×

Koreyaning Pusan xorijiy fanlar universitetiga grant asosida qabul qilingan talaba bilan suhbat


Blog

BO'LIM

Muvaffaqiyatga yo'l

O'QILGAN

19401 marta

CHOP ETILGAN

16.04.2018

Aminov Sarvar Davlatbayevich – 1994-yil 28-dekabrda Xorazm viloyati Gurlan tumanida tug`ilgan. 2017-yilda Toshkent moliya institutining bakalavr bosqichini tamamlagan. 2018-yilda Janubiy Koreyaning Pusan xorijiy fanlar universiteti (Busan University of Foreign Studies) ning magistratura bosqichiga grant asosida qabul qilingan.

  1. Ushbu grantni qo’lga kiritish jarayoni haqida qisqacha so’zlab bersangiz.
    Jarayon juda uzoq davom etgan, ochig’ini aytsam. Eng avvalo, Koreadagi oliy o’quv yurtlarining 58 tasi(!) saytlariga birma-bir kirib, ulardagi o’qish sharoitlari, talablari bilan tanishib, o’zimga mos deb bilganlarimdan 12 tasining ro’yxatini shakllantirib oldim. Keyin, shular orasidan to’lov kontrakti (tuition fee) nisbatan arzonlarini va tanlov shartlari qiyin bo’lmaganlarini saralab oldim. Ro’yhat qisqarib, 7 ta universitet qoldi. Shu universitetlar orasidan ham o`zimga eng yoqqan 5 tasiga hujjat topshirdim. 2 ta universitet tanlovlaridan o`ta olmadim. Yana 2 ta universitetga to`lov kontrakt asosida o`qishga qabul qilindim. Lekin qaror qabul qilishga shoshmadim. Chunki, eng oxirida hujjat topshirgan universitetimdan hali javob kelmagan edi. Va nihoyat, to`liq grant (full scholarship)….
  2. Ushbu grant dasturi nimalarni qoplab beradi? Grantga qabul qilinganingizdan keyin ham qandaydir xarajat talab qilinadimi?
    Ushbu grant Pusan xorijiy fanlar universitetining ichki grant dastari doirasida bo’lib, faqatgina kontrakt summasi (tuition fee)ni qoplab beradi. Bu bir semester uchun taxminan 2400-2800 AQSh dollariga teng bo`lar edi. Menga yuborilgan invoys shaklida yozilishicha yana 281 AQSh dollari miqdoridagi summani Asmission fee (Qabul qilinganlik uchun to’lov) uchun to`lashim kerakligi aytilgan. Ushbu summa to`langanligi haqidagi sertifikat (kvitansiya) skaner qilinib, universitetga yuborilgach, ular menga o`qishga qabul qilinganligim to`g`risidagi sertifikatni yuborishdi.
  3. Magistraturaga topshirsh uchun ingiz tilini bilish darajasini isbotlovchi hujjat (IELTS/TOEFL va hk) bo’lishi shartmi? Ushbu hujjatga qo’yilgan minimum talab qanday?
    Odatda, Korea universitetlari bakalavr va magistratura bosqichida o`qish uchun chet tilini bilish darajasini isbotlovchi hujjat talab qiladi. Bular xoh ingliz tili (IELTS, TOEFL va hk) xoh koreys tili (TOPIK) bo`yicha bo`lishi kerak. Bal chegarasiga qo`yilgan minimal talab har xil. O`rtacha chegara bu IELTS 5.0, TOEFL iBT 80, TOPIK 3 va b. Qancha yuqori balli sertifikatga ega bo`lsangiz, o`qishga qabul qilinish imkoniyatingiz va grant yutish imkoniyatingiz shuncha yuqori bo`ladi.
  4. Hujjat topshirayotganingizda IELTS imtihonidan olgan balingiz necha bo’lgan?
    O`sha paytda menda IELTS 6.0 sertifikati bor edi. Bu sertifikatni 2016 yil 21 mayda olganman.
  5. Qanday hujjatlar topshirilishi so’ralgan va bu hujjatlarni qaysidir agentlik yordami bilan tayyorladingizmi yoki mustaqil?
    Korea Universitetlari o`z saytlarida Admissions degan sahifasida kerakli hujjatlar ro`yxatini va qabul vaqtlarini e’lon qilib boradi. Hujjatlar ro`yxati universitetlarning qabul siyosatidan kelib chiqib bir biridan biroz farq qilishi mumkin.
    Aksariyat universitetlarda talab qilinadigan asosiy hujjatlar esa quyidagilar:
    – Notarial tasdiqlangan diplom va ilova nusxasi hamda ushba nusxaning apostil hamda tarjima qilingan shakli.
    – Chet tilini bilish sertifikati (IELTS, TOEFL yoki TOPIK).
    – Pasport nusxalari (o`zingiz va ota onangizniki).
    – Bakalavr bosqichini tugatgan universitet o`qituvchilaridan yoki ishlayotgan joydagi 2 ta xodimdan.
    – Reccomendation letter.
    – Universitet saytida keltirilgan ariza shakllarining to`liq to`ldirilgan shakli.
    – Bank hisobraqamidagi mablag` haqida ma’lumotnoma. (odatda magistratura bosqichi uchun 20000+ AQSh dollarida bo`lishi maqsadga muvofiq).

Qo`shimcha tarzda, tug`ilganlik to`g`risidagi ma`lumotnomaning notarial tasdiqlangan tarjimasini ham so`rashlari mumkin.

6. Tayyorlagan hujjatlaringizni qaysi tashkilot/organlar orqali tayyorladingiz? Qaysi hujjatni tayyorlashda qiynaldingiz?
Hujjatlarni tayyorlash bilan shaxsan o`zim shug`ullandim. O`ziga yarasha qiyinchiliklar va asabbuzarliklar ham bo`ldi albatta. Diplom va ilova nusxalarini notarius orqali tasdiqlatib, DTM ga apostil shaklini olish uchun topshirdim. 20 ish kuni ichida ushbu shakl tayyor bo`ldi. Keyin, uchbu shaklga ega nusxalarni ingliz tili(yoki koreys tili) ga tarjima qilish uchun davlat ro`yxatidan o`tgan tarjimonlar xizmatidan foydalandim. Mana shu jarayonda biroz asablar biroz taranglashdi, sababi DTM da apostil shaklini olish uchun juda uzun navbatlarga duch kelganman. Oyoqlar charchagan. Hujjatlarni tayyorlashdagi xarajatlarni gapirmay qo`ya qolay, uni o`zi alohida intervyu bo`lib qoladi….

7. Grantni qo’lga kiritish uchun alohida tayyorgarlik ko’rganmisiz? Qay tartibda?
Korea universitetlarining aksariyatida nomzodlar hujjatlarini ko`rib chiqish bosqichi (1-bosqich) tugagach, muvaffaqiyatli nomzodlar bilan onlayn intervyu o`tkaziladi va bu qabul jarayonidagi eng muhim bosqich hisoblanadi. Men ham 5 ta hujjat topshirgan universitetlardan 4 tasida onlayn intervyu (telefon orqali, video-chat orqali) topshirdim. Ularda odatda kelgusidagi rejalar, nega aynan shu universitetni tanlanganligi haqida savollar beriladi. Shaxsan o`zim intervyular uchun hujjat topshirish jarayonida yozgan study plan va personal statement ruknlarida yozganlarimni biroz boyitib, nutqqa moslagan holda qayta-qayta o`qib tayyorgarlik ko`rardim va shularni gapirib berardim. Lekin, nimagadir 3 ta universitet professorlarigagina mening gaplarim ma’qul kelibdi.

8. Grant yutish istagida yurganlarga tavsiyalaringiz.
Bilasizmi, hamma ham Garvardda, Oksford, Kembridjda o`qishni istaydi. Lekin, o`ylashimcha har kim avvalo, o`z imkoniyatiga to`g`ri baho bera olishi kerak. Men ham moliyaviy imkoniyat, ham bilim darajasini nazarda tutyapman. Aks holda, qilingan mehnat, vaqt va mablag`ga achinib qolish hech gap emas. Magistratura uchun grant yutish bu zabt etilmas cho`qqi emas. O`z imkoniyat darajasida rejalar tuzilsa va unga erishishga harakat qilinsa, albatta maksimal natijaga erishish mumkin. Men ushbu yo`lda izlanayotgan do`stlarimizga kuch-quvvat, sabr va omad tilayman!

9. Grantlar.uz sayti haqida fikringiz.
Saytdagi so`nggi o`zarishlardan juda manmunman ochig`i. Yangidan yangi tanlovlar, grantlar haqida ma`lumot berilib borilayotgani biz kabi yoshlar uchun keng imkoniyatlar eshigini ochmoqda. Saytning kelgusidagi faoliyatida muvaffaqiyatlar tilab qolaman.

 

error: Ma‘lumotni nusxalash ta‘qiqlangan!