×

Slovakiya: Talabalar, universitet oʻqituvchilari, tadqiqotchilar va sanʼatorlar uchun 2 semestrgacha almashinuv hamda tadqiqot olib borish uchun grantlar!


Grant

MUHLAT

31.10.2024

QOLGAN VAQT

Muhlat tugagan

HUDUD

Slovakiya

O'QILGAN

43928 marta

Slovakia hukumati har yili xorijlik bakalavriat, magistratura va PhD bosqichi talabalar, universitet oʻqituvchilari, tadqiqotchilar va sanʼatkorlar uchun National Scholarship Programme (Milliy stipendiya dasturi) deb nomlanuvchi talabalar almashinuvi hamda tadqiqot dasturini taklif etadi. Mazkur dastur doirasida ishtirokchilar Slovakiyadagi oliy taʼlim muassasalari yoki tadqiqot muassasalarida 1 oydan 10 oygacha tahsil olish, tadqiqot olib borish yoki dars berish imkoniyatiga ega boʻladi.

Mazkur dasturga arizalar yiliga 2 marta qabul qilinadi:

  • 31-oktabrgacha;
  • 30-aprelgacha.

Dasturda ingliz yoki slovak tilida qatnashish mumkin. Dasturda qatnashish uchun sohalar cheklangaman va tegishli Slovakiya OTMlari yoki tadqiqot muassasalarida mavjud istalgan soha boʻyicha tahsil olish, tadqiqot oʻtkazish, oʻqitish yoki sanʼatga oid dasturda qatnashish mumkin.

Grant kimlar uchun?

Bakalavriat, magistratura, PhD talabalari, universitet oʻqituvchilari va sanʼatkor

Batafsil ma'lumot uchun link

Grantning manfaatli jihatlari:

Dastur gʻoliblari quyidagi Slovakiyadagi turar joy, oziq-ovqat va yashash xarajlari uchun oylik stipendiya bilan taʼminlanadi. Oylik stipendiya miqdori quyidagicha:

  • Bakalavriat va magistratura talabalari uchun oyiga 650 yevro;
  • PhD bosqichi talabalari uchun oyiga 1025,5 yevro;
  • Universitet oʻqituvchilari, tadqiqotchilar va sanʼatkorlar uchun oyiga 1025,5 yevrodan 1470 yevrogacha (ish tajribasi va ilmiy darajasiga qarab).

Shuningdek, gʻoliblar Slovakiyaga kelishdan oldin tibbiy koʻrikdan oʻtishi kerak. Grant tibbiy koʻrikdan oʻtish xarajatlarini ham (250 yevrogacha) kompensatsiya qilib beradi.

Bundan tashqari,  bakalavriat, magistratura va PhD talabalariga safar xarajatlari uchun bir martalik toʻlov (Oʻzbekiston talabalari uchun miqdori 750 yevro) ajratiladi. Bu summa talabalarga oxirgi stipendiya bilan birga tashlab beriladi.

Talablar:

Quyidagi nomzodlar ushbu grantga ariza topshirishlari mumkin:

A kategoriya – bakalavriat va magistratura talabalari. Bunda talabalar:

  • Slovakiyadan boshqa davlatdagi universitetda tahsil olayotgan boʻlishi kerak.
  • Magistratura bosqichi talabasi boʻlishi yoki ariza topshirish muhlati tugaydigan sanaga qadar bakalavriatning kamida 2,5 yillik (Oʻzbekiston holatida 5 semestrlik oʻqishni) tamomlagan boʻlishi kerak; bunda bakalavriat talabalarining Slovakiyada oʻqiydigan dasturi (yoʻnalishi) Oʻzbekistondagi dasturi / yoʻnalishi bilan bir xil boʻlishi kerak.
  • Slovakiyada tahsil olish uchun Slovakiyaning jamoat, davlat yoki xususiy universitetga akademik mobillik (academic mobility) dasturiga qabul qilinishi va belgilangan vaqt davomida Slovakiyada oʻqiy olishi kerak.

A kategoriya talabalari Slovakiyada 1-2 semestr (yaʼni 4-5 oy yoki 9-10 oy) davomida, oʻquv yili trimestrga boʻlingan boʻlsa, 1-3 trimestr (yaʼni 2-4 oy, 6-7 oy yoki 9-10 oy) davomida grant asosida tashil olishi mumkin.

B kategoriya – PhD bosqichi talabalari. Bunda:

  • Talaba oliy taʼlimni yoki akademik taʼlimni Slovakiyadan boshqa davlatda olayotgan boʻlishi kerak.
  • Talaba Slovakiyada akademik mobillik orqali tahsil olish / tadqiqot olib borish / sanʼatga oid faoliyat bilan shugʻullanish uchun Slovakiyaning jamoat, davlat yoki xususiy universiteti yoxud doktorlik taʼlim dasturlarini taklif etish huquqiga ega tadqiqot muassasasiga (masalan, Slovak Academy of Sciences) qabul qilinishi kerak.

B kategoriya talabalari Slovakiyada 1-10 oy davomida grant asosida oʻqishi, tadqiqot olb borishi yoki sanʼatga oid faoliyat bilan shugʻullanishi mumkin.

C kategoriya – universitet oʻqituvchilari, tadqiqotchilar va sanʼatkorlar. Bunda nomzodlar Slovakiyada oʻz oʻrniga ega boʻlgan, tadqiqot va rivojlanish sohasidagi dasturlar amalga oshirish uchun yaroqli sertifikatga ega boʻlgan, biznes kompaniya boʻlmagan Slovakiya muassasasida oʻqitish / tadqiqot / sanʼatga oid faoliyat bilan shugʻullanish uchun taklif etilishi kerak.

C kategoriya nomzodlari Slovakiyada 1-10 oy davomida grant asosida faoliyat yuritishi mumkin.

National Scholarship Program grant dasturiga Slovakiyadan boshqa barcha davlat fuqarorlari ariza topshira oladi. Shuningdek, nomzodlar ingliz yoki slovak tilini yetarli darajada bilishi lozim.

Hujjatlarni tayyorlash yuzasidan maslahatlarni BU YERDA tanishing.

Dasturga qabul jarayoni:

Dasturga arizalar onlayn shaklda maxsus platforma orqali qabul qilinadi. Platformada arizalar qabuli qabulning tugash sanasiga kamida 6 hafta qolganda ochiladi (platforma ochilmaguncha ariza topshirib boʻlmaydi). Nomzodlarga ariza topshirishni oxirgi kunlarga taqamaslik tasviya etiladi, chunki oxirgi kunlarda ariza topshiruvchilar soni nihoyatda koʻpayib ketishi, natijada platforma qotib qolishi va nomzod oʻz vaqtida ariza topshira olmay qolishi mumkin.

Mazkur dasturga arizalar yiliga 2 marta qabul qilinadi. Bu safargi qabullar uchun ariza topshirishning oxirgi sanalari quyidagicha:

  • 31-oktabrgacha;
  • 30-aprelgacha.

Navbatdagi uchun arizalar Oʻzbekiston vaqti bilan 2024-yil 31-oktabrgacha qabul qilinadi.

Dastlab nomzodlar Slovakiyadagi oliy taʼlim muassasalari yoki tadqiqot muassasalaridan biriga mustaqil ariza topshirib, akademik mobillik dasturi orqali oʻqish / tadqiqot olib borish / oʻqitish uchun qabul qilinishi kerak. Shundan soʻng grant dasturiga ariza topshira oladi. Bu uchun kerakli universitet/muassasadan oʻzingizga mos dasturni tanlab olib, soʻng universtetga email yozasiz. Emailda Sovakiya Respublikasining National Scholarship Programme dasturiga ariza topshirayotganingiz, universitet / muassasa sifatida ularni tanlaganingiz, bu uchun sizdan nimalar talab qilishini soʻraysiz. Odatda Slovakiya universitetlari / muassasalari bu grant uchun yordamga doim shay boʻladi va darhol ularga qanday hujjatlar topshirilishi kerakligini aytadi. hujjatlarni universitet / muassasaga topshirganingizdan soʻng, qabul / taklif xati yuborishadi.

Grant dasturiga ariza toʻldirish jarayonida nomzodlar bir qancha hujjatlarni taqdim etishi lozim. Ushbu hujjatlar quyidagilardan iborat:

A kategoriya nomzodlari topshirishi lozim boʻlgan hujjatlar:

  • CV.
  • Motivatsiya xati.
  • Oʻquv dasturining tafsilotlari.
  • Nomzod hozirda tahsil olayotgan universitetidagi oʻqituvchilardan 2 ta tavsiyanoma.
  • Nomzodning hozirda tahsil olayotgan universiteti tomonidan maʼlumotnoma; maʼlumotnoma nomzodning chindan ushbu universitet talabasi ekanini tasdiqlashi hamda nomzodning oʻqishni qachon tugatishi haqidagi maʼlumotni oʻz ichiga olishi kerak.
  • Bakalavrlik diplomi, diplom ilovasi va davlat imtihonlari natijalari / sertifikati (agar boʻlsa) nusxasi. Bakalavriat talabalari hozirga qadar oʻtgan fanlari va ulardan olgan baholarini topshiradi.
  • Slovakiya universiteti tomoidan berilgan qabul / taklif xati, unda nomzodning qancha muddat davomida oʻqishi koʻrsatilgan boʻlishi kerak.

B kategoriya nomzodlari topshirishi lozim boʻlgan hujjatlar:

  • CV.
  • Motivatsiya xati.
  • Oʻquv / tadqiqot / sanʼat dasturining tafsilotlari.
  • Nomzodning ilmiy rahbaridan tavsiyanoma.
  • Nomzodning hozirda tahsil olayotgan universiteti / tadqiqot muassasasi tomonidan maʼlumotnoma; maʼlumotnoma nomzodning chindan ushbu universitet / muassasada PhD talabasi ekanini tasdiqlashi hamda nomzodning oʻqishni qachon tugatishi haqidagi maʼlumotni oʻz ichiga olishi kerak.
  • Magistrlik diplomi, diplom ilovasi va davlat imtihonlari natijalari / sertifikati (agar boʻlsa) nusxasi.
  • Ilmiy maqolalar va nasrlar roʻyxati / sanʼatga oid faoliyati maʼlumotlari. Bunda Maxsus shaklni toʻldirish kerak.
  • Slovakiya universiteti tomoidan berilgan qabul / taklif xati, unda nomzodning qancha muddat davomida oʻqishi koʻrsatilgan boʻlishi kerak.

C kategoriya nomzodlari topshirishi lozim boʻlgan hujjatlar:

  • CV.
  • Motivatsiya xati.
  • Oʻquv / tadqiqot / sanʼat dasturining tafsilotlari.
  • Nomzodning eng oxirgi olgan ilmiy darajasini tasdiqlovchi diplomning nusxasi.
  • Ilmiy maqolalar va nasrlar roʻyxati / sanʼatga oid faoliyati maʼlumotlari. Bunda Maxsus shaklni toʻldirish kerak.
  • Slovakiya universiteti tomoidan berilgan qabul / taklif xati, unda nomzodning qancha muddat davomida oʻqishi koʻrsatilgan boʻlishi kerak.

Barcha hujjatlar ingliz yoki slovak tilida boʻlishi, boshqa tildagi hujjatlar ingliz yoki slovak tiliga tarjima qilinishi hamda hujjatni chiqargan muassasa yoki notarius tomonidan tasdiqlangan boʻlishi lozim.

MUHIM: Ushbu maqolada talablar, hujjatlar va ularning taʼrifi va boshqa maʼlumotlar nisbatan umumiy shaklda keltirigan. Bular haqida batafsil maʼlumot olish uchun grantning rasmiy saytidagi maʼlumotlar bilan tanishib chiqishingiz lozim.

Oldingi yillarda mazkur grant bilan taqdirlanganlar roʻyxati bilan BU YERDA tanishishingiz mumkin.

error: Ma‘lumotni nusxalash ta‘qiqlangan!