Avstriyada joylashgan Institute of Science and Technology (IST) universiteti matematika va tabiiy fanlar yo’nalishidagi PhD kurslari uchun to’liq grantlar dasturini e’lon qildi. PhD kursining biologiya, kompyuter fanlari, matematika, neyrologiya, fizika va ilmiy dasturlash bo’yicha yo’nalishlari mavjud.
IST tabiiy fanlar va matematika PhD kurslari haqida
PhD kursiga qabul qilingandan so’ng o’tiladigan bosqichlar haqida
Grant kimlar uchun?
PhD kursida o’qishni xohlovchilar uchun
Batafsil ma'lumot uchun link
Grantning manfaatli jihatlari:
PhD kursiga qabul qilingan tadqiqotchilarning o’qish to’lovlari va sug’urta xarajatlari qoplab beriladi. Tadqiqotchilarga oylik maosh berilib, o’qishning birinchi yilida bepul yotoqxonada yashash imkoniyati taqdim etiladi.
Talablar:
- Grantni yutib olish uchun nomzod Institute of Science and Technology’ning tegishli PhD kurslaridan biriga o’qishga qabul qilinishi kerak. Kurslarga biologiya, neyrologiya, matematika, kompyuter fanlari va fizika bo’yicha bakalavr va magistratura darajasiga nomzodlar qabul qilinadi.
- Nomzod bakalavr va magistratura kurslarida o’qib, yuqori natijalarga erishgan bo’lishi kerak.
- Nomzod ingliz tilini yaxshi bilishi kerak. Qabul uchun qo’shimcha talablar 2020-yil kuzda bu yerda e’lon qilinadi.
- Nomzod tadqiqot tajribasiga ega bo’lishi, ilgari tadqiqot jarayonlarida ishtirok etgan bo’lishi kerak. Bu borada orttirilgan tajribalar qabul uchun saralash jarayonida yordam beradi.
Dasturga qabul jarayoni:
Grant uchun alohida ariza berish talab etilmaydi. PhD dasturiga qabul qilingan tadqiqotchilarning barchasiga to’liq grant beriladi, shuning uchun grantni yutib olish uchun PhD kursiga hujjat topshirib, qabul qilinish kerak. 2021-yilda boshlanadigan PhD kurslariga grant yutib olish uchun arizalar 2020-yil kuzdan boshlab qabul qilinadi va qabul 2021-yil 8-yanvargacha davom etadi. Qabul jarayoni boshlanganda arizalar bu yerda topshiriladi.
Kerakli hujjatlar:
- CV;
- Statement of purpose (nomzodning tadqiqot bo’yicha tajribasi va motivatsiyasi yoritib beriladigan insho);
- Universitet baholari va diplomlari;
- Nomzodga tavsiyanoma beradigan 3 nafar shaxs haqida ma’lumot.
Barcha hujjatlar ingliz tilida bo’lishi yoki tarjima qilinishi zarur. Universitet diplom va baholarining ingliz tiliga tarjimasi bilan birga ona tilidagi nusxalari ham topshirilishi kerak.
Saralash jarayoni
Grant uchun saralash jarayoni quyidagilarga asosan olib boriladi:
- Nomzodning bakalavr va magistratura kurslarida ko’rsatgan natijalari. Bunda PhD kursi yo’nalishiga aloqador fanlardan olingan baholarga alohida e’tibor qaratiladi.
- Nomzod o’qigan oliy ta’lim muassasalari (universitetlar) mavqeyi va o’qish sifati ham inobatga olinadi.
- Professor-o’qituvchi va mutaxassislar tomonidan nomzod uchun berilgan tavsiyanomalar.
- Nomzod yozgan statement of purpose (motivatsion xat).
- Nomzod hujjat topshirayotgan PhD kursiga aloqador sohadagi boshqa yutuqlar (stajirovkalar, turli dasturlarda ishtirok etganlik, laboratoriya mashg’ulotlarida qatnashganlik, ma’lum dasturlash tillarini bilish, ilmiy olimpiadalarda ishtirok etganlik va shu kabilar).
- Nomzodning turli talabalar birlashmalari, dasturlar va ish tajribasi orqali orttirgan sifatlari (yetakchilik qobiliyati, muloqot mahorati kabi).
- Nomzodning kelib chiqishi (masalan, ayol nomzodlar, ilgari matematika yoki tabiiy fanlar yo’nalishidan boshqa sohada o’qib, keyinchalik sohasini o’zgartirgan va shu kabi jihatlarda odatiy nomzodlardan farq qiladigan nomzodlar).
Ma’lumot uchun gradschool@ist.ac.at elektron manziliga murojaat qilishingiz mumkin.