×

NUS Young Fellowship Programme: Bakalavrlar uchun Singapurda tadqiqot dasturi – xarajatlar qisman qoplanadi


Grant

MUHLAT

15.03.2026

QOLGAN VAQT

18 kun

HUDUD

Singapur

O'QILGAN

428 marta

Singapur milliy universiteti (NUS) Aspirantura maktabi tomonidan 3-marta tashkil etilayotgan “NUS Young Fellowship Programme” tadqiqot dasturiga arizalar qabul qilinmoqda. Ushbu dastur Singapur milliy universitetidagi tadqiqot olib borish va bakalavriatdan keyingi oʻqish imkoniyatlari bilan tanishishni xohlovchilar uchun moʻljallangan.

Bu yilgi dasturning mavzusi: “AI and Graduate Research (Sunʼiy intellekt va magistraturada tadqiqot”.

Ushbu dastur jami 1 oy davom etadi hamda onlayn va oflayn mashgʻulotlarni oʻz ichiga oladi. Onlayn mashgʻulotlar onlayn darslar va loyihalar ustida olib boriladigan amaliy vazifalarni oʻz ichiga oladi. Oflayn mashgʻulotda ishtirokchilar NUS professor-oʻqituvchilari maʼruzalari va seminarlarida qatnashadi.

  • Oflayn mashgʻulotlar olib boriladigan sanalar: 22-iyundan 26-iyungacha
  • Onlayn mashgʻulotlar olib boriladigan sanalar: 2026-yil 26-iyundan 24-iyulgacha

Shuningdek, dastur doirasida yetakchi tadqiqot muassasalariga tashriflar va diqqatga sazovor joylarga safarlar ham tashkil etiladi.

Dastur mashgʻulotlari ingliz tilida olib boriladi.

Grant kimlar uchun?

3-bosqich yoki undan yuqori bosqichda tahsil olayotgan bakalavriat talabalari uchun

Batafsil ma'lumot uchun link

Grantning manfaatli jihatlari:

Ishtirokchilar quyidagi moddiy imtiyozlar bilan taʼminlanadi:

  • Ishtirok etish bepul
  • Kampusda bepul turar joy
  • Xalqaro safar xarajatlari uchun 500 SGD (taxminan 400 AQSH dollari) kompensatsiya (dasturni muvaffaqiyatli yakunlaganlar uchun beriladi)
  • Turli diqqatga sazovor joylarga bepul tashriflar

*Singapurga borish va qaytish xarajatlari, shuningdek, oziq-ovqat xarajatlari qoplab berilmaydi. Bu xarajatlarni ishtirokchilarning oʻzi qoplashi lozim.

Talablar:

Nomzodlarga qoʻyilgan talablar quyidagicha:

  • Dasturga 3-bosqich yoki undan yuqori bosqichda oʻqiyotgan bakalavriat talabalari ariza topshirishi mumkin.
  • Ingliz tilini yetarli darajada yaxshi bilish lozim.
  • Nomzodlarning universitetdagi baholari imkon qadar yuqori boʻlishi kerak.
  • Nomzod tahsil olayotgan soha uchun cheklov belgilanmagan.

Nomzodlar quyidagi asosida saralab olinadi:

  • Baholari qanchalik yuqori ekani
  • Oʻqishdan tashqari erishilgan yutuqlar

Dasturga qabul jarayoni:

Arizalar 2026-yil 15-martgacha qabul qilinadi. Arizalar onlayn tarzda USHBU PLATFORMADA topshiriladi. Ariza topshirish uchun dastlab shu platformada roʻyxatdan oʻtish (Register) kerek.

Roʻyxatdan oʻtgandan keyin quyidagi ruknlarni tanlang: Add New Programme → Select ‘Non-Degree Programme’; ‘Full-Time’; Enroll in ‘June 2026 Special Term’ → Click ‘View Programmes for application’ → Click ‘Apply Now’ for the ‘NUS Young Fellowship Programme‘.

Shundan keyin onlayn ariza shaklida soʻralgan maʼlumotlarni kiriting va hujjatlarni yuklang. Ariza shakliga quyidagi hujjatlarni yuklash kerak:

  • CV (maksimal 2 sahifa)
  • Quyidagidan biri boʻyicha shaxsiy bayon yoki insho (maksimal 1000 ta soʻz):
    – Shaxsiy jihatdan katta qiziqish uyg‘otadigan tadqiqot yo‘nalishi va uning kutilayotgan rivoji
    – Shaxsiy ahamiyatga ega bo‘lgan dolzarb ijtimoiy muammo yoki masala hamda uni hal etish bo‘yicha shaxsiy qarashlar
  • Universitetda olingan baholar (bu hujjatni topshirish majburiy emas, lekin topshirish qattiq tavsiya etiladi)
  • 2 ta tavsiyanoma
  • Pasport rasmi oʻlchamidagi surat

Onlayn platformada roʻyxatdan oʻtish va ariza shaklini toʻldirish boʻyicha qoʻllanma bilan BU YERDA tanishing.

Qabul natijalari 2026-yil aprel oyida eʼlon qilinadi.

MUHIM: Ariza topshirishga kirishishdan oldin rasmiy maʼlumotlar bilan batafsil tanishib chiqing.

error: Ma‘lumotni nusxalash ta‘qiqlangan!