×

Grant yutish uchun nima qilish kerak? Yoxud “yutolmayman” deb, hujjat topshirmaydiganlar uchun maxsus maqola


Blog

BO'LIM

Muvaffaqiyatga yo'l

O'QILGAN

29033 marta

CHOP ETILGAN

27.09.2020

Chet elda o’qib yurganlarga havasingiz keladimi? Umringizda biror marta hayotingizni o’zgartirib yuborishi mumkin bo’lgan grant imkoniyati haqida o’qib qolib, keyin unga hujjat topshirishi mumkin xayoliy raqiblarga o’zingizni taqqoslagach, hujjat topshirmay ketganmisiz? “Bunaqa grantlarni yutish uchun ehhe…” degan fikr xayolingizdan o’tganmi? Afsuslanish-chi, biror marta biror ajoyib grantni siz umuman kutmagan, grantga arzish uchun aytarli hech nima qilmagandek ko’ringan odam yutib ketganda, “men ham topshirsam, yutgan bo’lar ekanman” deb o’ylaganmisiz?

Grantlar faqat eng a’lochi yoki eng faol odamlar uchun emas

Biror to’liq grant haqida eshitsangiz, uni yutib oladigan odamni hamma yerda har xil loyihalar qilib yurgan, 2-3 tilni biladigan yoki IELTS’dan 8.5 olgan, o’ziga ishongan, dunyoni o’zgartirib yuborishga bel bog’lagan shaxs sifatida tasavvur qilish tabiiy hol. Eng kamida, baholari yuqori bo’lgan va ijtimoiy jihatdan ancha faol odamlar grantlar uchun munosib bo’lib tuyuladi.

Aslida ham, juda ko’p grant dasturlari talablarida aynan shunday sifatlar yozib qo’yilgan bo’ladi. Ya’ni yaxshi grantlar a’lochi, yetakchi va aniq maqsadlarga ega bo’lgan, ijtimoiy faol nomzodlarga berilishi rost. Ammo, “umidli” nomzod qanday bo’lishi kerakligini grant beruvchi tashkilot siz tasavvur qilgandan boshqacha tasavvur qiladi. “Faol” nomzod har doim ham siz o’ylagandek, 5 ta konferensiya yoki 4 ta almashinuv dasturida qatnashib, 3 ta ilmiy maqola yozib qo’ygan bo’lavermaydi.

Juda ko’p grant dasturlari favqulodda qobiliyatlar, favqulodda yutuqlarga erishgan insonlarni emas, chin dildan, chin ishtiyoq bilan o’z ustida ishlayotgan, bu borada o’z orzulariga berilgan insonlarni mo’ljal qilib oladi. Grant ajratuvchi tashkilot va universitetlar insonning inson ekanini yaxshi tushunishadi va hali katta yutuqlarga erishmagan bo’lsa-da, biror ijobiy ishni amalda boshlab, biroz siljish qilgan nomzodlarga ham grant berishadi. Siz hujjat topshirishga qo’rqib yurgan grantni xuddi sizdek, biror universitetni “4” baho bilan tamomlab, biror tashkilotda 2 yil ishlagan, ba’zi qatnashish qiyin bo’lmagan konferensiyalarda ishtirok etib, Courserada siz ham olishingiz mumkin ba’zi sertifikatlarni olib qo’ygan odam yutib ketadi. Ko’p hollarda, grant uchun yetarli bo’lgan “buyuklik” darajasi siz tasavvur qilgandan ancha past bo’ladi.

Ajoyib grantlarni oddiy odamlar yutadi

Bir vaqtlar tanishlarimdan biri AQShda o’qish uchun barcha xarajatlari qoplanadigan grantni yutib olganida hayron qolganim esimda. “U ham o’zimdek odam-ku? Men ham shu universitetda o’qiyman. Men ham shunday baholar olganman. Uning aqli yetgan narsalarni men ham qilganman. Aytarli biror muhim ish ham qilmagan. Undan salohiyatli odamlar ham tiqilib yotibdi. Lekin eng yaxshi grantlardan birini yutibdi. Nahotki “mendaka” odamlar ham shunaqa “dahshat” grantlarni yuta olsa-ya?” – men mana shularni o’ylaganman. Keyin ustozlarimdan birining qistovi bilan o’sha grantga hujjat topshirganman.

“– Qarang qanday grant. Biletingizgacha sotib olib beradi. Qabul ko’rsatkichi 3% ekan. O’zbekistonda bilasizmi qanday yoshlar bor?! Baribir yutolmayman. Baholarim past. Umrimda biror foydali, ijtimoiy ahamiyatga ega ish qilmagan bo’lsam. Nimamni qabul qilishadi?

– Borib, hujjat tayyorlab, olib keling. Grantni aynan siz kabi qovoq kallalar uchun mo’ljallashgan, sizning yoshda sizdan PhD darajasidagi olimning natijalarini kutmaydi ular ham. Aqlli odamlar ko’p. Grantlar ularning ichida “duxi” yetganlarga nasib qiladi”.

Shu grant dasturiga meni qabul qilishdi. O’shanda bir narsani tushundim: grantlarni oddiy odamlar yutib oladi. Grant yutib olish uchun, avvalo, chin dildan harakat qilib, bilim olish kerak. Chin dildan izlanib, yaxshi g’oyalar topish zarur. Amalda kichkina bo’lsa ham qadam tashlash kerak. Ammo, shu harakatlarning natijalarini boshqalarga solishtirmasdan, grantga hujjat topshirish lozim.

Juda ko’p grantlar ayni vaqtda katta yutuqlarga erishmagan bo’lsa ham, o’ziga ishongan, turli g’oya va rejalarga ega, dunyoqarashi keng nomzodlarga nasib qiladi. Umuman olganda, hujjat topshirishga erinmasdan, shunchaki ariza berish zarur. Urinib ko’rmasangiz, siz “yutolmayman” deb hujjat topshirmagan grantni o’z vaqtida, qunt bilan ariza bergan, o’zingizdek “oddiy” odam yutib ketaveradi.

Grantlar nega mavjudligini unutmang

Grant berayotgan universitet yoki tashkilotlar xayriya uchun pul ajratadigan muassasalar emasligini unutmang. Universitet va tashkilotlar raqobatchilardan orqada qolmaslik, bozor talabiga javob berish va mavqelarini oshirish maqsadida doimiy ter to’kadilar, bosimga uchraydilar. Agar ular shunday vaziyatda ham o’zlari yaxshi tanimagan bir necha o’n yoki yuz talabaga grant ajratgan, har biriga minglab AQSh dollari mablag’ berayotgan bo’lsa, buning o’z sabablari bo’ladi.

Grant ajratgan tashkilot yoki universitet iqtidorli talabalarni qo’llab-quvvatlashdan tashqari, o’zi olib borayotgan ishlar, masalan, tadqiqot, o’qitish yoki turli jarayonlarni yaxshilash, sifatini oshirish, obro’sini mustahkamlash yoki yaxshi kadrlarni saralab olish kabi, o’zlari uchun manfaatli maqsadlar bilan grant dasturlarini e’lon qiladilar. Grantlarni esa, universitetni ajoyib yutuqlar bilan tamomlashi, kelajakda foydali ishlar qilishi ehtimoli baland bo’lgan, universitet uchun reklama va obro’ bo’ladigan nomzodlarga belgilashadi. Agar grantni biror muassasa (masalan, bank) ajratsa, kelajakda yaxshi kadr bo’lib yetishishi ehtimoli baland nomzodlar saralab olinadi. Shuning uchun, biror grant dasturiga hujjat topshirishdan oldin, grantni kim berayotgani, va bu tashkilot yoki muassasa nima ish bilan shug’ullanishini aniqlang.

Agar grantni universitetning o’zi ajratsa, universitet saytida eng ko’p ko’tariladigan mavzular, universitet missiyasi va boshqa ma’lumotlar bilan yaxshilab tanishib chiqing. Ba’zi grantlar ma’lum maqsad va mavzuga ega bo’ladi, bu grantlarga ham grant beruvchining maqsadlari va mafkurasiga mos nomzodlar saralab olinishini yodda saqlang. Hujjat topshirayotganda, grant ajratuvchi muassasaga qanday foydangiz tegishini o’ylab ko’ring. Motivatsion xat va tavsiyanomalarni tayyorlashda shularni hisobga oling. Bitta motivatsion xat yozib, uni sal o’zgartirib bir nechta grantga topshirib yubormang.

Erishgan yutuqlaringizni siz ko’rsatib bermaguncha boshqalar sezmasligi ham mumkin

Grant uchun motivatsion xat, shaxsiy bayonot (personal statement) va shu kabilarni tayyorlashda ortiqcha kamtarlik qilmang. Agar ba’zi tanlovlarda qatnashgan, o’zingizga katta tuyilmasa ham, ba’zi yutuqlarga erishgan bo’lsangiz, yoki do’stlaringiz ko’p aytadigan ijobiy sifatlaringiz bo’lsa, ular haqida yozing. Ko’p grantlarning ariza shakllarida nega shu grant uchun munosibligingiz haqida yozilgan insho so’raladi. Ularga javob berishda o’zingizni maqtash erish tuyilishi mumkin.

O’zingizni maqtash aslida shart emas. Shunchaki, qo’lingizdan keladigan ishlar, mavjud qobiliyatlaringiz, bugungacha erishgan yutuq va qilgan ishlaringizni chiroyli usulda ko’rsatib, talaba sifatida grant beruvchi tashkilotga yoki universitetga qanday foydangiz tegishi mumkin ekanligini yozsangiz, kifoya. Agar nima deyishni bilmasangiz, ariza tayyorlashni bir oz to’xtatib, o’ylab ko’ring: chindan o’zingiz uchun so’rayotgan minglab dollar mablag’ni oqlay olishingizga ko’zingiz yetadimi?

Grantni birinchi martada yutolmaslikka ruhan tayyorlaning

Grant yutib olish oddiy va tez bo’ladigan jarayon emas. Shuning uchun, biror o’quv yilini tanlab olib, shu o’quv yili uchun bir nechta grant dasturlariga ariza topshiring. Grantni birinchi martada yutolmaslik juda ko’p uchraydigan holat (birinchi marta topshirib, yutish hollari ham uchrab turadi, albatta). Grantlarga ariza topshirishda tajribasizlik, munosibroq boshqa nomzodlarning ko’pligi va boshqa sabablar tufayli grant beruvchidan rad javobi olishingiz mumkin.

Boshqa barcha jarayonlarda bo’lgani kabi, grant yutib olishda ham muvaffaqiyatsizliklar ko’p bo’ladi va sizdan taslim bo’lmasdan, kamchiliklaringizni tuzatib, qaytadan harakat qilish talab etiladi. Agar grant yutolmagach, nega yutolmaganingiz haqida jiddiy o’ylab ko’rmasangiz, xatolaringizni tuzatishga harakat qilmasangiz, katta ehtimol bilan, grantni keyingi safar ham yutolmaysiz. Agar yutolmagach, ruhingiz tushib, qaytib hujjat topshirmasangiz, grantni aniq yutolmaysiz. Nima bo’lganda ham, grantni chin dildan tayyorlanib, qunt bilan hujjat topshirish va yutolmasligingiz mumkin ekanligini ham esda saqlab turishingiz kerak.

O’zingizga hammadan avval o’zingiz rad javobini bermang

Bu maqolani o’ylanavermasdan, shartta hujjat topshirish haqida boshlagan edik, shu gap bilan yakunlaymiz. Ba’zan grant dasturining talablari qo’rqinchli tuyilishi mumkin. Siz bu talablarga bazo’r javob beradigandek, grantga munosibroq boshqa raqiblar ancha ko’pdek tuyilsa ham, hujjat topshirib ko’ring (bu – baholari 90% talab qilingan grantga 60% baholar bilan, yoki fizika yo’nalishi talab etilgan grantga psixologiya diplomi bilan hujjat topshirish mumkin, degani emas. Gap nomzod raqobatchilardan kuchsizroq tuyilsa-da, grantning umumiy talablariga mos bo’lgan vaziyatlar haqida ketyapti). Hujjat topshirish orqali ko’p narsa yo’qotmaysiz. Agar qabul qilishmasa, hujjat tayyorlashga ketgan bir oz vaqt va ariza to’loviga sarflangan mablag’ni yutqazishingiz mumkin. U vaqt va mablag’ni shundoq ham sarflab yuborgan bo’lar edingiz.

Ammo grant yutib olsangiz, butun hayotingiz o’zgarib ketishi, kamida, mablag’ tejab qolishingiz mumkin bo’ladi. Shuning uchun, biror grant dasturini ko’rsangiz va sohangiz mos kelsa, shunchaki hujjat topshiring. Boshida qiziq tuyilmasa ham, yutolmaydigandek tuyilsangiz ham, shunchaki qunt bilan hujjat tayyorlab, topshiring. O’z nomzodingizni qabul jamoasiga yetib bormasidan avval chetlashtirib yubormang. O’zingizga o’zingiz rad javobi bermang. Hali urinmasdan turib taslim bo’lmang. Balki, chindan, grant yutib olish uchun munosib emasdirsiz, ehtimol, chindan darajangiz ancha pastdir. Hatto shunday bo’lsa ham, shunchaki hujjat topshirmasdan, qochib ketish to’g’ri yechim emas. Yoki hujjat topshirib, rad javobi oling, yoki o’z ustingizda biroz muddat ishlab, munosib darajaga kelgach, eng yaxshi nomzodlardan biri sifatida hujjat topshiring. Nima bo’lganda ham, imkoniyatdan shunchaki voz kechib ketmaslik kerak.

Men Grantlar.uz sayti uchun taxminan 4 yildan buyon ma’lumot tayyorlayman va ajoyib grantlar sohibi bo’lgan juda ko’p insonlar bilan suhbatlar uyushtirganman. O’zim ham AQShda o’qish imkonini beruvchi to’liq grantni yutib olganman. Shu sababli turli nufuzli grantlarni yutib olgan yuzlab insonlarni shaxsan taniyman. Ularning deyarli hammasi bir xil maslahat beradi: “boshida yutolmaydigandek tuyilsa ham, ariza topshirib ko’ring. Men ham yutolmayman deb o’ylagandim”. Ha, men ham o’zim yutgan grantni aniq yutolmayman deb o’ylaganman. O’ziga ishonchi o’ta yuqori, erishgan yutuqlari favqulodda ko’p, yoki grant dasturlarini juda yaxshi tushunadigan sanoqli insonlarni hisobga olmaganda, juda ko’p nomzodlar biror grantni yuta olish darajalarini to’g’ri chamalay olishmaydi. Buni bilib olishning eng ishonchli usuli – hujjat topshirib, natijani kutish.

Dilnoza Fayziyeva

error: Ma‘lumotni nusxalash ta‘qiqlangan!