Bugun sizlarga navbatdagi oʻqish bepul universitet – Norvegiya poytaxti Oslo shahrida joylashgan Oslo universitetida magistratura va PhD bosqichida tahsil olish haqida maʼlumot beramiz.
Oslo universiteti 1811-yili tashkil topgan hamda 1939-yilgacha Royal Frederick University deb nomlangan. Mazkur universitet Norvegiyadagi eng qadimiy universitet boʻlib, hozirda unda 28 mingdan ortiq talaba tahsil oladi.
Oslo universiteti 2022-yil sentabr oyi holatiga koʻra, QS reytingi boʻyicha dunyoning eng nufuzli oliygohlari roʻyxatida 101-oʻrinni band etib turibdi.
Xarajatlar
- Oslo universitetida magistratura bosqichida oʻqish ham, PhD bosqichida oʻqish ham bepul, yaʼni kontrakt summasi (tuition fee) toʻlanmaydi).
- Biroq talabalar har semestr toʻlaydigan bir qancha toʻlovlar mavjud. 2022-yil mart oyi holatiga koʻra bu toʻlovlar va ularning miqdorlari quyidagicha:
1) semestr badali (semester fee) – har semestr uchun 600 NOK (taxminan 58 AQSH dollari);
2) SAIH badali – har semestr uchun 40 NOK (taxminan 4 AQSH dollari);
3) Kopinor badali – har semestr uchun 220 NOK (taxminan 22 AQSH dollari). Magistratura yoki PhD bosqichida tahsil olish uchun shulardan boshqa taʼlim bilan bogʻliq toʻlov mavjud emas. - Oʻqishga qabul qilingan oʻzbekistonlik talabalar viza berilishi uchun Norvegiyada yashash xarajatlarini qoplash uchun yetarli mablagʻga egaligini isbotlashi kerak (bank statement yoki muqobil boshqa hujjat orqali). Bu mablagʻ 2022-yil holatiga koʻra, 126 357 NOK (taxminan 12 153 AQSH dollari)ni tashkil etadi.
Yoʻnalishlar
Oslo universitetida ingliz tilida oʻqitiladigan magistratura va PhD kurslari soni anchagina.
Jumladan, magistratura bosqichida ingliz tilida oʻqish mumkin boʻlgan yoʻnalishlar 2022-yil sentabr oyi holatida koʻra, 73 tani tashkil qiladi. Ingliz tilida oʻqitiladigan magistratura yoʻnalishlari roʻyxatini BU YERDAN topishingiz mumkin.
Ingliz tilida oʻqitiladigan PhD bosqichi yoʻnalishlari esa, 2022-yil sentabr oyi holatiga koʻra, 8 ta va ularning roʻyxati BU YERDA keltirilgan.
Qabul va talablar
Qabul sanalari har bir bosqich yoki kursga qarab farq qilishi mumkin. Shu sababli qabul sanalari haqidagi aniq maʼlumotni BU YERDAN oʻzingizga kerakli kursni tanlash orqali bilib olishingiz mumkin. Odatda kuzgi semestr uchun qabul har yili 15-oktabrdan 15-noyabrgacha davom etadi (qabul oʻqish boshlanishidan 1 yil oldin boʻladi).
Ingliz tilidagi magistratura kurslarida oʻqish uchun oʻzbekistonlik talabalar til malakasini isbotlovchi quyidagi sertifikatlardan birini topshirishi lozim:
– IELTS (academic) kamida 6.5 va hech bir boʻlimdan olingan ball 6.5 dan kam boʻlmasligi kerak;
– TOEFL iBT kamida 90 va oʻqish 19, tinglash 20, gapirish va yozish boʻlimi 24 balldan past boʻlmasligi kerak;
– PTE Academic kamida 62 va har bir boʻlim 58 balldan past boʻlmasligi kerak.
Tilga qoʻyilgan talab ayrim yoʻnalishlarda biroz farq qilishi mumkin. Magistratura kurslariga qoʻyilgan til talabi va boshqa talablar bilan kerakli kursni tanlash orqali tanishib chiqishingiz mumkin.
Ingliz tilidagi PhD kurslarida oʻqish uchun aniq til malakasi darajasi keltirilmagan, biroq nomzod oʻqish va ilmiy ishlarni yozish uchun yetarli darajada ingliz tilini bilishi lozim. Bu taxminan magistratura uchun belgilangan til talablari bilan bir xil.
Qabul jarayoni, sanalari, kerakli hujjatlar, talablar va boshqa maʼlumotlar haqida batafsil maʼlumot olish uchun kerakli kursni tanlashingiz kerak:
👉 Magistratura kurslari
👉 PhD kurslari