – 551 oʻrin;
- Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari uchun – 1035 oʻrin;
- Ijtimoiy kam taʼminlangan toifadagi xotin-qizlar uchun – 940 oʻrin;
- Soʻx tumanida yashovchi bitiruvchilar – 500 oʻrin.
Imtiyozli shartlarda davlat granti asosida jami 8694ta oʻrin ajratilmoqda (oʻtgan yili qariyb 5 mingta edi).
Qabul jarayonlariga oid yangiliklar:
- Joriy yil 1 million 270 mingdan ziyod abituriyent hujjat topshirish kutilmoqda;
- OTMlarga hujjat 20-iyundan 20-iyulgacha (20-iyul kuni hamkiradi) qabul qilinadi;
- Joriy yilda hujjatlar onlayn qabul qilinadi, OTMlarda hujjatlar olinmaydi;
- Hujjatlar 2 xil usul bilan topshirilishi mumkin:
1) my.gov.uz portali orqali;
2) DTM sayti orqali. - Hujjatlar kechayu kunduz 24 soat qabul qilinadi;
- Test sinovlari 64 ta binoda boʻladi, binolar roʻyxati alohida eʼlon qilinadi;
- Test sinovlari joriy yilda 2 smenada boʻladi;
- Har bir smenada 25 ming nafar abituriyent test topshiradi, abituriyentlar orasi 3 metr boʻladi;
- Test sinovlariga abituriyentlar maxsus tekshiruvdan oʻtkazilib, karantin qoidalariga rioya qilgan holda kiritiladi;
- Test sinovlari jarayonlari onlayn ravishda internet va TV orqali jonli efirga uzatiladi;
- Karantin sharoitida xavfsizlikka rioya qilish maqsadida abituriyentlarning ota-onalari va yaqinlarining kuzatuvchi sifatida test binosi atrofiga toʻplanishi cheklanadi.
Talab qilinadigan hujjatlar
Avvalgi yillardagi bitiruvchilar uchun:
- pasport;
- diplom;
- til bilishi sertifikati (agar boʻlsa);
- imtiyozi mavjud bo‘lganda, imtiyozni tasdiqlovchi hujjatlar.
2020 yil bitiruvchilari uchun:
- pasport;
- bitiruv attestati (qabul qiluvchilar tomonidan bazadan elektron tarzda olinadi).
Ijodiy va kasbiy imtihonlar bor yoʻnalishlarda sinov qanday boʻladi?
Kasbiy (ijodiy) imtihonlar dasturlari va baholash mezonlari soddalashtirilgan tarzda tuziladi. Bunda:
- OTMga hamma abituriyent kelib yigʻilmaydi;
- OTMlar hududlarda hududiy imtihon komissiyasini tashkil qiladi;
- abituriyentlar imtihonlarni oʻz hududida topshiradi;
- imtihonlar 1 soat boʻladi;
- abituriyent imtihonga faqat bir marta keladi va barcha kasbiy (ijodiy) imtihonlarni topshirib ketadi.
Hujjat topshirish uchun maktab bitiruvchisi attestat olishi shart emas
Bitiruvchilar attestat olishi shart emas. XTV bazasidagi maʼlumot DTM bazasiga oʻtkaziladi. Buning uchun abituriyentning pasport maʼlumotlari yetarli.
Zarur holatlardagina maktablarda attestatlarni qogʻoz koʻrinishida olish mumkin. Elektron skaner koʻrinishida ham beriladi.
Sport faoliyati bakalavriat taʼlim yoʻnalishida oʻqish muddati uch yil etib belgilandi
Prezident qarori bilan sport sohasida oliy maʼlumotli mutaxassislar tayyorlash jarayonini optimallashtirish maqsadida “Sport faoliyati (faoliyat turlari boʻyicha)” bakalavriat taʼlim yoʻnalishi boʻyicha oʻqish muddati uch yil etib belgilandi.
Call-markazz
Bu yilgi o‘quv yili uchun oliy taʼlim muassasalariga qabul jarayoni boshlanishi munosabati bilan abituriyentlar va ularning ota-onalariga qulaylik yaratish hamda ularni qiziqtirgan savollarga tezkor javob berish maqsadida Oliy va o‘rta maxsus taʼlim vazirligida Call-markaz tashkil etildi.
Fuqarolar +998712463857 telefon raqami orqali Call-markaz bilan bog‘lanib, o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javob olishlari mumkin.
Call-markaz dushanbadan shanbagacha har kuni soat 9:00dan 17:00ga qadar (tushlik – soat 13:00 dan 14:00gacha) faoliyat ko‘rsatadi.
Magistraturaga va oʻqishni koʻchirish uchun Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi saytidan hujjat topshiriladi
Prezident qaroriga koʻra, davlat oliy taʼlim muassasalarining magistratura mutaxassisliklariga oʻqishga kirish, shuningdek, bakalavriat taʼlim yoʻnalishlariga oʻqishni koʻchirish va qayta tiklash uchun hujjatlarni topshirish jarayoni Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining rasmiy veb-sayti (www.edu.uz) orqali amalga oshiriladi.
Magistraturaga hujjatlar 2020-yil 1-iyuldan 30-iyulgacha qabul qilinadi. Imtihonlar 3-15-avgust kunlari oʻtkaziladi.
Matematika taʼlim sohasi boʻyicha magistrlar toʻliq davlat granti asosida tahsil oladi
2020/2021 oʻquv yilidan boshlab:
- “130 000–Matematika” taʼlim sohasi boʻyicha magistratura mutaxassisliklari uchun Davlat buyurtmasi parametrlari toʻliq davlat granti asosida shakllantiriladi;
- davlat granti asosida bakalavriat va magistraturaga oʻqishga qabul qilingan talabalarni oʻqitish bilan bogʻliq xarajatlar Davlat byudjeti mablagʻlari hisobiga amalga oshiriladi.
Apellatsiya jarayoni (bakalavriat uchun)
- Test sinovlari natijasidan norozi boʻlgan abituriyentlar 21-avgustdan 30-avgustgacha Davlat test markazida tashkil etiladigan apellatsiya komissiyasiga yozma yoki elektron shaklda apellatsiya shikoyatini berishi mumkin.
- Apellatsiya komissiyasining tarkibi Davlat test markazi tomonidan tasdiqlanadi.
- Abituriyentlar apellatsiyada shaxsan oʻzi ishtirok etadi.
- Apellatsiya xulosasi tasdiqlash uchun Davlat komissiyasiga kiritiladi.
Vazirlar Mahkamasining 13.05.2019-yildagi 395-sonli qarorining 2-bandiga koʻra, 2020/2021 oʻquv yilidan boshlab quyidagi darajalar aks etgan sertifikatlar boʻlganda, chet tilidan eng maksimal ball beriladi va abituriyent chet tilidan test ishlamaydi:
- ingliz tili uchun — IELTS 5,5 (bunda Toshkent davlat yuridik universiteti uchun writing modulidan 5,5 ball), TOEFL IBT 72, CAE FCE hamda milliy sertifikat boʻyicha B2 va undan yuqori daraja;
- yapon tili uchun —JLPT №2 yoki milliy sertifikat boʻyicha B2 va undan yuqori daraja;
- nemis tili uchun — Goethe-Zertifikat, DSD, Test DAF yoki milliy sertifikat boʻyicha B2 va undan yuqori daraja;
- fransuz tili uchun — DELF, TCF4 yoki yoki milliy sertifikat boʻyicha B2 va undan yuqori daraja;
- boshqa tillar uchun — milliy sertifikat yoki xalqaro imtihon tizimlari boʻyicha B2 va undan yuqori daraja.
Kirish imtihonlari oʻtkaziladigan binolar va ularning joylashuvi
2020-2021-o‘quv yili qabulida Oʻzbekiston oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari uchun test sinovlarini oʻ’tkazish rejalashtirilgan binolar roʻyxati va ularning joylashuv bilan SHU YERDA tanishishingiz mumkin.