×

Amgen Scholars Program: Kioto universitetida barcha xarajatlari qoplanuvchi 8 haftalik amaliyot!


Grant

MUHLAT

01.02.2025

QOLGAN VAQT

22 kun

HUDUD

Yaponiya

O'QILGAN

946 marta

Yaponiyaning Kioto universiteti tomonidan taklif qilinadigan Amgen Scholar Program dasturi bakalavriat talabalariga 8 hafta davomida olimlar bilan birga laboratoriyada tadqiqot olib borish va amaliyot oʻtash imkonini beradi.

Mazkur dastur davomida ishtirokchilar oʻzlari tanlagan sohaga qarab, tabiiy fanlar (jumladan, tibbiyot) va biotexnologiyaga oid bir qancha sohalar boʻyicha tadqiqotda qatnashadi. Nomzodlar ariza topshirish vaqtida oʻziga mos tadqiqot sohasini tanlaydi. Bu yilgi mavjud tadqiqot sohalari bilan BU YERDA batafsil tanishing.

Mashgʻulotlar 2025-yil 6-iyundan 7-avgustgacha davom etadi. Dastur yakunida ishtirokchilar dastur doirasida tashkil etiladigan maxsus simpoziumda qatnashadi.

Bu dasturga turli davlatlardan taxminan 10 nafar ishtirokchi qabul qilinadi. Dastur mashgʻulotlari ingliz tilida olib boriladi.

Grant kimlar uchun?

Bakalavriat talabalari uchun

Batafsil ma'lumot uchun link

Grantning manfaatli jihatlari:

Dasturga qabul qilinganlar quyidagi moddiy imtiyozlar bilan taʼminlanadi:

  • Bepul turar joy.
  • Butun dastur uchun 180 000 JPY (taxminan 1140 AQSH dollari) miqdorida stipendiya.
  • Yaponiyaga borish-kelish uchun ekonom-klass aviachiptalar.

Salomatlik va safar sugʻurtasi xarajatlarini talabalarning oʻzi qoplashi kerak.

Talablar:

Nomzodlarga qoʻyilgan talablar quyidagicha:

  • Osiyo mintaqasida joylashgan davlatlardan birida bakalavr darajasi yoki shunga teng darajani beradigan oliy taʼlim muassasida tahsil olayotgan talabalar ariza topshirishi mumkin.
  • 2025-yil yozida amaliyot dasturi boshlangan vaqtda bakalavriatning kamida 1-bosqichini yakunlagan boʻlish lozim.
  • Amaliyot tugagandan keyin oʻzi oʻqiyotgan oliy taʼlim muassasasida kamida 1 semestr oʻqishini davom ettirishi kerak.
  • PhD dasturida oʻqishga qiziqishga ega boʻlish kerak.
  • Universitetda olgan baholari imkon qadar yuqori boʻlishi lozim.
  • Ingliz tilini yetarli darajada bilish kerak. Nomzodlardan quyidagi til sertifikatlardan birini topshirish talab etiladi: TOEFL (iBT) 72, IELTS 5.5, Cambridge English FCE, TOEIC 1095, TOEIC L&R 785 yoki TOEIC S&W 310.

Shuningdek, har bir tadqiqot mavzusi/sohasi boʻyicha ham maxsus talablar mavjud. Ular bilan BU YERDA tanishishingiz mumkin.

Dasturga qabul jarayoni:

Dasturga arizalar 2025-yil 1-fevralgacha qabul qilinadi. Arizalar maxsus platforma orqali onlayn tarzda topshiriladi. Ariza topshirish uchun dastlab BU YERDA roʻyxatdan oʻtib, hisob (Account) yaratishingiz kerak.

Ariza topshirish jarayonida quyidagi hujjatlarni taqdim etish lozim:

  • Maqsad bayoni (statement of purpose). Bu bayon 3000 belgidan oshib ketmasligi kerak (boʻsh joylar bilan birga). Bayonda nimalar yoritilishi kerakligini BU YERDAN topasiz.
  • Universitetda olingan baholar (PDF shaklida).
  • Ingliz tili sertifikati (PDF shaklida). Quyidagilardan biri: TOEFL (iBT) 72, IELTS 5.5, Cambridge English FCE, TOEIC 1095, TOEIC L&R 785 yoki TOEIC S&W 310.
  • Tavsiyanoma. Tavsiyanoma uchun 2 nafar shaxsning kontaklari va maʼlumotlarini taqdim etish kerak. Ularga tavsiyanoma berish haqida email yuboriladi.

MUHIM: Yuqorida sanalgan hujjatlar qanday tayyorlanishi boʻyicha koʻrsatmalar bilan tanishish zarur. Bu uchun BU YERGA kiring.

Barcha hujjatlar ingliz tilida boʻlishi lozim. Yuqoridagi hujjatlar tayyorlab olingandan keyin, onlayn ariza toʻldirilib, topshiriladi.

Eslatma: Nomzodlar ariza topshirish uchun mavjud tadqiqot mavzulari/sohalaridan birini tanlashi kerak. Tadqiqot mavzulari/sohalarini BU YERDAN topasiz.

MUHIM: Ariza topshirishga kirishishdan oldin dastur haqidagi rasmiy maʼlumotlar bilan batafsil tanishib chiqing.

Ushbu dastur yuzasidan koʻp beriladigan savollar va ularga javoblar bilan BU YERDA tanishing.

error: Ma‘lumotni nusxalash ta‘qiqlangan!