×

Research Accelerator Residency: Ijtimoiy sohada tadqiqot olib boruvchilar uchun rezidensiya dasturi


Grant

MUHLAT

14.04.2026

QOLGAN VAQT

19 kun

HUDUD

O'zbekiston

O'QILGAN

111 marta

Oʻzbekiston Respublikasi Ijtimoiy himoya milliy agentligi huzuridagi Ijtimoiy siyosat laboratoriyasi (ISLAB) va J-PAL, the Abdul Latif Jameel Poverty Action Lab hamkorlikda munosib nomzodlar va institutsional hamkorlarni “Tadqiqot akseleratori (Research Accelerator)” rezidentlik dasturiga ariza topshirishga taklif etmoqda.

Ushbu 12 oylik dastur oʻz faoliyatini boshlayotgan olimlarga Oʻzbekiston uchun dolzarb boʻlgan mustaqil yoki hamkorlikdagi tadqiqot loyihalarini rivojlantirish bilan birga, taʼsirni baholash, ijtimoiy siyosat va rivojlanish iqtisodiyoti yoʻnalishlarida tadqiqot koʻnikmalarini mustahkamlashga koʻmaklashadi.

Saralab olingan rezidentlar mentorlik va texnik treninglardan oʻtadi, shuningdek, Massachusets texnologiya Institutining (MIT) “Maʼlumotlar, iqtisodiyot va rivojlanish siyosati” (DEDP) boʻyicha MicroMasters dasturining tanlangan kurslarida qatnashish imkoniyatiga ega boʻladi. Bu kurslar rivojlanish iqtisodiyoti, maʼlumotlar tahlili hamda siyosat va dasturlar samaradorligini aniqlashga qaratilgan randomizatsiyalangan baholashlarni ishlab chiqish va amalga oshirish boʻyicha chuqur bilim beradi.

Ushbu rezidentlik dasturi amaliy tadqiqotlarni institutsional koʻmak bilan uygʻunlashtirib, nafaqat individual loyihalarni ilgari surish, balki milliy tadqiqot ekotizimini mustahkamlash, siyosat uchun ahamiyatli boʻlgan puxta tadqiqotlar olib boruvchi olimlar hamjamiyatini kengaytirish hamda butun mintaqada taʼsirni baholash sohasida uzoq muddatli yetakchilikni shakllantirishni maqsad qilgan.

Grant kimlar uchun?

Ijtimoiy sohada tadqiqot olib boruvchilar uchun

Batafsil ma'lumot uchun link

Grantning manfaatli jihatlari:

Rezidentlik dasturi taqdim etuvchi imtiyozlar quyidagilarni oʻz ichiga oladi:

  • ISLAB va J-PAL bilan hamkorlik qiluvchi tadqiqotchilarning mentorligi
  • MIT MicroMasters dasturining Maʼlumotlar, iqtisodiyot va rivojlanish siyosati (DEDP) yoʻnalishidagi kurslaridan foydalanish imkoniyati
  • Amaliy ijtimoiy siyosat tadqiqotlarida bevosita tajriba orttirish
  • “Tadqiqot akseleratori rezidenti” sifatida rasman eʼtirof etilish
  • Mahalliy va xalqaro olimlar bilan tanishish va hamkorlik aloqalarini oʻrnatish
  • Kelajakdagi tadqiqotlarni moliyalashtirish imkoniyatlari boʻyicha yoʻl-yoʻriq olish imkoniyati

Ushbu rezidentlik dasturi va dastur doirasida MIT kurslarida qatnashish bepul.

Talablar:

“Tadqiqot akseleratori” rezidentlik dasturida ishtirok etish uchun nomzodlar quyidagi talablarga javob berishi kerak:

  • Oʻzbekistonda (ustuvor) yoki Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatida istiqomat qilish. Oʻzbekiston uchun ahamiyatli tadqiqot loyihalari bilan xorijda tahsil olayotgan yoki ishlayotgan Oʻzbekiston fuqarolari ham ariza topshirishga taklif etiladi.
  • Kamida bakalavr darajasiga ega boʻlish. Iqtisodiyot, davlat siyosati, statistika yoki shunga oʻxshash miqdoriy ijtimoiy fanlar boʻyicha PhD talabalari va yaqinda magistraturani tamomlagan nomzodlarga ustunlik beriladi.
  • 12 oylik rezidentlik davomida faol ishtirok etish majburiyatini olish. Dastur asosan masofaviy tarzda (onlayn) olib boriladi va Ijtimoiy siyosat laboratoriyasidagi maxsus ish joyidan ixtiyoriy foydalanish imkoniyati ham mavjud.

Nomzodlar quyidagilarni namoyon eta olishi kerak:

  • Tadqiqot muhitida ishlaganlik tajribasi.
  • Taʼsirni baholash, ijtimoiy himoya, rivojlanish iqtisodiyoti, taʼlim, sogʻliqni saqlash yoki shunga oʻxshash sohalarga yuqori qiziqish.
  • Kuchli tahliliy va miqdoriy koʻnikmalar.
  • Statistik dasturlash (R, Stata yoki Python) boʻyicha amaliy ishlay olish malakasi.
  • Ingliz tilini bilish (oʻqish va yozish).

Dasturga qabul jarayoni:

Arizalar 2026-yil 14-aprelgacha qabul qilinadi. Arizani onlayn tarzda BU YERDA topshirish mumkin.

Nomzodlar quyidagi hujjatlarni taqdim etishlari lozim:

  • Toʻldirilgan ariza shakli. Eʼtibor bering, ariza shaklining bir qismi sifatida oʻz rezyumeingizni (CV) ham yuklashingiz talab etiladi.
  • Tadqiqot loyihasi taklifi (koʻpi bilan 1200 soʻz). Taklifingizda quyidagilar bayon etilishi kerak: 1) Tadqiqot savoli; 2) Siyosiy ahamiyati; 3) Mavjud ilmiy adabiyotlar bilan bogʻliqligi; 4) Taklif etilayotgan metodologiya; 5) Loyihaning qaysi bosqichida ekanligingiz; 6) Qaysi masalalarda ustozlik yordamini olishni xohlashingiz. Taklif Oʻzbekistondagi ijtimoiy siyosat, taʼsirni baholash yoki rivojlanish muammolariga qaratilgan boʻlishi zarur. Hujjatni tayyorlashda taqdim etilgan andozadan foydalanishingiz mumkin. Tadqiqot taklifi andozasi bilan BU YERDA tanishishingiz mumkin.

Natijalar 2026-yil 30-aprelgacha eʼlon qilinadi. Dastur mashgʻulotlari esa 2026-yil 12-maydan boshlanadi.

MUHIM: Ariza topshirishga kirishishdan oldin rasmiy eʼlon va savol-javoblar bilan batafsil tanishib chiqing.

Savollar yuzasidan quyidagi kontaktlarga murojaat qilishingiz mumkin:

error: Ma‘lumotni nusxalash ta‘qiqlangan!