×

Talabalar va yosh tadqiqotchilar uchun Toshkentda 2 bepul xalqaro sammit – ishtirok etish bepul


Grant

MUHLAT

10.09.2025

QOLGAN VAQT

18 kun

HUDUD

O'zbekiston

O'QILGAN

1200 marta

Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti tomonidan 2025-yil 10-12-oktyabr kunlari mahalliy va xalqaro izlanuvchilar uchun “Barqaror tinchlikni ta’minlash maqsadida mintaqalararo hamkorlikni mustahkamlash va yoshlar yetakchiligini rivojlantirish” yosh tadqiqotchilar sammiti tashkil etilmoqda. 

Ushbu Sammit turli mintaqalardan bo‘lgan yosh tadqiqotchilar, kelajak yetakchilari va mutaxassislarni mazmunli muloqot olib borish, mintaqalararo hamkorlikni chuqurlashtirish va barqaror tinchlikni barpo etishning asosi sifatida yoshlar yetakchiligini ilgari surish maqsadida birlashtiruvchi dinamik xalqaro platforma sifatida rejalashtirilgan. 

Ishtirokchilar BMTning 2030 yilgacha mo‘ljallangan Barqaror rivojlanish kun tartibi hamda “Yoshlar, tinchlik va xavfsizlik” dasturi kabi asosiy xalqaro doiralar asosida muhokamalarda qatnashadilar. Muhokamalar yoshlarning mojarolarni oldini olish, ijtimoiy hamjihatlikni mustahkamlash va uzoq muddatli rivojlanishda katalizator sifatidagi roliga qaratiladi. 

Sammitning asosiy to‘rtta tematik yo‘nalish bo‘yicha tashkil etiladi. Sammit turli mavzularga bag‘ishlangan to‘rtta alohida qo‘mita (sho‘ba) formatida bo‘lib o‘tadi: MDH, SHHT, Yevropa Ittifoqi va TDT. Ro‘yxatdan o‘tishda har bir ishtirokchi o‘z qiziqishiga qarab qo‘mitalardan (sho‘balardan) birini tanlaydi va tanlangan mavzu bo‘yicha kichik ilmiy maqola (tezis) tayyorlaydi. 

Qo‘mitalar va mavzular

  1. MDH qo‘mitasi – Barqaror rivojlanishda yoshlar yetakchiligi va hamkorlik.
  2. SHHT qo‘mitasi – Raqamli diplomatiya va yoshlar tashabbuslari.
  3. YI qo‘mitasi – Yoshlar diplomatiyasi va ijtimoiy birdamlik.
  4. TDT qo‘mitasi – Ma’daniy diplomatiya va turkiy davlatlar hamkorligi.

Tezis uchun taxminiy yo’nalishlar bilan batafsil BU YERDA tanishing.

Sammit kuni har bir ishtirokchi o‘z qo‘mitasida (sho‘basida) maqolasi asosida besh daqiqalik ma’ruza bilan so‘zga chiqadi va sho‘ba davomida muhokamalarda ishtirok etadi. Qo‘mita (sho‘ba) to‘laqonli konferensiya sifatida faoliyat yuritadi. Sho‘ba yakunida moderator eng faol ma’ruzachini aniqlaydi, u sessiya yetakchisi sifatida qayd etiladi.

Sammit ingliz, rus va o‘zbek tillarida tashkil etiladi.

Grant kimlar uchun?

Xalqaro munosabatlar, huquqshunoslik, siyosatshunoslik, iqtisodiyot, biznes, IT, kiberxavfsizlik, raqamli innovatsiyalar, ijtimoiy-gumanitar fanlar, ekologiya, jurnalistika, kommunikatsiya va boshqa sohalardagi talabalar, yosh tadqiqotchilar, yosh liderlar, ekspertlar va tashkilotlar vakillar

Batafsil ma'lumot uchun link

Grantning manfaatli jihatlari:

Sammit uch kun davomida interaktiv va boy dastur asosida o‘tkaziladi. Unda siz nafaqat tinglovchi, balki faol ishtirokchi sifatida ham qatnashasiz.

Dastur mashgʻulotlari:

  • Rasmiy ochilish marosimi – Universitet rahbariyati, Talabalar ilmiy jamiyati va faxriy mehmonlar ishtirokida Sammitning maqsadlari, asosiy yo‘nalishlari va natijalari taqdim etiladi. Shu bosqichda ishtirokchilar bir-biri bilan tanishib, ilk aloqalarni o‘rnatadilar.
  • Panel munozaralar – “Barqaror tinchlikni ta’minlash maqsadida mintaqalararo hamkorlik va yoshlar yetakchiligi” mavzusida xalqaro ekspertlar (MDH, SHHT, YI va TDT vakillari) o‘z tajribalari va dolzarb g‘oyalari bilan o‘rtoqlashadilar. Sessiya interaktiv muloqot va savol-javoblar shaklida o‘tadi.
  • Qo‘mitalar sessiyalari – Ishtirokchilar tanlagan qo‘mitalarda (MDH, SHHT, YI, TDT) ilmiy tezis asosida 5 daqiqalik taqdimot qiladilar va muhokamalarda faol qatnashadilar. Sessiyalar yakunida eng faol ma’ruzachi “sessiya yetakchisi” sifatida e’tirof etiladi.
  • Tim-bilding va jamoaviy mashg‘ulotlar – O‘yinlar, muammolarni jamoaviy hal qilish, viktorinalar va ijodiy topshiriqlar orqali hamkorlik va do‘stona muhitni shakllantirish.
  • Madaniy dastur – Toshkent shahrining tarixiy va madaniy joylariga sayohatlar, teatr tomoshalari va mahalliy san’at namoyishlari orqali O‘zbekiston madaniyati bilan yaqindan tanishish.
  • Networking va hamkorlik – Ishtirokchilar o‘zaro aloqalar o‘rnatib, kelajakdagi qo‘shma loyihalar va tashabbuslar uchun hamkorlik imkoniyatlarini belgilab olishadi.

Talablar:

Nomzodlar uchun talablar quyidagicha:

  • 18–30 yoshdagi talabalar, yosh mutaxassislar va tadqiqotchilar ariza topshirishi mumkin.
  • Xalqaro munosabatlar, huquq, siyosatshunoslik, iqtisodiyot, biznes, axborot texnologiyalari, kiberxavfsizlik, raqamli innovatsiyalar, ijtimoiy va gumanitar fanlar, ekologik va barqaror rivojlanish, shuningdek, media, jurnalistika, kommunikatsiya va boshqa yo‘nalishlar talabalari, yosh tadqiqotchilar va liderlar, xalqaro va mintaqaviy ekspertlar, yoshlar tashkilotlari vakillari, davlat idoralari vakillari, akademiklar va ilmiy hamjamiyat vakillari, ommaviy axborot vositalari vakillari qatnasha oladi.
  • Sammitning rasmiy tillari — ingliz, rus yoki o‘zbek tillaridan birini yaxshi bilishi kerak.
  • Xalqaro hamkorlik, barqaror rivojlanish va yoshlar yetakchiligiga faol qiziqish bildirishi lozim.
  • Har bir ishtirokchi o‘z qiziqishiga qarab qo‘mitalardan (sho‘balardan) birini tanlashi va tanlangan mavzu bo‘yicha kichik ilmiy maqola (tezis) tayyorlashi kerak.

Tezisga qo’yilgan talablar:

  • Tezislar sammit yo‘nalishiga oid dolzarb mavzularda, ilmiy tahlilga va tugallangan fikrlarga asoslangan, savodli tahrir qilingan, amaliy taklif va tavsiyalar bilan taqdim etilishi lozim.
  • Tezis matni MS WORD matn muharririda, Arial shrifti, 14 yozuv kattaligida, 1,5 intervalda bo‘lishi lozim.
  • Tezis matnlari A4 hajmda, yuqoridan va pastdan 2 sm., chapdan 3 sm/, o‘ngdan 1,5 sm. joy qoldirib quyidagi tartibda rasmiylashtirilishi kerak:
    • Tezisning nomi bosh harflar bilan yoziladi.
    • Muallifning ismi, familiyasi.
    • Ta’lim olayotgan joyi.
    • Faol elektron pochtasi – mos ravishda 3 ta qatorda (o‘ng yuqori burchak, kursivda, 12 yozuv o‘lchami kattaligidagi shrift, 1 intervalda) ko‘rsatiladi. So‘ngra 1 interval qoldirib, Asosiy matn 1,5 intervalli qatorlarda yoziladi. 
    • Annotasiya va kalit so‘zlar keltiriladi. 
    • Iqtiboslar matn ichida kvadrat qavs shaklida beriladi. 
    • Tezisni saqlashda sho‘ba nomi va muallif familiyasi yoziladi. (Masalan: MDH. Sadikov.S.A.docx (yuz qismida) 
    • Qabul qilingan tezislar bepul chop etiladi. 
    • Maqolalarga ilmiy rahbar taqrizi talab etiladi. 

Taqdim etiladigan maqolalar hajmi: 3 sahifadan 10 sahifagacha.

Dasturga qabul jarayoni:

Ishtirokchilarni saralash 2 bosqichda amalga oshiriladi: 

  1. I bosqich. Nomzodlar 2025-yil 10-sentyabrga qadar  BU YERDAN onlayn ro‘yxatdan o‘tadilar. Barcha kelib tushgan arizalar tashkiliy qo‘mita tomonidan ko‘rib chiqiladi va natijasi bo‘yicha belgilangan mezonlarga muvofiq eng munosib nomzodlar tanlab olinadi. 
  2. II bosqich. Tanlab olingan nomzodlar bilan tashkilotchilar bog‘lanadi. Ushbu bosqichda ishtirokchilar tanlangan qo‘mita mavzusi bo‘yicha o‘z tezislarini taqdim etishlari talab etiladi.

Dasturga topshirishdan avval rasmiy e’lon hamda dastur haqida batafsil quyidagi tillardagi ma’lumot bilan tanishib chiqing:

Murojaat va qo‘shimcha maʼlumot uchun: stscientsociety@gmail.com 

error: Ma‘lumotni nusxalash ta‘qiqlangan!