×

Biznes loyihalari uchun dunyodagi eng yirik trening dasturida ishtirok etayotgan o’zbekistonlik tadbirkor bilan suhbat


Blog

BO'LIM

Muvaffaqiyatga yo'l

O'QILGAN

2419 marta

CHOP ETILGAN

02.10.2020

Bu safar Grantlar.uz jamoasi biznes loyihalari uchun dunyodagi eng yirik trening dasturida ishtirok etayotgan o’zbekistonlik tadbirkor bilan suhbat qildi. Suhbatni eʼtiboringizga havola qilamiz.

Assalomu alaykum, Akram. Avvalo, o’zingiz haqingizda qisqacha ma’lumot bersangiz.

Assalomu alaykum. Mening ismim Vahidov Akram, 2017-yil Toshkent Xalqaro Vestminster Universiteti Biznesni Boshqarish bakalavr kursini tamomlaganman. Hozirda O’g’itlar ishlab chiqarish bo’yicha kimyoviy kompleksni qurish loyihasi uchun loyiha kordinatori sifatida faoliyat yuritaman. Maqsadim – ishlab chiqarishni yo’lga qo’yish va mamlakatimizda yirik loyihaning bir qismi bo’lish. Undan tashqari, xususiy o’quv markazi ham ochganman. U yerda ham bolalarga qanday qilib yutuqlarga, yuqori marralarga yetish mumkinligi, hech narsa bilan cheklanmasliklari zarurligini singdirishga doim harakat qilaman. Menimcha, kuchli xohish va to’g’ri munosabat orqali hamma narsani uddalasa bo’ladi.

Siz qabul qilingan dastur haqida ma’lumot bera olasizmi?

2020-yilda Global Startup ecosystem nomli akselerator dasturiga qabul qilindim. Ushbu dastur turli yo’nalish va hajmdagi loyihalarni yo’lga qo’yish usullarini loyiha asoschilariga o’rgatish uchun tashkil etilgan. Global Startup Ecosystem o’zi kabi dasturlar ichida eng birinchisi va eng yirigi hisoblanadi. Bu akselerator dasturini tashkil etishda dunyodagi juda yirik va muvaffaqiyatli kompaniyalar va sarmoyadorlar ishtirok etadi. Tashkilotchilar va so’zlovchilar ko’lami ham 7 ta mintaqadan iborat: Afrika, Amerika, Osiyo, Evropa, Karib dengizi, Lotin Amerikasi va Yaqin Sharq.

Dasturning maqsadi yangicha, o’ziga xos va foydali biznes va startap loyihalariga ega yoshlarni birlashtirib, ularga o’ziga ishonch va zaruriy bilimlarni berish. Bunda insoniyatga salbiy ta’sir ko’rsatadigan muammolarga tadbirkorlik, innovatsiya va texnologiya orqali yechim topishga harakat qilinadi.  Dastur Microsoft, Google, Amazon va Forbes kompaniyalarining to’g’ridan-to’g’ri hamkorligida olib boriladi. Dastur qatnashchilari turli nutq va mashg’ulotlar orqali biznesni ochish, yuritish va boshqa kerakli mavzularni o’rganishadi. Ma’ruzalar uchun so’zlovchilar sifatida dunyodagi jadal rivojlanib borayotgan startaplarning asoschilari yoki boshqaruvchilari tanlab olingan. Bunda, umuman, qanday qilib yangi loyihani yo’lga qo’yishni shu ishni muvaffaqiyatli uddalagan insonlardan o’rganishingiz mumkin bo’ladi.

Dastur haqida ilk marta qayerdan yoki kimdan eshitdingiz?

Bu dastur haqida internetda o’qib qolganman. Keyinchalik o’zim ham hujjat topshirishga qaror qildim.

Ishtirokchilarga dasturdan yana qanday manfaatlar bor?

Dastur tarkibidagi mashg’ulotlar tugagach, ishtirokchilar o’rtasida tanlov e’lon qilinadi. Tanlovda 250 000 AQSh dollari mukofot g’oliblarga bo’lib beriladi.

Dasturga kimlar hujjat topshirishi mumkin?

Bu dastur bizneslar, startaplar va frilanserlar uchun mo’ljallangan. Ishtirok etish uchun o’z loyihangizga ega bo’lsangiz bo’ldi. Ya’ni, agar biror yangicha startap yoki biznes haqida o’ylayotgan bo’lsangiz, yoki shu loyihani boshlagan bo’lsangiz, g’oyangiz va o’zingiz haqingizda ma’lumotlarni taqdim etib, hujjat topshiraverasiz. Ishtirokchilarga millati, fuqaroligi va boshqalarda cheklovlar yo’q. G’oyangiz va maqsadingiz bo’lsa, bas. Dasturga nomzodning maqsadlari va amalda bajargan ishlari asosida saralash bo’ladi.

Hujjat topshirish sanalari (dedlaynlar) va jarayoni qanday?

Dastur har yili bo’ladi va har yili hujjatlar qabul qilinadi. Hujjat topshirish mavsumi yoz oylariga to’g’ri keladi. Ishtirok etish uchun rasmiy saytdagi maxsus ariza shakli to’ldirilishi kerak. Hozirda qabul tugagan. Keyingi yilgi dasturga qabul yozda yana ochiladi.

Grantga eng munosib nomzod (yoki loyiha) qanday sifat va natijalarga ega bo’lishi kerak deb o’ylaysiz?

Menimcha, nomzodda ma’lum loyiha g’oyasi bo’lishi va bu g’oya foydali va innovatsion bo’lishi yetarli. Nomzod o’z g’oyasini aniq tasavvur qilishi, o’ziga ishonishi va nima xohlayotganini aniq bilishi juda muhim. Bularni ariza topshirishda ko’rsatilgan ma’lumotlar orqali ko’rsatib o’tish mumkin bo’ladi.

Dasturga qabul qilinishingizda nimalar asosiy rol o’ynadi deb hisoblaysiz?

Menimcha, rejalarim va ularni amalga oshirishga oid maqsadlarim dastur tashkilotchilarining talablariga mos bo’lgan. Aniqrog’i, men taqdim etgan fikr va rejalar dastur uchun talab qilingan jihatlarga ega deb topilgan bo’lsa kerak.

Accelerator dasturini tamomlagach, nimalar qilmoqchisiz?

Dastur tamom bo’lgach, o’ylangan rejalarim va loyihamni o’rganganlarim asosida oxiriga yetkazmoqchiman. Shuni ko’rdimki, dunyoda turli muammolarga ajoyib yechimlar taklif etayotgan qobiliyatli insonlar juda ko’p ekan. Men ham dasturda ishtirok etish orqali o’rganganlarimni O’zbekiston muhitida qo’llab ko’rishga harakat qilaman.

Shu dasturga hujjat topshirish istagidagi nomzodlarga qanday tavsiyalar berasiz?

O’z rejalaringizni amalga oshirish va oldinga qadam tashlashdan qo’rqmang. Hatto hayolingizga kelgan loyiha o’zingizga kulgili tuyilsa ham, qo’rqmasdan hujjat topshiring. Odatda, boshida shunday tuyilgan loyihalarning ko’pchiligi amalda juda muvaffaqiyatli chiqadi va dunyoga mashhur bo’lib ketadi.

Grantlar.uz sayti haqida fikringiz va tavsiyalaringiz bor bo’lsa, ularni bilishni xohlar edik.

Ishlaringizga omad tilayman. Amaliy tajribaga ega insonlarni topib, ularning tajribalarini boshqa insonlarga ham yetkazish orqali juda foydali ish qilyapsizlar.

Agar siz ham Global Startup Ecosystem dasturida ishtirok etmoqchi bo’lsangiz, dastur haqida batafsil bu yerda tanishishingiz mumkin.

error: Ma‘lumotni nusxalash ta‘qiqlangan!