×

SAT imtihoni nima uchun kerak va uni qanday topshirish mumkin?


Blog

BO'LIM

Muvaffaqiyatga yo'l

O'QILGAN

111016 marta

CHOP ETILGAN

14.10.2018

SAT imtihoni nima?

SAT imtihoni – Scholastic Aptitude Test, “akademik baholash testi”. Abituriyentlarning tanqidiy fikrlash koʻnikmalarini tekshirish uchun oʻtkaziladigan imtihon. Xorijda tahsil olishni istovchi talabalikka talabgorlar albatta bu testni topshirishlari shart. Ayniqsa, ushbu imtihon turi AQSH va Kanadada juda ommabop. SAT uchun talab qilinadigan ingliz tilini egallaganlik darajasi Yevropa shkalasiga koʻra B2 (Upper-Intermediate) va C1 (Advanced)ga mos keladi.

SAT imtihoni maktabda oʻzlashtirilgan bilimlar darajasini fanlar boʻyicha kompleks yoki yakka tartibda tekshiradi. Toʻplangan ballar taʼlim jarayonining keyingi bosqichga oʻtish uchun ishtirokchi qanchalik tayyorligini koʻrsatadi. Bundan tashqari, test natijalariga asoslangan holda talabalarning akademik yutuqlariga qarab u yoki bu taʼlim muassasasining bilim berish darajasi toʻgʻrisida aniq xulosa chiqarish mumkin.

SAT haqida qisqacha

Til – ingliz tili;
Toʻlov – 96,5 dollar;
Qismlar soni – 2-3;
2018-2019 yilda yiliga 4 marta topshirish mumkin;
Tekshirish vaqti –13 kun – onlayn e’lon – 3 hafta;
Amal qilish muddati – 5 yil;
Nechta davlatda oʻtkaziladi – 130;
Baholash – 400-1600 ball;
Muqobil variant – ACT;
Tashkilotchi – College Board
Rasmiy saytCollegereadiness
Oʻzbekistonda topshirish uchun – Tashkent International School (TIS) www.tashschool.org.

SAT imtihonini topshirish uchun qancha pul toʻlash kerak?

  • Roʻyxatdan oʻtish uchun (essesiz) – 96,5 dollar (chet elliklar uchun) esse bilan birgalikda SAT 113,5 dollar, fan boʻyicha topshiriladigan SAT 1 testga 24 AQSH dollari, aynan shu kuni boshqa fanlardan test topshirish – 13 AQSH dollaridan har bir test uchun toʻlash kerak;
  • Telefon orqali roʻyxatdan oʻtish uchun – 15 dollar;
  • Hujjatning qoʻshimcha dublikati – 12 dollar;
  • Yozma natijalarning yetkazilishini tezlashtirish – 31 dollar;
  • Natijalarni telefonda bilish – 15 AQSH dollar;
  • Topshirilgan testni javoblari va izohlari bilan olish – 18 AQSH dollar;
  • Sinovning eskirgan natijalarini tiklash – 31 dollar toʻlash kerak.
  • 2018-2019 yillarda ayrim markazlar imtihon qabul qilish uchun 24 dollar qoʻshimcha haq talab qilishlari mumkin.

SAT I (reasoning test) va SAT II (subject test) imtihon turlari oʻrtasida qanday farq bor?

SAT imtihonining SAT reasoning test va SAT subject test turlari mavjud. SAT reasoning test uch soat davom etadi. Esse sinovi ixtiyoriy hisoblanadi. Esse topshiradigan talabgorga 50 daqiqa vaqt qoʻshib beriladi. Bu imtihon turi umumiy bilimlar darajasini tekshiradi hamda sinov mazmuni savollar va javob variantlaridan iborat boʻladi. Shuningdek, u matematikaga oid qismlar, oʻqilgan materialni tahlil qilish, esse yozish kabilarni ham oz ichiga oladi. SAT subject test esa abituriyentning aynan bir soha boʻyicha bilimini baholaydi. Imtihon vaqti ham bir soatni tashkil etadi. Bu esa tor doiradagi mutaxassisliklar uchun kadrlar tayyorlaydigan taʼlim muassasalari uchun zarur hisoblanadi.

I. SAT reasoning test imtihonini topshirish uchun nimalar talab qilinadi?

1. Matematik seksiyasi 58 savoldan iborat boʻlgan ikki qismdan tashkil topadi. Abituriyent taqdim etilgan savollar ustida 80 daqiqa ishlashi mumkin. Bu qismga algebra, geometriya, shuningdek, koʻplik funksiyalari, modul birliklari hamda tarkibida radikal, daraja va funksiyalar mavjud boʻlgan tenglamalar haqidagi nazariy bilimlarni talab qiluvchi topshiriqlar kiritiladi. Joriy seksiya uch tipdagi savollarda taqdim etiladi:

  • Birinchi tip – Standard Multiple-choice questions. U har qanday test uchun standart boʻlgan topshiriqlardan iborat boʻladi. Abituriyent masalani yechib boʻlgach, berilgan variantlar ichidan toʻgʻri javobni belgilashi kerak.
  • Ikkinchi tipdagi savollar Quantitative Comparison deb nomlanadi. Bu topshiriqlarda ikki kattalik keltiriladi. Bu vaziyatda abituriyent ular orasidagi oʻzaro nisbatni tushunib olishi kerak, chunki berilgan masalada kattaliklar teng; biri ikkinchisidan katta; axborot yetishmasligi tufayli aniq bir xulosaga kelishga yoʻl qoʻymaydigan qilib tuziladi.
  • Student-produced response – esa uchinchi tip savollari. Bunda javob variantlari berilmaydi – javobni abituriyent mustaqil taqdim etishi kerak.

2. Oʻqilgan maʼlumotni tahlil qilish – ham ikki qismdan iborat, lekin 52 ta savol va 65 daqiqa vaqt beriladi. Abituriyentning vazifasi – berilgan 5 ta variant ichidan toʻgʻrisini tanlash. Savollar uchta guruhga boʻlingan boʻladi:

  • Reading Comprehension (oʻqilgan materialni tushunish) – birinchi guruh. Abituriyent bir yoki ikki matn bilan ishlaydi va oʻqilgan material boʻyicha berilgan 6 tadan 13 tagacha boʻlgan savolga javob beradi. Imtihon topshiruvchi matnning assiy gʻoyasini aniqlashi, muallifning koʻrilayotgan muammoga nisbatan munosabatini koʻrsatishi, bildirilgan fikrlarning oʻziga xosliklarini belgilashi hamda xulosalashi kerak.
  • Analogies (analoglar) – ikkinchi guruh savollari. Abituriyentga juft qilib guruhlangan soʻzlarni tahlil qilish vazifasi beriladi. Topshiriqning asosiy mazmuni ikki soʻz oʻrtasidagi bogʻliqlik tipini aniqlash, soʻng boshqa juftlik bilan oʻxshashligi yoki parallel bogʻliqligini koʻrsatish hisoblanadi.
  • Sentence Completion (gaplarni toʻldirish) – uchinchi guruh. Imtihon topshiruvchining vazifasi – gaplarda tushirib qoldirilgan qismlarni mazmunan va grammatik jihatdan mos keluvchi soʻzlar hamda iboralar bilan toʻldirish.

3. Yozma ish. Abituriyent 44 ta savolga javob berishi va esse yozishi kerak boʻladi, chunki bu qismda grammatika boʻyicha bilimlar tekshiriladi. Avvalgi boʻlimlardagi kabi, savollarni uch guruhga ajratish mumkin:

  • Birinchi guruh – abituriyent berilgan savollarda mavjud boʻlgan grammatik va sintaktik xatoliklarni topishi, agar gap toʻgʻri tuzilgan boʻlsa, xatolik yoʻqligini aniqlashi kerak;
  • Ikkinchi guruhda imtihon topshiruvchi dastlabki gʻoya mazmuniga putur yetkazmagan holda notoʻgʻri yozilgan fikrlarni tuzatishi kerak;
  • Uchinchi guruhda batafsil va keng yoritilishi zarur boʻlgan savollar beriladi.

Esse uchun esa mavzu beriladi. Bunda abituriyentning qarashlari aniq-ravshan boʻlishi uchun tarixiy faktlar va ishonarli manba-adabiyotlardan foydalanish maqsadga muvofiq. Shuningdek, hayotiy tajribadan misollar keltirish ham taʼqiqlanmaydi. Imtihonning yozma qismiga 35 daqiqa, 50 daqiqa qo`shimcha esse uchun ajratiladi.

SAT imtihoni qanday baholanadi?

SAT boʻyicha umumiy holda 400 dan 1600 gacha ball toʻplash mumkin. Imtihon javoblari 13 kundan keyin eʼlon qilinadi. Agar qoʻshimcha pul toʻlansa, imtihon javoblari kollej yoki universitet (koʻrsatilgan 4 ta)ga joʻnatilishi mumkin.

Imtihon sertifikati quyidagi koʻrinishda boʻladi:

 II. SAT subject test imtihonini topshirish uchun nimalar talab qilinadi?

SAT subject test ham SAT reasoning test bilan bir kunda topshiriladi. Imtihon bir soat davom etadi:

  • Adabiyotdan test savol va javob variantlaridan iborat boʻlib, ishtirokchi turli asarlardan keltirilgan parchalarni oʻqib, savollarga javob berishi kerak;
  • Matematika imtihoni esa murakkablik darajasiga koʻra farq qiladi: universitet talabiga muvofiq Level 1 yoki Level 2 ni tanlash mumkin. Ajratilgan bir soat ichida algebra, geometriya, arifmetika va statistika boʻyicha savolarga javob beriladi.

SAT II subject test tanlab olinadigan beshta soha boʻyicha va har bir soha ichidan tanlanadigan, aniq yoʻnalishdagi bilimlarni tekshirishga moʻljallangan. Test 50-80 topshiriqdan iborat boʻlib, har bir savol uchun 1 tadan toʻgʻri javob mavjud boʻlgan 5 ta javob variantlari beriladi.

SAT II (subject test) topshiriladigan fanlar:

  1. Ingliz tili: Adabiyot; Yozuv.
  2. Tarix: Jahon tarixi; AQSH tarixi.
  3. Tabiiy fanlar: Kimyo; Fizika; Molekulyar biologiya; Ekologiya; Biologiya.
  4. Chet tillari (faqat oʻqish): Fransuz tili; Nemis tili; Ivrit (yahudiy); Italyan tili; Ispan tili; Lotin tili.
  5. Chet tillari (oʻqish+audio): Xitoy tili; Yapon  tili; Koreys tili; Fransuz tili; Nemis tili; Ispan tili.

Qanday qilib SAT ni yuqori ballga topshirish mumkin?

  • Collegeboard, Majortests, Khanacademy, Sat-subject, Cracksat kabi resurslardan foydalanib mustaqil tayyorgarlik koʻrish mumkin;
  • Toʻgʻri material tanlash – The Ultimate Guide to SAT Grammar by Erica Meltzer, Barronʻs 2400, Official Study Guide, PWN the SAT Essay Guide kabi faqat ishonchli manbalar bilan ishlash;
  • Tayyorgarlik testlari bilan ishlash;
  • Xatolar ustida ishlash va tahlil qilish;
  • Diqqatni kuchaytirish;
  • Yangi atamalarni oʻrganish;
  • Ingliz tilini egallanganlik darajasini mukammallashtirish;
  • Imtihonga tayyorlanishda yordam beradigan dasturlarni mobil telefonlarga oʻrnatish va internetdan SAT testlarida eng koʻp uchraydigan soʻzlar toʻplamlarini topib, ular bilan ishlash;
  • Matnlarni qismlarga ajratib ishlash – matnning kichik boʻlaklarga boʻlib olib, berilgan savollarga javob berish samaraliroq boʻladi;
  • Esse yozishni mashq qilish;
  • Grammatik qoidalarni yodlash – imtihonda koʻpincha bir xil qoidalar boʻyicha bilimlar darajasi tekshiriladi. Bu borada manba sifatida prepscholargrockitcollegepanda kabilar tavsiya etiladi.

SAT toʻgʻrisida yana nimalarni bilish zarur?

  • Imtihonni 12-13 yoshdagi iqtidorli bolalar ham topshirishlari mumkin;
  • Abituriyent imtihon kunini boshqa kunga koʻchirishi mumkin, ammo buning uchun yana 29 AQSH dollari toʻlashi kerak boʻladi;
  • Imtihonga kelmagan talabgorning registratsiya uchun toʻlagan puli qaytarilmaydi;
  • SAT testlarining barcha koʻrinishlarini cheklanmagan marta qayta topshirish mumkin. Natijalar onlayn tartibda imtihon kunidan taxminan 3 hafta keyin eʼlon qilinadi;
  • 2016 yildan boshlab avval amal qilgan qoida – yaʼni, notoʻgʻri javob uchun olib tashlanadigan chorak ball sharti bekor qilindi;
  • Agar ishtirokchi esse yoziladigan imtihon turini tanlasa, imtihon vaqti 50 daqiqaga uzaytirilishi mumkin, ammo esse uchun baho alohida qoʻyiladi;
  • Imtihon savollari uch darajada – yengil, oʻrta va murakkab boʻlishi mumkin.

SAT imtihonini muvaffaqiyatli topshirib nimalarga erishish mumkin?

Odatda ushbu imtihonni oliy oʻquv yurtida oʻqishni istagan amerikalik barcha maktab bitiruvchilari topshiradilar. Har yili amerika abituriyentlar qatorida xorijda tahsil olish istagida boʻlgan chet ellik talabgorlar ham bu imtihondan oʻtadilar. Yuqori ball toʻplaganlar esa AQSH va Kanadaning jahon tan olgan nufuzli universitetlarida taʼlim olish, oʻzlari istagan kasbni tanlab yuqori choʻqqilarga erishish imkoniyatiga ega boʻladilar.

SAT imtihonini taʼlim darajasini koʻtarish imkonigina emas, balki madaniy tarbiya darajasini yuksaltirish, til oʻrganish, iqtidorli talabalar uchun xorijda oʻqishga grant dasturlarida ishtirok etish, bepul oʻqish, butun dunyo davlatlarida qadrlanadigan sifatli mutaxassis boʻlib yetishish vositasi sifatida koʻrish mumkin.

Shuni aytish joizki, SAT testi berishi mumkin boʻlgan maksimal imkoniyatlardan foydalanish uchun koʻp kuch va mehnat sarflash kerak, chunki jiddiy tayyorgarliksiz imtihonni muvaffaqiyatli topshirish va yuqori ball olish imkonsizdir.

error: Ma‘lumotni nusxalash ta‘qiqlangan!