BMT Taraqqiyot dasturi va O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtiriladigan “O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi milliy ekotizimni mustahkamlash” qo‘shma loyihasi doirasida O‘zbekiston Respublikasining barcha hududlaridagi fuqarolik jamiyati institutlari o‘rtasida “Korrupsiyaga qarshi kurashishda fuqarolik tashabbuslari: raqamli texnologiyalar, media, xalqchil qonunchilik va korrupsiyaning gender jihatlari” nomli loyiha tashabbuslari tanlovi e’lon qilindi.
Tanlovning maqsadi – fuqarolik jamiyati institutlarini korrupsiyaga qarshi choralarni ishlab chiqish, amalga oshirish va monitoring qilishga faol jalb etish orqali barqaror, inklyuziv va texnologiyaga yo‘naltirilgan korrupsiyaga qarshi ekotizimni yaratish.
Tanlovning asosiy vazifalari:
-
Fuqarolik jamiyati institutlari bilan birgalikda ijtimoiy sheriklik va jamoatchilik nazorati doirasida korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish, shuningdek, qonun hujjatlarining korrupsiyaga qarshi ekspertizasini o‘tkazish;
-
Korrupsiya holatlarini yorituvchi surishtiruv va fuqarolik jurnalistikasini rivojlantirishga qaratilgan loyihalarni qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, shaffoflik va hisobdorlikka bo‘lgan jamoatchilik talabini shakllantirishda OAVning rolini kuchaytirish.
-
Fuqarolik jamiyatini korrupsiyaga qarshi normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish, ekspertizadan o‘tkazish va monitoring jarayonlarida ishtirok etishga ko‘maklashish, shu jumladan tashabbuslarni ilgari surish uchun jamoatchilik muhokamasi mexanizmlari va raqamli platformalardan foydalanish;
-
Xotin-qizlar, yoshlar, nogironligi bo‘lgan shaxslar va aholining ehtiyojmand qismini axborotdan, davlat xizmatlaridan va jamoatchilik nazorati imkoniyatlaridan adolatli foydalanishni ta’minlovchi tashabbuslarni ishlab chiqish va amalga oshirishga jalb qilish;
-
Nodavlat notijorat tashkilotlari (NNT), ommaviy axborot vositalari va davlat tuzilmalari o‘rtasida jamoatchilik nazoratining va korrupsiyaga qarshi choralar samaradorligini mustaqil baholashning barqaror formatlarini joriy etishga qaratilgan ijtimoiy sheriklik mexanizmlarini rivojlantirish.
Tanlovning ustuvor yo‘nalishlari:
Loyiha tashabbuslari tanlovida ishtirok etish uchun fuqarolik jamiyati institutlari quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha loyihalar bilan taklif etiladi:
-
Korrupsiyaga qarshi jurnalistika va OAV – surishtiruv va tahliliy jurnalistikani, aholini korrupsiya masalalari bo‘yicha xabardor qilish, mediasavodxonlikni rivojlantirish va ustuvor sohalarda korrupsiyaviy xavf-xatarlarini yoritish bo‘yicha loyihalarni qo‘llab-quvvatlash.
-
Raqamli va texnologik yechimlar – korrupsiyaviy amaliyotlarni aniqlash, ularning kelib chiqishiga sabab bo‘luvchi omillarni raqamli yechimlar asosida bartaraf etish.
-
Qonun ijodkorligi va korrupsiyaga qarshi ekspertizada ishtirok etish – NNT va faol fuqarolarni korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi me’yoriy hujjatlarni ishlab chiqish, monitoring qilish va jamoatchilik ekspertizasidan o‘tkazishga jalb qilish.
-
Inklyuzivlik va ehtiyojmand guruhlar – yoshlar, nogironligi bo‘lgan shaxslar, aholining kam ta’minlangan qatlamlarining ehtiyojlariga yo‘naltirilgan tashabbuslarni ishlab chiqish va ularni korrupsiyaga qarshi kurashishga keng jalb qilish hamda jamoatchilik nazoratida ishtirok etishlariga sharoit yaratish.
-
Korrupsiyaning gender jihatlari – korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashishning gender jihatlarini o‘rganishga qaratilgan, xotin-qizlarni zamonaviy korrupsiyaga qarshi amaliyotlarga jalb qiluvchi va xotin-qizlarning korrupsiyaga qarshi kurashish drayverlaridan biri sifatidagi rolini kuchaytiruvchi tashabbuslar.
Kimlar ishtirok etishi mumkin:
Kichik grantlar tanlovida respublikadagi NNTlar (O‘zbekiston Respublikasi hududida ro‘yxatdan o‘tgan va faoliyat yuritayotgan, mulkchilik shakli turlicha bo‘lgan xotin-qizlar va yoshlar tashkilotlari, o‘quv (ta’lim) va ilmiy muassasalar (agar ularning ustavida nazarda tutilgan maqsad va vazifalar grant loyihasi mavzusiga mos keladigan bo‘lsa) ishtirok etishlari mumkin.
Tanlovda tijorat tashkilotlari (MCHJ, AJ va boshqalar), tugatish bosqichidagi tashkilotlar va jismoniy shaxslar ishtirok etishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Bitta loyiha uchun ajratiladigan grant miqdori — 7000 AQSH dollarigacha.
Ishtirok etish tartibi:
Arizalarni topshirishdan oldin talabgorlar loyiha jamoasi tomonidan o‘tkaziladigan axborot onlayn-sessiyalarida ishtirok etishlari shart. Ishtirok etish tanlovning majburiy sharti hisoblanadi va grant tartib-qoidalari bilan tanishish, tanlov hujjatlarini to‘g‘ri rasmiylashtirish, shuningdek, huquqiy va moliyaviy savodxonlikni oshirishga qaratilgan.
Onlayn sessiyalar sanasi va vaqti: 2025-yil 11-iyun kuni soat 10:00, 2025-yil 18-iyun kuni soat 10:00
Ishtirok etish uchun ro‘yxatdan o‘tish va havola olish bo‘yicha quyidagi manzilga xat yuboring: anti-corruption.contest@undp.org yoki ushbu raqamga murojaat qiling: +998 94 775 82 60.
Ariza topshirish tartibi:
-
Tanlovning konsepsiyasi va nizomi bilan tanishish
-
Ariza shaklini to‘ldirish (5 sahifadan oshmasligi kerak) va zarur hujjatlarni tayyorlash
-
To‘ldirilgan shakl va hujjatlar to‘plamini quyidagi elektron manzilga jo‘nating: anti-corruption.contest@undp.org
Arizalarni topshirishning so‘nggi muddati – Toshkent vaqti bilan soat 00:00 gacha, 2025-yil 25-iyun.
Qo‘shimcha ma’lumot olish uchun bog‘lanish raqami: +998 94 775 82 60.