Tibbiyot va farmatsevtika sanoatini rivojlantirish agentligi xorijiy universitetlarda tahsil olish, xalqaro grantlarni qo‘lga kiritish va ilmiy amaliyot dasturlarida ishtirok etishni istagan talabalar hamda bitiruvchilar uchun yangi tashabbusni yo‘lga qo‘ymoqda.
Mazkur tashabbus doirasida xalqaro ta’lim imkoniyatlariga qiziqqan yoshlar bazasi shakllantirilib, ularga nufuzli universitetlarga kirish, grant dasturlarini tanlash va hujjat topshirish jarayonlarida bepul mentorlik hamda amaliy ko‘mak ko‘rsatiladi.
Dastur kimlar uchun?
Dastur xorijda bakalavriat, magistratura va doktorantura bosqichlarida tahsil olishni yoki xalqaro ilmiy amaliyotlarda qatnashishni rejalashtirayotgan talabalar va bitiruvchilar uchun mo‘ljallangan.
Quyidagi yo‘nalishlarga alohida e’tibor qaratiladi:
- Tibbiyot va farmatsevtika
- Biotexnologiya va Genetik muhandislik
- Sun’iy intellekt (AI) va kompyuter fanlari
- Kimyo va kimyoviy muhandislik
- Ushbu sohalarga turdosh boshqa yo‘nalishlar
Qaysi xalqaro dasturlar bo‘yicha yordam beriladi?
Nomzodlarga quyidagi xalqaro ta’lim va ilmiy imkoniyatlar bo‘yicha tayyorgarlik ko‘rishda yordam beriladi:
- Dunyoning TOP universitetlari — nufuzli xorijiy universitetlarga kirish va hujjat topshirish jarayonlariga tayyorgarlik.
- Erasmus Mundus — Yevropadagi qo‘shma magistratura dasturlari.
- Stipendium Hungaricum — Vengriyada bakalavriat, magistratura va doktorantura dasturlari.
- El-yurt umidi — xorijiy nufuzli universitetlarda tahsil olish uchun stipendiya dasturlari.
- Xalqaro ilmiy amaliyotlar — xorijiy universitetlar va ilmiy tadqiqot markazlarida tadqiqot olib borish hamda tajriba orttirish.
- Boshqa xalqaro grantlar — AQSH, Yevropa va Osiyo mamlakatlaridagi grant va stipendiya dasturlari.
Ishtirokchilarga qanday yordam ko‘rsatiladi?
Erasmus Mundus, Stipendium Hungaricum, NSP va boshqa nufuzli xalqaro grantlarni qo‘lga kiritgan mentorlar ishtirokida bepul o‘quv mashg‘ulotlar va individual maslahatlar tashkil etiladi.
Mentorlik dasturi quyidagi yo‘nalishlarni qamrab oladi:
- Nomzodning akademik tayyorgarligi va qiziqishlariga mos universitet hamda grant dasturlarini tanlash.
- Professional CV, motivatsion xat va boshqa zarur hujjatlarni tayyorlash.
- Universitetlar va xalqaro grant dasturlariga ariza topshirish jarayonida amaliy yordam ko‘rsatish.
- Qabul suhbatlariga tayyorgarlik ko‘rish va individual tavsiyalar berish.
Barcha mentorlik mashg‘ulotlari va maslahatlar mutlaqo bepul.
Faol talabalar uchun stipendiya imkoniyati
Agentlik tashabbuslarini targ‘ib qilish, xalqaro ta’lim dasturlariga qiziqqan yoshlarni jalb etish va talabalar bazasini shakllantirishda faol ishtirok etgan talabalar uchun 1 000 000 so‘mdan boshlanadigan stipendiya olish imkoniyati ham mavjud.
Stipendiya miqdori talabalarning faolligi, jalb etilgan ishtirokchilar soni va erishilgan natijalarga qarab belgilanadi.
Ushbu tashabbusda faol ishtirok etish istagida bo‘lganlar yoki stipendiya bo‘yicha qo‘shimcha savollari mavjud talabalar Telegram orqali murojaat qilishlari mumkin:
Telegram: @RRB_4601
Ro‘yxatdan o‘tish tartibi va muddati
Xalqaro universitetlar va grant dasturlarining ariza topshirish muddatlari bir-biridan farq qilgani sababli, nomzodlarga imkon qadar tezroq ro‘yxatdan o‘tish va hujjatlarni tayyorlashni boshlash tavsiya etiladi.
Ro‘yxatdan o‘tish havolasi: HAVOLA
Ro‘yxatdan o‘tgan nomzodlarning akademik ma’lumotlari va qiziqishlari asosida ishtirokchilar bazasi shakllantirilib, ularga tegishli dasturlar bo‘yicha mentorlik va maslahatlar tashkil etiladi.
Izohlar
Tashkilotchi: Tibbiyot va farmatsevtika sanoatini rivojlantirish agentligi, Fan, ta’lim va innovatsiyalar bo‘limi.
Mentorlik va maslahat xizmatlari bepul. Xalqaro grantlarni ajratish va universitetlarga qabul qilish bo‘yicha yakuniy qaror tegishli tashkilotlar tomonidan qabul qilinadi.




