Nobel mukofoti haqida hammamiz eshitganmiz – mashaqqatli ilmiy izlanishlari va tinimsiz harakatlari naijasida ajoyib kashfiyotlar qilgan olimlar uchun bu mukofot eng yuksak e’tirof ekani ham barchamizga ma’lum. Ammo bu mukofotni odatda kattalar yutib olishadi, ularda dars qilishga vaqt ko’proq bo’lgan-da. Lekin ilmiy fikrlash qobiliyatlari va favqulodda muhim g’oyalari bilan bolalar ham shu kabi mukofot bilan taqdirlanishlari mumkin ekanini bilarmidingiz? Agar bilmasangiz, ushbu maqola shunday mukofot haqida.
Breakthrough Prize mukofoti har yili 13 va 18 yosh oralig’idagi bolalarga umumiy fizika, matematika va tabiiy fanlar yo’nalishlaridan biri uchun beriladi. Bu mukofot Breakthrough Junior Challenge fondi tomonidan ta’sis etilgan, fond esa dunyoning eng yetakchi shaxslaridan bir qanchasi tomonidan bir nechta yirik kompaniyalar hamkorligida ochilgan. Mukofot ta’sischilari Sergey Brin va Anne Wojcicki, Yuri va Julia Milner hamda Mark Zuckerberg va Priscilla Chan hisoblanadi. Breakthrough Prize orqali tashkilotchilar ilmni targ’ib qilishmoqda. Ular ilm olish muhimligi, fanning qiziq va go’zal ekani, atrofimizdagi olam sinoat va mo’jizalarga boy ekanligini dunyoga, ana shularni yosh bo’lishiga qaramay his qilayotgan iste’dodlar tilidan ko’rsatib bera olishdi va bunda davom etishyapti.
Mukofot ilk ta’sis etilgan 2015- yilda unga 2000 atrofida arizalar kelib tushgan va Eynshteynning Nisbiylik Nazariyasini o’z tasavvuricha tushuntirib bergan qatnashchi Ryan Chesterga ilk mukofot taqdim etilgan. 2016-yilda birdaniga ikki qatnashchi g’olib deb topilgan – Antonella Masini kvant fizikasiga, Deanna See esa biologiyaga oid ilmiy g’oyalarini tasvirlab bergan videolari uchun mukofot bilan taqdirlanishgan. 2017-yilgi g’olib – Hillary Andanes ham fizika yo’nalishi bo’yicha qatnashgan.
G’oliblarning ismlari ustiga bossangiz, ularning 400000 AQSh dollariga teng videolari joylashtirilgan sahifaga kirasiz.
Bu mukofot nimadan iborat?
Mukofotning o’ziga xosligi shundaki, uni yutib olish uchun katta kashfiyot qilish shart emas. Qatnashchiga fizika, matematika va tabiiy fanlarga oid g’oyani o’z tasavvurlari va xulosalari bilan ochib berishning o’zi kifoya. 13 va 18 yoshli o’smirlar uchun ana shuning o’zi ham katta yutuq hisoblanadi va mukofot ularni kelajakda haqiqiy ulkan kashfiyotlar qilishga ilhomlantiradi.
Breakthrough Prize’ning mukofot jamg’armasi – 400000 AQSh dollarini tashkil qiladi. Shundan 250000 AQSh dollari g’olib uchun grant sifatida topshiriladi. 50000 AQSh dollari uning o’qituvchisiga beriladi. Qolgan 100000 AQSh dollari esa g’olib o’qiyotgan maktabga “Breakthrough Science Lab” uchun ajratiladi. G’olib va uning o’qituvchisiga har yili tashkilotchilarning shaxsan ishtirokida Breakthrough Junior Challenge Kubogi topshiriladi.
Qatnashish uchun nima qilish kerak?
Ushbu tanlovga ishlarni qabul qilish har yili 1-apreldan 1-iyulgacha davom etadi. Mukofotga da’vogarlik qilishni xohlagan nomzodlar o’zlarining g’oyalarini 3 daqiqalik qisqa video orqali tushuntirib berishlari va bu videoni YouTube saytiga joylashlari zarur. Buning uchun quyidagi qadamlarni ham bosib o’tish kerak:
- Nomzod avval ro’yxatdan o’tishi zarur.
- So’ngra ariza topshirish uchun qisqa anketa savollariga javob berish kerak. Bunda nomzod o’zi, g’oyasi va maktabi haqida ma’lumot berishi zarur.
- Ikkinchi qadamni amalga oshirayotib, tayyor videoni saytga yuklash oxirgi qadam hisoblanadi.
2018-yilgi mukofot uchun arizalar qabuli 2018-yil 1-aprelda ochilgan edi va 1-iyulda yopildi. Bu kelasi yilgi mukofot uchun o’z imkoniyatlarini sinab ko’rishni xohlovchilar uchun yaxshi imkoniyat hisoblanadi- endi ularda fizika, matematika va tabiiy fanlardan birini chuqurroq o’zlashtirib, o’z g’oyalarini takomillashtirib olish uchun salkam bir yil vaqt bor. Tanlovga berilgan videolar faqat ingliz tilida bo’lishi shart. Videoni qanday tayyorlash qatnashchining o’ziga bog’liq. Videoda noqonuniylik yoki shu kabi salbiy qismlar bo’lmasligi kerak, qolganini qatnashchi o’zi xohlagandek, musiqa, animatsiya, rasmlar, videolar va nutqdan foydalanib yaratishi mumkin. Qanday video tayyorlashni yaxshiroq tushunish uchun g’oliblarning videolarini ko’rib chiqish tavsiya etiladi. Bu videolar faqat umumiy tushuncha hosil qilish uchun zarur, qatnashchining o’z videosi esa original bo’lishi kerak.
Qoidalar qanday?
Tanlovda ishtirok etish uchun nomzodning yoshi ariza topshirilgan kundan arizalar ko’rib chiqilgunga qadar 13 va 18 oralig’ida bo’lishi shart. 13 va 18 yoshlilar ham qatnashishlari mumkin. Barcha rasmiy qoidalar bilan batafsil bu sahifada tanishishingiz mumkin.
G’oliblar qanday aniqlanadi?
Videolar 4 ta bosqichda, 4 ta me’zon asosida baholab boriladi: Ishtirok, Yoritish, Ijodkorlik va Murakkablik (difficulty). Qatnashchilar Facebook ijtimoiy tarmog’ida ovoz berish yo’li bilan saralab boriladi. Eng yaxshi bo’lgan 30tagacha videolar Brealthough Prize’ning Facebook sahifasida e’lon qilinadi. Eng ko’p “like”, “wow”, “love” bosilgan va eng ko’p “repost” (“share”) qilingan video tanlov so’nggida tanlab olinadi. Shuningdek, saralash jarayonida dunyoning 7 hududining har biridan 2tadan eng ko’p “like”, “wow”, “love” bosilgan va eng ko’p “repost” (“share”) qilinganlari ham ushbu bosqichdan keyingi bosqichga o’tadi. Ushbu bosqichga o’tgan videoarni Saralash komissiyasi baholab, eng yaxshilarini ajratib oladi (5tagacha). Tanlov homiysi direktori esa Saralash komissiyasi tomonidan saralangan nomzodlarning ishini ko’rib chiqadi va g’olibni aniqlaydi. G’oliblar, odatda, 2018-yilning noyabrida e’lon qilinadi.
Saralash jarayonida dunyoning 7 ta hududlari quyidagilar:
- Shimoliy Amerika (Kanada va AQSh)
- Janubiy va Markaziy Amerika/Meksika/Karib
- Yevropa
- Osiyo (Xitoy ham)
- Hindiston
- O’rta Sharq va Afrika
- Avstraliya va Yangi Zelandiya
Tanlovning barcha tafsilotlari bilan mustaqil ravishda bu yerda tanishib chiqishingiz mumkin. Muhim savol-javoblarni ko’rib chiqishingiz ham tavsiya etiladi.
O’zbekistonda iqtidorli yoshlar juda ko’p, ayniqsa, qobiliyatli yurtdoshlarimiz matematika fanidan xalqaro olimpiadalarda ishtirok etib kelishayotgani barchamizga ma’lum. Hurmatli saytimiz o’quvchilari, shunday yoshlarni o’zlarini ko’rsatish uchun yana bir imkoniyatdan boxabar qilishga o’z hissangizni qo’shing, agar tilni yaxshi bilmasalar, ularga o’z g’oyalarini yetkazib berishni o’rganishda ko’maklashing. Bu mukofot haqida maktab, kollej va litsey o’qituvchi va rahbariyatlari xabar topib, o’quvchilar o’rtasida uning targ’ibotini amalga oshirsalar, yurtimizda ilm va rivojlanishga o’z hissalarini qo’shgan bo’ladilar.
Eslatma: Hozirda ushbu tanlovning 2018-yilgi bosqichiga videolar qabul qilish tugagan va saralash bosqichi davom etmoqda. Unda hamyurtimiz Yusufbek Nasriddinov o’z videosi bilan qatnashyapti. Tanlovda qatnashish shartlariga mos bo’lgan va qatnashish istagi bo’lgan yoshlarni tanlovning 2019-yilgi mavsumi uchun tayyorlanib borishlarini tavsiya qilamiz. Grantlar.uz jamoasi qatnashchilarni har tomonlama qo’llab-quvvatlashga tayyor.