×

Qozogʻistondagi Nazarbayev universiteti: qabul jarayoni, taʼlim, toʻliq va qisman grantlar


Blog

BO'LIM

O'QILGAN

1268 marta

CHOP ETILGAN

05.08.2024

Qozogʻizton poytaxti Ostona shahrida joylashgan Nazarbayev universiteti Qozogʻistonning eng nufuzli oliy taʼlim muassasalaridan biri hisoblanadi. Nazarbayev universiteti 14 yil davomida dunyoning yetakchi universitetlari, jumladan Ayvi ligasi (Ivy League) universitetlari bilan hamkorlik qilib kelmoqda. Bu universitetning strategik hamkorlari qatoriga Kembrij universiteti, Pensilvaniya universiteti, Pitsburg universiteti, Singapur Milliy universiteti, Dyuk universiteti va Viskonsin-Madison universiteti kiradi.

Nazarboyev universiteti Osiyodagi eng yaxshi 11% va dunyodagi eng yaxshi 30% tadqiqot universitetlari qatoriga kiradi.

Mazkur universitet bitiruvchilari hozirgi kunda Apple, Google, Amazon, Booking, Netflix, Meta, UNDP va dunyoning boshqa yetakchi kompaniya va tashkilotlarida ishlamoqda.

Mazkur universitetda taʼlim ingliz tilida olib boriladi.

Universitet quyidagi bosqichlarda tahsil olish imkoniyatini beradi:

  • Bakalavriat
  • Magistratura
  • PhD (doktorantura)

Shuningdek, 1 yillik Foundation dasturi (tayyorlov dasturi) ham taklif etiladi.

Nazarbayev universitetida tahsil olish uchun koʻplab sohalar mavjud. Jumladan, ushbu universitetda neft-gaz, hamshiralik ishi, biznes boshqaruvi, biologiya fanlari va texnologiya, kompyuter fanlari (informatika), iqtisodiyot, taʼlim, muhandislik, tarix, matematika, moliya, tibbiyot fanlari, davlat boshqaruvi, davlat siyosati, sotsiologiya, ortopediya va travmatologiya, robototexnika muhandisligi va boshqa sohalar boʻyicha tahsil olishingiz mumkin. Mavjud sohalar bilan BU YERDA batafsil tanishishingiz mumkin.

Shuningdek, har bir bosqich boʻyicha mavjud sohalar bilan tanishish uchun quyidagi havolalarga kiring:

Grantlar

Nazarbayev universiteti mahalliy va xalqaro talabalarga bir necha turdagi grantlarni taklif qiladi. Masalan, xalqaro talabalar, jumladan, oʻzbekistonlik talabalar Abay Kunanbaiuly grantini qoʻlga kiritishi mumkin (bu grant kontrakt pulini toʻliq qoplaydi va stipendiya bilan taʼminlaydi).

Shuningdek, Qozogʻiston hukumati tomonidan ham xalqaro talabalarga turli grantlar ajratiladi. Bu grantlar kontrakt pulini toʻliq qoplaydi, stipendiya bilan taʼminlaydi va safar xarajatlarini qoplab beradi.

Grantlar va kontrakt summalari haqida umumiy maʼlumotni BU YERDAN topishingiz mumkin.

Qabul va qabul talablari

Nazarbayev universitetiga qabul odatda kuz oxiri va qish boshlarida boshlanadi hamda taxminan 2 oy davom etadi. Darslar toʻliq ingliz tilida oʻtilgani sababli nomzodlardan ingliz tilini muayyan darajada bilish va tegishli xalqaro ingliz tili sertifikatlaridan birini (IELTS yoki TOEFL) topshirish talab etiladi.

Shuningdek, nomzodlar tegishli taʼlim bosqichlari uchun talab etiladigan hujjatlarni ham topshirishi kerak (masalan, bakalavriat uchun kamida attestat/kollej yoki litsey diplomi yoki oxirgi sinf boʻlsa, hozirga qadar olingan baholari; magistratura uchun kamida bakalavrlik diplomi yoki oxirgi kursda bakalavr boʻlsa, hozirga qadar olingan baholar va h.k.).

Har bir bosqich talablari bilan quyidagi havolalar orqali maʼlumot olishingiz mumkin (sahifada tilni ingliz, rus yoki qozoq tiliga almashtirishingiz mumkin):

Universitet, taklif etiladigan dasturlar va boshqa barcha maʼlumotlar bilan universitetning rasmiy veb-saytida tanishishingiz mumkin.

Savollar yuzasidan quyidagi email manziliga murojaat qilishingiz mumkin: info_admissions@nu.edu.kz

error: Ma‘lumotni nusxalash ta‘qiqlangan!