×

AQSHning 15 ta universitetiga grant asosida qabul qilingan oʻzbek talaba bilan suhbat


Blog

BO'LIM

Muvaffaqiyatga yo'l

O'QILGAN

20838 marta

CHOP ETILGAN

27.04.2021

 1. Assalomu alaykum, Murodbek. Avvalo, o’zingiz haqingizda qisqacha soʻzlab bersangiz.

Men – Usmonov Murodbek 2003-yili Toshkentda tugʻilganman. 1-9-sinflarni 145-maktabda oʻqiganman. 2019-yili Turin politexnika universitetida qoshidagi akademik litseyga oʻqishga kirdim va hozirda mazkur litseyning ingliz guruhida 2-kurs oʻquvchisiman. Mana shu yili litseyni bitiraman (tah.: hozirda litseylar 2 yillik boʻlgan).

2. Koʻplab AQSH universitetlariga ariza topshirganingiz va qabul qilinganingiz haqida eshitgandik. Jami nechta universitetga topshirdingiz, nechtasi qabul qildi va nechtasi rad javobini berdi?

2020-yilning dekabridan 2021-yilning martigacha jami 23 ta AQSH universitetlariga topshirdim. Shulardan 8 tasi rad javobini berdi va 15 tasi oʻqishga qabul qildi. Qayd etish joizki, deyarli barcha AQSH universitetlari turli grantlar taqdim etadi. Jumladan, qabul qilgan universitetlarning barchasi menga ham muayyan miqdorga grant ajratdi.

3. Oʻqishga qabul qilgan universitetlar va ularning qancha grant ajratganini sanab bera olasizmi?

Ushbu universitetlar quyida keltirilgan miqdorda grant taklif etishni (grant miqdori 4 yil uchun):

  • University of South Florida – 24 000$
  • Arizona State University – 56 000$
  • Drexel University – 128 400$
  • Temple University – 40 000$
  • Baylor University – 64 000$
  • Florida Institute of Technology – 40 000$
  • Illinois Institute of Technology – 100 000$
  • Marquette University – 72 000$
  • University of Evansville – 122 000$
  • University of Tulsa – 48 000$
  • Florida Southern College – 80 000$
  • Illinois College – 92 000$
  • Lycoming College – 128 000$
  • The University of Tampa – 44 000$
  • University of Massachusetts Lowell – 48 000$

 4. Arizangizni rad qilgan universitetlar qaysilar?

Bular quyidagilar:

– New York University
– Lehigh University
– Lafayette College
– Trinity College
– Case Western Reserve University
– Union college
– Rochester Institute of Technology
– University of Michigan

5. Ariza topshirgan barcha universitetlaringiz AQSHda joylashgan ekan. Nega oʻqish uchun aynan AQSHni tanladingiz?

Umuman olganda, aynan AQSHni tanlashimga hujjat topshirishimga 2017-yilda Global UGRAD almashinuv dasturi orqali AQSHda 1 semestr oʻqib kelgan tugʻishgan opam ilk turtki boʻlgan. Aynan oʻsha paytda AQSHda tahsil olish orzusi paydo boʻlgandi.

Shunchaki, AQSHda hammasi zoʻr boʻlgani uchun hamma u yerga borishni xohlashi sababli AQSHni tanlaganim yoʻq. Birinchi navbatda menga AQSHdagi taʼlim tizimi juda yoqadi, bunday taʼlim tizimini shakllantirish uchun koʻplab davlatlar harakat qiladi. Ikkinchidan, mashinalarning ashaddiy ishqiboziman va aynan AQSHda “Tesla”, “Ford”, “Chevrolet” kabi mashinasozlik gigantlarida amaliyot oʻtash imkoniyati mavjud. Shuningdek, Amerikada eng noyob va kamyob mashinalarni koʻrish imkoni bor, bunday mashinalarni koʻrish esa bolalikdan beri men bilan birga boʻlgan kichik orzumdir.

6. Qabul qilingan universitetlaringizdan qaysi birida oʻqimoqchisiz? Yoki yana boshqa universitetlarga hujjat topshirish niyatidamisiz?
Oʻqish uchun THE reytingi boʻyicha dunyoning eng nufuzli 300 universiteti roʻyxatiga kiruvchi University of South Florida (USF) oliygohini tanladim. Shuningdek, moliyaviy nuqtayi nazardan ham, bu universitetda oʻqish boshqalariga qaraganda arzonroq (yillik kontrakti 17 000$). Lekin “El-yurt umidi” jamgʻarmasi stipendiyasi uchun ham ariza bermoqchiman. Nasib qilsa, 2021-yil avgustdan oʻqishim boshlanadi.

7. Nega oʻqish uchun aynan bu universitetni tanladingiz?

Ushbu universitetni tanlashimning eng asosiy sabablaridan biri uning akademik koʻrsatkichlaridir. USF menga kerakli boʻlgan kurslarni taklif etadi va bu kurslar oʻz sohasining eng yaxshi professorlari tomonidan oʻtiladi. Va albatta, universitetning turli laboratoriyalarida tajriba orttirish orqali muhandislik sohasidagi koʻnikmalarimni rivojlantirish uchun sharoitlar ham mavjud.

Yana bir sabablardan biri shuki, dunyoning turli burchaklaridan kelgan talabalar bilan muloqotda bo’lish orqali olinadigan foydali tajriba edi, USF bunday imkoniyatni taqdim eta oluvchi yirik universitetdir.

8. 23 ta universitetga hujjat topshirganingizni eshitgan kishiga AQSH universitetlariga hujjat topshirish shu qadar osonmi degan oʻy kelishi mumkin. AQSH universitetlariga hujjat topshirish qanchalik oson?

Aysbergning faqat uchini koʻrganlar shunday oʻylashi mumkin. Lekin aslida esa, bu raqamlarning ortida faqat barcha kerakli hujjatlarni tayyorlashning oʻziga sarflangan oylab vaqt va mehnat yotadi. Jarayon ogʻir va xarajat ham talab qiladi (ariza toʻlovlari bor). Biroq AQSH har bir universitetga bir xil maʼlumotlarni qayta-qayta kiritishni talab qilmaydigan qulay hujjat topshirish tizimiga ega (Common App tizimi) va bu koʻp sonli universitetlarga hujjat topshirish jarayonini osonlashtiradi.

9. Qabul qilgan universitetlaringiz orasida toʻliq grant taklif qilgani bormi? Eng yirik miqdordagi grantni qaysi universitet taqdim qildi va u oʻqish pulining qanchasini qoplaydi?

Afsuski, ayrim sabablarga koʻra, 100% lik grantni qoʻlga kirita olmadim. Lekin yiliga University of Evansville 30 500$ miqdoridagi grantni taqdim etdi. Bu men qoʻlga kiritgan eng katta grant boʻldi (foiz miqdorida): bu summa 38 000$ miqdoridagi yillik kontrakt summasining 80 foizini qoplaydi. Biroq yuqorida aytganimdek oʻqish uchun USFni tanladim, University of Evansville oliygohini emas.

10. Sizni qabul qilgan universitetlarning hammasi grant ajratibdi. Buning siri nimada? Yaʼni grant yutish uchun aynan nimalarga eʼtibor qaratish kerak?

Men yutgan grantlar iqtidor va akademik koʻrsatkichlar asosida beriladi (Merit-based scholarship) va mazkur grantlarni qoʻlga kiritganimning sababi akademik yutuqlarim ekanini bildiradi. Akademik yutuqlar – bu turli imtihonlardagi yuqori ballar (IELTS 7.0, SAT 1330 ballim bor edi) va yuqori baholardir (mendagi GPA 4,7/5). Shuningdek, xalqaro olimpiada va tanlovlarda sovrinli oʻrinlarni qoʻlga kiritishni ham akademik yutuqlar desa boʻladi, lekin menda bular boʻlmagan. Yana kattaroq miqdordagi grantni yutish uchun imkon qadar ertaroq hujjat topshirish kerak.

11. Nima deb oʻylaysiz, oʻqishga qabul qilmagan 8 ta universitet qanday sabablarga koʻra arizangizni rad etgan?

Albatta, qabul xatlari bilan birga rad javobi berilgan xatlar ham boʻldi. Va bu toʻlaligicha normal holat.

Har bir universitetda nomzodning aynan shu universitetga kirish yoki kirmasligini belgilovchi reglamenti boʻladi. Va nufuzli universitetlardagi tanlov mezonlari juda yuqori.

Qabul qilish darajasi 30% dan kamroq boʻlgan 6 universitet menga rad javobini berdi (New York University, Lehigh University, Lafayette College, Trinity College, Case Western Reserve University, Union College). Buning sabablaridan biri shuki, mening arizam ularning akademik talablariga mos kelmagani va ularning dasturlarini oʻzlashtirishga ishonchim komil emasligida edi. Yana bir sabab shuki, ulardan toʻliq grant ajratishini soʻragandim.

Rochester Institute of Technology ham rad javobini berdi, chunki bu oliygohdan ham toʻliq grant soʻragandim. Lekin universitet agar oʻqish pulini toʻlasam, oʻqishga qabul qilinishim haqida shartli qabul taklifini ham berishdi.

Ariza toʻlovini bekor qilgan boʻlsa-da, University of Michigan ham arizamni koʻrib chiqmadi.

Menda tayyorgarlik koʻrish uchun bor-yoʻgʻi 5 oy boʻlgani tufayli eng nufuzli universitetlarga kira olmadim va toʻliq grant yuta olmadim. Shu sababli ham tayyorgarlikni imkon qadar ertaroq boshlash lozim.

12. Grant yutmoqchi boʻlgan talabalar uchun qanday tavsiyalar bera olasiz?

Tajribamdan kelib chiqib aytadigan boʻlsa, oʻz-oʻzimga 2 yil oldin “Qani, hoziroq tayyorgarlikni boshla” degan boʻlardim. Eng muhimi – vaqtni boy bermaslikdir. Agar hozir 8-9-sinf boʻlsangiz, oʻz ustingizda ishlash, hobbilar topishni oʻrganish, jamiyatga qandaydir foyda keltiradigan ishlar bilan shugʻullanishning ayni vaqti. Shuningdek, akademik jihatlaringizni rivojlantirish, shaxsiy rivojlanishni ham esdan chiqarmaslik kerak.

AQSHda (yoki boshqa davlat universitetlarida) hujjatlaringiz koʻrib chiquvchilarga yoqadigan narsalarni qidirmasdan, birinchi navbatda, oʻzingiz uchun oʻrganish va oʻzingiz sevgan narsalar bilan shugʻullanish kerak.

Qabul jarayoni haqida aytadigan boʻlsam, har doim ertaroq tayyorlanishni boshlash kerak. Biroq “Endi fursatni boy berdim, kechikdim” deb oʻylasangiz, bu ham toʻgʻri boʻl boʻlmaydi. Shaxsan men tayyorgarlikni 2020-yilning yozida – karantinda boshlaganman hamda 3 oy davomida SAT va IELTS imtihonlariga tayyorgarlik koʻrganman.

Nimanidir boshlash uchun bahona qilmaslik kerak. Hatto moliyaviy holat ham tayyorgarlikni boshlash uchun toʻsiq boʻla olmaydi – bunga oʻzimni misol qilib ayta olaman: men imtihonlarga (SAT, IELTS) tayyorgarlik koʻrish va universitetlarga topshirish uchun 1 dollar ham sarflamadim. IELTS va SAT imtihonlariga internetdagi tayyor manbalar orqali tayyorlandim. Universitetlarga hujjat topshirish jarayonini ham internetdagi maʼlumotlar asosida oʻrganib chiqdim, hammasiga hech bir agentlik koʻmagisiz, oʻzim mustaqil hujjat topshirdim. Ariza toʻlovlarini (Application Fee) ham Common App tizimi orqali bekor qildirdim (ariza toʻlovini bekor qilishni soʻrash funksiyasi bor). Yagona qilgan xarajatlarim – IELTS va SAT imtihonini topshirish uchun hamda internetdan topgan ayrim kitoblarimni chiqarib olish uchun qilgan toʻlovlarim boʻldi.

AQSHda oʻqish uchun siz kontrakt summasi, yashash xarajatlari va hatto borish-kelish uchun aviachipta xarajatlarini qoplovchi toʻliq grant yutishingiz mumkin – buning barchasiga oʻz mehnatingiz bilan erisha olasiz. Shaxsan oʻzim mendan ancha kattaroq natijalarga erishganlarni bilaman. Ular va men kabilar uddalay oldikmi, demak buni siz ham uddalay olasiz. Chin dildan harakat qilinsa, hammasiga erishsa boʻladi.

Grantlar.uz: Mazmunli suhbat uchun tashakkur.

Murodbek: Sizlarga ham suhbat uchun rahmat.

Murodbek deyarli barcha universitetga bir xil insho (Personal Statement) va tavsiyanomalarni topshirgan. U topshirgan hujjatlar bilan BU YERDA tanishishingiz mumkin.

error: Ma‘lumotni nusxalash ta‘qiqlangan!