Qatar universitetining Arab tili markazi (Arabic for Non-Native Speakers Center, ANNS) ona tilisi arab tili boʻlmagan xorijlik talabalarga intensiv arab tili kurslarini taklif qiladi.
Ushbu kurslar 6 ta darajada (A1-C2) taklif etiladi. Mazkur kurslarga arizalar ingliz tilida qabul qilinadi. Bu kurslar 2023-yilning kuzidan boshlanadi va 2 semetr (1 yil) davom etadi.
Ushbu kurslarga ariza topshirishda nomzodlar barcha xarajatlarni oʻz yonidan toʻlab oʻqish uchun yoki grant asosida oʻqish uchun ariza topshirishi mumkin.
Grantlar ikki xil tartibda beriladi:
- Ushbu markaz bilan hamkor shartnomasini tuzgan muassasa va tashkilotlar tomonidan nomzodlar taqdim etiladi, markaz eng munosiblariga grant ajratadi.
- Qatar rivojlanish jamgʻarmasi rivojlanayotgan davlatlardan boʻlgan nomzodlar uchun bir qancha grantlarni ajratadi (oʻzbekistonliklik mana shu turdagi grant uchun ariza bera oladi).
Grant kimlar uchun?
18-40 yoshli barcha uchun
Batafsil ma'lumot uchun link
Grantning manfaatli jihatlari:
Grant yutib olgan nomzodlar quyidagi imtiyozlar bilan taʼminlanadi:
- Kurslarda oʻqish pulidan ozod etiladi.
- Rezidentlik vizasi xarajatlari qoplanadi.
- Muayyan miqdorda oylik stipendiya beriladi.
- Qatarga borish va qaytish uchun aviachipta xarajatlari qoplanadi.
- Qatar universiteti yotoqxonasidan bepul xona ajratiladi.
- Oʻqish uchun kerak boʻlgan kitoblar bepul taqdim etiladi.
- Kuniga 3 mahal bepul ovqat taʼminlanadi. Shuningdek, oʻquvchilar yotoqxonada kir yuvish xizmati, internet xizmati, oʻyinlar xonasi, kompyuter laboratoriyasi, sport zalidan foydalanish, kampusga borib kelish uchun transport taʼminotiga ham ega boʻladi.
Grant beradigan imtiyozlar bilan BU YERDA tanishishingiz mumkin (Types of Admission boʻlimi).
Talablar:
Nomzodlar uchun qoʻyilgan talablar quyidagicha:
- Kamida oʻrta maxsus taʼlim / oʻrta taʼlimni tugatgan boʻlishi kerak.
- 18-40 yosh oraligʻida boʻlish lozim.
- Avval ushbu til markazida oʻqish uchun grantni qoʻlga kiritmagan boʻlishi kerak.
- Arab tilini kamida bazaviy darajada biladigan (arab alifbosi, arab alifbosida yozish va oʻqish bazaviy koʻnikmalari) nomzodlarga ustunlik beriladi.
- Nomzod universitet xodimlari bilan yo ingliz, yo arab tilida muloqot qila olishi kerak.
- Semestr boshlanishidan 2 hafta oldin Qatarga borish kerak.
- Bu grantni qoʻlga kiritgandan keyin boshqa tashkilotlardan grant, stipendiya olish mumkin emas.
- Bir semestrda darslarning 25% foiziga uzrli sababsiz qatnashmagan oʻquvchilarning granti bekor qilinadi.
- Oʻqish davomida til markazi qoidalariga amal qilish lozim.
Talab va qoidalar bilan BU YERDA batafsil tanishing (Conditions for Applying to the ANNS va ANNS Center Policies boʻlimlari).
Dasturga qabul jarayoni:
Arizalar 2023-yil 16-fevralgacha qabul qilinadi. Arizalar onlayn tarzda maxsus platformada topshiriladi. Ariza topshirish uchun dastlab hisob (akkaunt) yaratish kerak (First time user account creation tugmasini bosing).
Ariza topshirishda quyidagi hujjatlarni ariza shaklida yuklash soʻraladi:
- Oxirgi bitirgan oʻquv muassasasining bitiruv hujjati (attestat, diplom) va olingan baholar. Faqatgina tamomlangan oʻquv muassasasi hujjati va baholari topshirilishi lozim. Masalan, hozirda bakalavriatda oʻqiyotgan talaba kollej/litsey diplomi va baholarini topshiradi (yoki maktabnikini). Shuningdek, bu hujjatni tegishli tartibda tasdiqlash kerak. Tasdiqlash tartibi bilan BU YERDA batafsil tanishing (Required Documents boʻlimi).
- CV.
- 1 ta tavsiyanoma (tavsiyanoma oxirgi 1 oyda berilgan boʻlishi kerak).
- Pasport nusxasi – amal qilish muddati tugashiga 1 yil yoki undan koʻp vaqt qolgan boʻlishi kerak.
- Rasm – pasport rasmi oʻlchamida.
Hujjatlar ingliz yoki arab tilida boʻlishi, har bir hujjatning hajmi 5 MB dan oshib ketmasligi va ular quyidagi formatlardan birida boʻlishi lozim: PDF, JPEG, GIF, BMP yoki TIFF.
MUHIM: Yuqorida hujjatlarga qoʻyilgan talablar bilan BU YERDA batafsil tanishib chiqing (Required Documents boʻlimi).
Shuningdek, ariza topshirish uchun 50 QR (taxminan 14 AQSh dollari) miqdorida ariza badali toʻlash lozim.
Ushbu grant bilan batafsil BU YERDA tanishing.