Pokiston milliy fizika markazi (National Centre for Physics, Pakistan) tomonidan tashkil etilgan WAS-NCP Postdoctoral Fellowship Programme tadqiqot uchun hamkorlik dasturiga arizalar qabul qilinmoqda. Ushbu dastur doirasida fizika, astronomiya va koinot fanlari bo’yicha PhD darajasiga ega tajribali tadqiqotchilar Islomobod shahridagi tadqiqot loyihasida 6 oydan 24 oygacha bo’lgan muddat davomida ishtirok etish imkoniyatiga ega bo’ladilar. Tadqiqotlar va dastur ingliz tilida bo’ladi. Dasturda quyidagi yo’nalishlarda tadqiqotlar olib borilishi mumkin:
Plazma fizikasi, yuqori energiya fizikasi (eksperimental va nazariy), kvant ma’lumotlari, tandem tezlatgichi (5MV) yordamida ion nurlari texnikasini qo’llash, zilzilalarni o’rganish, atom fizikasi va spektroskopiya, lazer yordamida parchalanish spektroskopiyasi (LIBS), modellashtirish, simulyatsiya va hisoblash, astrofizika & kosmologiya, nano fanlari (kataliz va sirt fanlari, nano-materiallar ishlab chiqarishi va qo’llanmalari, nano biotexnologiyasi, nano-dori vositalari), vakuum fanlari va texnologiyalari (vakuum standartlari, vakuum qoplamalari va materiallar) va radiatsiya-materiya o’zaro ta’siri, materialshunoslik va nanotexnologiya.
Grant kimlar uchun?
Tabiiy fanlar bo’yicha PhD darajasiga ega tadqiqotchilar uchun
Batafsil ma'lumot uchun link
Grantning manfaatli jihatlari:
Dasturda ishtirok etuvchi tadqiqotchilarga Islomobodda yashash va tadqiqot qilish uchun zaruriy xarajatlarni (oziq-ovqat, turar joy kabi) qoplash uchun oylik stipendiya beriladi.
Talablar:
- Nomzod fizika, astronomiya kabi tabiiy fanlar bo’yicha PhD darajasiga ega bo’lishi zarur. Nomzod PhD darajasiga ega bo’lganidan buyon 5 yil yoki undan ortiq muddat o’tgan bo’lishi zarur.
- Nomzod rivojlanayotgan davlatlardan biri fuqarosi bo’lishi va o’z yurtidan boshqa rivojlanayotgan davlatda yashamayotgan bo’lishi (vizasi bo’lmasligi) kerak.
- Nomzod tadqiqotchi bo’lishi, ariza berilayotgan vaqtda ham o’z yurtida tadqiqot ustida ishlayotgan bo’lishi zarur.
- Nomzodning salomatligi yaxshi bo’lishi va buni tasdiqlovchi hujjatlari bo’lishi kerak.
- Nomzod ingliz tilini yaxshi bilishi kerak.
- Nomzod dastur tugagach o’z yurtiga qaytib ketishi, agar hamrohlari yoki oila a’zolari bilan kelsa, ularning moddiy ta’minotini o’z hisobidan amalga oshirishi kerak.
Dasturga qabul jarayoni:
- Dasturda ishtirok etishdan oldin nomzod National Centre for Physics hamkorlik va akademik ishlar bo’limi direktoriga caad@ncp.edu.pk elektron manziliga xabar yo’llashi kerak. Bunda nomzod CV va ilmiy tadqiqot mavzusi/loyihasi yoritilgan hujjat yuborib, direktordan qabul xati (acceptance letter) olishi kerak.
- Acceptance letter olingach, tadqiqot dasturiga ariza berish mumkin. Arizalar 2020-yil 31-iyulgacha qabul qilinadi. Ariza topshirish oldidan qabul xati olish talab etilganligi uchun, Pokiston milliy fizika markazi direktori bilan ertaroq bog’lanishingiz va qabul xatini 31-iyuldan avval qo’lga kiritishingiz zarur. Ariza topshirish yo’riqnomasi bilan bu yerda tanishing.
Tadqiqot dasturi haqida ma’lumot uchun fellowships@twas.org manziliga xabar yo’llashingiz mumkin.