×

Karsh International Scholarship: AQSHdagi Duke universitetida bakalavriatni o’qish uchun to’liq grant


Grant

MUHLAT

04.11.2025

QOLGAN VAQT

151 kun

HUDUD

AQSh

O'QILGAN

41 marta

AQShda joylashgan nufuzli Duke University bakalavriat kurslarida o’qishni xohlovchilar uchun Karsh International Scholarship grant dasturini taklif qiladi, bu grant talabaning o’qish va yashash xarajatlarini to’liq moliyalashtiradi.

Grant yutish uchun Duke universiteti bakalavr kurslaridan biriga hujjat topshirish va moliyaviy ko’mak zarurligini arizada ko’rsatib o’tish kifoya. Hujjat topshirish uchun bakalavr kurslari bilan bu yerda tanishing.

Maʼlumot uchun: Duke University 2025-yilning iyun oyi holatiga koʻra dunyodagi eng nufuzli universitetlar roʻyxatida 27-oʻrinni egallab turibdi (THE reytingi boʻyicha).

Grant kimlar uchun?

Bakalavrda o’qishni xohlovchilar uchun

Batafsil ma'lumot uchun link

Grantning manfaatli jihatlari:

Karsh International scholarship granti doirasida quyidagi imtiyozlar taqdim etiladi:

  • kontrakt to‘lovi toʻliq toʻlab beriladi
  • yashash va oziq-ovqat xarajatlari qoplanadi
  • majburiy to‘lovlar toʻlab beriladi
  • boshqa ehtiyojlar uchun xarajatlar qoplanadi
  • yozgi tadqiqot dasturlarida ishtirok etish xarajatlari qoplanadi (uch marta)
  • haq to‘lanmaydigan amaliyotlarda qatnashish imkoniyati
  • akademik faoliyatni rivojlantiruvchi boshqa imkoniyatlar uchun moliyaviy ta’minot

Talablar:

Karsh grantini yutish uchun nomzod o’zi tanlagan bakalavr kursiga hujjat topshirishi va shu kursga qabul talablariga a’lo darajada mos bo’lishi zarur. Bakalavrga qabul jarayonida eng munosib nomzodlar uchun Karsh xalqaro granti belgilanadi, grantga alohida hujjat topshirish shart emas.

Bakalavr kursiga qabul qilinish uchun umumiy talablar:

  • Maktab/kollej/litseyni bitirganlik yoki shu yil bitirish;
  • Yaxshi yoki a’lo baholar
  • Ingliz tilini kamida B2 darajasida bilish
  • Darsdan tashqari foydali mashg’ulotlarda ishtirok etganlik
  • Ijtimoiy faollik
  • O’zi tanlagan yo’nalishga mosligini ko’rsatuvchi dalillar (yaxshi baholar, qo’shimcha yutuqlar, va hokazo).

Qabul jarayoni va talablar bilan to’liq tanishish uchun bu yerdan kerakli dasturni tanlab, nomzodga talablar va qabul shartlari bilan tanishib chiqing.

Dasturga qabul jarayoni:

Karsh xalqaro grantiga nomzod bo’lish uchun Duke universitetida mavjud bakalavr kurslaridan biriga Common Application orqali hujjat topshirish zarur. Arizangizda moliyaviy yordam uchun ehtiyoj  CSS Profile orqali ko’rsatilishi kerak. Moliyaviy ko’makka ehtiyojni ko’rsatish jarayoni bilan bu yerda batafsil tanishing.

2026-yilda boshlanadigan kurslar uchun Common App qabul jarayoni taxminan avgust oyi o’rtalarida boshlanadi. Early decision qabuli uchun oxirgi muddat – 2025-yil 4-noyabr. Regular decision qabuli uchun oxirgi muddat – 2026-yil 2-yanvar. Qabul jarayoniga oid barcha muddatlar va shartlar bilan bu yerda batafsil tanishishingiz mumkin.

Onlayn ariza uchun kerakli hujjatlar (umumiy ro’yxat):

  • Common application orqali ariza
  • Maktab/kollej/litsey baholari
  • Ikkita tavsiyanoma
  • O‘rta maktab hisobot varag‘i va maktab maslahatchisining tavsiyanomasi*
  • SAT yoki ACT ballari (ixtiyoriy)
  • San’at va o’xshash yo’nalishlarga hujjat topshirgan nomzodlar uchun mahorat darajasini ko’rsatuvchi ish namunalari.

* Bu hujjat AQSh universitetlariga topshirishda talab qilinadi va quyidagilarni o‘z ichiga oladi:

O‘rta maktab hisobot varag‘i (Secondary School Report) – bu siz o‘qigan maktab (11-yillik maktab yoki litsey/kollej) tomonidan to‘ldiriladi. Unda maktabingiz haqida umumiy ma’lumot (baholash tizimi, darslar darajasi, bitiruvchilar statistikasi) va sizning o‘quv yutuqlaringiz ko‘rsatiladi.

Maktab maslahatchisining tavsiyanomasi (Counselor Recommendation) – bu sizning maktab direktori, o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari yoki sinf rahbaringiz tomonidan yozilgan tavsiyanoma. Unda sizning intellektual qobiliyatingiz, fe’l-atvoringiz, yetakchilik salohiyatingiz va jamoadagi rolingiz haqida fikr bildiriladi.

Duke universitetiga hujjat topshirish bo’yicha to’liq ma’lumot va boshqa tafsilotlar bilan tanishish uchun universitetning rasmiy veb saytiga tashrif buyuring.

error: Ma‘lumotni nusxalash ta‘qiqlangan!