×

Janubiy Koreyadagi Sun Moon universitetining grantlari haqida batafsil


Blog

BO'LIM

Universitetlar

O'QILGAN

6128 marta

CHOP ETILGAN

30.01.2021

Maqola 2021-yil, 30-yanvar holatidagi ma’lumotlar asosida tayyorlangan.

Janubiy Koreyadagi Sun Moon universiteti mamlakat miqyosida xalqaro talabalar soni eng ko’p bo’lgan oliygoh sifatida tan olingan. Bugungi kunda universitetda 75 ta  davlatdan kelgan  1727 nafar xalqaro talaba, jumladan, o’zbek talabalar ham tahsil olmoqda.

Sun Moon universiteti bakalavr, magistratura hamda doktorantura kurslari uchun talabalarga 100% gacha grantlar taqdim etib, ushbu grant dasturlari o’qishga qabul jarayonida beriladigan hamda o’qish davomida berib boriladigan turlarga bo’linadi. Shuningdek, universitetda yana bakalavr, magistratura va doktorantura kurslari uchun GKS grant dasturi ham mavjud.

Qabul jarayonidagi grantning qancha miqdorda berilishi nomzodning TOPIK yoki IELTS darajasiga ko’ra belgilansa, o’qish davomida beriladigan grant miqdori talabaning semestrda o’zlashtirgan o’rtacha ball ko’rsatkichiga ko’ra taqdim etiladi.

Qabul jarayonida taqdim etiluvchi grant TOPIK va IELTS sertifikatiga ega barcha nomzodlarga muayyan miqdorda grant (kontrakt pulidan chegirma) taqdim etiladi. Grant miqdori nomzodning sertifikati balli, akademik ko’rsatkichlari, yozgan insho va topshirgan boshqa hujjatlari asosida belgilanadi.

O’zlashtirish ko’rsatkichi bo’yicha beriladigan grant ham belgilangan ballni to’plagan barchaga beriladi.

Qabul jarayonida grantni qo’lga kiritish uchun nomzoddan alohida ariza berish talab etilmaydi.  Universitetga bakalavr, magistratura yoki doktorantura uchun hujjat topshirgan arizachi grant uchun ham nomzod sifatida ko’rib chiqiladi.

Sun Moon universitetining grant dasturini umumiy tarzda quyidagicha tahlil qilish mumkin.

Bakalavr kursi uchun

  • Qabul jarayonida arizachilarga taqdim etiladigan grant uchun barcha davlatdan o’zini o’zi moliyalashtiruvchi sifatida ariza topshirgan chet el fuqarolari (Koreya fuqarolaridan tashqari) nomzod sifatida ko’rib chiqiladi
  • Grantni qo’lga kiritish uchun nomzoddan koreys tili bo’yicha eng kamida TOPIK 3 yoki undan yuqori darajaga ega bo’lish yoki ingliz tili bo’yicha eng kamida TOEFL 550, CBT 210, IBT 80, IELTS 5.5, TEPS 550 sertifikatlaridan birining bo’lishi talab etiladi.
  • Bundan tashqari, ingliz tili bo’yicha yuqoridagi darajalarga mos keluvchi boshqa milliy ingliz tilini bilish darajasini tasdiqlovchi sertifikatlar ham tan olinadi

Grant miqdori TOPIK va IELTS  darajasiga ko’ra farq qilib, nomzodning ariza topshirgan yo’nalishi bo’yicha belgilangan o’qish kontrakt pulidan chegirma qilish tarzida taqdim etiladi.

  • TOPIK 3 daraja uchun kontrakt miqdoridan 50% chegirma;
  • TOPIK 4 daraja uchun 55% chegirma;
  • TOPIK 5 va undan yuqori daraja uchun 60% chegirma;
  • Ingliz tili darajasi bo’yicha 50% miqdorida chegirma (minimum ingliz tili talabiga javob beruvchi barcha grant uchun ko’rib chiqiladi);
  • Universitetning koreys tili imtihonidan o’tgan talaba uchun 40% miqdorida chegirma sifatida grant mavjud.

O’qish davomida berib boriladigan grant dasturi esa talabaning o’tgan semestrda qo’lga kiritgan o’rtacha ball ko’rsatkichi (GPA) bo’yicha berilib, semestr uchun o’zlashtirish balli 1-kurs va 4-kurs talabalari uchun 12 kreditdan yuqori, 2-kurs va 3-kurs talabalari uchun 15 kreditdan yuqori bo’lishi lozim.

Ushbu belgilangan kredit hisobida:

  • o’rtacha ball ko’rsatkichi 4.2 dan yuqori talabalar uchun kontrakt to’lovidan 100% (kontraktdan to’liq ozod qilinadi);
  • 4.0 dan yuqori~4.2 dan  past  ko’rsatkich uchun 80%;
  • 3.6 dan yuqori~4.0 dan past  ko’rsatkich uchun 60%;
  • 3.0 dan yuqori~3.6 dan past ko’rsatkich uchun 50%;
  • 2.5 dan yuqori~3.0 dan past ko’rsatkich uchun 30%;
  • 2.0 dan yuqori~2.5 dan past ko’rsatkich uchun 20% miqdorida chegirma qilinadi.

Shuningdek baholari 4.2 dan yuqori talabalar orasida o’z fakulteti bo’yicha 1-o’rinni olganlar  1 semestr davomida yotoqxona to’lovidan ham to’liq ozod qilinadi (4 kishilik xona asosida bo’lib, ovqatlanish xarajatlari bundan mustasno).

Magistratura va doktorantura kursi uchun

Magistratura va doktorantura kursi uchun grant dasturi ham qabul jarayonida beriladigan hamda semestr davomida taqdim etiladigan grant turlarini o’z ichiga oladi.

  • Qabul jarayonida beriladigan grant miqdori koreys tili bo’yicha eng kamida TOPIK 3 yoki undan yuqori darajaga ega bo’lgan yoki ingliz tili bo’yicha eng kamida TOEFL 550, CBT 210, IBT 80, IELTS 5.5, TEPS 550 sertifikatlaridan biri mavjud nomzodga taqdim etiladi.
  • Magistratura va doktorantura kursida yo’nalishlar ingliz tilida va koreys tilida o’qitiluvchi yo’nalishlarga ajratilgan bo’lib, grantni qo’lga kiritish uchun yo’nalishga ko’ra tegishli til sertifikatlari taqdim etilishi kerak.

Magistratura kursi bo’yicha grant miqdori:

  • TOPIK 3 yoki yuqori/ iBT 71, IELTS 5.5 yoki yuqori ball uchun 30%
  • TOPIK 4 yoki yuqori/ iBT 81, IELTS 6.5 yoki yuqori ball uchun  40%
  • TOPIK 5 yoki yuqori/ iBT 91, IELTS 7.0 yoki yuqori ball uchun  50% kontrakt to’lovidan chegirma sifatida belgilangan.

Doktorantura kursi bo’yicha grant miqdori:

  • TOPIK 3 yoki undan yuqori/ iBT 71, IELTS 5.5 yoki yuqori ball uchun 20%;
  • TOPIK 4 yoki undan yuqori/ iBT 81, IELTS 6.5 yoki yuqori ball uchun  30%;
  • TOPIK 5 yoki undan yuqori/ iBT 91, IELTS 7.0 yoki yuqori ball uchun  40% kontrakt to’lovidan chegirma sifatida belgilangan.

O’qish davomida berib boriladigan grantni qo’lga kiritish uchun magistratura va doktorantura kursi talabalari quyidagi talablarga mos kelishi zarur.

  • Magistratura yoki doktorantura kursida to’liq vaqtli talaba (haftasiga 40 soat o’qish va tadqiqot uchun sarflovchi) sifatida ta’lim olayotgan bo’lishi kerak
  • Grant uchun ariza topshirish paytida har semestrda tadqiqot rejasini (Research plan) topshirishi zarur
  • O’tgan semestrda o’zlashtirgan o’rtacha ball ko’rsatkichi 4.5 ballik tizimdan eng kamida 4.0 ball bo’lishi kerak
  • O’tgan semestrda 3 ta yoki 4 ta mutaxassislik fanini o’zlashtirgan bo’lishi kerak
  • Kursni bitirish muddati ichida diplom ishini tayyorlab taqdim etishi kerak
  • Akademik ta’til olgan talaba keyingi semestrda grant uchun ariza topshirish huquqidan mahrum bo’ladi.

Ushbu talablarga mos talabalarga 1 semestr uchun:

  • Magistratura kursi talabalariga 80%;
  • Bakalavr va magistratura birlashgan dastur talabalariga 90%;
  • Magistratura va doktorantura qo’shma dasturi talabalariga 60%;
  • Tadqiqot assistenti (Research assistance) grant dasturi bo’yicha tanlab olingan talabalar uchun 100% kontrakt to’lovi universitet tomonidan to’lab beriladi.

O’qitish bo’yicha assistent (Teaching assistance) grant dasturi bo’yicha esa fakultetning kafedra rahbari tomonidan tanlab olingan talaba uchun 100% kontrakt to’lovidan chegirma, 1 semestr davomida oyiga 300.000 von (270$) stipendiya taqdim etiladi.

Ushbu grantni qo’lga kiritgan talaba kafedra ishlari yuzasidan haftasiga 16 soat ishlab berishi talab etiladi.

Boshqa grant dasturlari

Magistratura va doktorantura kursida o’qish davomida beriladigan yana bir “Ilmiy faoliyat” doirasidagi grant dasturi mavjud bo’lib, ushbu grantni hech qanday qo’shimcha talablarsiz barcha talabalar qo’lga kiritish imkoniyatiga ega. Grant quyidagi holatlarda taqdim etiladi:

  • Chet elda bo’lib o’tadigan ilmiy konferensiyalarda qatnashish – yiliga 400.000-600.000 von (358$-537$)
  • Tadqiqot ishlarini ilmiy jurnalda chop etish xarajatlari bo’yicha universitet tomonidan qo’llab-quvvatlash puli -400.000 von (358$)
  • Ilmiy jurnalda  bosh muallif sifatida maqola chop etgan talabaga mukofot puli – 300.000 von (268$) kabilardir.

Universitetning grant dasturlari haqida qo’shimcha ma’lumotlarni oliygohning rasmiy saytidan olishingiz mumkin.

Universitetga yiliga 2 marta qabul bo’ladi. 2021-yil kuzgi va 2022-yil bahorgi qabul muddatlari quyidagicha:

Bakalavr kursi uchun hujjat va ariza topshirish:

  • Bahorgi semestr uchun noyabr oyida boshlaridan dekabr oyi boshlarigacha;
  • Kuzgi semestr uchun may oyi boshlaridan may oyining o’rtalari yoki oxirlarigacha davom etadi.

Magistratura va doktorantura kursalari uchun hujjat va ariza topshirish:

  • Kuzgi semestr uchun may oyi o’rtalaridan iyun oyi boshlarigacha;
  • Bahorgi semestr uchun oktyabr oyi oxirlaridan noyabr oyi boshlarigacha davom etadi.

error: Ma‘lumotni nusxalash ta‘qiqlangan!