×

Global Sustainability Challenge: talabalar uchun mukofot jamg‘armasi 35 000 dollaridan ortiq bo‘lgan xalqaro tanlov!


Grant

MUHLAT

22.11.2026

QOLGAN VAQT

25 kun

HUDUD

Onlayn

O'QILGAN

255 marta

Global Sustainability Challenge 2026–2027 xalqaro talabalar tanloviga ro‘yxatdan o‘tish boshlandi. Tanlov Stanford universiteti tashabbusi bilan, Stanford Doerr School of Sustainability va dunyoning turli mamlakatlaridagi hamkor universitetlar bilan birgalikda tashkil etilmoqda.

Tanlov global ekologik va iqlim muammolariga innovatsion yechimlar taklif etishga tayyor talabalarni birlashtiradi. Ishtirokchilar o‘z loyihalarini ishlab chiqish, mutaxassislardan maslahat va ko‘mak olish hamda g‘oyalarini xalqaro miqyosda taqdim etish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.

Global Sustainability Challenge tanlovining avvalgi mavsumida dunyoning 90 dan ortiq mamlakatidan 3 000 dan ziyod talaba ishtirok etgan.

2026–2027-yilgi mavsumda O‘zbekiston va Markaziy Osiyoning boshqa davlatlaridagi talabalar ham tanlovga qo‘shilib, o‘z loyihalarini taqdim etishlari mumkin.

Tanlov yo‘nalishlari

Ishtirokchilar quyidagi ikki asosiy yo‘nalishdan birini tanlashlari mumkin:

  1. Barqaror energetika (Sustainable Energy)

Toza energiya manbalarini rivojlantirish, energiya samaradorligini oshirish, energiyani saqlash va taqsimlash tizimlarini takomillashtirish hamda barqaror energiya manbalaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan yechimlar.

  1. Iqlim o‘zgarishiga moslashish va barqarorlikni oshirish (Adaptation & Resilience)

Jamiyatning iqlim o‘zgarishi oqibatlariga moslashishiga yordam beradigan loyihalar. Ushbu yo‘nalish uchta asosiy mavzuni qamrab oladi:

  • Suv resurslari va barqaror suv ta’minoti.
  • Oziq-ovqat tizimlarining barqarorligi.
  • Haddan tashqari issiq haroratga moslashish.

Muhimi, tanlov faqat texnik yoki muhandislik loyihalari bilan cheklanmaydi. Iqtisodiyot, moliya, davlat siyosati, ijtimoiy fanlar, dizayn va boshqa sohalardagi g‘oyalar ham qabul qilinadi.

Tanlovda quyidagilar qatnashishi mumkin:

  • Bakalavriat, magistratura va doktorantura (PhD) talabalari.
  • O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va boshqa mamlakatlardagi universitet talabalari.
  • Istalgan ta’lim yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalar.
  • Yakka tartibdagi ishtirokchilar yoki 2–6 kishidan iborat jamoalar.

Grant kimlar uchun?

Dunyo bo‘ylab universitet talabalari, jumladan, O‘zbekiston va Markaziy Osiyoning boshqa davlatlaridagi talabalar

Batafsil ma'lumot uchun link

Grantning manfaatli jihatlari:

Tanlovning umumiy mukofot jamg‘armasi 35 000 AQSh dollaridan ortiq.

Pul mukofotlaridan tashqari, ishtirokchilar quyidagi imkoniyatlarga ega bo‘ladilar:

  • O‘z g‘oyalarini xalqaro ekspertlarga taqdim etish.
  • Barqaror rivojlanish sohasidagi mutaxassislardan maslahat va mentorlik yordamini olish.
  • Ta’lim sessiyalari va amaliy seminarlarda qatnashish.
  • Tadqiqot olib borish, prototip yaratish va loyihalarni taqdim etish ko‘nikmalarini rivojlantirish.
  • Turli mamlakatlardan kelgan talabalar, tadqiqotchilar va tadbirkorlar bilan tanishish.
  • Xalqaro miqyosda e’tirof etilish va loyihani yanada rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlarga ega bo‘lish.

G‘olib jamoalar Stanford EcoGlobal Program dasturiga taklif olish imkoniyatiga ham ega bo‘lishlari mumkin. Bu barqaror rivojlanish sohasidagi tadbirkorlik loyihalarini rivojlantirishga qaratilgan sakkiz haftalik dasturdir.

Mazkur dasturga taklif barcha g‘oliblarga kafolatlanmaydi va saralash shartlariga bog‘liq.

Talablar:

Asosiy talablar:

  1. Ishtirokchilar oliy ta’lim muassasasida tahsil olayotgan bo‘lishlari kerak.
  2. Jamoa 1 nafardan 6 nafargacha ishtirokchidan iborat bo‘lishi mumkin.
  3. Jamoaning kamida bir a’zosi 2027-yil 1-yanvarga qadar 18 yoshga to‘lgan bo‘lishi kerak.
  4. Loyiha tanlovning ikki asosiy yo‘nalishidan biriga mos kelishi lozim.
  5. Ishtirokchilar barqaror rivojlanish bilan bog‘liq dolzarb muammoga o‘z yechimlarini taklif etishlari kerak.

Tanlovda qatnashish uchun tayyor startap yoki faoliyat yuritayotgan biznesga ega bo‘lish shart emas. Dastlabki bosqichda loyiha g‘oyasini ishlab chiqish va uni tashkilotchilarga taqdim etish kifoya.

 

Dasturga qabul jarayoni:

Tanlov uchta asosiy bosqichda o‘tkaziladi.

1-bosqich — Ignite (2026-yil sentabr – 22-noyabr)

Ishtirokchilar jamoa tuzadilar, yo‘nalishni tanlaydilar, muammoni o‘rganadilar va o‘z yechimlari konsepsiyasini ishlab chiqadilar.

Ishtirok etish uchun quyidagilarni tayyorlash kerak:

  • Jamoa haqida ma’lumot.
  • Loyiha g‘oyasi tavsiflangan hujjat.
  • Loyihaning qisqacha taqdimoti aks etgan ikki daqiqalik video.

2-bosqich — Build (2026-yil dekabr – 2027-yil fevral)

Jamoalar o‘z g‘oyalarini rivojlantiradilar, prototiplar yaratib, ularni sinovdan o‘tkazadilar, ekspertlardan fikr-mulohazalar oladilar va mintaqaviy final bosqichlariga tayyorgarlik ko‘radilar.

3-bosqich — Shine (2027-yil mart – may)

Eng yaxshi jamoalar o‘z yechimlarini takomillashtirib, loyihalarini xalqaro miqyosda taqdim etadilar.

Global Sustainability Challenge jahon finali 2027-yil 20–21-may kunlari Xitoyning Xanchjou shahridagi Zhejiang University (Chjetszyan universiteti)da bo‘lib o‘tadi.

Tanlovda ishtirok etish uchun:

  1. Tanlovning rasmiy saytiga o‘ting.
  2. Join the Challenge bo‘limi orqali ro‘yxatdan o‘ting.
  3. Jamoa tuzing yoki yakka tartibda ariza topshiring.
  4. Tanlovning ikki yo‘nalishidan birini tanlang.
  5. Loyiha tavsifi va ikki daqiqalik videoni tayyorlang.
  6. Barcha zarur materiallarni 2026-yil 22-noyabrgacha taqdim eting.

Tanlovda ishtirok etish mutlaqo bepul.

Global Sustainability Challenge Markaziy Osiyo talabalariga o‘z g‘oyalarini xalqaro maydonda namoyish etish, ekspertlardan ko‘mak olish va dolzarb ekologik muammolarni hal etishga hissa qo‘shish imkoniyatini beradi.

O‘zbekiston va mintaqaning boshqa davlatlaridagi talabalar o‘z mutaxassisligidan qat’i nazar, tanlovda ishtirok etishlari mumkin.

Rasmiy sayt va ro‘yxatdan o‘tish:

https://www.globalsustainabilitychallenge.org/

Maqsud Salomov
Author: Maqsud Salomov