×

GMAT nima: Test formati, narxi va imtihon topshirish jarayoni


Blog

BO'LIM

Muvaffaqiyatga yo'l

O'QILGAN

47162 marta

CHOP ETILGAN

01.08.2018

Xalqaro biznes va iqtisodiyotga aloqador boshqa kurslar qabul jarayonida nomzodga talablar ichida “GMAT testi” degan band deyarli har doim uchraydi. IELTS, TOEFL, SAT, GRE va LSAT kabi standartlashtirilgan xalqaro testlar kabi, GMAT ham xalqaro kuchga ega hamda bu testdan olingan natijalarga qarab talabaning bilim va salohiyat darajasiga baho beriladi. Hozirda dunyoning taxminan 2300 ta oliygohlari 7000dan ortiq biznes kurslariga qabul uchun GMAT imtihonini qabul qiladi. GMAT testini qabul qiladigan OTMlar ro’yxatini ko’rish uchun bu yerga bosing.

GMAT o’zi nima?

The Graduate Management Admission Test – qisqacha aytilganda GMAT ko’pincha biznes yo’nalishidagi o’quv kurslariga qabul jarayonida talab qilinadi. Ayniqsa MBA kurslariga qabul jarayonida GMAT muhim rol o’ynaydi: qabul komissiyasi nomzodning ish tajribasi, baholari va erishgan yutuqlari bilan birga GMAT testidan qanday baholar bilan o’tganligiga ham e’tibor bergan holda qaror chiqaradi. Bu test talabaning fikrlash darajasini ko’rsatib beruvchi eng elementar imtihon hisoblanadi. GMAT testidan yuqori baho olgan nomzodlarning arizalari kuchliroq hisoblanib, o’qishga kirish ehtimoli ham ortadi. GMAT’da tushadigan materiallar GMAC – Graduate Management Admission Council tomonidan tayyorlanadi.

Imtihonda nimalar tekshiriladi?

GMAT testining vazifasi nomzodning fikrlash darajasi, tahlil qilish qobiliyati va umumiy bilimini tekshirish. Testning natijasidan esa nomzodning biznes yo’nalishiga qanchalik tayyor ekanini ko’rsatuvchi o’lchov sifatida foydalaniladi.

GMAT testi 4 qismdan iborat. Birinchi qism “Analytical Writing Assessment” deb nomlanadi va bu qismda nomzodning tahliliy yoza olish qobiliyati tekshiriladi. Ikkinchi qismda nomzodning o’z fikrini asoslay olish qobiliyati tekshiriladi, bu qism “Integrated Reasoning” deb nomlanadi. Uchinchi qismda nomzodning algebra, arifmetika, geometriya va boshqa miqdoriy ma’lumot bilan ishlashda zarur bo’ladigan fanlardan bilimi tekshiriladi (Quantitative Assessment). To’rtinchi qism yozma ingliz tilidan (Verbal) bo’ladi. Test topshiruvchi bu qismlardan imtihon topshrish ketma-ketligini o’zi tanlashi mumkin. Bunda test topshiruvchida uchta variant mavjud:

  1. Analysical Writing Assessment, Integrated Reasoning, Quantitative, Verbal
  2. Verbal, Quantitative, Integrated Reasoning, Analytical Writing Assessment
  3. Quantitative, Verbal, Integrated Reasoning, Analytical Writing Assessment

Test markazida GMAT topshiruvchiga avval test jarayonida kompyuterdan qanday foydalanish tushuntiriladi.

Baholash tizimi qanday?

Analytical Writing Assessment qismi alohida, 0 dan 6 gacha bo’lgan shkalada baholanadi. Integrated Reasoning qismi ham 1-8 balli tizimda alohida baholanadi. Quantitative va Verbal imtihonlarning har biri 0-60 shkalada baholanadi. Yakuniy (total) baho Quantative va Verbal imtihonlar asosida chiqariladi hamda bu 200-800 ballni tashkil etadi.

Analytical Writing Assessmentda test topshiruvchiga bitta topshiriq – matn beriladi. Test topshiruvchi shu matnga nisbatan tanqidiy fikrlarini bayon etishi, muallifning argumentlarini tahlil qilishi va bularni tushunarli va izchil usulda yozib berishi zarur. Bu qismda yozilgan ishlarni ham inson, ham kompyuter baholaydi va ikkalasining baholaridan o’rtacha olinadi. Agar baholarda katta farq bo’lsa, baholash jarayoniga uchinchi inson jalb qilinadi. Bu qismga berilgan javoblaringizdan argumentning qismlarini qanchalik yaxshi tahlil qilganingiz va o’z g’oyalaringizni qanday yoritganingiz tekshiriladi. Topshiriqni 30 daqiqada tugatish kerak. Baholash shakasi – 0-6.

Integrated Reasoning qismda jami 12 ta savol beriladi, ulardan ko’pchiligining alohida qismlari bo’ladi.  Topshiriqlar grafiklarni tahlil qilish (graphical interpretation), ko’p manbali mulohazali savollar (multi-source reasoning), jadvallar tahlili (table analysis) va ikki qismdan iborat tahlil (two-part analysis) savollardan iborat. Bu qism uchun ham 75 daqiqa ajratiladi. Baholash shkalasi – 1-8.

Quantitative qismda jami 31 ta savol bo’ladi va ularga javob berish uchun 62 daqiqa vaqt beriladi. Bu qismda ikki turdagi savollar bo’ladi: ma’lumot yetarliligiga oid savollar (Data Sufficiency Questions) va muammoga yechim topishga oid savollar (Problem-solving questions). Baholar 0-60 shkalada qo’yiladi. Data sufficency bo’yicha 17-18ta savol bo’ladi. Bunda test topshiruvchiga bitta savol va ikkita gap beriladi. Nomzod gaplarda berilgan ma’lumotdan foydalanib savolga javob berish mumkin yoki yo’qligini topishi kerak bo’ladi. Problem-solving bo’yicha 19-20 ta savol beriladi. Bunday savollarga javob berish uchun maktab, kollej va litsey darajasidagi algebra va umumiy geometriya va arifmetikani bilish kerak. Test topshiruvchiga beriladigan topshiriqda bitta muammo va beshta yechim bo’ladi, uning vazifasi esa eng mos yechimni belgilash.

Verbal qismda nomzodning umuman olganda ingliz tilida yozish va tahlil qilish qobiliyati hamda o’qib tushunish darajasi baholanadi. Bu qismda jami 36 ta savol bo’ladi. Shundan taxminan 12tasi o’qib tushunishni, 9tasi tahlil qilish qobiliyatini va 15tasi gapdagi xatoni tuzata olish darajasini tekshiradi. Topshiriqlar 65 daqiqa ichida tamomlanishi kerak. Baholar 0-60 shkalada qo’yiladi. Barcha imtihonlar bir kun ichida, ketma-ket bo’ladi. Imtihon kuni test topshiruvchi test markazida taxminan 3.5 soatdan ko’proq vaqt sarflaydi. Orada ixtiyoriy tanaffuslar ham mavjud.

Baholash jarayoni

GMAT testini baholash asosan kompyuter algoritmi tomonidan bajariladi. Test boshlanganda kompyuter test topshiruvchida o’rtacha ball to’plangan, deb qabul qiladi va unga o’rtacha qiyinlikdagi savollarni bera boshlaydi. O’rtacha ballar: Analytical Writing Assessment – 4.4, Integrated Reasoning – 4.2, Verbal -27 va Quantitative – 39. Test topshiruvchi bu savollarga to’g’ri javob berib borgani sari savollar qiyinlik darajasi oshib boradi va algoritm uning imkoniyatlari o’rtachadan yuqoriroq, degan tahminni qayd etib turadi. Agar savollarga noto’g’ri javob berilsa, kompyuter test topshiruvchining imkoniyatlari o’rtachadan pastroq ekan, degan xulosaga kelib, osonroq savollar berishni boshlaydi. Baholash jarayonida nechta savolga to’g’ri javob berilganidan tashqari savollarning qiyinlik darajasiga ham e’tibor beriladi.

GMATdan olingan qanday ballar “yaxshi” hisoblanadi?

Qanday ball o’qishga kirish uchun kamida yetarli bo’lishini bilishning eng yaxshi yo’li o’zingiz tanlagan kursga qabul qilingan talabalarning test natijalarini ko’rib chiqish, chunki minimal talab qilingan ball bilan o’qishga qabul qilingan ballar odatda farq qiladi. 200-800 balli umumiy ballga odatda eng ko’p e’tibor qaratiladi (IELTSda umumiy ball ko’proq rol o’ynagandek) va bunda o’rtacha ball 552 ga teng. Raqobat eng kuchli bo’lgan MBA dasturlariga qabul qilingan talabalarda odatda 710 atrofida GMAT balli bor, shuning uchun agar nufuzli OTMda MBA o’qishni xohlasangiz, 700 balldan kam to’plamaslikka harakat qilishingiz kerak.

GMATdan “o’tish” qiyinmi?

Tuzilishi sababli GMAT nisbatan qiyin test hisoblanadi, bunga asosiy sabablardan biri test davomida qiyin savolni tashlab o’tishning iloji yo’q. Test topshiruvchi xohlagan savoliga xohlagan ketma-ketlikda javob berolmaydi, berilgan savolni ishlab bo’lmaguncha keyingisiga o’ta olmaydi. Yaxshi tarafi esa qiyinroq savollarga berilgan to’g’ri javoblar uchun balandroq ballar beriladi.

Qayerda GMAT topshirishim mumkin?

GMAT testi Pearson VUE test markazlarida yil davomida ro’yxatdan o’tkaziladi. Qachon va qayerda imtihondan o’tish mumkinligi haqida ma’lumotlar va test uchun ro’yxatdan o’tish bu yerda amalga oshiriladi. Test topshirishdan oldin natijangiz qachon kerakli OTMga jo’natilishi kerakligini aniq bilib olish kerak, shundan kelib chiqqan holda test sanasi belgilansa, siz xohlagan kursga hujjat topshirishning so’nggi muhlati bilan bog’liq muammolarning oldi olinadi. GMAT imtihonini bir shaxs yiliga 5 martagacha topshirishi mumkin, imtihon o’tkaziladigan sanalar oralig’i esa 16 kundan kam bo’lmasligi kerak. Bir shaxs 8 martagacha imtihon topshirishi mumkin. GMAT’ga aloqador savollar bilan bu yerga murojaat qilish mumkin. Imtihon topshirishdan oldin taxminan 3 oy tayyorgarlik ko’rish tavsiya etiladi.

GMAT testini topshirish qanchaga tushadi?
GMAT testini bir marta topshirish 250 AQSh dollarini tashkil etadi. Bu to’lovga test natijasini 5 tagacha joyga jo’natish ham kiradi.

Testga tayyorlanish uchun foydali materiallar va boshqa kerakli ma’lumotlarni bu yerdan olishingiz mumkin. Imtihon uchun ro’yxatdan o’tish uchun bu yerga kiring.

error: Ma‘lumotni nusxalash ta‘qiqlangan!