×

“El-yurt umidi” jamgʻarmasi tomonidan 300 oʻringa moʻljallangan matematika, kimyo, biologiya va geologiya fanlari yoʻnalishlari boʻyicha stipendiya tanlovlari eʼlon qilindi


Blog

BO'LIM

Yangiliklar

O'QILGAN

3626 marta

CHOP ETILGAN

16.01.2021

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga va Oʻzbekiston xalqiga qilgan Murojaatnomasida yurtimizda 2021-yilni “Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash” yili deb eʼlon qilindi.

Murojaatnomada Prezidentimiz tomonidan iqtidorli va istiqbolli yoshlar uchun benihoya ulkan imkoniyat, yaʼni 2021-yildan boshlab “El-yurt umidi” jamgʻarmasi orqali magistratura va doktorantura dasturlari asosida eng nufuzli xorijiy davlatlarda tahsil olish uchun stipendiyalar miqdorini 5 barobarga oshirish taklifi ilgari surildi. Shu bilan birga, joriy yildan boshlab kamida 100 nafar yoshlarimiz uchun nufuzli xorijiy universitetlarning bakalavriatida ham taʼlim olish imkoniyati yaratiladi.

Shu bois, “El-yurt umidi” jamgʻarmasi 2021-yil uchun mamlakat ilmiy-innovatsion salohiyatining eng muhim va tayanch bilimlarini yaratuvchi fanlar yoʻnalishlarida taʼlim berayotgan ilmiy tadqiqotlar olib borayotgan va amaliy faoliyat bilan shugʻullanayotgan iqtidorli va istiqbolli professor-oʻqituvchi va pedagoglar, yosh olimlar, ilmiy izlanuvchilar va amaliyotchi mutaxassislar uchun Jamgʻarmaning birinchi stipendiya tanlovi boshlaganligini maʼlum qiladi!

Oʻzbekistonni innovatsion rivojlantirishda oʻta muhim ahamiyatga ega boʻlgan mazkur fanlar yoʻnalishida dunyoning eng ilgʻor davlatlarida toʻplangan boy ilmiy va amaliy tajribani oʻrganish, ulardan Oʻzbekistonning taʼlim va tadqiqot tizimi va amaliy faoliyatida keng foydalanishga koʻmaklashish maqsadida “El-yurt umidi” jamgʻarmasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Xalq taʼlimi vazirligi, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi, Yoshlar ishlari agentligi va Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi hamkorligida professor-oʻqituvchi va pedagoglar, yosh olimlar, ilmiy izlanuvchilar va amaliyotchi mutaxassislar uchun matematika, kimyo, biologiya va geologiya fanlari yoʻnalishlari boʻyicha “El-yurt umidi” jamgʻarmasi tomonidan 300 oʻringa moʻljallangan (magistratura, doktorantura, stajirovka va malaka oshirish dasturlari boʻyicha) ochiq stipendiya tanlovlarini eʼlon qiladi!

Agar siz yuqori intellektual salohiyatga ega, zamonaviy va kreativ fikrlaydigan, mamlakat ilm-faniga innovatsion gʻoyalar va texnologiyalar olib kirish hamda uni raqamli asosda qayta shakllantirish asnosida rivojlantirishni oʻz oldiga maqsad qilib qoʻygan mutaxassis boʻlsangiz – bu imkoniyat aynan siz uchun!

Nomzodlarning hujjatlari 2021-yil 20-yanvardan – 20-fevralga qadar, respublikaning barcha hududlari vakillari uchun yagona tartib va teng imkoniyat asosida, onlayn rejimda va elektron tarzda qabul qilinadi.

Saralash bosqichlari 2021-yil 20-fevraldan – 20-martga qadar davom etadi.

Saralash tanloviga oid barcha maʼlumotlar “El-yurt umidi” jamgʻarmasining www.eyuf.uz sayti orqali batafsil eʼlon qilib boriladi.

AQSH, Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya, Kanada, Yaponiya, Ispaniya, Janubiy Koreya va boshqa rivojlangan mamlakatlarning eng nufuzli taʼlim va tadqiqot, innovatsiya va amaliyot maskanlarida taʼlim olish va stajirovka oʻtash imkoniyatini qoʻldan boy bermang!

Qanday hujjat topshiriladi?

Arizalar 20-fevralgacha bu yerda topshiriladi. Tizimda ro’yxatdan o’tgach, kerakli ma’lumotlarni kiritib, hujjatlarni yuklash kerak.

Kerakli hujjatlar:

  1. Tegishli namunadagi maʼlumotnoma-obyektivka (anketa), MS Word
  2. Tanlov komissiyasi raisi nomiga taʼlim olish dasturi va tanlov yoʻnalishi koʻrsatilgan holda belgilangan namunadagi ariza, PDF
  3. 3,5 sm. x 4,5 sm. hajmdagi fotosurat, JPG
  4. Pasport nusxasi (yoki ID karta nusxasi), PDF
  5. Mehnat daftarchasi nusxasi (mehnat staji boʻlganda), PDF
  6. OTMni tugatganligini, shuningdek, ilmiy darajasini (fan nomzodi, PhD va fan doktori.), ilmiy unvonini (katta ilmiy xodim, dotsent, professor) tasdiqlovchi diplomlarning nusxasi, PDF
  7. Chet tilidan bilim darajasini belgilovchi amaldagi milliy yoki xalqaro sertifikat (Milliy kvalifikatsiya sertifikati, IELTS, TOEFL va shu kabilar), agar mavjud boʻlsa, PDF
  8. Vazirlik yoki idora rahbari imzosi bilan nomzod chet elda taʼlim olishi zarurligi koʻrsatilgan tavsiyanoma; (Tanlov gʻolibi boʻlgan nomzodlarga talab etiladi), PDF
  9. Vazirlik yoki idora rahbari imzosi bilan nomzod chet elda taʼlim olib qaytgandan soʻng ish bilan taʼminlash toʻgʻrisidagi kafolat xati, (Tanlov gʻolibi boʻlgan nomzodlarga talab etiladi), PDF
  10. Belgilangannamunadagi tibbiy maʼlumotnoma (Tanlov gʻolibi boʻlgan nomzodlarga talab etiladi), PDF
  11. Nomzodning hujjatlar taqdim qilish boʻyicha roʻyxat (chek-list), PDF
  12. Diplomning ilovasi nusxasi, PDF
  13. Xorijiy taʼlim, ilmiy muassasa yoki boshqa tashkilotga qabul qilish toʻgʻrisidagi hujjat (“Letter of acceptance”), (agar mavjud boʻlsa), PDF
  14. Nomzodning Oʻzbekistonda va xorijda eʼlon qilingan maqolalari roʻyxati va ularning elektron variantlari (agar mavjud boʻlsa), PDF
  15. Xorijda taʼlim olish maqsadi va taʼlim olish tugagandan soʻng olingan bilimlarni Oʻzbekistonda qoʻllash imkoniyatlari haqida esse (oʻzbek tilida yozma ish), PDF

Rasmiy havola

error: Ma‘lumotni nusxalash ta‘qiqlangan!